Karvonsaroy
Inson huquqlari

AQSH Qozogʻistonda odam savdosiga qarshi kurashda nodavlat tashkilotlar va politsiyaga koʻmaklashmoqda

Aydar Ashimov

2019-yil 15-avgust kuni Nur-Sulton aholisiga axborot broshyuralari tarqatayotgan huquq-tartibot xodimlari. [Qozogʻiston IIV]

2019-yil 15-avgust kuni Nur-Sulton aholisiga axborot broshyuralari tarqatayotgan huquq-tartibot xodimlari. [Qozogʻiston IIV]

NUR-SULTON – Qozogʻiston hukumati va nodavlat tashkilotlari AQSH koʻmagida odam savdosiga qarshi kurashni davom ettirmoqda.

Qozogʻiston ichki ishlar vazirligining (IIV) xabar berishicha, 12-19-iyun kunlari butun mamlakat boʻylab oʻtkazilgan “STOP trafik” operatsiyasi doirasida odam savdosi bilan bogʻliq 50 ta holat aniqlangan.

Vazirlik maʼlumotiga koʻra, politsiya xodimlari koʻngilochar maskanlar, saunalar, mehmonxonalar, ijara xonadonlari, fermer xoʻjaliklari va qurilish maydonlarida reydlar oʻtkazib, odam savdosi, majburiy mehnat va jinsiy qullik holatlarini fosh etganlar.

Jumladan, Aqtoʻbe viloyatida qullikda saqlanib, chorva mollarini boqish va uy yumushlarini bajarishga majburlangan 49 yoshli ayol topilgan.

AQSH Davlat departamentining odam savdosi bilan bogʻliq soʻnggi hisoboti shuni koʻrsatmoqdaki, Markaziy Osiyoning aksar davlatlari bu muammoga qarshi jiddiy kurash olib bormoqda. [AQSH Davlat departamenti]

AQSH Davlat departamentining odam savdosi bilan bogʻliq soʻnggi hisoboti shuni koʻrsatmoqdaki, Markaziy Osiyoning aksar davlatlari bu muammoga qarshi jiddiy kurash olib bormoqda. [AQSH Davlat departamenti]

Qizlarni baʼzida doʻq-poʻpisa va tahdidlar bilan fohishalik qilishga majburlashadi. Turkiston viloyati, 25-iyun. [Qozogʻiston IIV]

Qizlarni baʼzida doʻq-poʻpisa va tahdidlar bilan fohishalik qilishga majburlashadi. Turkiston viloyati, 25-iyun. [Qozogʻiston IIV]

Shuningdek, Gʻarbiy Qozogʻiston viloyatida 40 yoshli erkak ham xuddi shunday holatga tushgan, uni zoʻrlik bilan ushlab, podachilik qilishga majburlashgan.

Operatsiya davomida voyaga yetmaganlar orasida odam savdosi, mehnat va fohishalikka majburlash maqsadida odamlarni tutqunlikda ushlash hollari aniqlangan.

17 nafar jabrlanuvchi ozod qilingan va hozirda ularga nodavlat tashkilotlar tomonidan yordam koʻrsatilmoqda, bir nechta kishi odam savdosi qurbonlari uchun moʻljallangan inqiroz markaziga yuborilgan.

Jambil viloyatilik advokat Aydos Otorbekovga koʻra, “STOP trafik” tadbiri doirasida aniqlangan jinoyatlar yuzasidan sudgacha tergov jarayoni olib borilmoqda.

Qozogʻiston Jinoyat kodeksining 128-moddasiga koʻra, odam savdosida aybdor deb topilganlarning mol-mulki musodara qilinib, 15 yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin, dedi u.

Odam savdosi qurbonlari “qoʻrquv va jinoyatchilar oʻz jazosini olishiga ishonmagani sababli” kamdan-kam hollarda huquq-tartibot idoralariga murojaat qiladilar, deydi Otorbekov.

Markaziy Osiyoda odam savdosi

Markaziy Osiyoda mavjud boʻlgan odam savdosi qoʻshimcha saʼy-harakatlarni taqozo etmoqda.

AQSH Davlat departamentining iyun oyida eʼlon qilingan odam savdosiga oid yillik hisobotida mamlakatlarning odam savdosiga qarshi kurash standartlarini bajarish yoʻlidagi saʼy-harakatlari baholangan. Unda Tojikiston 2-darajali, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Oʻzbekiston 2-darajali kuzatuv roʻyxatiga, Turkmaniston esa 3-darajaga kiritilgan.

2-darajadagi mamlakatlar minimal standartlarga toʻliq javob bermasa-da, muvofiqlikni taʼminlash uchun “sezilarli choralar” koʻrmoqda. 2-darajali kuzatuv roʻyxatiga kiritilgan davlatlardagi holat bir-biriga oʻxshash, ammo ularda ehtimoliy qurbonlar soni koʻp yoki kurash choralari kuchaytirilgani haqidagi dalillarga ega emas.

3-darajali roʻyxatga hukumatlari minimal standartlarga toʻliq javob bermaydigan va bu borada jiddiy choralar koʻrmayotgan davlatlar kiradi.

Qozogʻistondagi AQSH elchixonasi 24-iyun kuni odam savdosidan jabrlanib, boshdan kechirganlarini soʻzlab bergan Roziyaning hikoyasini chop etgan.

Roziyaning mashaqqatlari uning internetda ish toʻgʻrisida eʼlon topgan kundan boshlandi.

Korxona egasi birinchi kundayoq uning hujjatlarini olib qoʻygan va qaytarib bermagan. Unga olis hududdagi mehmonxona, restoran va bardan iborat majmuada oshpaz va ofitsiant boʻlib ishlash buyurilgan.

Muassasa xoʻjayini unga hech qanday haq toʻlamagan. Roziya qattiq qoʻrqqani uchun unga qarshi bora olmagan.

Restoranga bir necha politsiya xodimi kelgan vaqtda u qutqarishlariga umid qilib, bilagini kesgan. Biroq, politsiyachilar xoʻjayinga qiz bilan hisob-kitob qilishni aytib, ketib qolishgan.

Oʻsha kechada korxona egasi uni doʻpposlab, sotib yuboraman, deb qoʻrqitgan.

Bu voqeadan bir necha kun oʻtib, qiz qochib ketgan.

“Atrof qorongʻu, havo sovuq, qoʻrqinchli edi, ammo qola olmasdim”, deydi Roziya.

Roziya tun boʻyi yoʻl bosib, eng yaqin shahargacha yetib keldi. Oxir-oqibat, ish ham topdi: keksa ayolning uyida qolib, unga qaray boshladi. Ayolning oʻgʻli uni 2001-yildan beri ayollar, bolalar va yoshlarni ekspluatatsiya va zoʻravonlikdan himoya qilish bilan shugʻullanib kelayotgan “Rodnik” (“Chashma”) nodavlat tashkilotiga yuborgan.

AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) 2006-yildan beri jabrdiydalar uchun markaz ochib, odam savdosi qurbonlarini qoʻllab-quvvatlab kelayotgan “Rodnik” nodavlat tashkilotini moliyaviy yordam bilan taʼminlab kelmoqda.

Roziya oʻzining sobiq xoʻjayinini jinoiy javobgarlikka tortishiga intilmagan – bu odam savdosi qurbonlariga xos, deydi tashkilot koordinatorlaridan biri. Ular yo qoʻrqadilar yoki uzoqqa choʻziladigan sud jarayonlaridan oʻtishni istamaydilar.

Odamlar, ayniqsa yoshlar, odamfurushlarning oʻz qurbonlarini qullikka qanday jalb qilishidan ogoh boʻlishlari lozim, deydi Roziya.

“Deyarli har kim odam savdosi qurboniga aylanishi mumkin”, dedi u. “Ayniqsa, qishloq yoshlari tajribasiz ekanliklarni sababli himoyaga muhtoj, chunki ular pul keltiradigan har qanday ish taklifini qabul qilishlari mumkin.”

AQSH koʻmagi

2019-yil sentyabr oyida USAID Markaziy Osiyoning besh mamlakatida xavfsiz migratsiyaga oid loyihani amalga oshirishni boshladi, deb xabar beradi Nur-Sultondagi AQSH elchixonasi Roziyaning hikoyasida.

“Loyihadan koʻzlangan maqsad – jabrdiydalarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, xizmatlar samarasini taʼminlash, maʼlumotlar va siyosatni takomillashtirish va xavf ostidagi guruhlarni himoya qiluvchi tizimlar yaratish orqali odam savdosiga qarshi kurashishdan iborat”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, 2019-yilda AQSH Davlat departamenti Qozogʻistonda odam savdosiga qarshi kurashish uchun “Sana Sezim” qozoq nodavlat notijorat tashkilotiga 750 ming AQSH dollari (303,9 mln. tenge) miqdorida grant ajratdi. 3 yilga moʻljallangan ushbu loyiha doirasida odam savdosidan jabrlanganlarga yordam beradigan tashkilotlar tarmogʻi yaratilgan.

“COVID-19 pandemiyasi tufayli xavflar yanada kuchaydi... Odam savdosi bilan shugʻullanuvchilar pandemiya sababli yuzaga kelgan murakkab sharoitda koʻpchilikning bexabarligidan foydalanmoqda. USAID tomonidan moliyalashtirilgan “Markaziy Osiyoda xavfsiz migratsiya” loyihasi oʻz-oʻzini himoya qilishi va ehtimoliy ekspluatatsiyaga tushib qolmaslik uchun migrantlarni zaruriy maʼlumotlar berish bilan shugʻullanmoqda”, deyiladi elchixona xabarida.

Bir vaqtning oʻzida Markaziy Osiyoning bir necha mamlakati ishtirokidagi tashabbuslar samarali boʻlishi mumkin, deydi chimkentlik siyosatshunos Rayan Dautaliyev.

“Odam savdosi butun Markaziy Osiyo uchun dolzarb muammodir”, dedi Dautaliyev. “Oʻtgan yillarda huquq-tartibot organlari tomonidan qoʻshma tadbirlar oʻtkazilib, bir vaqtning oʻzida Qozogʻiston, Oʻzbekiston va Tojikistonda reydlar amalga oshirildi.”

“Qullik tushib qolgan odamlar savdosi koʻpincha bir davlatdan boshqasiga koʻchadi, shu sababli bunday xalqaro operatsiyalar yaxshi samarali berishi mumkin”, deb qoʻshimcha qildi Dautaliyev.

Uning taʼkidlashicha, USAID va xalqaro tashkilotlar koʻmagi bilan ishlaydigan nodavlat tashkilotlar loyihalari odam savdosiga qarshi kurashishda muhim ahamiyatga ega.

“Odam savdosi jabrdiydalari boshpana bera oladigan va huquq-tartibot idoralariga chiqishga koʻmaklashadigan jamoat tashkilotlariga koʻproq ishonadilar”, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Undan koʻra, virusga qarshi kurashsalaring boʻlmaydimi, dorilar yetishmayapti. Odam savdosiga qarshi kurashishlaringga hali ancha bor.

Javob berish