Karvonsaroy
Ommaviy axborot vositalari

Qirgʻizistonda “Z” belgisi va Rossiyaning Ukrainadagi urush haqidagi tashviqot filmlari taqiqlandi

Kanat Altinbayev

Rossiya bayrogʻi va Rossiyaning Ukrainaga bosqinini qoʻllab-quvvatlash ramziga aylangan “Z” harfi tushirilgan motosikllar, 30-aprel, Moskvadagi turargohlardan biri. [Natalya Kolesnikova/AFP]

Rossiya bayrogʻi va Rossiyaning Ukrainaga bosqinini qoʻllab-quvvatlash ramziga aylangan “Z” harfi tushirilgan motosikllar, 30-aprel, Moskvadagi turargohlardan biri. [Natalya Kolesnikova/AFP]

BISHKEK – Qirgʻiziston Rossiyaning Ukrainadagi urushga oid tashviqot filmlari va boshqa ramzlarga nisbatan qatʼiy choralar koʻrmoqda.

Qirgʻiziston madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vaziri Azamat Jamanqulov 23-aprel kuni “Facebook”da Madaniyat vazirligi huzuridagi “Qirgʻiztasmasi” davlat kino markazi Ukrainadagi voqealarga bagʻishlangan bir qator Rossiya badiiy filmlari namoyishini taqiqlaganini xabar qildi.

Jamanqulovning bayonotidan bir necha kun avval Kreml tomonidan moliyalashtiriladigan Bishkekdagi “Garmoniya” rus madaniyat markazi “Haqiqat vaqti” kinofestivali doirasida “Donbass. Sarhad” (2019), “Opolchenochka” (2019) va “Oftob tigʻi” (2021) filmlarining namoyishi uchun ruxsat soʻrab “Qirgʻiztasmasi”ga murojaat qilgan edi.

Uchchala filmdagi voqealar Ukraina sharqidagi urush vaqtida sodir boʻladi, ularda Rossiya qoʻllovidagi ayirmachilar qahramon qilib koʻrsatilgan. Ukraina harbiylari esa salbiy obrazda tasvirlangan.

2-aprel kuni Bishkekdagi Gorkiy xiyobonida Ukraina bayrogʻini hilpiratayotgan urushga qarshi miting ishtirokchisi. [Vyacheslav Oseledko/AFP]

2-aprel kuni Bishkekdagi Gorkiy xiyobonida Ukraina bayrogʻini hilpiratayotgan urushga qarshi miting ishtirokchisi. [Vyacheslav Oseledko/AFP]

Qirgʻizistonning kinematografiyani nazorat qilish idorasi dastlab namoyishga ruxsat bergan, biroq keyinchalik oʻz qarorini bekor qilgan.

“Mavjud xalqaro vaziyatdan kelib chiqib, Qirgʻiziston respublikasining betarafligini inobatga olgan holda, “Qirgʻiztasmasi” davlat agentligi ilgari berilgan ruxsatlarini qaytarib oladi va yuqorida tilga olingan filmlarning Qirgʻiziston respublikasidagi namoyishini taqiqlaydi”, deyiladi rasmiy bayonotda.

Qirgʻiziston fuqarolari vazirning “Facebook”dagi postida qarorni maʼqullaganlar.

“Toʻgʻri qaror qabul qilib, urush tashviqotini toʻxtatgan Qirgʻiziston madaniyat vazirligiga rahmat”, deb yozadi “Tyanshi” xalqaro savdo doʻkonining Bishkekdagi menejeri Gulzoda Medraliyeva. “Endi... Rossiya translyatsiyalari uchun pul toʻlashni ham toʻxtatsak, ajoyib boʻlardi.”

“Bu toʻgʻri chora, kelajakni oʻylashimiz kerak”, deb yozadi rus tili va adabiyoti oʻqituvchisi Anora Sulaymonova.

“Olovga moy sepmasligimiz kerak”, deb qoʻshimcha qilgan u.

Yevroosiyo xalqaro arxitektura akademiyasi professori Oygul Nasirdinova ham taqiqni qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.

Qirgʻizistonda Rossiya filmlarini namoyish etishga oid qaror faqat mutaxassislar tashviqot mazmunini toʻliq tahlil qilganidan keyingina qabul qilinishi kerak, deb yozadi u.

Bishkeklik siyosatshunos Olmos Tojiboyning aytishicha, sanʼat odamiylik va insonparvarlik gʻoyalarini targʻib qilishi lozim.

“Adovat, zoʻravonlik va inson huquqlari buzilishini targʻib qiluvchi asarlar esa taqiqlanishi kerak”, dedi u Karvonsaroyga.

“Z” taqiqlandi

Bu orada Davlat milliy xavfsizlik qoʻmitasi (GKNB) 21-aprel kuni Moskvaning Ukrainaga bosqinini qoʻllab-quvvatlash ramzi hisoblangan “Z” belgisini qoʻllash nomaqbul ekani haqida ogohlantirdi.

GKNB 9-may kuni Ikkinchi jahon urushida fashistlar Germaniyasi ustidan qozonilgan gʻalaba munosabati bilan oʻtkaziladigan parad liboslarini ijaraga beruvchi muassasalarga “Z” belgisidan foydalanmaslikni tavsiya qilgan, chunki bu “millatlararo adovat qoʻzgʻashi mumkin” va Qirgʻiziston qonuniga koʻra jinoyat hisoblanadi.

Shuningdek, GKNB fuqarolarni 9-may kuni Bishkekda boʻlib oʻtadigan paradda Z bilan bogʻliq belgilarni taqib yurishdan tiyilish haqida ogohlantirgan.

Lotin alifbosidagi bu harf Ukrainaga bostirib kirgan Rossiya qoʻshinlarining tanklari va kiyimlarida aks ettirilgan.

U Rossiya jamiyatida mazkur urushni qoʻllab-quvvatlovchilarni ragʻbatlantirish va unga qarshi boʻlganlarga tahdid qilish ramziga aylandi.

Qirgʻiziston ichki ishlar idoralari xodimlari, shuningdek, avtomobillar oynalari yoki kuzovlariga “Z” harfini tushirib olgan haydovchilarni jarimaga tortmoqda.

Qirgʻizistonda “Z” belgisini yopishtirganlik uchun jarima kamida 5500 qirgʻiz soʻmini (70 dollar) tashkil qiladi.

“Rossiya kanallarini yopish

Qirgʻiziston hukumati Moskvani tanqid qilishdan tiyilsa-da, mamlakat fuqarolari Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini ochiqdan-ochiq qoralamoqda.

Mart oyi oxirida Bishkekda odamlar Qirgʻiziston va Ukraina bayroqlarini va “Urushga yoʻq deymiz!”, “Qirgʻiziston Ukraina bilan” degan yozuvlarni koʻtarib namoyishlar oʻtkazishgan.

Qirgʻiziston Rossiya yetakchiligidagi iqtisodiy va harbiy bloklarni tark etishi kerak, deydi namoyishlarda ishtirok etgan bishkeklik jurnalist Odil Turdiqulov.

“Bundan tashqari, biz mamlakatdan Rossiyaning barcha harbiy bazalarini chiqarib yuborishimiz lozim”, deb aytgan u Karvonsaroy nashriga.

Yana bir namoyishchi, bishkeklik Asel Kubanichbekovaga koʻra, uning hamma doʻstlari, hamkasblari va tanishlari Ukrainaga hamdard va Rossiya hujumini qoralaydi.

“Obyektiv sabablarga koʻra, hukumatimiz neytrallikni saqlab qolishi kerak, ammo biz qirgʻiz xalqi jim turishga majbur emasmiz”, deb aytgan u.

“Rossiya birodar ukrain xalqining boshiga dahshatli kunlarni solayotganiga qarshi ekanimizni dunyo bilishi kerak.”

“Kreml qoʻllovidagi telekanallar odamlarni manqurtga aylantirmoqda, ularning aksariyati haqiqatni yolgʻondan ajrata olmaydi va Rossiya natsistlarga qarshi kurashyapti deb oʻylashadi”, deb aytgan Kubanichbekova.

“Ayni vaqtdagi vaziyat mamlakatimizda Rossiya telekanallarini yopish muhimligiga yana bir jiddiy sababdir.”

Rossiya gʻazabda

Rossiya OAV Qirgʻiziston hukumatining soʻnggi choralarini “Qirgʻiziston xavfsizlik idoralarining fuqarolarga nisbatan bosimi” deya tanqid qilgan.

14-aprel kuni Bishkekda AQSH davlat kotibining fuqarolik xavfsizligi, demokratiya va inson huquqlari boʻyicha oʻrinbosari Uzra Zeya va Qirgʻizistonning yuqori lavozimli rasmiylari, jumladan tashqi ishlar vaziri Ruslan Kazakbayev oʻrtasidagi uchrashuv rossiyaliklarning noroziligiga sabab boʻldi.

Ishtirokchilar Qirgʻiziston va Qoʻshma Shtatlar oʻrtasida ikki tomonlama va xalqaro masalalardagi hamkorlikni, demokratik institutlarning ahamiyatlarini muhokama qildilar.

Rossiya OAV uchrashuvni qoralagan, “Moskovskiy komsomolets” kremlparast nashri esa muzokaralarni Qirgʻiziston tomonidan “belga pichoq sanchish” bilan tenglashtirgan va “tez va qatʼiy javob” berilishini vaʼda qilgan.

Rossiyaliklar Qirgʻizistonning iqtisodiy zaifligiga eʼtibor qaratishga harakat qilishadi.

Qirgʻizistonga qarshi ularning choralariga Rossiya kompaniyalari tomonidan investitsiyaviy faoliyatlarning cheklanishi, mehnat migrantlarining deportatsiya qilinishi, rasmiy va norasmiy pul joʻnatmalarning toʻxtatilishi, Qirgʻizistonga oziq-ovqat va neft eksportini qayta koʻrib chiqish kabilar kirishi mumkin, deyiladi 20-aprelda rossiyalik diplomatning soʻzlaridan iqtibos keltirilgan maqolada.

“Bu boshlanishi”, deyiladi Rossiyada uyga muntazam ravishda pul joʻnatmalari yuboradigan bir millionga yaqin qirgʻizlar yashab ishlayotgani taʼkidlangan maqolada.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 5

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Bu yerda bunday ramzlar uchun ularni jarimaga tortamiz.

Javob berish

Hozirda madaniyatli odamlardan kimdir bu ramzlardan foydalanishga rozi boʻlishi nomaʼlum. Endi u abadiy genotsid, talonchilik, tashviqot va yolgʻon bilan bogʻliq boʻlib qolgan.

Javob berish

Toʻgʻri. Qirgʻizistonning oʻz ramzlari bor.

Javob berish

Rus boʻlmagan xalqlar ichida ruslarga eng koʻp xizmat qiluvchi va russevar qirgʻizlar shu ishni qila boshlagan boʻlsa, demak Rossiyaga nimadir boʻlgan...

Javob berish

Rossiya allaqachon aynib boʻlgan. Muvaffaqiyatsizliklar ustiga muvaffaqiyatsizliklar, vayron boʻlgan iqtisodiyot, qashshoqlikda yashovchi odamlar, xorijdagi tajovuzlar, bir hovuch telbalar egallagan hokimiyat. Anchadan beri hammasi yoʻldan toyilib ketgan.

Javob berish