Karvonsaroy
Xavfsizlik

Rossiyaning taʼsiri kamayib borayotgan bir paytda Xitoy Markaziy Osiyoda xavfsizlik sohasidagi rolini kuchaytirmoqda

Kanat Altinbayev

Rossiya prezidenti Vladimir Putin va XXR raisi Si Szinpin oʻtgan yilning 14-iyun kuni Bishkekda oʻtkazilgan Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga aʼzo davlatlar rahbarlari kengashining majlisi chogʻida. [Vyacheslav Oseledko/AFP]

Rossiya prezidenti Vladimir Putin va XXR raisi Si Szinpin oʻtgan yilning 14-iyun kuni Bishkekda oʻtkazilgan Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga aʼzo davlatlar rahbarlari kengashining majlisi chogʻida. [Vyacheslav Oseledko/AFP]

OLMAOTA – Yaqinda oʻtkazilgan tadqiqotga koʻra, Xitoy rejimi Rossiyaning taʼsiri kamayib borayotgan Markaziy Osiyoda xavfsizlik sohasidagi hozirligini kuchaytirmoqda.

27-may kuni Vashington shahridagi Kennan instituti tomonidan eʼlon qilingan hisobotga koʻra, Markaziy Osiyo Rossiya va Xitoy rejimlari taʼsir uchun oʻzaro musobaqalashayotgan geosiyosiy oʻtish davrini boshidan kechirmoqda.

2015-yilda tuzilgan va Markaziy Osiyoning ayrim davlatlari aʼzo boʻlgan Rossiya rahbarligidagi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qaramay, Moskva yillar davomida Markaziy Osiyodagi iqtisodiy taʼsir vositalarini yoʻqotayozgan.

Moskvaning iqtisodiy hukmronligi zaiflashdi va Pekinga oʻz oʻrnini boʻshatib berdi. 90-yillarda mintaqadagi umumiy savdo hajmining 80 foizi Rossiya hissasiga toʻgʻri kelgan boʻlsa, hozirda Pekin ulushining uchdan ikki qismini tashkil etmoqda (hozirgi vaqtda Rossiya va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi yillik savdo hajmi 18,6 milliard dollarga teng).

Xitoyda ishlab chiqarilgan qurilish texnikasi yonida suratga tushayotgan xitoylik ishchilar, Bishkek, 2008-yil, sentyabr. [Kanat Altinbayev]

Xitoyda ishlab chiqarilgan qurilish texnikasi yonida suratga tushayotgan xitoylik ishchilar, Bishkek, 2008-yil, sentyabr. [Kanat Altinbayev]

5-iyun kuni Bishkekda olingan surat: Xitoyda ishlab chiqarilgan tashqi kuzatuv kamerasi – Pekinning Qirgʻizistonga xavfsizlik sohasidagi koʻmagiga misol. [Kanat Altinbayev]

5-iyun kuni Bishkekda olingan surat: Xitoyda ishlab chiqarilgan tashqi kuzatuv kamerasi – Pekinning Qirgʻizistonga xavfsizlik sohasidagi koʻmagiga misol. [Kanat Altinbayev]

Oʻz navbatida, Pekin oʻz mahsulotlarini eksport qilish uchun transport yoʻlaklari tizimini yaratishga qaratilgan keng miqyosli “Bir kamar – bir yoʻl” tashabbusi doirasidagi turli infratuzilmaviy loyihalarni faol ravishda moliyalashtirish orqali bu mavqeni egallagan.

Moskva mintaqada xavfsizlikning asosiy kafolati boʻlib qolayotgan bir paytda, bu sohaga Pekin ham kirib keldi, deyiladi hisobotda.

Hisobotga koʻra, Pekin “soʻnggi besh yil ichida mintaqadagi qurol-yarogʻning 18 foizini yetkazib bergan – 2010-2014 yillarda Markaziy Osiyo qurol-yarogʻ importining 1,5 foizi Xitoy hissasiga toʻgʻri kelar edi”, deyiladi tadqiqotda.

Xitoy rejimi, shuningdek Rossiya texnologiyalari orqada boʻlgan sohalarda ham ustunlik qilmoqda. Soʻnggi yillarda Pekin Qozogʻiston, Turkmaniston va Oʻzbekistonga jangovar dronlar ham yetkazib bergan. Ushbu strategik sohani avval AQSH va Isroil egallagan edi, deyiladi hisobotda.

Rossiyaning oʻzgarmas taʼsiri

Shunday boʻlsa-da, Kreml xavfsizlik sohasida hukmronlik qilishda davom etmoqda.

Kennan hisobotida aytilishicha, soʻnggi besh yil davomida mintaqadagi qurol-yarogʻ bozorining 62 foizi Rossiya rejimining hissasiga toʻgʻri kelgan. 2018-yilda esa u Tojikistondan hududidan turib, Afgʻonistonga 1989-yildan beri ilk halokatli zarbani yoʻllagan edi.

Bundan tashqari, Kreml 2002-yildan beri Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikistondan tarkib topgan harbiy blok – Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti faoliyatini muvofiqlashtirib kelmoqda.

Amalda Moskva va Pekin oʻrtasida hali raqobat boshlanganicha yoʻq, deydi hisobotning asosiy mualliflaridan biri boʻlgan Bredli Jardin Ozodlik (RFE/RL) radiosiga.

“Xitoy qurol-yarogʻ taʼminotchisi sifatida rivojlanib borar ekan, u Rossiyaning ulushini tortib olishi kerak boʻladi. Ana oʻshanda Pekin va Moskva oʻrtasidagi munosabatlarda tanglik kuzatilishi mumkin”, dedi u.

Xitoyning xavfsizlik sohasiga taʼsiri kuchaymoqda

Bu orada Pekin Markaziy Osiyo davlatlari bilan harbiy hamkorlikni jadallashtirmoqda.

Jumladan, oʻtgan yil avgust oyida Tojikistonning togʻli hududlarida tojik va xitoy askarlari ishtirokida aksilterror mashgʻulotlar oʻtkazildi, deb xabar bergan edi oʻshanda Ozodlik radiosi tojik xizmati.

Tojikiston mudofaa vazirligiga koʻra, qoʻshma mashgʻulotlardan koʻzlangan maqsad – “ikki davlat jangovar boʻlinmalarining terrorchi va ekstremistik guruhlar tahdidlariga qarshi kurash choralarini mashq qilish” boʻlgan.

Xitoy rejimi va Tojikiston oʻrtasidagi harbiy hamkorlik “soʻnggi besh yil ichida sezilarli darajada kuchaydi”, deb xabar qilgan edi oʻshanda Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi.

2016-yilning oktyabr oyida ikki mamlakat 10 mingga yaqin harbiy, jumladan 200 nafar xitoylik askar ishtirokida qoʻshma mashqlar oʻtkazgan.

Bundan tashqari, bir jurnalist va sunʼiy yoʻldoshlar Tojikistonning Xitoy va Afgʻoniston bilan chegaradosh sharqiy qismida Xitoy harbiy obyektlari – kuzatuv minoralariga ega ikki qavatli binolar va xitoylik askarlar borligini aniqladi, deb xabar bergan edi Washington Post 2019-yil fevral oyida.

Qirgʻiziston Qurolli kuchlarining zaxiradagi polkovnigi va Markaziy Osiyoda inqirozlarni boshqarish boʻyicha ishchi guruhning sobiq rahbari, bishkeklik Toktogul Kakchekeyevning soʻzlariga koʻra, Pekin mintaqaviy xavfsizlik sohasida ham oʻz mavqeini mustahkamlamoqda.

Pekin oʻzining Jamoat xavfsizligi va Mudofaa vazirliklari orqali Markaziy Osiyo mamlakatlarini moddiy-texnik yordam, jumladan qurol-yarogʻ va harbiy texnika bilan taʼminlayapti, dedi u.

Xitoy rejimi “Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga [SHHT] aʼzolikdan xalqaro huquqiy asos sifatida foydalanib Markaziy Osiyoga kirib bormoqda, chunki SHHT iqtisodiy dasturlardan tashqari terrorizm, diniy ekstremizm va narkotrafikka qarshi kurash kabi boshqa yoʻnalishlarni ham oʻz ichiga oladi”, dedi Kakchekeyev.

Xitoy va Rossiya oʻrtasida ixtilof kuchaymoqda

Shu bilan birga, Kakchekeyevning aytishicha, Moskva xavfsizlik borasida oʻz oʻrnini Pekinga berib qoʻymaydi, chunki “Rossiya bu boradagi har qanday yon berishni ortga chekinish deb qabul qiladi”.

Xitoyning mintaqaga harbiy koʻmagi qurol-aslaha bilan taʼminlashdan tortib, qoʻshma harbiy mashgʻulotlargacha turli koʻrinishlarda aks etmoqda, dedi Kiyevdagi Armiya, konversiya va qurolsizlanish boʻyicha tadqiqotlar markazining Osiyo-Tinch okeani hududi boʻyicha rahbari Yuriy Poyta.

“Xitoy oʻzining “yumshoq kuch” siyosati vositasi boʻlmish investitsiya loyihalari Rossiyaning himoyasiga qaram boʻlib qolishini xohlamaydi”, dedi u.

Moskva Markaziy Osiyoning xavfsizlik sohasida Xitoy bilan hamkorlik qilayotganidan norozi, dedi Poyta.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 11

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

... Tarixdan saboq olishmas ekan bular. Komment qoldirayotganlar qozoqlarga qarshi urishishni joʻngʻarlarga kim buyurganini, buning ortida kim turganini esdan chiqarishgan shekilli. Shu bilan birga ular qozoqlar va xitoylar oʻrtasidagi juda koʻp janglarni unutishgan. Joʻngʻarlarga zamonaviy qurollar va minomyotlarni kim yetkazib berganini esdan chiqarishibdi (agar bilmasangiz, buni ruslar qilgan). SSSR 1944-yilda turkiylar tarixini taqiqlaganini (tarixchilarni qamashganini) va har yerda turkiy birlik gʻoyasini bostirganini (150 millionga yaqin xalq) unutishibdi. Butun dunyo rivojiga uning donoligi va tarixi taʼsir qilgan. Shu sababli turkiylarning birlashishi dunyoni oʻzgartiradi, Yevropa va Sharqni (ayniqcha Xitoyni) tenglashtiradi.

Javob berish

Turkiy davlatlar ittifoqini kuchaytirish kerak ana shunda bizni yo‘limiz yana bittaga ko‘payadi kaspiy dengizi ustidan ko‘prik temir yo‘l va avtamabil yo‘llari qurish kerak. Barcha turkiy davlatlar yanada yaqin bo‘lardi ana shunda.

Javob berish

Diniy ekstremizm degan gapni olib tashlang.

Javob berish

Rossiya – eng asosiy dushman ekanligi aniq.

Javob berish

Vladimir Putin strategiyasining oʻziga xos uslubini anglagan odam Rossiyaning Markaziy Osiyoda yaqin kelajakdagi xatti-harakatlari taktikasini osongina bilib oladi. Avvaliga u mintaqa aholisini oʻlar daraja qoʻrqitish uchun MOR ichiga (Markaziy Osiyo demoqchi) Xitoy panjalarining chuqurroq kirib borishiga yoʻl qoʻyib beradi. Keyin esa xaloskor qirol sifatida odamlarni “Sariq ajdaho” iskanjasidan qutqarish uchun yetib keladi... Bunday voqea Suriyada, Chechenistonda ham boʻlgan, yaqinda Moskva meri [Sergey] Sobyaninning karantin choralaridan aziyat chekkan bechora moskvaliklar bilan ham shunday boʻldi. Ammo Rossiya Markaziy Osiyoni hech qachon hech kimga berib qoʻymaydi; biladigan odamlar buni allaqachon anglab yetishgan.

Javob berish

Rossiya do‘st emas, aksincha – dushman

Javob berish

Boʻlmagan gap. Rossiya MOR (Markaziy Osiyo) bilan doim doʻst boʻlgan. Xitoy – vaqtinchalik.

Javob berish

Ikkisi ham doʻst emas, shunchaki har qanday yordam va koʻmak ortida aslida ularni manfaatlari yotadi. Oʻziga manfaat yoʻqmi koʻmak ham dargumon. Ayniqsa bunday keng koʻlamli yordamda. Ikkisi ham oʻzining geosiyosiy pozitsiyalarini kuchaytirishga intilmoqda xolos.

Javob berish

Markaziy Osiyoning eng ashaddiy dushmani – Rossiya. U avval egalik qilgan narsani yana qo‘lga kiritishga umid qilib yashaydi. MDHdagi hech qaysi davlat ortga qaytishni istamaydi; bu haqda hech biri o‘ylayotgani ham yo‘q. Hamma kelajakka intilyapti. Biz Turkiy davlatlar ittifoqini kuchaytirishimiz kerak; bizga eng so‘nggi texnologiyalar, juda ko‘p zavodlar va fabrikalar kerak. Biz butun dunyo bilan savdo aloqalarini o‘rnatishimiz va o‘z harbiy sanoatimizni yaratishimiz zarur. Agar birlashsak bizni hech kim oʻziga qaram qila olmaydi.

Javob berish

Bu juda koʻpku. Markaziy Osiyoga qayoqdan pul ularda.

Javob berish

Bu yil ular bizga 200 km masofaga ucha oladigan Xitoyning bir nechta raketa uchirish qurilmalarini olib kelishadi. Ruslar esa o‘zinikini sotgisi ham kelmagan edi. Kim do‘st, kim dushmanligi ko‘rinib turibdi.

Javob berish