KIYEV – O‘tgan hafta Ukrainada jurnalist o‘limining sahnalashtirilgani Rossiya prezidenti Vladimir Putin rejimi haqida haqiqatni so‘zlovchilar qanday xavfni o‘z bo‘ynilariga olishlari haqida Markaziy Osiyoliklar uchun qayg‘uli eslatma bo‘ldi.
Arkadiy Babchenkoga qarshi suiqasd fitnasi Rossiya maxsus xizmatlarining Kremlni fosh qilganlarni “yo‘q qilish” operatsiyasiga misol bo‘la oladi, dedi Ukraina xavfsizlik xizmati (SBU) rahbari Vasil Gritsak 30-may kuni Babchenkoning “o‘limi”dan bir kun o‘tib omma oldida paydo bo‘lganidan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida.
“Kremlni ochiq-oshkora tanqid qiluvchi jurnalist va jamoat arboblari “yuz berayotgan hodisalar haqida xolisona fikr bildirganlari” uchun nishonga olinmoqdalar”, dedi u.
Babchenko Rossiya hukumatini Kreml muxolifatchilarini o‘ldirishda va Ukraina, Suriya hamda boshqa yerlarda urush olovini yoqishda ayblagan edi.
Bir necha bor Kreml faoliyatini yoritgani uchun o‘ldirish bilan tahdid qilishgani sabab, u 2017-yilda Rossiyani tark etgan, ma’lum muddat Chexiya Respublikasida, so‘ngra Isroilda yashagan va nihoyat Kiyevda istiqomat uchun ruxsat olgan.
Tergovchilarga ko‘ra, SBU Kreml rejasini barbod qilish maqsadida Babchenkoga suiqasdni sahnalashtirdi, buninga natijasida xavfsizlik mutasaddilari Kremlning “o‘lim ro‘yxatida” bo‘lgan yana 47 kishining nomlarini ham bilib oldilar.
Markaziy Osiyoda Kremlni tanqid qilish juda xavfli
“Kremlni jiddiy tanqid qilish biz jurnalistlar uchun katta xavf tug‘diradi”, deydi olmaotalik jurnalist va Qozog‘iston nashriyotchilari uyushmasining sobiq rahbari Tanat Kojmanov.
“Biz Putin siyosiy raqiblarining shafqatsiz qotilliklarini eslaymiz. Ammo, Rossiya prezidenti siyosatiga qarshi bo‘lganlar Rossiya chegarasidan tashqarida ham jazoga uchrayotgani bundan-da dahshatliroq”, dedi Karvonsaroy nashriga.
O‘z ismining sir qolishini istagan 31-yoshli o‘zbek jurnalisti Kremlga qarshi fikr bildirgani uchun o‘lim tahdidiga uchraganini aytadi.
“Men Rossiya hukumati tanqid qilingan bir qator maqolalarni chop etganman va hatto 2011-yilda Moskvada Putinga qarshi namoyishlarda qatnashganman”, dedi u.
“Shundan keyin ishxonamga namoyish chog‘ida tasvirga olingan suratim solingan konvert tashlab ketilgan”, dedi u. “Tahdidli so‘zlar rasmning ustiga qo‘lda bitilgan edi. Menda xotirjamlik hissi yo‘qoldi, bu paranoyadan qutulish uchun bir necha yil kerak bo‘ldi.”
Qotillik – Kreml o‘z tanqidchilarga qarshi qo‘llaydigan yogona qurol emas, deydi bishkeklik jurnalist va OAV tahlilchisi Erlan Satybekov.
Mudhish haqiqat
Kremlni tanqid qilgan ommaviy axborot vositalari “moliyaviy va soliq mexanizmlari” orqali bosimga uchraydi, dedi u.
Bir necha o‘nlab rossiyalik jurnalist va jamoatchilik faollariga qarshi olib borilgan zo‘ravonlik harakatlari, jumladan, qotilliklar Kremlning jinoyatlariga misoldir, deydi tanqidchilar.
“Bu jinoyatlarning barchasi Rossiya xavfsizlik xizmatlariga xos bir xil uslubga ega”, deydi sobiq Ukraina razvedkasi xodimi va axborot-psixologik operatsiyalar bo‘yicha mutaxassis Valeriy Gostinshchikov.
Rossiya boshqa davlatlarda jinoiy amaliyotlar yoki rossiyaparastlik targ‘ibotini amalga oshirish uchun “jangovar guruhlarni” tuzgan, dedi u Karvonsaroy nashriga. Bu guruhlar Rossiyaning moliyaviy ko‘magi evaziga mazkur mamlakatlarda siyosiy mag‘lubiyatga uchragan yoki boshqa yo‘l bilan kamsitilgan hamda turli “iflos ishlar”ni amalga oshirishga mas’ul bo‘lgan shaxslarga tayanadi.
“Bularning bari ushbu mamlakatlarning razvedka xizmatlari Rossiya ta’siriga qanday qarshilik ko‘rsatishiga bog‘liq”, dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlarda o‘nlab rus ayg‘oqchilarining fosh etilganidan “O‘zbekiston yoki Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida ularning qancha ekanligini tasavvur qilish qiyin emas”.
“Istalmagan shaxslarni tom ma’noda otib o‘ldirish va yo‘q qilish harakatlari olib borilmoqda”, deydi “Govorite gromche” (“Balandroq gapiring”) muxolifat harakati lideri Andrey Sidelnkov.
Sidelnikov bir paytlar Rossiyadagi “Pora” (“Ayni vaqti”) yoshlar muxolifat harakatiga rahnamolik qilgan. U o‘zining muxolifatchilik faoliyati sabab Rossiyadan chiqib ketishga majbur bo‘lgan va Buyuk Britaniyadan siyosiy boshpana olgan.
“Har kuni hayotimga suiqasd qilishlari mumkinligidan xavotirdaman. Menga qarshi “ov” olib borishayotganini taxmin qilishim uchun asoslar yetarli”, dedi u Karvonsaroyga. “Babchenko bilan bo‘lgan holat buni tasdiqlaydi. Chora ko‘rilishi uchun politsiyaga tegishli ma’lumotlarni yuborganman”.
Londonda istiqomat qiladigan va sobiq rus josusi Serget Skripal hayotiga uyushtirilgan suiqasdni yoritgan ukrainalik jurnalist Svitlana Chernetskaning ishonishicha, Rossiya o‘z qudratini eng avvalo o‘z fuqarolariga ko‘rsatib qo‘ymoqchi.
“Putin “bizga qarshi chiqqan sotqinlarning holi ne bo‘lishini ko‘rib qo‘yinglar. Bizga qarshi chiqishni xayolingizga ham keltirmang” deb ogohlantirayotgandek go‘yo”, deydi u Karvonsaroyga.
Jurnalistlarni bo‘g‘ishga barham berilishi kerak
Markaziy Osiyodagi jurnalistlar va OAV kuzatuvchilari xalqaro hamjamiyatni bu kabi qotilliklarni to‘xtatishga va aybdorlarni javobgarlikka tortishga chaqirganlar.
“Dunyoda hech kim o‘zini Putinning jallodlaridan himoya qila olmaydi. Bu bamisoli saraton shishi kabi o‘sib, o‘nglanmas holatga kelib bo‘ldi”, deb yozdi 29-may kuni Atiraudagi “Ak Jayik” qozoq gazetasining bosh muharriri o‘rinbosari Azamat Maytanov o‘zining Facebook sahifasida.
“Rossiya tashqi ishlar vazirligining (Babchenkoning “o‘limi”ga oid) bayonotini o‘qir ekanman, bu kimsalar ma’naviy tubanlikka qanchalar chuqur botganlaridan hayratga tushdim”, degan edi 30-may kuni o‘zbekistonlik taniqli madaniyatshunos Aleksey Ulko o‘zining Facebook sahifasida.
“Zamonaviy Rossiyaning rahbariyati nomussizlik va razillikda tengsiz ekanini ko‘rsatdi”, degan edi u.
(Ushbu maqolani tayyorlashga Olmaotadan Maksim Yeniseyev va Toshkentdan Arman Kaliyev ko‘maklashgan)
Nimalar deyapsan, ovsar, turqinga qara....! 4 ta harfni tanir ekanman deb, har narsani yozaverish kerakmi endi?! Mulohazali bo‘ling!!!!
Javob berishMasxara qilganning o‘zi shunaqa
Javob berishFikrlar 2