Karvonsaroy
Salomatlik

YI Markaziy Osiyoda COVID-19ga qarshi kurash uchun 3 mln. yevro ajratdi

Aydar Ashimov

YI taqdim etgan himoya kiyimlaridagi erkak va ikki ayol, 17-iyul, Nur-Sulton. [Qozogʻistondagi YI vakolatxonasi]

YI taqdim etgan himoya kiyimlaridagi erkak va ikki ayol, 17-iyul, Nur-Sulton. [Qozogʻistondagi YI vakolatxonasi]

NUR-SULTON – Dushanba (20-iyul) kuni Yevropa Ittifoqi (YI) “Markaziy Osiyoda COVID-19 inqiroziga qarshi javob choralari” keng qamrovli hamjihatlik yordamini (CACCR) amalga oshirishga kirishdi. Bu haqda YIning Qozogʻistondagi vakolatxonasi xabar berdi.

May oyida karantin cheklovlari yumshatilishi ortidan Markaziy Osiyoda halokatli virus qayta avj olgan edi.

Qiymati 3 million yevroni (1,4 milliard tenge) tashkil etuvchi ushbu yordam dasturi “ asosiy eʼtiborni Qozogʻistonga qaratgan holda” Markaziy Osiyo mamlakatlarining ehtiyojlarini taʼminlashga yoʻnaltirilgan va 2 yil davomida amalga oshiriladi.

“COVID-19 pandemiyasining avj olishi milliy sogʻliqni saqlash tizimimiz qanchalik zaif ekanligini va aholi salomatligi bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlarga yondashuvimizni oʻzgartirish kerakligini koʻrsatdi”, deydi YIning Qozogʻistondagi elchisi Sven-Olov Karlsson.

“Dastur bugungi kunda zarur boʻlgan tibbiy vositalar va uskunalar bilan taʼminlashdan tashqari, laboratoriyalar va kasalxonalarga kelajakda shu kabi pandemiyalarga tayyor turishga yordam beradi” dedi u.

Ishonchli jihozlar

Yordam dasturi doirasida 400 ming toʻplam shaxsiy himoya vositalari va 1000 dona COVID-19 diagnostikasi uchun sinov tizimlari yetkazib beriladi. Qozogʻistonda umumiy hisobda jami 2 millionta PZR (polimer zanjirli reaksiya) testlari olinishi koʻzda tutilgan.

PZR-testlari avvalgi kasallanishdan kelib chiqqan antitanachalarni topish uchun emas, balki ayni vaqtda infeksiya bor-yoʻqligini aniqlash uchun moʻljallangan.

Aprel oyida Xitoyda ishlab chiqarilgan shu turdagi mahsulotlar nuqsonli boʻlib chiqqanidan soʻng, Qozogʻiston oʻzining COVID-19 test toʻplamlarini ishlab chiqishga kirishgan edi.

Dastur doirasida 5000 nafar tibbiy xodim viruslar profilaktikasi va ularni nazorat qilish boʻyicha minimal talablar (IPCR), 400 nafar laboratoriya xodimi esa PZR-testlarini qoʻllash va biologik xavfsizlik boʻyicha qayta tayyorgarlikdan oʻtkaziladi.

“Koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash davom etayotgan va gʻalabacha hali uzoq boʻlgan shunday ogʻir davrda, bu Qozogʻiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari uchun bebaho yordamdir”, deydi chimkentlik shifokor Meruyert Abdualiyeva.

“Sinov toʻplamlari, himoya vositalari va xorijlik hamkasblar tajribasi hozirda shifokorlar uchun juda katta yordam”, dedi u.

Qozogʻistonning pandemiyaga qarshi kurashiga koʻmaklashish maqsadida, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) iyun oyida laboratoriya uskunalari va vositalarini yetkazib bergan edi.

AQSH va Yevropa mamlakatlari shunday ogʻir pallada Markaziy Osiyoga bevosita yordam koʻrsatayotgan bir paytda, Rossiya va Xitoy koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq vaziyatni chalkashtirish maqsadida dezinformatsiya tarqatish bilan mashgʻul boʻlgan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500