BISHKEK – Qirgʻizistonda magistral yoʻl qurish boʻyicha shartnomaga ega Xitoy kompaniyasi bilan yuzaga kelgan mojaro Xitoy kompaniyalari bilan ishlash va Pekin bilan aloqa qilish xatarlariga misoldir, deb ogohlantiradi tahlilchilar.
Ishchilar Longhai Road and Bridge Corporation kompaniyasidan Issiqkoʻl qirgʻogʻi boʻylab qurilayotgan va hali ham bitkazilmagan Baliqchi-Korumdu magistralida bajargan ishlari uchun bir yarim yillik maoshlarini talab qilmoqdalar.
2015-yilda Xitoy kompaniyasi 104 km uzunlikdagi yoʻl qurilishiga oid tenderni yutib olgan. Loyiha 2017-yil oxiriga qadar yakunlanishi kerak edi.
Qirgʻiziston transport vazirligi 6,8 milliard qirgʻiz soʻmi (80,2 million AQSH dollari) toʻlagan loyiha boʻyicha qurilish ishlari hamon bitkazilmagan.
Loyiha aslida ikki yilda yakunlanishi kerak edi. Olti yil ichida Longhai kompaniyasi ishning uchdan ikki qismini bajargan.
Yoʻlning qariyb 20 km qismi hali qurib bitkazilmagan boʻlsa-da, yakunlangan qismida yoriqlar paydo boʻlgan.
Loyiha juda sekinlik bilan amalga oshirilmoqda, hafsalasi pir boʻlgan ishchilar esa koʻpincha ishga chiqishdan bosh tortmoqda.
2019-yilda mahalliy ishchilar kompaniya maosh toʻlamay qoʻyganidan shikoyat qilgan edilar. Endilikda yana toʻlov bilan bogʻliq muammolar yuzaga kelgan.
21-sentabr kuni 25 kishidan iborat bir guruh quruvchilar Bishkekka borib, transport vaziri oʻrinbosari Nurlanbek Kayinbayevga va inson huquqlari masalasi boʻyicha maʼsul vazirlik rasmiysi Baxtiyar Orozovga bevosita shikoyat qilganlar, deb xabar beradi 24.kg nashri.
Yoʻl xavfsizligi inspektori Bakit Aydarkanovga koʻra, u va yana 18 kishiga 16 oydan beri maosh toʻlanmagan, kompaniya jami 120 ta ishchidan qarz.
Xitoy kompaniyasi ishchilardan jami 28 million qirgʻiz soʻmi (330 ming AQSH dollari) qarzdor.
Qirgʻiziston rasmiylari muammoni sentyabr oxiriga qadar hal qilishga vaʼda berishgan. Transport vazirligi iqtisodiyot vazirligidan yoʻlni qayta taʼmirlash uchun qoʻshimcha 72 million qirgʻiz soʻmi (850 ming AQSH dollari) ajratishni soʻragan.
“Muammo hal boʻlmoqda”, deb xabar bergan transport vazirligi 24.kg saytiga.
Muvaffaqiyatsizlikka uchragan loyiha
Qirgʻizistonlik ishchilarga maosh toʻlash bilan bogʻliq muammo Xitoy kompaniyasi boshiga tushgan ziddiyatlardan biri, xolos.
2018-yilning oktabrida Qirgʻiziston bosh prokuraturasi Longhai faoliyati yuzasidan jinoiy ish qoʻzgʻagan.
Drenaj tizimini barpo etishda kompaniya sulfatga chidamli sement oʻrniga oddiy sementdan foydalangan, bu yoʻlning tez eskirishi va falokatlar yuz berishiga olib kelishi mumkin.
Longhai oddiy sementdan foydalangani sababli narxlarni kamaytirmagan, deb aytgan bosh prokuror.
Bu ish boʻyicha yakuniy qaror eʼlon qilingani yoʻq.
Oʻsha yilning oʻzida Qirgʻizistonning “Qirgʻiz Jol Kurulush” subpudratchisi uning ishchilariga toʻrt oy maosh toʻlanmagani ortidan namoyishga chiqqanidan keyin Longhai kompaniyasini sudga bergan.
Natijada sud Longhai hisoblarini muzlatib qoʻygan.
Shuningdek, Xitoy kompaniyasi qariyb loyiha boshlanganidan beri Qirgʻizistonga soliq toʻlamagan.
2019-yil dekabr oyida Qirgʻiziston soliq qoʻmitasi Longhai kompaniyasi toʻrt yildan beri hech qanday soliq toʻlamagani hisobiga 227 million qirgʻiz soʻmi (2,7 million AQSH dollari) qarz ekanligini eʼlon qilgan.
Qirgʻiziston Longhai kompaniyasining toʻlanmagan soliqlari boʻyicha qabul qilingan qaror yuzasidan hech qanday bayonot bermagan.
“Hammasi boshidanoq barbod boʻlgan edi, tender jarayoni qonunga xilof edi”, deb aytgan sentyabrda parlamentning transport, kommunikatsiya, arxitektura va qurilish qoʻmitasi aʼzosi Riskeldi Mombekov Ozod Yevropa/Ozodlik radiosining qirgʻiz xizmatiga.
“Baliqchi-Korumdu magistrali sababli yuzaga kelgan noqulayliklar haqida issiqkoʻlliklar bekorga qoʻshiq toʻqimagan”, deb aytgan u.
Qimmatga tushgan xato
Magistral yoʻl qurilishi yakunlanmagani tufayli eng koʻp mahalliy aholi zarar koʻrgan.
Issiqkoʻlning shimoliy qirgʻogʻida joylashgan Bosteri qishlogʻidagi mehmonxona bekasi Bermet Abdikalikovaga koʻra, loyiha boshlanganidan beri mehmonlar soni kamaygan, chunki sayyohlarning aksariyati aylanma toshloq yoʻllardan yurishni istamaydi.
“Shuncha yil oʻtib ham yoʻlni bitirishmadi, 100 km uncha koʻp emas-ku”, deydi u. “Xitoyliklar Qirgʻizistondagi loyihalarga nisbatan beparvo. Xitoyda bunday yoʻlni bir haftada bitirgan boʻlishardi.”
“Avval nimadir boshlashadi, keyin tashlab qoʻyishadi”, deydi Choʻlpon-Otalik Qasim Attokuro.
“Yoʻlning qachon bitishini hech kim bilmaydi. Bu nimasi endi?”
Bishkekdagi koʻpchilik rasmiylar va tahlilchilarga koʻra, bunday muhim vazifaga Longhai kompaniyasini pudratchi sifatida tanlash xato boʻlgan.
2019-yilda ham Qirgʻiziston hukumati Longhai kompaniyasini ishonchsizlikda va oʻz majburiyatlarini bajarmaslikda ayblagan edi.
“Tajribaga koʻra, pudratchi oʻz aylanma kapitaliga ega boʻlishi kerak, agar qarz toʻplansa, oʻz subpudratchilariga maosh va boshqa xarajatlarni qoplash uchun mablagʻ ajratishi kerak”, degan edi transport vazirligi oʻsha vaqtda. “Ammo, Longhai kompaniyasi moliyaviy imkoniyati yoʻqligi sababli muntazam ravishda toʻlovlarni amalga oshirishda muammolarga duch keladi.”
Ajdarni gʻazablantirish
Xato va kamchiliklariga qaramay, Qirgʻiziston Longhai kompaniyasining shartnomasini bekor qila olmaydi, chunki hukumatning Xitoy oldida majburiyatlari bor, deydi xavfsizlik masalasi boʻyicha tahlilchi, bishkeklik Kasibek Jolchuyev.
Pekin Xitoy manfaatlari yoʻlida nochor mamlakatlarning tabiiy boyliklarini qazib olish va tashib ketishga xizmat qiluvchi “Bir kamar, bir yoʻl” tashabbusi doirasida Bishkekka kredit bermoqda.
Bu kreditlarning asosiy sharti shuki, yirik loyihalarni amalga oshirish uchun xitoylik pudratchilarni yollash talab etiladi.
“Longhai bilan xayrlashadigan boʻlsak, Pekin darhol javob qaytaradi. Xitoydan katta qarzimiz borligi va toʻlovni kechiktirishga harakat qilayotganimiz uchun u birinchi navbatda oʻzining moliyaviy dastaklarini ishga soladi”, dedi Jolchuyev.
Mart oyi holatiga koʻra, Qirgʻizistonning umumiy tashqi qarzi 5 milliard dollarni (424 milliard qirgʻiz soʻmi) tashkil etgan, uning katta qismi – 40 foizdan koʻprogʻi – Xitoy Eksport-import banki oldidagi qarzdorlikdir, deb xabar beradi Qirgʻiziston moliya vazirligi.
“Ajdahoning gʻazabini qoʻzgʻatsak, oqibati yaxshi boʻlmaydi”, deydi Jolchuyev.
OYLIKNI VAQTIDA BERISH KERAK
Javob berishFikrlar 1