Karvonsaroy
Inson huquqlari

Afgʻonistondagi inqirozning ogʻirlashuvi fonida Termiz strategik yordam markaziga aylanmoqda

Rustam Temirov

Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP) tomonidan tarqatilayotgan bugʻdoy qoplarini olish uchun navbatda turgan afgʻonlar, Qandahor, 19-oktyabr. [Javed Tanvir/AFP]

Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP) tomonidan tarqatilayotgan bugʻdoy qoplarini olish uchun navbatda turgan afgʻonlar, Qandahor, 19-oktyabr. [Javed Tanvir/AFP]

TERMIZ – Afgʻonistonga Oʻzbekiston orqali xalqaro yordam kela boshladi – bu yerdagi Termiz kargo markazi yuklar uchun muhim transport markazi boʻlib xizmat qilmoqda.

15-oktyabr kuni Ukraina xalqaro avialiniyasi samolyoti Dubaydan 32 tonna gumanitar yordam olib kelgan. Uning ortidan shanbadan dushanbaga qadar (16-18-oktyabr kunlari) boshqa yuklar ham yetib kela boshladi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining qochqinlar masalasi boʻyicha oliy komissari (UNHCR) tomonidan tashkillashtirilgan gumanitar yordam yuk mashinalari orqali Mozori Sharifga yetkazib beriladi.

“Yuk ichida chodirlar, idish-tovoqlar va koʻrpalar kabi zaruriy jihozlar bor”, deydi Termez kargo markazi rahbari Nodir Jalolov Karvonsaroy bilan suhbatda.

Dubaydan gumanitar yuk bilan Termizga yetib kelgan Ukraina xalqaro samolyotlari, 15-oktyabr. Yuk chodirlar, idishlar va koʻrpalar kabi eng zarur jihozlardan iborat, deydi Termiz kargo markazi rahbari Nodir Jalilov. [Nodir Jalilov]

Dubaydan gumanitar yuk bilan Termizga yetib kelgan Ukraina xalqaro samolyotlari, 15-oktyabr. Yuk chodirlar, idishlar va koʻrpalar kabi eng zarur jihozlardan iborat, deydi Termiz kargo markazi rahbari Nodir Jalilov. [Nodir Jalilov]

Shuningdek, BMT Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP) ham oktyabr oyidan beri Afgʻonistonga Oʻzbekiston orqali yordam yetkazmoqda, deb aytgan Jalolov.

“Yuklarni 34 ta mashinaga ortdik. Ular Afgʻonistonga avtotransport orqali yetkazib berildi”, deb aytgan u 15-oktyabr kungi yordam yukini nazarda tutib.

Termiz kargo markazi 2016-yilda Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasidagi savdo-sotiqni kuchaytirish maqsadida tashkil etilgan.

U Markaziy Osiyodagi Afgʻoniston bilan chegaradosh boʻlgan shu turdagi yagona kargo terminali hisoblanadi.

Oʻzbekiston Afgʻonistonga yordam yuklarini oʻtkazish bilan birga, qoʻshni davlatga mustaqil ravishda koʻmak bermoqda. U sentyabr oyining oʻzida afgʻonistonliklar uchun 1400 tonna un va un mahsulotlarini yuborgan.

Afgʻonistonga yoʻl

Termizning joylashuvi, jumladan logistik nuqtai nazardan ham uni strategik markazga aylantiradi.

Bu shahar ihotalanib qolgan Afgʻonistonga, eng avvalo gumanitar yordam yetkazish uchun mavjud boʻlgan sanoqli darvozalardan biridir.

Termizdan Doʻstlik koʻprigi orqali Afgʻoniston janubiga temiryoʻl va avtomobil yoʻli oʻtadi.

Gumanitar yordamni yetkazib berish uchun Oʻzbekiston hukumati Tolibonga chegaradosh Surxondaryo viloyatidagi bir qator inshootlardan foydalanish huquqini bergan.

Bu qaror Toshkentning xalqaro darajada tan olinmagan Tolibon hukumati bilan mintaqaviy barqarorlik manfaati uchun hamkorlik qilishga tayyorligidan dalolat beradi, deydi kuzatuvchilar.

“Oʻzbekiston Afgʻonistonning chuqur gumanitar inqiroz domida qolishini istamaydi... Agar yordam bermasak, u yerdagi oqibatlar bizga ham taʼsir qilishini hisobga olgan holda, u yer notinch boʻlib, odamlar aziyat chekadigan boʻlsa, biz bir chekkada qarab tura olmaymiz”, deb aytgan oʻzbekistonlik siyosiy tahlilchi Farhod Mirzaboyev.

“Hozir Afgʻoniston hukumatiga qandaydir shart qoʻyadigan vaqt emas, u yerda yuzaga kelgan gumanitar inqirozni yengib oʻtishda yordam berishimiz kerak”, deb aytgan u.

“Bu bizning Tolibon bilar doʻstlashishni istaganimiz uchun emas, balki afgʻon xalqi qoʻshnimiz boʻlgani va biz ularga yordam berishimiz kerakligi uchundir.”

Mirzaboyev Tolibon rasmiylarini oʻz ichki resurlaridan maksimal darajada foydalanishga va mamlakatda gumanitar inqiroz kelib chiqishining oldini olish uchun barcha choralarni koʻrishga chaqirdi.

Bu masala boʻyicha xalqi oldida endi faqat ularning oʻzi javobgar, deydi u.

Hukumatni kuch bilan qoʻlga olish boshqa, davlatni muvaffaqiyatli boshqarish va ijobiy natijaga erishish esa butkul boshqa masala, deb aytgan Mirzaboyev.

“Ayni vaziyat yangi afgʻon hukumati bardoshliligi uchun jiddiy sinov boʻladi. Ammo baʼzida ular vaziyatning haqiqiy koʻlamini tushunib yetmayotgandek va keraksiz masalalarga ahamiyat berayotgandek koʻrinadi”, deb aytgan Mirzaboyev.

“Hozirgi vaqtda ayollar huquqlarini cheklash muhim masalami?”

Shoshilinch yordam zarur

Afgʻonistondagi gumanitar inqiroz yomonlashib bormoqda va u yerdagi 20 millionga yaqin odamga yordam koʻrsatish uchun shoshilinch moliyaviy mablagʻ ajratilishi kerak, deb ogohlantirgan UNHCR oʻzining 12-oktyabr kungi bayonotida.

“Faqat besh foiz oilalarda har kuni ovqatlanish imkoniyati bor, keyingi yilga kelib besh yoshdan kichik boʻlgan bolalarning yarmidan koʻpi toʻyib ovqatlana olmaslik xavfi ostida”, deyiladi UNHCR bayonotida.

Hozirda Toshkentda yashayotgan 35 yashar afgʻonistonlik jurnalist Said Sanjar Barlos shu yilning boshida Afgʻonistonni tark etgan.

U Afgʻonistonda qolgan qarindoshlari bilan oxirgi marta 8-oktyabr kuni gaplashganini aytadi.

“Qarindoshlarim Sari-Pul viloyatidagi Shibirgʻon shahrida yashashadi. Ular hali hech qanday yordam olmaganliklarini aytmoqdalar. Ammo, bilishimcha Afgʻonistonga xalqaro yordam kirib kela boshlagan”, dedi u Karvonsaroy nashriga.

“Agar Tolibonda insonparvarlik va iroda yetarli boʻlsa, ular bu yordamni teng taqsimlay olishi mumkin. Ammo, hozircha javoblardan koʻra savollar koʻp”, deb aytgan u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500