Karvonsaroy
Xavfsizlik

Ruslarning Chernobildan halokatli moddalarni oʻgʻirlab ketgani jiddiy tashvish uygʻotdi

Karvonsaroy va AFP

Chernobil AES oldidagi radiatsiya belgisi, 2015-yil. [Anatoliy Stefanov/AFP]

Chernobil AES oldidagi radiatsiya belgisi, 2015-yil. [Anatoliy Stefanov/AFP]

KIYEV – Chernobil atom elektr stansiyasini egallab olgan Rossiya qurolli kuchlari tadqiqot laboratoriyalaridan ularni oʻldirishi mumkin boʻlgan radioaktiv moddalarni oʻgʻirlashgan, deb xabar beradi Ihotalangan hududni boshqarish boʻyicha Ukraina davlat agentligi yakshanba (10-aprel) kuni.

Stansiyada Sovet davrida, 1986-yili yadroviy avariya roʻy bergan.

Moskva qurolli kuchlari ishlamayotgan stansiyani Ukrainaga hujumning birinchi kuni – 24-fevralda egallab olgan edi. Ular bir oydan ortiq vaqt mobaynida yuqori radioaktivlik hududini egallab, 31-mart kuni ortga chekinishgan.

Rossiyalik askarlar bu hududdagi ikkita laboratoriyani talon-taroj qilishgan, deb xabar beradi hududni boshqarish agentligi oʻzining Facebook sahifasida.

Oʻtgan yilning 13-aprelida olingan surat: Chernobil AESdan uncha uzoq boʻlmagan Pripyat arvoh shaharchasida joylashgan tashlandiq xiyobondagi charxpalak attraksioni, Ukraina. [Sergey Supinskiy/AFP]

Oʻtgan yilning 13-aprelida olingan surat: Chernobil AESdan uncha uzoq boʻlmagan Pripyat arvoh shaharchasida joylashgan tashlandiq xiyobondagi charxpalak attraksioni, Ukraina. [Sergey Supinskiy/AFP]

Rossiyaliklar “Ekomarkaz” tadqiqot bazasi hududidagi omborga kirib, 133 ta yuqori darajadagi radioaktiv moddalarni oʻgʻirlagan, deb qoʻshimcha qilingan.

Rossiya bu moddalarni nima qilishi nomaʼlum.

“Noprofessional muomala qilinadigan boʻlsa, ularning eng kichik miqdori ham halokatli”, deb aytgan Ukraina agentligi.

Oʻtgan hafta Ukraina energetika vaziri German Galushchenko rossiyalik askarlar “dahshatli” darajadagi radiatsiya taʼsiriga tushgani va ulardan ayrimlarining bir yildan kamroq umri qolgan boʻlishi mumkinligini aytgan.

“Ular radiatsiya bilan zararlangan yerni qazishgan, mustahkamlash uchun moʻljallangan qoplarni zararlangan qum bilan toʻldirishgan, shu chang bilan nafas olishgan”, deb yozadi Galushchenko Facebook sahifasida juma kuni ihotalangan hududga tashrifidan keyin.

“Bir oylik bunday taʼsirdan keyin ular bir yildan kam yashashi mumkin. Aniqrogʻi yashamaydi, balki sekin-asta kasalliklardan oʻladi”, deb aytgan vazir.

“Har bir rossiyalik askar oʻzi bilan Chernobilning bir qismini olib ketadi. Xoh u tirik boʻlsin, xoh oʻlik.”

Rossiya harbiy texnikasi ham zararlangan, deb aytgan u.

Rossiyalik askarlarning johilligi hayratlanarli.”

Chernobilning toʻrtinchi reaktori 1986-yilning 26-aprel kuni portlagan. Buning natijasida dunyoning eng mudhish yadroviy avariyasi roʻy bergan va gʻarbga Yevropa tomon radioaktiv zararli moddalar tarqalgan edi.

Radioaktiv zararlanishni cheklash uchun hozirda reaktor ikki qavatli ulkan sarkofag bilan yopilgan.

Sovetlar tomonidan qurilgan sarkofag yillar oʻtib yaroqsiz holga kelgan. 2019-yilda yangisi barpo etilgan.

Stansiyaning qolgan uchta reaktori falokatdan keyin asta-sekin oʻchirilgan, eng oxirgisi 2000-yilda toʻxtatilgan.

Markaziy Osiyoda Chernobil koʻpincha mintaqada atom elektrostansiyalari qurish taklifi fonida va hudud uzoq muddatli yadroviy sinov maydonlari taʼsiridan xalos boʻlayotgan bir vaqtda ogohlantiruvchi misol sifatida koʻriladi.

“Yadroviy terrorizm”

Mart oyi oxirida Chernobilni tark etgan rossiyalik askarlarning oʻzi bilan nechta ukrainalik asirni olib ketgani nomaʼlum, deb xabar bergan Kiyev 31-mart kuni.

“Rossiyalik bosqinchilar Chernobil atom stansiyasidan qochar ekan, 24-fevraldan beri garovda saqlangan Milliy gvardiya aʼzolarini olib ketgan”, deb xabar beradi “Energoatom” davlat agentligi oʻzining Telegramlagi bayonotida stansiya xodimlariga tayanib.

Rossiyaliklar olib ketgan ukrainalik xizmatchilarning soni nomaʼlum.

Shuningdek, Rossiya kuchlari tomonidan bosib olingan paytda Chernobilda joylashtirilgan samolyotlar Kiyev va uning atrofidagi shaharlarni bombardimon qilgan, ayrim kuzatuvchilar buni “yadroviy terrorizm” deb atagan.

Rossiyaliklar Ukraina armiyasi yadroviy inshootda joylashgan dushmanga qarata oʻq uzmasligini biladi, shu sababli bunday joylarni qalqon sifatida qoʻllamoqda, degan edi atom energetikasi mutaxassisi va 1990-yillarda Chernobil stansiyasini yopish dasturiga rahbarlik qilgan Ukrainaning atrof-muhitni himoya qilish vaziri Yuriy Kostenko mart oyi boshlarida.

Bu yadroviy terrorizm”, deb aytgan Kostenko.

“Yadroviy inshootda olib borilgan jang dunyo boʻylab yadroviy terrorizm deb nomlanadi. U yerda faqat reaktor emas, balki ishlatilgan yoqilgʻini uzoq muddat saqlashga moʻljallangan ombor ham mavjud. U yerga borganlar u bilan qanday muomala qilish kerakligini bilishmaydi.”

Rossiya qurolli kuchlari 4-mart kuni, shuningdek, Zaporojye atom stansiyasini ham oʻqqa tutgan va egallagan. U yerda yuz bergan yongʻin Yevropada ehtimoliy yadroviy falokatga oid xavotirlarni keltirib chiqargan.

“AES maʼmuriy binosi oldidagi maydonga dushmanning mashinalar karvoni kirib kelgan, nazorat punktiga zarar yetkazish va stansiyaga kirish maqsadida stansiya, tadqiqot va oʻquv markazi, maʼmuriy binoga qarata oʻq uzgan”, degan edi “Energoatom” prezidenti vazifasini bajaruvchi Petro Kotin oʻshanda Ukraina televideniyesiga bergan intervyusida.

Zaporojye atom elektrostansiyasidagi falokat oqibatlari “oltita Chernobil”ga teng kelishi mumkin edi, deb aytgan Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy hujumdan keyin.

Stansiya hali ham Rossiya qurolli kuchlari nazoratida boʻlib, uning atrofida janglar davom etmoqda.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500