Karvonsaroy
Terrorizm

Oʻzbekistonda terrorga aloqador faoliyatning kuchaygani kompleks yondashuvni taqozo etmoqda

Rustam Temirov

8-iyun kuni Ichki ishlar vazirligi (IIV) oʻz saytida hibsga olingan terrorchi tashkilotlar aʼzolarining suratlarini chop etgan. [Oʻzbekiston IIV]

8-iyun kuni Ichki ishlar vazirligi (IIV) oʻz saytida hibsga olingan terrorchi tashkilotlar aʼzolarining suratlarini chop etgan. [Oʻzbekiston IIV]

TOSHKENT – Oʻzbekiston huquq-tartibot idoralari joriy yilning dastlabki besh oyida bir nechta taqiqlangan terrorchilik tashkilotlarining noqonuniy faoliyatiga chek qoʻydi, deb xabar qilgan Oʻzbekiston IIV shu oy boshida.

IIV maʼlumotlariga koʻra, “Islom davlati” (ID) va “Tavhid va jihod katibasi” (TJK) bilan aloqador toʻrt guruh faoliyatiga barham berilgan.

Ular, shuningdek 10 dan ortiq onlayn ekstremistik guruhlar faoliyatini fosh etib, internet orqali “yolgʻiz boʻrilarni” yollash bilan shugʻullanganlikda gumon qilingan 250 kishi hibsga olishgan.

Gumondorlar “ekstremistik va terrorchi tashkilotlar gʻoyalarini targʻib qilgan, oʻz mamlakatlarida qoʻporuvchilik harakatlari sodir etishga chaqirib, jangarilar safiga yangi aʼzolarni jalb qilgan va terrorizmni moliyalashtirgan”, deyiladi vazirlik bayonotida.

Oʻtgan yilning 18-oktyabr kuni Samarqanddagi oʻquv mashgʻulotlarida ishtirok etayotgan Oʻzbekiston aksilterror kuchlari. [Zamira Boltayeva]

Oʻtgan yilning 18-oktyabr kuni Samarqanddagi oʻquv mashgʻulotlarida ishtirok etayotgan Oʻzbekiston aksilterror kuchlari. [Zamira Boltayeva]

Ekstremizmda gumon qilinganlardan musodara qilingani aytilgan qoʻlbola portlovchi moslama komponentlari. [Oʻzbekiston IIV]

Ekstremizmda gumon qilinganlardan musodara qilingani aytilgan qoʻlbola portlovchi moslama komponentlari. [Oʻzbekiston IIV]

Vazirlikning qoʻshimcha qilishicha, shu kabi holatlarning birida kuch ishlatar tuzilmalar Toshkentda 27 yoshgacha boʻlgan 10 nafar aʼzosi bor ikkita TJK yacheykasi faoliyatiga chek qoʻygan.

Ularning faoliyati TJKning Suriyadagi vakili Abu Ahmad Oʻzbekiy tarafidan muvofiqlashtirilgani aytiladi.

Ekstremistlar Oʻzbekiston poytaxtidagi jamoat joylari va hukumat binolari yaqinida teraktlar uyushtirishni rejalagani va ulardan qoʻlbola portlovchi moslamaning komponentlari musodara qilingani haqida xabar berilgan.

Afgʻoniston, Suriya va Iroqda terrorchilik faoliyati toʻxtagani yoʻq, jangovar harakatlarda Oʻzbekiston fuqarolari ham ishtirok etmoqda, deb xabar beradi IIV.

Oʻzbekiston aksilterror tuzilmalari boshqa mamlakatlardagi hamkasblari bilan hamkorlikda joriy yilning oʻtgan davrida xorijda qoʻlga olingan 59 nafar jangarini vataniga olib kelgan.

Oʻzbekistonga qaytarilganlar terrorchi guruhlar tomonidan yollangan boʻlib, qoʻporuvchilik faoliyatini moliyalashtirish va Suriyadagi jangarilar lagerlariga odam joʻnatish bilan shugʻullangan, deyiladi xabarda.

Vazirlikka koʻra, Suriyaga yuborilgan jangarilarning ayrimlari turli mamlakatlar, jumladan, Oʻzbekistonda qoʻporuvchilik harakatlari sodir etishni rejalagan.

Tashviqotdan taʼsirlanganlar

Toshkentdagi Mintaqaviy tahdidlarni oʻrganish markazi rahbari Viktor Mixaylovning aytishicha, joriy yilning oʻtgan davrida kamida 250 nafar gumondorning hibsga olingani (oʻtgan yili Oʻzbekistonda ekstremizm bilan bogʻliq hibslar soni 400 tani tashkil etgani inobatga olinsa) xavotirli.

“Ularning soni internetdagi yollovchilarning faolligi tufayli ortib bormoqda”, dedi u. “Albatta, bu yoshlarga kuchli taʼsir qiladi. Koʻpchilik bunday tashviqot taʼsiriga tushadi.”

Mixaylovning soʻzlariga koʻra, foydalanuvchilarning 99 foizi internetdagi radikal daʼvatchilarni shunchaki tinglaydi. Ular rozi boʻlishi yoki boʻlmasligi mumkin. Ammo ekstremistik materiallar ayrim internet foydalanuvchilarini virtual guruhlarga qoʻshilishga undaydi.

Soʻnggi hibslar, eng avvalo, huquq-tartibot idoralari bu masalaga jiddiyroq yondasha boshlaganidan dalolat beradi, deydi toshkentlik bloger Qobil Xidirov.

“Boshqacha aytganda, bunday guruhlar aʼzolari koʻpaydi demagan boʻlardim, lekin ularning faoliyatiga barham berish choralari koʻrilmoqda”, dedi u.

Bu kompleks yondashuvni taqozo etadi, deydi Xidirov.

“Inson kapitaliga sarmoya kiritishimiz, yoshlar uchun MDH (Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi) davlatlari mehnat bozorida raqobatlashish va turli kasblar oʻrganish uchun shart-sharoitlar yaratishimiz kerak”, deb aytgan u. “Mamlakatda nochorlikka barham berishimiz va munosib ish oʻrinlari tashkil etishimiz zarur.”

“Davlat yoshlarga oid siyosatni monopollashtirmay, yangi avlodga boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishga imkon beradigan choralarni amalga oshirishi kerak. Shuningdek, diniy taʼlim sifati va koʻlamini kengaytirish masalasi ham koʻrib chiqilishi lozim”, deydi u.

Radikal qarashlarni oʻzgartirish

Jazo masalasiga kelsak, radikallashganlar qayta tarbiyalanishi zarur, dedi toshkentlik siyosatshunos Farhod Mirzaboyev.

Oʻzbekistondagi malakali va nufuzli ulamolar koʻp, ularni yoshlar uchun moʻljallangan turli tadbirlarga jalb qilish mumkin, deydi u.

“Radikal gʻoyalar tarqalishiga qarshi butun jamiyat kurashishi kerak”, deb aytgan Mirzaboyev.

Suriya, Iroq va Afgʻonistonda buzgʻunchi va radikal unsurlar bor ekan, fanatizmga moyil yoshlar “sof islom” uchun kurashga moyil boʻlaveradi, deydi Afgʻonistondagi Sovet urushi faxriysi, nukuslik tarixchi Maksim Matnazarov.

Oʻzbekistonning oʻzida aksiltashviqot sust tashkillashtirilgan. Rasmiy imomlar yoshlar uchun kurashda radikal hamkasblariga magʻlub boʻlishmoqda”, dedi u.

“Hozircha terrorchilik va ekstremizm kuch bilan bartaraf qilinmoqda, ammo hamma narsaning ham chegarasi bor”, deb taʼkidladi Matnazarov.

“Bu boradagi ishlar nafaqat razvedka idoralari, balki butun oʻzbek jamiyati tomonidan olib borilishi kerak.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500