DUSHANBE – Tojik migrantlarining huquqlarini himoya qiluvchi faolning ehtimoliy deportatsiyasi Rossiyaning Markaziy Osiyolik mehnat migrantlariga nisbatan bosimi davom etayotganidan dalolat bermoqda.
Moskvadagi tojiklar markazida ishlovchi tojikistonlik advokat Shuhrat Qudratov Karvonsaroy bilan suhbatda Rossiya hukumati uni Tojikistonga deportatsiya qilishni rejalashtirayotganidan xabar topganini aytdi.
“Ular meni tojik muxolifati bilan aloqalari bor, degan bahona bilan mamlakatdan badargʻa qilishmoqchi. Lekin bu yolgʻon”.
“(Kremlning) birdan-bir maqsadi – migrantlarni himoyasiz qoldirish”, deydi uch yil avval Rossiyaga koʻchib kelgan Qudratov.
“Tojiklar markazi” Tojikiston fuqarolariga Rossiya hukumat idoralarida toʻgʻri roʻyxatdan oʻtish, ish va yashash uchun joy topish hamda huquqiy muammolarni hal qilishda yordam beradi.
Yordam soʻraganlarning aksari – Rossiyada huquqlari poymol etilganlar, deydi Qudratov. Ayrimlar oʻz qarindoshlarining jasadlarini Tojikistonga qaytarish yoʻllarini izlaydi.
Rossiyaning migratsiyaga oid qonunlari qatʼiy va murakkab, oʻqimagan migrantlar uchun esa ularning barchasini tushunish va amal qilish qiyin, deydi u. Bundan tashqari, vijdonsiz ish beruvchilar koʻpincha yosh migrantlarning tajribasiz ekanligidan foydalanib, ularning pulini bermaydi.
Rossiya Ichki ishlar vazirligi (MVD) maʼlumotlariga koʻra, Rossiyada 2 milliondan ortiq tojikistonlik istiqomat qiladi. Ulardan 1,5 millioni mehnat migrantlaridir.
Tojikistonliklar asosan, vatanida ish topa olmagani sababli, pul ishlash uchun Rossiyaga boradi.
Jahon bankining noyabr oyidagi maʼlumotlariga koʻra, migrantlarning pul oʻtkazmalari Tojikiston YIMning 25% dan ortigʻini tashkil etmoqda.
Migrantlar huquqbonlarining nishonga olinishi
Qudratov bu yil tazyiqqa uchragan migrantlar huquqlarini himoya qiluvchi yagona faol emas. Boshqa huquqbonlar ham xuddi shunday holatga duch kelishdan xavotirda.
Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB) 25-sentabr kuni Moskvadagi Sheremetyevo aeroportida asli oʻzbekistonlik huquq faoli – “Utro Mira” (“Tong jahoni”) nodavlat tashkiloti raisi Valentina Chupikni hibsga olgan edi. U Armaniston safaridan qaytayotgan boʻlgan.
Xavfsizlik xizmati xodimlari uni aeroportda hibsga olib, hujjatlarini tortib olishgan va qochqinlik maqomidan mahrum qilib, 2051-yilgacha Rossiyaga kirishni taqiqlaganlar.
Rossiya huquqni muhofaza qilish organlari Chupikni “qochqin maqomini olish uchun yolgʻon maʼlumot yoki soxta hujjatlar taqdim etishda” ayblagan, ammo faollar va jurnalistlarga koʻra, bu shunchaki bahona, xolos.
Hibsdalik vaqtida unga qamoq yoki undan ham yomonroq jazo olishdan qoʻrqadigan Oʻzbekistonga deportatsiya bilan tahdid qilishgan. U 2005-yilda Andijon qirgʻinidan keyin Rossiyaga qochqin boʻlib kelgan edi.
2-oktabr kuni Oʻzbekiston kutilmaganda unga yangi pasport berib, Armanistonga – xavfsiz joyga qaytish imkoniyatini berishi ortidan qarama-qarshilik oʻz nihoyasiga yetgan.
Moskvadalik vaqtida Chupik Rossiyada har kuni politsiya yoki ish beruvchilar tomonidan huquqlari poymol qilinadigan Markaziy Osiyolik mehnat migrantlariga huquqiy yordam koʻrsatib kelgan, shuningdek, ularning huquqiy savodxonligini oshirish boʻyicha treninglar oʻtkazgan.
Bu yordamlarning bari bepul edi.
Chupik, shuningdek, qonunbuzarliklarni, hukumatdagi korrupsiyani va mehnat migrantlari huquqlarining muntazam ravishda buzilishini qoralab, Rossiya huquqni muhofaza qilish organlari va umuman Rossiya jamiyatidagi shovinizm hamda irqchilik haqida ochiq gapirib kelgan.
Rossiya ochiq fashizm tomon ketmoqda, deydi Chupik Karvonsaroyga.
“Avvaliga migrantlar shafqatsiz diskriminatsiyaga duchor boʻlishadi va quldek ekspluatatsiya qilinadilar, keyin esa umuman Rossiyaga bormay qoʻyadilar”, dedi u.
Avvalroq, mart oyida Rossiya kuch idoralari Tojiklar markazi rahbari Izzat Omonni hibsga olib, Tojikistonga deportatsiya qilgan edi.
Rossiya sudi uni Rossiya fuqaroligidan mahrum qildi, Tojikiston sudi esa oktabr oyida uni firibgarlikda ayblab, 9 yilga ozodlikdan mahrum etdi, deb xabar beradi Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi.
Omonning tarafdorlariga koʻra, bu ayblovlar siyosiy xarakterga ega.
Yakshanba (21-noyabr) kuni bosh qarorgohi Nyu-Yorkda joylashgan Human Rights Watch va Venadagi “Evroosiyo uchun erkinlik” tashkilotlari Omonning Rossiyadan deportatsiya qilinishi yuzasidan xavotir bildirganlar.
Ular, shuningdek, turkmanistonlik huquq faoli Ozod Isoqovning ishiga ham alohida eʼtibor qaratganlar.
Isoqov Turkmaniston milliy xavfsizlik vazirligi (MXV) tarafidan Rossiya federal xavfsizlik xizmati (FSB) va politsiya koʻmagida 20-oktabr kuni Rossiyadagi uyidan “oʻgʻirlab ketilgan”, deb xabar beradi “Evrosiyo uchun erkinlik”.
“Izsiz gʻoyib boʻlishidan oldin u hamkasbi Chemen Orega Telegram orqali: “Politsiya shu yerda. Meni topishsa, olib ketishadi. Berkinib oʻtiribman”, deb yozgan. Oʻsha kundan beri undan xabar yoʻq”, deyiladi tashkilot xabarida.
Huquqbon tashkilotlar YI bosh diplomati Xosep Borrelning besh Markaziy Osiyo davlati tashqi ishlar vazirlari bilan dushanba kungi uchrashuvi chogʻida bu ikki faol borasida xavotir izhor etganlar.
“Kamsitish va haqorat”
Migrantlar huquqlarini himoya qiluvchi boshqa faollar ham soʻnggi vaqtlarda Rossiyada migrantlarga nisbatan boshlangan tazyiqlar yaxshilik nishonasi emas, deb hisoblamoqda.
“Biz migrantlar bilan ishga, soliq idorasiga, kasalxonaga, va umuman, ular huquqiy muammolarini hal qila olmagan barcha idoralarga birga borar edik”, deydi uch yildan beri Rossiyada yashab, migrantlarga huquqiy maslahat berib kelayotgan moskvalik advokat Baxtovar Jumayev.
Deportatsiya qilingan Omonning sobiq hamkasbi Jumayevning soʻzlariga koʻra, migrantlar qonun bilan doimiy ziddiyatda boʻlgani uchun muammolar girdobida oʻzlarini yoʻqotib qoʻyishadi.
“Migrantlarni ogʻir kunlar kutib turibdi. Ularni doim kamsitib, tahqirlab, talon-taroj qilishadi. Migrantlar hech qanday huquqqa ega boʻlmagan odamlardek oʻz holiga tashlab qoʻyiladi”, deydi u.
Migrantlarni faqat qora mehnatga loyiq deb hisoblaydigan Rossiya hukumati ularning ikkinchi darajali odamlar ekaniga rus xalqini ishontirdi, deydi migrantlar huquqlari faoli Abdumannon Sheraliyev.
“Yaʼni, bu atayin olib borilgan siyosat edi. Rossiyaliklarning migrantlarga munosabati 2000-yillar boshidagi holatdan keskin farq qiladi va hatto hukumatning munosabati yaxshilangan taqdirda ham oʻzgarmaydi”, deydi avval Moskva shahrida yashagan, hozir Polshada boʻlgan Sheraliyev.
Rossiya rasmiylari huquqbonlarni quvgʻin qilish bilan Rossiyadagi migrant endi qora ishlarni bajarishdan boshqa huquqqa ega emasligiga ishora qilmoqchi, deydi u.
Mujda shuki, “migrantlar inson huquqlaridan bexabar boʻlishi va u haqda umuman gapirmasligi, Rossiya hududida turib siyosiy faollik koʻrsatmasligi lozim. Migrantlar Rossiyaga faqat oddiy ishlarni bajarish uchun kerak”, dedi u.
Rossiya ochiq fashizm mamlakatiga aylandi.
Javob berishFikrlar 1