Karvonsaroy
Inson huquqlari

Jahon oziq-ovqat dasturi Tojikistondan Afgʻonistonga yordam yetkazib berishni boshladi

Karvonsaroy va AFP

Ishchilar Jahon oziq-ovqat dasturining yuk mashinasiga bugʻdoy uni, noʻxat, yogʻ va tuzdan iborat oziq-ovqat mahsulotlarini ortmoqda. [WFP/Marko Di Lauro]

Ishchilar Jahon oziq-ovqat dasturining yuk mashinasiga bugʻdoy uni, noʻxat, yogʻ va tuzdan iborat oziq-ovqat mahsulotlarini ortmoqda. [WFP/Marko Di Lauro]

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP) bu yil qishki mavsumda ocharchilik xavfi bilan toʻqnash kelgan afgʻon oilalarini qoʻllab-quvvatlashga oid favqulodda choralar doirasida Tojikistondan Afgʻonistonga oziq-ovqat yetkazib berishni boshladi.

Juma (26-noyabr) kuni yettita yuk mashinasidan iborat ilk karvon Dushanbedagi Jahon oziq-ovqat dasturi omborlaridan Afgʻonistonning Badaxshon viloyatiga yoʻl oldi, deyiladi Jahon oziq-ovqat dasturining Tojikiston idorasi bayonotida.

Yaqin kunlarda bu yuk mashinalari mintaqadan sotib olingan 2500 tonna bugʻdoy unini WFPning Afgʻonistondagi yordam dasturlari uchun yetkazib beradi.

“Bu kabi tigʻiz vaqtda Jahon oziq-ovqat dasturidagi afgʻonistonlik hamkasblarimiz, ayniqsa Badaxshondagi kabi chekka tumanlar yoʻllari qor bilan toʻsilib qolmasidan oziq-ovqat gʻamlab olishi uchun har qanday yordamimizga muhtoj”, dedi Jahon oziq-ovqat dasturining Tojikistondagi vakolatxonasi rahbari Adham Musallam.

Hirot yaqinidagi taqsimot punktida WFP tarafidan berilgan oziq-ovqat mahsulotlarini olib uyiga ketayotgan afgʻonistonlik oila. [WFP/Marko Di Lauro]

Hirot yaqinidagi taqsimot punktida WFP tarafidan berilgan oziq-ovqat mahsulotlarini olib uyiga ketayotgan afgʻonistonlik oila. [WFP/Marko Di Lauro]

29-noyabr kuni Kobulda Jahon oziq-ovqat dasturi doirasida mablagʻ tarqatilayotgan payt pul olayotgan ayol. [Gektor RETAMAL / AFP]

29-noyabr kuni Kobulda Jahon oziq-ovqat dasturi doirasida mablagʻ tarqatilayotgan payt pul olayotgan ayol. [Gektor RETAMAL / AFP]

Bu haqda u Tojikiston rasmiylari ishtirokida yordamning yuborilishiga bagʻishlab oʻtkazilgan tadbir chogʻida maʼlum qildi.

“Biz shunday ogʻir pallada afgʻon xalqini qoʻllab-quvvatlayotgan Tojikiston hukumatiga minnatdorchilik bildiramiz. Chegara punktlari orqali Afgʻonistonga oziq-ovqat olib kirishimizda bu yoʻlak ayni muddao boʻldi”, dedi Musallam.

Musallam, shuningdek, insonparvarlik tashkilotlariga Dushanbedan Kobulga va Afgʻonistondagi boshqa yoʻnalishlarga muntazam parvozlarni amalga oshirish imkonini beruvchi Jahon oziq-ovqat dasturi tomonidan boshqariladigan BMTning Gumanitar aviatsiya xizmatini (UNHAS) qoʻllab-quvvatlagani uchun Tojikiston hukumatiga minnatdorchilik bildirdi.

Afgʻoniston jadallik bilan dunyoning eng yirik gumanitar inqiroziga aylanib bormoqda.

Jahon oziq-ovqat dasturi joriy yil boshidan beri 14,8 million kishiga oziq-ovqat mahsulotlari bilan koʻmaklashgan boʻlib, ushbu hayotiy muhim yordam hajmini oshirmoqda.

Ulkan ehtiyoj

Biroq, ehtiyojlar juda katta.

“Afgʻon xalqini yordamsiz tashlab qoʻyish – avval ham ayanchli oqibatlarga olib kelgan tarixiy xato boʻlardi”, dedi 17-noyabr kuni Bosh kotibning maxsus vakili va BMTning Afgʻonistonga yordam missiyasining (UNAMA) rahbari Debora Layons.

Qish yaqinlashib kelar ekan, 23 millionga yaqin afgʻon oziq-ovqat taʼminotidan mahrum holda inqirozli yoki favqulodda sharoitda qolmoqda, dedi u.

Bundan tashqari, bir paytlar ocharchilik xavfi faqat qishloq joylar bilan cheklangan boʻlsa, endilikda Afgʻonistonning aholi eng zich joylashgan 11 shahridan 10 tasida oziq-ovqat xavfsizligi favqulodda darajaga yetishi kutilmoqda, deb qoʻshimcha qildi u.

23-noyabr kuni BMT Afgʻonistonda yil oxirigacha gumanitar yordamni qoʻllab-quvvatlash uchun 500 million dollardan koʻproq mablagʻ ajratish haqidagi favqulodda murojaati toʻliq moliyalashtirilganini aytdi.

Asosiy donorlar AQSH, Yevropa davlatlari va Yaponiya boʻlib, ular jami 606 million dollarlik moliyalashtirish maqsadiga erishishga yordam berdilar.

Mablagʻlar Afgʻonistondagi eng kam taʼminlangan 11 million kishiga yordam uchun yoʻnaltiriladi.

Kobuldagi naqd pul tarqatmalari

Bu orada Jahon oziq-ovqat dasturi dushanba kuni Afgʻoniston poytaxtida mamlakatda kuchayib borayotgan gumanitar inqirozdan qattiq jabr koʻrgan 3000 ga yaqin oilaga naqd pul tarqatgan.

“Kun kelib, bu yerda yordam soʻrab navbatda oʻtirishimni xayolimga ham keltirmagan edim”, deydi 10 kishilik oilasi bilan yashovchi 20 yashar Bassana.

“Ochlikdan oʻlmaslik uchun bu pulga eng avvalo oziq-ovqat sotib olamiz”, deb qoʻshimcha qildi u.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti idorasi har bir oilaga 7000 afgʻoniydan (74 dollar) pul tarqatgan.

Pul tarqatishga yordamlashgan Azimulloh Fazliyorning aytishicha, Kobulda 50-60 mingga yaqin oila yordamga muhtoj boʻlib, dastur doirasida eng koʻp jabrlangan 3000 ta oila belgilangan.

“Ular bu pulga qish uchun oʻtin yoki boshqa kerakli narsalarni sotib olishlari mumkin”.

Yordam olganlarning koʻpchiligi avvalgi hukumat qulashi ortidan yagona boquvchisi ishsiz qolgan oilalar aʼzolari boʻlishgan.

Afgʻonistonda inflatsiya va ishsizlik darajasi keskin oshgan, avvalgi hukumat budjetining 75 foizini tashkil etgan xalqaro yordam esa butunlay toʻxtab qolgan.

Yordam soʻrab navbatda turganlar orasida talaba va ingliz tili oʻqituvchisi Sanaullo Hamidiy ham bor.

U oʻzi va davlat xizmatchisi boʻlgan otasi bilan ishsiz qolgani sababli oʻqishni davom ettira olmasligini aytdi.

“Men (toʻlovlarimni) toʻlab, universitetimga qaytgan boʻlar edim”, dedi Hamidiy.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500