Karvonsaroy
Iqtisodiyot

Oʻzbekiston Ukrainadagi urush sabab oziq-ovqat xavfsizligidan tashvishga tushmoqda

Rustam Temirov

Toshkent markaziy bozorida sotilayotgan Qozogʻiston uni, 9-aprel. [Rustam Temirov/Karvonsaroy]

Toshkent markaziy bozorida sotilayotgan Qozogʻiston uni, 9-aprel. [Rustam Temirov/Karvonsaroy]

TOSHKENT – Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi natijasida yuzaga kelgan oziq-ovqat xavfsizligi muammosi Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlarining 32 foizini Rossiya va Ukrainadan import qiluvchi Oʻzbekiston kabi mamlakatlarni xavotirga sola boshlagan.

Bugʻdoy, oʻsimlik yogʻi va shakar kabi asosiy import mahsulotlarining kamayishi hamda yoqilgʻi narxining oshishi – urushning yana bir bevosita oqibati – mintaqada oziq-ovqat narxlarining koʻtarilishiga sabab boʻldi.

Yirik xalqaro tashkilotlar 13-aprel kungi murojaatida global oziq-ovqat xavfsizligi bilan bogʻliq tahdidlarga qarshi shoshilinch choralar koʻrishga chaqirgan.

Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, Jahon banki, Jahon savdo tashkiloti va Jahon oziq-ovqat dasturi rahbarlarining qoʻshma bayonotida “Oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanmagan mamlakatlarga muvofiqlashtirilgan tarzda tezkor yordam koʻrsatish zarurligi” aytiladi.

Kombayn qoʻlda boshqarilmayotganini koʻrsatish uchun qoʻlini koʻtarib ishora qilayotgan operator, 2018-yil 18-iyul, Olmaota viloyati. [Kseniya Bondal/Karvonsaroy]

Kombayn qoʻlda boshqarilmayotganini koʻrsatish uchun qoʻlini koʻtarib ishora qilayotgan operator, 2018-yil 18-iyul, Olmaota viloyati. [Kseniya Bondal/Karvonsaroy]

1-aprel holatiga koʻra, Oʻzbekiston hukumati 250 ming tonna shakar zaxirasini hozirlagan. [Fayl]

1-aprel holatiga koʻra, Oʻzbekiston hukumati 250 ming tonna shakar zaxirasini hozirlagan. [Fayl]

Ular xalqaro hamjamiyatni favqulodda oziq-ovqat taʼminoti, nochor oilalar va fermerlar uchun ijtimoiy himoya, shuningdek, qishloq xoʻjaligida ishlab chiqarish hajmini oshirish va boshqa choralarni moliyalashtirishga chaqirdi.

Oʻtgan hafta Yevropa Ittifoqining (YI) tashqi siyosat boʻyicha rahbari Xosep Borrell global oziq-ovqat inqiroziga Moskvaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar emas, balki Rossiyaning Ukrainadagi urushi sabab boʻlayotganini aytdi.

Aynan Rossiya “portlarni, bugʻdoyni toʻsib, Ukrainadagi bugʻdoy zaxiralarini yoʻq qilib, dunyoda tanqislik keltirib chiqarmoqda”, dedi Borrel.

Rossiya harbiylari “Ukraina dalalariga bomba yogʻdirdi, Rossiya harbiy kemalari esa bugʻdoy ortilgan oʻnlab kemalarning yoʻlini toʻsdi”, deb qoʻshimcha qildi u. “Ular bugʻdoy zahiralarini bombalab, yoʻq qilmoqda” va uning eksportiga toʻsqinlik qilmoqda.

Sanksiyalarni ayblashni bas qiling, dedi Borrel. “Oziq-ovqat tanqisligiga aynan Rossiya harbiylari sabab boʻlmoqda”.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, Rossiyaning Ukraina qishloq xoʻjaligi markaziga bostirib kirishi ortidan mart oyida dunyo miqyosida oziq-ovqat narxlari rekord darajaga yetdi.

Don yetishtiriladigan yirik hududlarga ega Rossiya va Ukraina dunyodagi asosiy gʻalla konlaridan hisoblanadi. Bu ikki mamlakat dunyo miqyosida bugʻdoy, oʻsimlik yogʻi va makkajoʻxori kabi mahsulotlarning asosiy eksportchilari hisoblanadi.

BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, soʻnggi uch yil ichida dunyoda bugʻdoy va makkajoʻxori eksportining taxminan 30 va 20 foizi Rossiya va Ukraina hissasiga toʻgʻri kelgan.

Oʻzbekistonning oziq-ovqat xavfsizligi

Rossiyaning Ukrainaga qarshi davom etayotgan hujumi natijasida Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, Oʻzbekistonning ham oziq-ovqat xavfsizligi tahdid ostida qolgan.

Don va don mahsulotlari, oʻsimlik yogʻi va shakar Oʻzbekiston oziq-ovqat importining 60% dan ortigʻini tashkil qiladi.

Mintaqadagi meva-sabzavot bozorini kuzatuvchi East-fruit.com maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston oziq-ovqatning qariyb 30 foizini Rossiyadan, 2 foizini Ukrainadan va 4 foizini mojaroda bilvosita ishtirok etayotgan Belarusdan import qiladi.

Saytning 25-mart kungi hisobotida aytilishicha, bu uch mamlakatdan oziq-ovqat mahsulotlarining katta qismi Oʻzbekistonga Qozogʻistondagi vositachilar orqali kirib kelishi inobat olinsa, haqiqiy raqamlar bundan yuqoriroq boʻlishi mumkin.

Narxlarning oshishi Rossiyaning Ukrainaga bosqinining navbatdagi zarbasi boʻldi.

Rossiya hujumidan keyin Toshkentda shakar narxi 10 mingdan 14 ming soʻmgacha (1 AQSH dollaridan 1,4 AQSH dollarigacha) koʻtarilgan.

Rossiyaning qayta ishlangan va shakar xomashyosi eksportiga nisbatan joriy qilingan, 15 martdan 31 avgustga qadar amal qiluvchi taqiqi vaziyatni yanada ogʻirlashtirgan.

Oʻzbekistonda chakana narxlarni barqarorlashtirish uchun katta miqdorda un, oʻsimlik yogʻi va shakar zahiralari hozirlangan, dedi Toshkentdagi Iqtisodiy tadqiqotlar va reformalar markazi rahbari Obid Hakimov 4-aprel kuni.

1-apreldan boshlab Oʻzbekiston hukumati 250 ming tonna shakar zahirasini gʻamladi, ammo mamlakatning bir yillik shakar isteʼmoli 400 ming tonnani tashkil etadi, deb aytgan u.

Mavhum kelajak

Bugʻdoy taʼminotining istiqboli noaniqligicha qolmoqda.

Rossiya hukumati 15-martdan boshlab Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari, jumladan Oʻzbekistonning asosiy bugʻdoy taʼminotchilaridan biri boʻlgan Qozogʻistonga bugʻdoy eksportini taqiqladi. Cheklov 30 iyungacha davom etadi.

Oʻz navbatida Qozogʻiston mahalliy isteʼmolchilarni himoya qilish uchun don va uning eksportini vaqtincha cheklash-cheklamaslik masalasini koʻrib chiqmoqda, deb aytgan Qozogʻiston qishloq-xoʻjaligi vaziri Yerbol Karashukeyev 4-aprel kuni Telegramdagi xabarida.

Oʻzbekiston doim strategik don zahirasiga ega boʻlgan, bu Rossiya yoki Qozogʻistondan yetkazib berishdagi ehtimoliy uzilishlarni bartaraf etishga yordam beradi, deb aytgan toshkentlik siyosatshunos Farhod Mirzaboyev.

Ammo Rossiya Gʻarb mamlakatlari manfaatlariga zarar yetkazish maqsadida va oʻz ahamiyatini koʻrsatish uchun don va shakarning sunʼiy taqchilligini keltirib chiqarishni istashi mumkin”, deb aytgan u.

Mirzaboyevning taʼkidlashicha, “bunday siyosat rossiyalik ishlab chiqaruvchilar uchun ham manfaatli emas”.

“Aslida Rossiya uchun hozirgi kabi iqtisodiy murakkab pallada, Kreml cheklovchi choralarni qoʻllashdan koʻra oqilona siyosat olib borishi kerak”, deb aytgan u.

Oʻzbekiston Rossiyaning Ukrainadagi harbiy muvaffqiyatsizligi va Gʻarb sanksiyalari tufayli iqtisodiy va harbiy zaiflashuvidan foydalanib qolishi kerak, deydi Londondagi Central Asia Due Diligence markazi rahbari Alisher Ilhomov.

Shu tariqa Toshkent tashqi dunyo bilan iqtisodiy aloqalarini diversifikatsiya qilib, siyosiy suverenitetini mustahkamlay oladi, deb aytgan u Karvonsaroy nashriga.

“Xususan, tashqi ishlar vaziri Abdullaziz Komilovning Oʻzbekiston hech qanday harbiy-siyosiy bloklarga qoʻshilishni rejalamayotgani haqidagi soʻnggi bayonoti (harakat yoki amal bilan) tasdiqlanishi kerak”, deb aytgan u.

“Buning uchun tashqi siyosatda betaraflik tamoyilini aks ettiruvchi oʻzbek iqtisodiy faoliyati uchun yangilangan tuzilmani qabul qilish zarur”, deb qoʻshimcha qilgan Ilhomov.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 4

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Parchalanish (xato)

Javob berish

Barcha imperiyalar parchalanadi – bu ortga qaytarib boʻlmaydigan tarixiy jarayon. Endi Rossiya ham shunday qulash yoqasida; SSSRning qulashi uning debochasi edi.

Javob berish

“Sanksiyalarni ayblashni bas qiling. Oziq-ovqat tanqisligiga aynan Rossiya harbiylari sabab boʻlmoqda”, dedi Borrel. Ular oʻz ambitsiyalari bilan bu yilni (balki undan ham koʻprogʻini) rasvo qilishdi.

Javob berish

Ukraina dehqonlari nimadir yetishtirish uchun ekin vaqtida dubulgʻa va zirhli nimchalar kiyib olishdi, ammo urush tugaguniga qadar koʻp narsani kutmaslik kerak. Rossiya oʻz iqtisodiyoti va barqarorligining boshiga yetdi va endi boshqa mamlakatlar iqtisodiyotini nobud qilishga urinmoqda.

Javob berish