Karvonsaroy
Din

Ukrainada yuzaga kelgan ixtilof Rus pravoslav cherkovining yakkahokimligi tugaganidan darak bermoqda

Olga Chepil va AFP

Ukraina pravoslav cherkovi diniy yetakchilari 27-may kuni Kiyevdagi avliyo Panteleymon ayollar monastirida yigʻin oʻtkazdi. Shu kuni cherkov oliy boshqaruv organining yigʻini Rossiyaning Ukrainaga bosqini tufayli Moskva patriarxiyasi bilan aloqalarni rasman uzishga qaror qilgan. [Ukraina pravoslav cherkovi/Facebook]

Ukraina pravoslav cherkovi diniy yetakchilari 27-may kuni Kiyevdagi avliyo Panteleymon ayollar monastirida yigʻin oʻtkazdi. Shu kuni cherkov oliy boshqaruv organining yigʻini Rossiyaning Ukrainaga bosqini tufayli Moskva patriarxiyasi bilan aloqalarni rasman uzishga qaror qilgan. [Ukraina pravoslav cherkovi/Facebook]

KIYEV – Ukrainadagi urush Rus pravoslav cherkovining Ukrainadagi 300 yillik hukmronligiga chek qoʻygan.

Moskvadagi Rus pravoslav cherkovining shoxobchasi boʻlgan Moskva patriarxiyasiga qarashli Ukraina pravoslav cherkovi 27-may kuni Rossiyaning ruhoniy rahbarlariga qarshi tarixiy qadam sifatida Ukrainaga bosqini sabab Rossiya bilan aloqalarni uzishi haqida eʼlon qildi.

“Biz Moskva patriarxi Kirillning urush borasidagi pozitsiyasiga qoʻshilmaymiz”, deyiladi Rossiyaning “tajovuzi” munosabati bilan oʻtkazilgan majlis ortidan berilgan va “Ukraina pravoslav cherkovining toʻliq mustaqilligi va muxtoriyati” eʼlon qilingan bayonotda.

“Oʻldirma”

Cherkov shu vaqtga qadar prezident Vladimir Putinning 24-fevral kuni Ukrainaga bostirib kirganini ochiqdan-ochiq qoʻllab-quvvatlagan Rossiya patriarxi Kirillga rasman sodiq boʻlib kelgan edi.

27-may kuni Ukrainaning Drogobich shahridagi cherkov ahli Moskva patriarxiyasiga aloqador cherkov ichi boʻshab qolganiga guvoh boʻlgan. [Andrey Kovch shaxsiy arxivi]

27-may kuni Ukrainaning Drogobich shahridagi cherkov ahli Moskva patriarxiyasiga aloqador cherkov ichi boʻshab qolganiga guvoh boʻlgan. [Andrey Kovch shaxsiy arxivi]

“Kengash urushni Xudoning “Oʻldirma” amrining buzilishi sifatida qoralaydi va urushda jabrlanganlarga hamdardlik bildiradi”, deyiladi xabarda.

Unda aytilishicha, cherkovning Moskva rahbariyati bilan aloqalari Ukraina hukumati harbiy holat eʼlon qilganidan beri “murakkablashgan yoki batamom uzilgan”.

Kengash Ukrainani ham, Rossiyani ham “muzokara jarayonini davom ettirish” va “qon toʻkilishini toʻxtatish” yoʻlini topishga chaqirgan.

Cherkov matbuot kotibi, arxiyepiskop Klimentning AFPga aytishicha, kengash “patriarx Kirillning urush borasidagi pozitsiyasini butunlay inkor etishini” taʼkidlagan.

“U Rossiyaning harbiy tajovuzini qoralay olmagani yetmagandek, balki jabrdiyda ukrain xalqiga hamdardlik ham bildirmadi”, dedi u oʻtgan oyda.

Ukraina kamida 1600-yillardan beri – yuzlab yillar davomida Moskvaning ruhoniy rahbarligi ostida boʻlib kelgan.

Bu soʻnggi yillarda Ukraina pravoslav cherkovida yuzaga kelgan ikkinchi yirik ixtilofdir.

Ukraina pravoslav cherkovi (Kiyev patriarxiyasi nomi bilan ham mashhur) 2018-yilda Kremlning Qrimni anneksiya qilgani va Donbass sharqidagi boʻlginchilarni qoʻllab-quvvatlagani tufayli Moskva patriarxiyasidan ajralib chiqqan edi.

Putinning bosqini va uning Kirill tarafidan qoʻllab-quvvatlanishi Moskva qanoti ostida boʻlgan Ukrainadagi cherkovni qaltis ahvolda qoldirgan.

Oʻz navbatida patriarx Kirill 29-may kuni Moskvada oʻtgan yakshanba marosimida kengash qarori “munkar” ekanligi va Ukrainada “yer yuzidagi yovuz ins-jinslar koʻtarilganini” aytgan.

“Tobutga mix”

Urushdan oldin Moskva patriarxiyasining Ukraina pravoslav cherkovi (MP-UPCH) mamlakatdagi eng yirik cherkov boʻlib, uning 12000 dan ortiq qavmi bor edi – bu raqam u bilan raqobatlashuvchi Ukraina pravoslav cherkovi va Ukraina yunon-katolik cherkovini birga qoʻshib hisoblaganda ham ularnikidan koʻproq.

Pravoslavlikka mansub bir nechta asosiy qadamjolar MP-UPCHga tegishli boʻlgan, masalan, Kiyev gʻorlari monastiri, Svyatogorrsk va Pochayevskiy monastirlari.

Uning Moskvadan ajralib chiqishi Rus pravoslav cherkovi uchun oʻnlab yillar va hatto asrlar davomidagi eng katta yoʻqotish boʻladi, deydi diniy arboblar.

“Bu kengash rus pravoslav cherkovining tobutiga mix qoqadi”, dedi MP-UPCHning kiyevlik protoiyereyi Andrey Pinchuk.

“U endi Kirill davridagi koʻrinishda mavjud boʻlmaydi... Bu Gundayev timsolidagi rus pravoslav cherkovining dafn marosimidir”, dedi Pinchuk patriarx Kirillning familiyasiga ishora qilib.

“Bu qanday zarba ekanini toʻla anglash uchun raqamlarga nazar solish kifoya”, dedi u.

“Mening hisob-kitoblarimga koʻra, rus cherkovi oʻz yepiskopligining toʻrtdan bir qismini, yeparxiyalarining oltidan birini, barcha cherkov va monastirlarining uchdan birini va eng muhimi, unga sodiq qavmning deyarli yarmini boy bermoqda”, dedi u. “Bular Moskva uchun juda katta yoʻqotishdir”.

Aprel oyida Pinchuk urushni qoʻllab-quvvatlagan Kirillnicherkov tribunali tomonidan lavozimidan chetlatish tashabbusini boshlagan edi.

“Dekirilizatsiya” jarayoni allaqachon boshlangan”, dedi u. “Buning toʻlqini rus cherkovi rahbariyatini ham olib ketadi”.

“[Pravoslavlar va ruhoniylar] Kirillni qoralashi aniq”, deb qoʻshimcha qildi Pinchuk. “Bu uning tirikligida boʻladimi yoki vafotidan keyinmi, masala shunda. Bu albatta sodir boʻladi”.

Aralash maqom

MP-UPCHning maqomi hozirda muallaq qolgan.

“MP-UPCH avvalgidek boʻlmasligi aniq. Lekin hozir hech kim, hatto yepiskoplar ham uning keyingi taqdirini va qanday maqomga ega boʻlishini bilmaydilar”, deydi dinshunos olim Sergey Shumilov.

“Oʻylaymanki, UPCH Konstantinopol bilan muloqotga kirishadi, lekin bu jarayon juda sekin kechadi”, dedi u MP-UPCH Ukrainaning avtokefal pravoslav cherkovi tarkibiga qoʻshilishi mumkinligi haqidagi taxminlarga ishora qilib.

“Bir tomondan, cherkov mustaqil, lekin kanonik jihatdan uni hech kim tan olmagan, chunki u avtonom cherkov yoki cherkov tili bilan aytganda, avtokefal cherkov boʻlishi kerak”, deydi kiyevlik dinshunos olim Aleksandr Sagan.

“Ular muxtor maqomga ega emas – bu huquqiy jihatdan rasmiylashtirilmagan. Shunday ekan, cherkov hozir gibrid maqomda”, dedi u.

“Yeparxiyalarning sezilarli qismi kim bilan birga boʻlishni oʻzlari hal qiladilar”, dedi u. “Urush sharoitida yangi nizomni qabul qilish-qilmaslikni yeparxiyalarning oʻzi belgilashi mumkin”.

Tartibsiz ajralib chiqishlar

Soʻnggi uch yarim yil ichida 1000 ga yaqin qavm Moskva patriarxiyasidan Ukraina pravoslav cherkoviga oʻtgan. Birgina 24-fevraldan beri ularning 300 ga yaqini ajralib chiqqan.

Baʼzida ajralishlar doʻstona kechmaydi.

Misol uchun, mart oyi boshida Ukraina gʻarbidagi kichik shaharcha – Drogobich shahar kengashi oʻz jamoasi hududida MP-UPCH faoliyatini taqiqlagan edi.

Drogobich hokimining oʻrinbosari Andrey Kovchning soʻzlariga koʻra, Moskva patriarxiyasiga qarashli cherkovlardan biri Moskva bilan aloqalarini yashirishga uringan.

Cherkov ruhoniysi uning Moskva patriarxiyasiga qarashli ekani yoki yoʻqligini aniqlashi kerak boʻlgan maxsus komissiya huzuriga chaqirtirilgan.

“U Moskva patriarxiyasi bilan aloqador emasligiga qasam ichdi”, dedi Kovch. “Ammo biz baribir aloqalar borligini aniqladik.”

“Oʻsha kuni ruhoniy odamlarning “Uyat!” degan qichqiriqlari ostida markaziy maydonni tark etdi va biz cherkovni muhrladik”, dedi u.

Bir necha kundan keyin, 27-may kuni 400 ga yaqin odam cherkovda jamoaviy ibodat uchun yigʻildi.

“Cherkovni muhrlayotgan paytimizda odamlar ichkariga kirmagan edilar, oʻshanda kirishdi. Va dahshatli manzaraga guvoh boʻlishdi. Qoʻngʻiroqlar olib tashlangan, ikonostas buzilib, barcha ikonalar olib ketilgan edi.”

“Ichkarida boʻm-boʻsh devorlardan boshqa hech vaqo yoʻq edi”, dedi Kovch.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Yaxshi maqola ekan. Ukrainadagi musulmonlar va Rossiya ruhoniy vakillari oʻrtasidagi munosabatlar haqida bilishni istardim.

Javob berish