Karvonsaroy
Iqtisodiyot

Afgʻonistonliklar Xitoy va Eronning arzimas yordamiga shubha bilan qaramoqda

Imron

29-sentyabr kuni Xitoyning Kobuldagi elchixonasiga keltirilgan issiq kiyim va choyshablardan iborat Xitoy yordamining birinchi partiyasi. [Kobuldagi Xitoy elchixonasi]

29-sentyabr kuni Xitoyning Kobuldagi elchixonasiga keltirilgan issiq kiyim va choyshablardan iborat Xitoy yordamining birinchi partiyasi. [Kobuldagi Xitoy elchixonasi]

HIROT – Avvalgi hukumat agʻdarilishi ortidan Xitoy va Eron Tolibonga oʻz yordamini taklif etishga oshiqqan boʻlsa-da, afgʻonlarga koʻra, bu ikki davlatning afgʻon xalqiga yordami arzimas va gʻarazli boʻldi.

Pekin va Tehron yangi hukmdorlarga qoʻllab-quvvatlov izhor qilish uchun soʻnggi bir necha hafta ichida havo orqali Afgʻonistonga bir nechta partiya oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmonlar, tibbiy buyumlar va qishki kiyim-kechaklar yetkazib berdi.

Koʻrpa-toʻshak va issiq kiyimlardan iborat Xitoy yordamining birinchi partiyasi 29-sentyabr kuni Kobul aeroportiga yetib keldi va Xitoy elchisi tarafidan Tolibonning qochqinlar va repatriatsiya masalalari vazirligiga topshirildi.

Eron rejimi esa hozirgacha oziq-ovqat, dori-darmon va tibbiy kislorod ballonlaridan iborat toʻrt yordam yukini yetkazib bergan.

Tolibon asoschilaridan biri Mulla Abdulgʻani Barodar iyul oyi oxirida Tolibon delegatsiyasining Xitoyga tashrifi chogʻida mamlakat tashqi ishlar vaziri Van I bilan uchrashgan. [AFP]

Tolibon asoschilaridan biri Mulla Abdulgʻani Barodar iyul oyi oxirida Tolibon delegatsiyasining Xitoyga tashrifi chogʻida mamlakat tashqi ishlar vaziri Van I bilan uchrashgan. [AFP]

Soʻnggi yuklardan biri 5-oktyabr kuni Hirot viloyatidagi “Islom qalʼa” chegara punktiga yetib keldi.

Mamlakatda yashovchi afgʻonlar Xitoy va Eron tomonidan taqdim etilayotgan “arzimas va beoʻxshov” insonparvarlik yordami ichidagi ozgina narsa haligacha muhtojlarga tarqatilmaganidan shikoyat qilmoqdalar .

“Avvalgi hukumat davrida Afgʻonistonga turli davlatlardan yetarlicha yordam kelar va oʻz joyiga yetib borar edi, ammo hozir hokimiyat tepasiga kelgan Tolibonlar oʻz xalqini boqa olmayapti ”, deydi hirotlik Abdul Karim.

“35 millionlik Afgʻoniston aholisining 30 milliondan ortigʻi qashshoqlik chegarasida kun koʻrib, ochlikdan aziyat chekmoqda. Bir nechta mashina bugʻdoy uni, guruch va koʻrpa-toʻshak ularning ehtiyojini qondira olmaydi”, dedi u.

Tolibon hokimiyatni qoʻlga kiritganidan beri aksariyat afgʻonlar ochlikdan qiynalib, yordamga muhtoj boʻlib turibdi, ammo Xitoy va Eron oʻzining arzimagan yordami bilan bu zaif odamlarni mazax qilayotgandek, deydi hirotlik Samim Ahadi.

“Afgʻonlar avvalgi hukumatning qulashi oqibatlaridan aziyat chekayotgan bir paytda, Eron va Xitoyning faqat guruch va choyshablardan iborat gumanitar yordami yetarli boʻlgani yoʻq”, deydi u.

“Bu davlatlar ularning yordami yetarli emasligini va yuzaga kelayotgan halokatli iqtisodiy inqirozni toʻxtata olmasligini tushunishi kerak.”

“Xalqaro hamjamiyat soʻnggi 20 yil ichida milliardlab dollar yordam koʻrsatib, afgʻonlar hayotini oʻzgartirdi, qoʻshni davlatlar tomonidan yaqinda koʻrsatilgan soʻnggi yordamlar esa hatto bir nechta kichik oilalarga ham yetmaydi”, deydi u.

Beqarorlik xalqasi

Minimal yordam gʻarbiy mintaqadagi afgʻonistonlik faollar uch mamlakatni avvalgi hukumatni barbod qilgan yashirin fitnalarda ayblayotgan bir paytda taqdim etilgan.

Ularning aytishicha, bu uchlikka Eron va Xitoydan tashqari, Rossiya ham kiradi.

Oʻz maqsadlariga erishgach, bu davlatlar nafaqat afgʻon xalqini, balki Tolibonni ham ogʻir vaziyatda qoldirdi , deydi ular.

Eron, Xitoy va Rossiya nafaqat Tolibonga, balki hukumatga qarshi boshqa unsurlarga ham doimiy ravishda moliyaviy va harbiy yordam berib kelgan, deydi Bodgʻis viloyati markazi Qalʼai Nav shahridagi jamoatchilik faoli Nizomuddin Azimiy.

Ular Tolibon avvalgi hukumatni agʻdarmagunicha harbiy va moliyaviy yordamini toʻxtatmadi, dedi u.

“Eron, Rossiya va Xitoyning soʻnggi taktik amaliyotlari bu davlatlarning afgʻonlar farovonligini himoya qilishni istamasligidan dalolat beradi”, deb qoʻshimcha qildi u.

“Tolibonga oziq-ovqat va koʻrpa-toʻshakdan iborat qoniqarsiz yordam yetkazilishi ularning Afgʻonistonda gumanitar yordam nomi ostida oʻz maqsadlariga erishmoqchi boʻlayotganidan darakdir”, dedi u.

Soʻnggi paytlarda Eron, Rossiya va Xitoyning Tolibonga nisbatan munosabatidan koʻrinib turibdiki, ular sobiq hukumatni agʻdarib, Afgʻonistonni yanada beqarorlashtirishni koʻzlaganlar , deydi Azimiy.

Eron, Rossiya va Xitoyning aralashuvisiz sobiq Afgʻoniston hukumati hech qachon qulamas edi, deydi Gʻor viloyati markazi Firoz Koh shahrida yashovchi Aziz Ahmad Voqif.

“Qoʻshni davlatlar Afgʻonistonda qariyb 20 yil davomida barcha turdagi artilleriya va minalarni sinovdan oʻtkazdi, minglab hukumat askarlari va begunoh tinch aholining qoni toʻkildi”, dedi u.

“Eron va Xitoyning Tolibonga bergan arzimas yordami gumanitar maqsadlarga emas, balki Afgʻonistonda hech qachon tugamaydigan adovatli oʻyinning navbatdagi ayovsiz xalqasini avj oldirishga qaratilgan”, dedi Voqif.

Afgʻonistonning tegilmagan resurslaridan foydalanish

Rossiya, Xitoy va Eron Afgʻonistonning yer osti boyliklarini qazib olishga katta qiziqish bildirgan boʻlib, bu mazkur mamlakatlarning iqtisodiy istiqbolini oʻzgartirishi mumkin, deydi tahlilchilar.

Xitoy Afgʻonistonga oʻzining arzimas yordami orqali Tolibondan mamlakat qazilma boyliklarini monopollashtirishga ruxsat olmoqchi, deydi hirotlik siyosiy tahlilchi Farhod Kebarzaniy.

Xitoy hukumati iqtisodiy gigant boʻlib, foyda olmaydigan joyiga sarmoya kiritmaydi, dedi u.

“Xitoy uzoq yillardan beri Afgʻonistonning foydalanilmagan konlari va yer osti boyliklariga kirishga urinib keladi. “Hozir u har qachongidan ham koʻproq imkoniyatga ega.”

“Afgʻonistonning potentsial tabiiy resurslari afgʻon xalqining ajralmas huquqidir. Biz Tolibonni bu milliy boyliklarni dunyodagi eng yirik iqtisodiy mafiya boʻlmish Xitoyga bermaslikka chaqiramiz”, dedi Kebarzaniy.

Qolaversa, Eron Xitoy bilan yaxshi munosabatlarga ega va bu ikki davlat birgalikda Afgʻonistonni talon-taroj qilmoqchi, deydi u.

Oxirgi yigirma yil davomida qoʻshni davlatlarning Afgʻoniston ishlariga aralashuvi mamlakatning boy resurslaridan foydalanishga qaratilgan edi , deydi Nimroʻz viloyati markazi Zaranj shahridagi jamoatchilik faoli Ali Ahmad Sekandariy.

“Xitoy va Eron Tolibon bilan yaqinlashishga, Afgʻonistonning oʻzlashtirilmagan xomashyosini qazib olish imkonini qoʻlga kiritish uchun u bilan yaxshi munosabatlar oʻrnatishga harakat qilmoqda”, dedi u.

“Agar Xitoy va Eron konlar ustidan nazoratni qoʻlga kiritsa, eng katta daromad shu davlatlarga tegadi. Afgʻoniston iqtisodi esa yaxshilanmay qolaveradi”, deydi u.

Tolibon afgʻon jamoatchiligi bilan asosli maslahatlashuvlar oʻtkazmay, Xitoy va Eron kabi qoʻshni davlatlar uchun Afgʻoniston resurslarini shunchaki talon-taroj qilishga yoʻl qoʻymasligi kerak, dedi Sekandariy.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500