Karvonsaroy
Siyosat

Rossiya bosimi ostida qolgan Turkmaniston xavfsizlik boʻyicha hamkorlik bitimini ratifikatsiya qildi

Jumaguli Annayev

Rossiya prezidenti Vladimir Putin (oʻngda) Ashxobodda Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan soʻzlashmoqda, 2019-yil, 11-oktabr. [Alexey Druzhinin/SPUTNIK/AFP]

Rossiya prezidenti Vladimir Putin (oʻngda) Ashxobodda Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan soʻzlashmoqda, 2019-yil, 11-oktabr. [Alexey Druzhinin/SPUTNIK/AFP]

ASHXOBOD – Kuzatuvchilarga koʻra, Turkmaniston va Rossiya oʻrtasida uzoq vaqtdan beri muallaq turgan xavfsizlikka oid bitimning imzolanishi Moskvaning Markaziy Osiyo mamlakatiga taʼsiri kuchayib borayotganini yana bir karra isbotlaydi.

24-oktabr kuni, oradan 17 yildan koʻproq vaqt oʻtib, Turkmaniston parlamenti Rossiya Federatsiyasi bilan xavfsizlik sohasidagi hamkorlikka oid bitimni ratifikatsiya qildi.

Rossiya Davlat dumasi bu ishni uch kun oldin, 21-oktabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin uzoq vaqtdan beri ortga surib kelinayotgan hujjatni ratifikatsiyaga kiritganidan soʻng hal qilgan.

2003-yil aprel oyida Moskvada Putin va Turkmanistonning oʻsha vaqtdagi prezidenti Safarmurod Niyozov tomonidan imzolangan ushbu bitim terrorizm, uyushgan jinoyatchilik, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish, shuningdek transport xavfsizligi va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlikka qaratilgani aytiladi.

Shartnomada tomonlar razvedka idoralari orqali hamkorlik qilish, terrorchilik va shu turdagi boshqa tashkilotlar faoliyatiga barham berish hamda terrorchilik harakatlarini rejalashtirish va moliyalashtirishning oldini olishi koʻzda tutilgan.

Hujjatga koʻra, mamlakatlar terrorchi deb topilgan shaxslarga boshpana bermaslik, ularning rejalari toʻgʻrisida razvedka maʼlumotlarini almashish, huquqiy yordam koʻrsatish uchun hamkorlik qilish va shartnoma ishtirokchisi boʻlgan har ikki mamlakatda terrorchilik harakatlarini sodir etgan yoki rejalashtirayotgan shaxslarni ekstraditsiya qilish majburiyatini oladi.

Har ikki mamlakat parlamentida hujjatning qabul qilinishini tezlashtirgan muddat va sharoitlar Turkmaniston va xorijdagi tahlilchilarni hayratga solgan.

“Ikki holat ajablanarli: hujjatni yuridik kuchga kiritish nima uchun juda uzoqqa choʻzilgani va ratifikatsiya jarayonining bu qadar tez oʻtgani”, deydi familiyasini oʻzgartirishni iltimos qilgan ashxobodlik siyosiy tahlilchi Dovlet Murodov.

“Hujjatning muhim ekaniga shubha yoʻq, ammo shunday ekan, talaygina savollar tugʻilmoqda. Nega u shuncha paytdan beri ratifikatsiya qilinmadi? Uni qabul qilishga tomonlarni, xususan Turkmanistonni 17 yildan soʻng nima majbur qildi?” deydi Murodov.

Uning aytishicha, ratifikatsiyaning asosiy sababi mintaqaviy xavfsizlik sohasidagi vaziyatning yomonlashuvi emas, balki Turkmanistonning jiddiy moliyaviy-iqtisodiy muammolaridir.

“Terrorizm va xavfsizlikni taʼminlash bilan bogʻliq muammolar 2003-yilda boʻlgani kabi holatda turibdi, ular ayrim sohalar boʻyicha hatto barqarorlashgan”, deydi Murodov.

Moskva fursatdan foydalandi

Murodovning taʼkidlashicha, global pandemiya va uning oqibatida yuzaga kelgan iqtisodiy pasayish ortidan Turkmaniston iqtisodiyoti 2003-yil darajasidan pastroqqa tushgan.

2000-yillar boshida Turkmaniston gullab-yashnagan, Ukraina, Rossiya va Eronga yiliga 50 milliard kub metrdan koʻproq gaz eksport qilib, evaziga valyuta va barcha kerakli mahsulotlar, oziq-ovqat va jihozlarni olgan, deydi u.

Uglevodorodlarni sotish, neft-kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish va toʻqimachilik sanoatidan kelgan yirik valyuta tushumlari Niyozovga, 2007-yildan boshlab esa Gurbanguli Berdimuhamedovga oʻnlab mega-loyihalarni amalga oshirish, ayni vaqtda mamlakatdagi ijtimoiy barqarorlikni saqlashga imkon berdi.

Ammo, 2020-yilga kelib, vaziyat oʻzgardi.

Jahon bozorida neft va gaz narxlari keskin pasayib ketdi, milliy valyuta – manat qadrsizlandi. Bu ham yetmagandek, Moskva importni minimal hajmga kamaytirdi, Eron esa Turkmaniston gazini sotib olishni butunlay toʻxtatdi.

Bundan tashqari, koronavirus pandemiyasi tufayli chegaralar yopildi, ishsizlar soni ortdi, aholini asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlashda uzilishlar yuzaga keldi, boshqa ijtimoiy muammolar kuchaydi.

“Moskva Ashxobod uchun ogʻir vaziyatdan foydalanib, ortga surib kelinayotgan bu hujjatni ratifikatsiyalashga majbur qildi”, dedi Murodov.

Berdimuhamedov “Putinning millionlab dollarlik yordamiga umid qilmoqda”, deydi Rossiyaning “Svobodnaya Pressa” nashri sharhlovchisi Aleksandr Sitnikov Turkmaniston iqtisodiyotidagi pasayishni qayd etib.

Sitnikovning 1-noyabr kuni “Svobodnaya pressa”da chop etilgan taxminlarini asossiz deb boʻlmaydi, zero mamlakatning moliyaviy ahvoli ogʻir.

Manatning xorijiy valyutalarga nisbatan qadrsizlanishi mamlakat boʻylab ishonchsizlik hukm surayotganini koʻrsatmoqda. Rasmiy kurs boʻyicha 2015-yildan beri 1 dollar 3,5 turkman manatiga teng boʻlib turibdi. Ammo 2017-yilda deyarli hamma foydalanadigan qora bozordagi kurs 1 dollar uchun 7 dan 8 manatga, hozirgi kunda esa 25 manatgacha koʻtarilgan, deb yozadi Stanradar.com sayti.

Hukumat ham belbogʻni mahkamroq bogʻlashga majbur boʻlmoqda.

24-oktabr kuni parlament 2021-yilga moʻljallangan davlat budjetini tasdiqladi, unda xarajatlar 2017-yilgi budjetga qaraganda 22 foizga qisqatirilgan, deyiladi Stanradar.com xabarida.

“Ashxobod moliyaviy qiyinchiliklarni boshdan kechirayotganida Moskva tomonga intiladi, “serhosil” yillarda esa u ham oliy darajadagi, ham vazirlar darajasidagi aloqalardan oʻzini chetga oladi”, deydi Sitnikov.

Chirmab oluvchi rishtalar

“Agar shunday iqtisodiy-moliyaviy muammolari boʻlmaganida, Turkmaniston Rossiya bilan xavfsizlik boʻyicha hamkorlikka oid bitimni ratifikatsiya qilishni yana 17 yilga yoki ehtimol, undan ham uzoqroqqa choʻzishi mumkin edi”, deydi siyosatshunos Murodov.

Uning aytishicha, Turkmaniston oʻzining doimiy betaraflik maqomi tufayli 1995-yildan beri Rossiya boshchiligidagi MDH, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti va SHHT kabi mintaqaviy tuzilmalardan chetda qolmoqda.

Bunday pozitsiya Turkmanistonning Rossiya bilan murakkab munosabatlariga taʼsir qilmay qolmadi. Kuzatuvchilarning fikricha, Moskva Turkmanistonni geosiyosiy qamrovida ushlab turishga harakat qilmoqda.

Mohiyatan, Moskva Turkmanistonni ikki tomonlama shartnomalar va bitimlar bilan, jumladan eng soʻnggisi bilan ham oʻziga bogʻlamoqda, dedi Murodov.

“Ratifikatsiyadan soʻng mamlakatlar terrorchilarga, narkotrafik yoki uyushgan jinoyatchilikka qarshi muayyan choralar koʻrishiga unchalik ishonmayman, chunki Turkmanistonda bunday choralar uchun asosli sabablar yoʻq”, dedi u.

“Ammo bu kelishuv, avval ratifikatsiya qilingan hujjatlar singari, Turkmanistonni chirmab olib, uni Rossiyaga mahkam bogʻlovchi rishtalarga aylanadi”, deb qoʻshimcha qildi Murodov.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Demak, bu kelishuv qonuniy kuchga ega emas va istalgan vaqtda bekor qilinishi mumkin.

Javob berish