Karvonsaroy
Texnologiya

Qozogʻiston Kremlga aloqador bank bilan elektron hukumat platformasi boʻyicha kelishuvni bekor qildi

Kseniya Bondal

Rossiya davlat Sberbankining logotipi, Moskva, 2021-yilning 12-apreli. [Kirill Kudryavtsev/AFP]

Rossiya davlat Sberbankining logotipi, Moskva, 2021-yilning 12-apreli. [Kirill Kudryavtsev/AFP]

OLMAOTA – Nur-Sulton Rossiyaning davlatga qarashli “Sber” guruhi bilan Qozogʻiston hukumati uchun raqamli platforma yaratish boʻyicha imzolangan kelishuvni bekor qildi.

Sberbank bosh direktori German Gref va Qozogʻistonning oʻsha paytdagi bosh vaziri Asqar Mamin 3-sentabr kuni Qozogʻistonning raqamli transformatsiyasi boʻyicha hamkorlik memorandumini imzolagan edilar.

Memorandum doirasida Kreml bilan yaqin aloqaga ega “Sber” kompaniyalar guruhi Qozogʻiston elektron hukumati (egov.kz) sayti uchun GovTech raqamli platformasini joriy qilishi kerak edi.

Kelishuvga koʻra, “Sber” barcha davlat idoralarining maʼlumotlar bazalarini yagona platformaga ulashi kerak edi.

20-sentabr kuni Olmaotada ishlayotgan bekend dasturchisi Asxat Abdikari. [Kseniya Bondal/Karvonsaroy]

20-sentabr kuni Olmaotada ishlayotgan bekend dasturchisi Asxat Abdikari. [Kseniya Bondal/Karvonsaroy]

Veb-saytda shaxsiy maʼlumotlar, jumladan, Qozogʻiston fuqarolari va ularning oila aʼzolari salomatligi, jismoniy manzili, shuningdek, mol-mulki va soliq toʻlovlariga oid maʼlumotlar boʻlishi koʻzda tutilgan edi.

Platformaning taxminiy qiymati taxminan 500 million dollarga (213 milliard tenge) baholangan.

Biroq, sentabr oyidan buyon bir qancha oʻzgarishlar yuz berdi (jumladan, 24-fevralda Rossiya Ukrainaga bostirib kirdi) va Qozogʻiston oʻz fikrini oʻzgartirdi.

Hozirgi vaqtda platforma yaratish boʻyicha “Sber” guruhi bilan hech qanday huquqiy munosabatlar mavjud emas”, deb bayonot bergan Qozogʻiston raqamli taraqqiyot vaziri oʻrinbosari Asqar Jambakin 15-aprel kuni Tengri News xabariga koʻra.

“Endilikda geosiyosiy vaziyatdan kelib chiqqan holda imkoniyatlarimizni qayta baholab, platformani yaratish uchun NIT [Qozogʻistonning National Information Technologies firmasi] bilan hamkorlik yuritishga qaror qildik va buning uchun Qozogʻiston IT [axborot texnologiyalari] kompaniyalarini jalb qilamiz, dedi Jambakin.

“Texnik-iqtisodiy asoslar ishlab chiqilmoqda. Joriy yil oxiriga qadar yangi platformaning ilk xizmatlari ishlab chiqilib, yoʻlga qoʻyiladi”, dedi u.

GovTech tizimini ishlab chiqish va joriy qilish uchun ikki-uch yil kerak boʻladi, deb qoʻshimcha qildi u.

Milliy xavfsizlikka doir muammolar

Shaxsiy maʼlumotlarni Rossiya firmasiga ishonib topshirish gʻoyasi avvaldan koʻplab qozogʻistonliklarga yoqmagan edi.

“Rossiyani bu loyihaga jalb qilmaslik kerak, chunki bu milliy xavfsizlik masalasi”, deydi BMT Xalqaro savdo markazining eksport boʻyicha tahlilchisi Alixon Kanapiya.

Oʻtgan yili qozogʻistonlik tahlilchilar yangi “Elektron hukumat” platformasini ishlab chiqishni xorijiy kompaniyaga ishonib topshirishning oʻzi xavotirli ekanini aytgan edilar.

Kanapiyaning soʻzlariga koʻra, Sberda tayyor raqamli platformani yaratish uchun maʼlum yechim yoʻq edi.

“Sber IT-ekotizimlarini ishlab chiqish boʻyicha yetakchi emas, shuning uchun Qozogʻistonda Frankenshteynga oʻxshash narsa paydo boʻlishi ham mumkin”, dedi u.

Moskvaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan IT-mutaxassislarning Rossiyadan chiqib ketishi tufayli vaziyat yanada ogʻirlashdi, deb qoʻshimcha qildi Kanapiya.

Minglab malakali xodimlar xorijga qochdi, bu esa Rossiyaning shartnomalarni bajarish layoqatini pasaytirdi. Ushbu texnik xodimlarining koʻpchiligi Qozogʻiston va Oʻzbekistonga koʻchib oʻtdi va u yerda mahalliy talant sifatida osongina ishga yollandi.

Hozirda Rossiya hukumati mamlakatda qolgan IT-mutaxassislarni ushlab qolishga harakat qilmoqda, dedi Kanapiya.

Hukumat emigratsiyani taqiqlovchi qonunni qabul qilmagan boʻlsa-da, IT-mutaxassislarni harbiy chaqiriqdan ozod qilishni va qulay ipoteka kreditlarini taklif qilmoqda. Agar bu choralar ish bermasa, chegarachilar IT mutaxassislarni mamlakatdan chiqarmaslik koʻrsatmasini olganlar, deb xabar bergan Kanadada joylashgan Universe Today mart oyida.

Mustaqil Qozogʻiston

Azimut Solutions Group kompaniyasi rahbari, olmaotalik Erkegali Mashir kelishuvning bekor qilinganini qoʻllab-quvvatlaydi.

Mashir oʻtgan yili Sberning loyihadagi ishtirokini maʼqullamagan edi.

“Men har doim Qozogʻiston IT-kompaniyalarining mamlakat va mahalliy kompaniyalar uchun oʻzi qodir boʻlgan narsalarni yaratishini qoʻllab-quvvatlayman, chunki bunda ishlanmalar va xizmatlar uchun toʻlangan pul boshqa mamlakatlarga emas, balki oʻz iqtisodiyotimizni rivojlantirishga yoʻnaltiriladi”, deydi u.

“Ikkinchidan, bu kompaniyalar ish oʻrinlarini saqlab qolish va yangilarini yaratishga koʻmaklashadi. Uchinchidan, ular qozogʻistonlik dasturchilarga tajriba orttirish imkonini beradi”, dedi Mashir.

Qozogʻistonda raqamli platformani noldan osongina ishlab chiqa oladigan IT -mutaxassislar va kompaniyalar bor, deydi Relog kompaniyasining bekend dasturchisi Damir Qorajigitov.

“Platforma uchun raqamli yadro yozish qiyin ish emas, chunki buning uchun ochiq manbalarda barcha maʼlumotlar bor”, dedi u. “Qozogʻiston dasturchilari Google qidiruvi orqali ochiq kod kutubxonalaridan barcha kerakli narsalarni topishi mumkin.”

GovTech qimmat loyiha boʻlib, agar u oʻz maoshiga mamlakatda tovar va xizmatlar sotib oladigan qozogʻistonlik dasturchilar tomonidan ishlab chiqilsa, shu tariqa ular Qozogʻiston iqtisodiyotini qoʻllab-quvvatlaydilar, dedi Qorajigitov.

“Ushbu qadam orqali biz doʻstlarimiz – Yevropa Ittifoqi davlatlari va Qoʻshma Shtatlarga... mustaqilroq boʻlishga intilayotganimizni koʻrsatamiz”, deb qoʻshimcha qildi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 2

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Rossiya ularga qilgan munosabatidan keyin Qozogʻiston hamkorlik qilishni xohlashi gʻalati. Agar xotiram pand bermayotgan boʻlsa, Ukrainada raqamlashtirish ularning “Diya” deb nomlangan ilovasi bilan boshlangan edi. Ammo, hozir mutaxassislar raqamlashtirishni yakunlashmoqda, ularni Qozogʻistonga taklif qilish mumkin.

Javob berish

Yashasin qozoqlar. Faqat KXSHT va YOIIga “yoʻqollaring” deb aytish qoldi.

Javob berish