BISHKEK – Markaziy Osiyo hukumatlari ehtimoliy terror tahdidlari va Afgʻoniston shimolidan chiquvchi “uyqudagi” guruhlarning qayta jonlanishiga tayyor turishi kerak, deydi mintaqadagi xavfsizlik boʻyicha mutaxassislar.
Oʻtgan oyda Qirgʻiziston tashqi ishlar vaziri Ruslan Kazakbayev Markaziy Osiyoda uyqudagi guruhlar boʻlishi mumkinligini tan olgan edi.
“Markaziy Osiyo davlatlarida “Al-Qoida”, “Islom davlati” (ID) va oʻz mafkurasini yoyinlashdan manfaatdor boshqa xalqaro terrorchi guruhlarning uyqudagi yacheykalari boʻlishi mumkinligi tan olaman”, deb aytgan Kazakbayev 23-avgust kuni RIA Novosti muxbiri bilan suhbatda.
Qirgʻiziston xavfsizlikni taʼminlash maqsadida “boshqa Markaziy Osiyo davlatlari ham ikki tomonlama, ham mintaqaviy tashkilotlar doirasida ular kabi choralar koʻrmoqda”, deb qoʻshimcha qildi u.
Markaziy Osiyodagi “uxlab yotgan” yacheykalar Afgʻonistondagi vaziyat tufayli faollashishi mumkin, deydi diniy xavfsizlik masalalariga ixtisoslashgan ekspert, bishkeklik Iqboljon Mirsaitov.
“2010-yilda, arab bahori endi-endi boshlanayotganida, barchamiz bu voqealar bizga taʼsir qilmaydi, ular faqat Yaqin Sharqqa tegishli, deb oʻyladik”, deydi Mirsaitov. “Keyinroq, 2013-2014-yillarda esa Suriya va Iroqda jang qilish istagidagi xayrixohlar oqimi paydo boʻlganini koʻrdik.”
Bu real tahdid boʻlib, Markaziy Osiyo davlatlari javob choralar koʻrishi va “aniq rejalar ishlab chiqishi” kerak, dedi u.
“Eng avvalo mafkuraviy qarshi kurash choralari haqida oʻylash kerak”, dedi u Qirgʻizistonning “bu muammolar va tahdidlarga qarshi turishi” uchun shunday dasturlarni qayta tiklashni taklif qilib.
“Biz “Al-Qoida”, Oʻzbekiston islom harakati (OʻIH), sharqiy Turkiston islomiy harakati (SHTIH) va “Jamoat Ansorulloh” kabi ekstremistik va terrorchilik harakatlari mavjudligini unutmasligimiz kerak”, deydi terrorizmga qarshi kurash boʻyicha qirgʻizistonlik mutaxassis Yuliya Denisenko.
Tolibon hokimiyatni egallaganidan soʻng, ushbu noqonuniy guruhlar “katta ehtimol bilan Afgʻoniston shimolida, Markaziy Osiyo bilan chegarada toʻplanadi”, dedi u Karvonsaroy bilan suhbatda.
“Eng katta xavf butun mintaqa boʻylab toʻlqin kabi tarqaluvchi radikallashuvdir”, dedi u.
Ayrim manbalarga koʻra, Suriya jamloqlari va Iroq qamoqxonalaridagi bir qancha Markaziy Osiyo va rossiyalik fuqarolar oʻz vataniga qaytish fikrini oʻzgartirgani xavotirga sabab boʻlmoqda, dedi Denisenko.
“Ular vatanga qaytish oʻrniga oʻz maslakdoshlari qatorida boʻlish uchun Afgʻonistonga koʻchib oʻtish imkoniyatini kutishga qaror qilishgan”, dedi u.
Markaziy Osiyodagi xavfsizlik
Ekstremizm va terrorizm boʻyicha tojikistonlik ekspert Rustam Aziziyning fikricha, Afgʻonistondagi vaziyat bilan bogʻliq bir nechta ehtimoliy stsenariy bor.
Markaziy Osiyoliklar, asosan tojik va oʻzbek fuqarolari oldin mamlakat shimolidagi etnik tojik va oʻzbeklardan iborat radikal guruhlar safiga qoʻshilish uchun Afgʻonistonga borishgan.
“Oʻtgan yillarda mamlakatlarimiz chegarachilari aksar hollarda ularni toʻxtatar edi, lekin aylanma yoʻllar orqali chegarani kesib oʻtish holatlari ham uchrab turardi”, dedi u.
Afgʻoniston Tolibon nazoratida boʻlgani uchun “hammasi Tolibonning Afgʻoniston shimolidagi OʻIH va Jamoat Ansorulloh kabi mayda radikal guruhlar bilan qanchalik hamkorlik qilishi yoki ishlashiga bogʻliq boʻladi”, deydi u.
Agar Tolibon bu guruhlarni safga qoʻshib, ularga Afgʻoniston shimolida oʻz faoliyatini olib borishga ruxsat bersa, bu toʻdalar “chegarada faollashishi”, provokatsion yoki jangarilikka yollash amaliyoti bilan shugʻullanishi mumkin, dedi u.
Boshqa bir stsenariyda, deydi Aziziy, bu guruhlar Tolibonga bayʼat qilmaydi va toliblar “ularni shimol tomonga, Tojikiston chegarasiga yaqiniga siqib chiqaradi – bu ham voqealarning nekbin rivoji emas”.
Har qanday holatda ham, Oʻzbekiston va Tojikistonda Afgʻoniston bilan aloqada boʻlgan muayyan uyqudagi yacheykalar bor, dedi u, agar ulardan birortasi faollashadigan boʻlsa, Markaziy Osiyodagi kuch tuzilmalari jiddiy muammo bilan toʻqnash keladilar.
Mahalliy kuchlarning Afgʻoniston shimolidagi toliblarga qarshilik koʻrsatishi Markaziy Osiyo xavfsizligi nuqtai nazaridan ideal stsenariy boʻlar edi, chunki bunday kuchlar buferga aylanadi, deydi Aziziy.
“Voqealarning bunday rivojini taxmin qilish uchun ham barcha asoslar bor, katta ehtimol bilan Tolibon yaqin orada ichki ixtiloflarga duch kelishi mumkin.”
“Bu holatda shimoldagi qarshilik kuchayishi mumkin. U allaqachon Panjsher vodiysidan tashqariga chiqmoqda va oʻziga xos “Shimoliy alyans-2” yuzaga kelishi mumkin, dedi u 1996-2001-yillarda Tolibonning ilk hukmronlik davrida taslim boʻlgan Afgʻonistondagi aksil-Tolibon kuchlarni nazarda tutib.