Karvonsaroy
Iqtisodiyot

Rossiyaning neft qazib olishni kamaytirishdan bosh tortishi Qozogʻistonni qiyin ahvolda qoldirdi

Kanat Altinbayev

Valyuta ayirboshlash punkti, 12-mart, Olmaota. (Kanat Altinbayev)

Valyuta ayirboshlash punkti, 12-mart, Olmaota. (Kanat Altinbayev)

OLMAOTA – Rossiya hukumatining neft qazib olishni kamaytirishdan bosh tortishi jahon bozorida neft narxining pasayishiga va Qozogʻistonda iqtisodiy shok sodir boʻlishiga olib keldi.

Bu taʼsir Qozogʻistonning Kreml siyosatiga nisbatan zaif ekanligini koʻrsatgan.

Mamlakat avval ham Rossiya yetakchiligidagi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII) adolatsizligidan shikoyat qilgan. YOII Rossiya kompaniyalariga Qozogʻiston bozorida hukmronlik qilishga yoʻl ochib berib, qozoq kompaniyalarining Rossiyaga eksportiga toʻsqinlik qiladi.

Endi esa Rossiyaning dunyo neft bozoridagi oʻyinlari Qozogʻistonni qashshoqlashtirishi mumkin. Neft mamlakatning asosiy eksport mahsuloti hisoblanadi.

Neft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti (OPEC) rasmiylari 6-mart kuni Avstriyaning Vena shahrida Rossiya va OPEC tashkilotiga aʼzo boʻlmagan boshqa ishlab chiqaruvchilar bilan neft qazib olishni qisqartirish boʻyicha kelishuvga erishishga urindilar, deb xabar beradi Reuters.

OPEC tashkilotining maqsadi – koronavirus sababli neftga boʻlgan talab va dunyo iqtisodiyotining pasayishi sababli neft narxini oshirish edi.

Ammo rossiyalik muzokarachilar bu gʻoyani rad etganlar, shu sabab OPEC va unga aʼzo boʻlmagan davlatlar 1-apreldan boshlab neftni hech qanday cheklovlarsiz qazib olishni boshlaydilar. Bu haqda Rossiya energetika vaziri Aleksandr Novak xabar bergan.

Moskvaning qarori energetika sektorida keskin tanqidga uchradi.

“Rossiyaning neft yetkazib berishni favqulodda qisqartirish chorasini qoʻllab-quvvatlashdan bosh tortishi OPEC+ tashkilotining neft narxini barqarorlashtiruvchi roliga putur yetkazishi mumkin”, dedi AQSHning “Rapidan Energy Group” konsalting kompaniyasi asoschisi Bob MakNalli Reuters nashriga.

OPEC+ Vena muzokaralarida ishtirok etgan 24 davlatdan iborat tashkilotdir. Unga OPECning 10 aʼzosi va unga aʼzo boʻlmagan 10 ta neft ishlab chiqaruvchi davlat, jumladan Rossiya ham kiradi.

“Bu neft narxining oʻzgaruvchanligi va geosiyosiy beqarorlikka olib keladi”, dedi MakNalli.

Kutilganidek, dushanba (9-mart) kuni birjada neft narxi 30 foizga pastladi va bu “1991 yilda Fors koʻrfazi urushidan beri eng jiddiy qulash boʻldi”, deb xabar bergan DW.

Kreml qurboni

Moskva neftning bir barrelini 40 AQSH dollariga (16262 tenge) sota olmayotgan amerikalik slanets sotuvchilarini bozordan siqib chiqarishga harakat qilmoqda, dedi Olmaotdagi “Visor Holding” investitsiya kompaniyasi rahbari Aydan Karibjanov.

Ammo, Qozogʻistonda neft qazib chiqarish xarajati Rossiyaga nisbatan yuqori boʻlgani uchun “bizga qiyin boʻladi”, deb qoʻshimcha qildi u.

“Koronavirus global iqtisodiyot uchun shuncha muammo keltirib chiqarayotgan bir vaqtda, kollektiv saʼy-harakatlarni birlashtirish va muammolarni birgalikda hal qilish oʻrniga, Rossiya bu vaziyatda eng notoʻgʻri qaror qabul qildi”, dedi Karibjanov.

Qozoqlar olis Moskvada qabul qilingan qaror taʼsiridan xavotirdalar.

OPEC uchrashuvidan keyingi birinchi ish kuni – 9-mart Markaziy Osiyoning eng yirik neft ishlab chiqaruvchisi boʻlmish Qozogʻistonda qora dushanba deb nomlandi. Undan bir kun avval Qozogʻiston Xalqaro xotin-qizlar kunini nishonlagan edi, bahoriy kayfiyat oʻrnini hayajon va tushkunlik egalladi.

Milliy valyuta – tenge kursi Qozogʻistonning asosiy eksport mahsuloti boʻlgan neft narxining pasayishi ortidan tushib ketgan.

Qozogʻiston shaharlaridagi valyuta ayirboshlash punktlari xorijiy valyutalar, xususan AQSH dollari va yevro sotishni toʻxtatdi. Ammo, ular sotuvchilar uchun juda noqulay narxlarda bu valyutalarni sotib olishda davom etgan.

Valyuta ayirboshlash shaxobchalaridan farqli oʻlaroq, banklar 9-mart kuni bayram munosabati bilan yopiq boʻlgan, chunki bu yil xalqaro xotin-qizlar kuni yakshanbaga toʻgʻri kelgan edi.

“Bugun butun shaharni aylanib chiqdim, hech qayerdan dollar sotib ololmadim. Faqat bir joyda juda yomon kursda xorijiy valyuta sotishayotgan edi”, dedi olmaotalik Saule Jusupova 9-mart kuni.

Shaharda vahima koʻtarilgan, mijozlar ayirboshlash shaxobchalaridan dollar sotishni oʻtinib soʻragan va talab qilgan, ammo bari befoyda, dedi u.

“Endi Qozogʻistonda narxlar oshib ketadi. Bunga kim aybdor?”, deya savob beradi u.

Boshqa bir olmaotalik Janbolat Suleymenov tengening keskin zaishlashuvi natijasida bank hisobidagi jamgʻarmasining bir qismidan ayrilganini aytdi.

“Men pullarimni tengeda saqlayman, chunki uning foiz stavkalari dollarli depozitlarga nisbatan yuqoriroq. Tengening zaiflashuvi oqibatida dollarga nisbatan 6 oylik foizli daromadimdan ayrildim. Qoʻrqamanki, bu hali hammasi emas.”

“Bir kun oldin (ayollarni tabriklash uchun) lolalar sotib olgan edik, aslida dollar sotib olganimiz maʼqul ekan”, deydi olmaotalik siyosatshunos Islam Kurayev.

Eng yomoniga tayyorlanish

Qozogʻistonning muammolari endi boshlanyapti.

Seshanba (10-mart) kuni Qozogʻiston rasmiylari jamoatchilikni tinchlantirish boʻyicha rejalashtirilgan chora-tadbirlar haqida bayonot berdilar.

Qozogʻiston milliy banki “valyuta bozoridagi vaziyatni barqarorlashtirish” maqsadida “valyuta intervensiyalarini” amalga oshirishga majbur boʻlganini aytgan.

“Milliy bank vaziyatning beqarorlashuviga yoʻl qoʻymaydi va valyuta bozorini doimiy monitoring qilib boradi. Kerak boʻlgan hollarda valyuta intervensiyalari yangilanadi”, deyiladi bank bayonotida.

Bundan tashqari, mahalliy aholi 2009, 2014 va 2015-yillarda boʻlgani kabi, qariyb barcha turdagi mahsulotlar, jumladan oziq-ovqat mahsulotlarining keskin qimmatlashib ketishidan xavotirda.

Milliy iqtisodiyot vazirligi narxlarning oʻsishini nazorat qiladi, dedi vazir Ruslan Dalenov 10-mart kuni.

Hukumat “tengening yangi kursini inobatga olgan holda” pensiya va nafaqalar miqdorini oshiradi, deb bayonot berdi moliya vaziri Alixan Smailov oʻsha kunning oʻzida.

Hukumat oʻz budjetini optimallashtirib, ustuvorligi past yoʻnalishlar uchun xarajatlarni qisqatiradi, dedi u.

Shunga qaramay, neft narxlarining keskin tushib ketishi natijasida hukumat bu yili budjet taqchilligiga duch kelishi kutilmoqda. Bu kamomadni yopish maqsadida Ostona xalqaro moliya markazida (OXMM) 500 mln. dollar qiymatidagi davlat qimmatli qogʻozlarini joylashtirishga qaror qilingan. Nur-Sulton OXMMni mintaqadagi iqtisodiy va moliyaviy markaz sifatida ilgari surib kelmoqda.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500