https://central.asia-news.com/uz-Latn/articles/cnmi_ca/features/2020/05/07/feature-02
| Ommaviy axborot vositalari

Facebook Rossiya va Eronga aloqador yuzlab dezinformatsiya hisoblarini oʻchirdi

Karvonsaroy

image

Facebook koronavirus pandemiyasidan avval ochilgan, ammo “qulay vaziyatdan foydalanib” keyinchalik oʻz kontentini taqdim etish maqsadida koronavirusga oid postlar bilan auditoriya yigʻayotgan yuzlab ijtimoiy tarmoq hisoblarini oʻchirib tashladi. (Olive Douli/AFP)

Rossiya va Eronga aloqador koʻplab ijtimoiy tarmoq akkauntlari Facebook sahifalarida xorijiy manipulyatsiya va dezinformatsiyaga qarshi kurash choralari doirasida kompaniya tomonidan oʻchirib tashlangan.

Seshanba (5-may) kuni Facebook aprel oyida oʻz platformasini saylovlar va jamiyatga putur yetkazadigan chalgʻituvchi maʼlumotlar va soxta akkauntlardan tozalash maqsadida ularni oʻchirgani haqida oʻz veb-saytida xabar berdi.

Facebook bayonotiga koʻra, oʻchirilgan yuzlab akkauntlar kompaniyaga tegishli Facebook va Instagram sahifalarida faol ish olib borgan va sakkiz tarmoq bilan aloqador boʻlgan.

Oʻz kontentini xalqaro miqyosda yoyinlagan Rossiya va Eron akkauntlari faoliyatini toʻxtatish bilan birga, kompaniya Gruziya respublikasidagi ikkita va Qoʻshma Shtatlardagi ikkita tarmoq faoliyatiga ham chek qoʻygan.

image

5-may kuni Facebook Rossiya va Eronga aloqador yuzlab troll akkauntlarni oʻchirgani haqida xabar bergan. (Pexels.com)

Facebook kompaniyasiga koʻra, bu tarmoqlar pandemiyadan oldin yaratilgan boʻlsa-da, bu xatti-harakatlar ortida turganlar koronavirusga oid materiallar joylash bilan “qulay vaziyatdan foydalanib”, keyinchalik oʻz kontentini taqdim etish maqsadida auditoriya yiqqan.

“Fishing, firibgarlik yoki taʼsir choralari orqali boshqalarni adashtirishni istaganlar inqirozdan oʻz maqsadlari yoʻlida foydalanishi maʼlum, koronavirus pandemiyasi ham bundan mustasno emas”, deyiladi Facebook bayonotida.

“Shubhali xatti-harakatlar”

Facebook Rossiyada 46 ta sahifa, 91 ta Facebook akkaunti, ikkita guruh va bitta Instagram akkauntini oʻchirgan. Bu tarmoq dunyo boʻylab turli mintaqalarni nishonga olgan holda rus, ingliz, nemis, ispan, fransuz, venger, serb, gruzin, indonez va fors tillarida postlar qoldirgan.

“Tergov davomida bu faoliyat Rossiya, Ukrainaning Donbass hududi, Qrimdagi NewsFront va SouthFront – ikkita OAV tashkiloti bilan bogʻliq ekani maʼlum boʻldi”, deb xabar bergan AQSH kompaniyasi. “Bu tarmoq mintaqadagi muvofiqlashtirilgan shubhali xatti-harakatlarning ichki tekshiruvi doirasida aniqlandi.”

Eronda 118 ta sahifa, 389 ta Facebook akkaunti, 27 guruh va oltita Instagram akkauntlari oʻchirilgan.

Materiallar Erondan turib tarqatilgan va Jazoir, Bangladesh, Bosniya, Misr, Gana, Liviya, Mavritaniya, Marokash, Nigeriya, Senegal, Syerra Leone, Somali, Sudan, Tanzaniya, Tunis, Qoʻshma Shtatlar, Birlashgan Qirollik va Zimbabve davlatlarini nishonga olgan, deb xabar beradi Facebook.

“Tergov natijasida bu faoliyatning Eron islom respublikasi teleradiouzatish korporatsiyasi bilan aloqador ekani oydinlashgan”, deyiladi Facebook bayonotida.

Davomli choralar

Bu Facebook tomonidan koʻrilgan soʻnggi choralardan biri boʻlib, xorijiy manipulyatsiya, shu jumladan, muayyan siyosiy xabarlar, koʻp hollarda dezinformatsion maʼlumotlarni sunʼiy ravishda targʻib qilishga qarshi kurashni koʻzda tutadi.

Fevral oyida Facebook kompaniyasi ijtimoiy tarmoqdagi manipulyatsiya va dezinformatsiyaga barham berish choralari doirasida Rossiya harbiy razvedkasiga aloqador oʻnlab akkauntlarni oʻchirganini maʼlum qilgandi.

78 ta Facebook va toʻrtta Instagram akkauntidan iborat Rossiyadagi tarmoq asosan Ukraina va qoʻshni davlatlarga qaratilgan boʻlib, Suriyadagi mojaro, Qrimdagi etnik ziddiyatlar va 2014-yilda Ukrainada Malayziya aviakompaniyasiga qarashli samolet halokati haqidagi xabarlarni chop etgan.

Oʻtgan yil oktabr oyida kompaniya Rossiyaga aloqador bir nechta akkauntni oʻchirib tashlaganini maʼlum qilgan edi. Bu akkauntlar egalari 2020-yilda AQSHda boʻladigan saylovlarga aralashishga uringan.

2019-yil may oyida ijtimoiy tarmoqlarda qator mintaqalar, jumladan Markaziy Osiyoga qaratilgan, Rossiyadan turib olib borilayotgan zararli taʼsir choralari davom etar ekan, Facebook kompaniyasi Rossiyadan turib ochilgan sahifalar, guruhlar va akkauntlardan yana bir qanchasini oʻchirib tashlagan edi.

2019-yil mart oyida kompaniya Instagram va Facebook tarmoqlarida zararli taʼsir choralari bilan shugʻullangan Rossiyadagi 2600 dan ortiq sahifa, guruh va akkauntlar faoliyatiga chek qoʻygan.

2018-yil aprel oyida esa Facebook ijtimoiy tarmogʻi dunyo boʻylab jamoatchilik fikriga taʼsir oʻtkazishga urinishda ayblangan Rossiyaning “trollar fabrikasi”ga aloqador yuzlab Facebook va Instagram akkauntlari yopilganini eʼlon qilgan edi.

Sizga maqola yoqdimi?

4
Fikrlar 1
Siyosat
Captcha *

Axlatdan tozalashmoqda

Javob berish