Karvonsaroy
Ommaviy axborot vositalari

Facebook AQSHda tartibsizlik keltirib chiqarishga qaratilgan Kremlga aloqador kampaniyani fosh etdi

Karvonsaroy va AFP

Rossiyaning tashviqot mashinasi ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda navbatdagi marotaba dezinformatsiya tarqatishga urindi. (Kenzo TRIBUYAR/AFP)

Rossiyaning tashviqot mashinasi ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda navbatdagi marotaba dezinformatsiya tarqatishga urindi. (Kenzo TRIBUYAR/AFP)

Seshanba (1-sentyabr) kuni Facebook Rossiyaning ijtimoiy tarmoqlardagi dezinformatsiyasiga qarshi kurashdagi soʻnggi chora-tadbirlari doirasida Qoʻshma Shtatlarda siyosiy tartibsizlik keltirib chiqarishga qaratilgan, endigina nish urayotgan Kremlga aloqador kampaniya fosh etilgani haqida xabar bergan.

Kompaniya 13 ta Facebook akkauntidan va oʻzini jurnalist deb koʻrsatgan ikki sahifadan iborat hamda “xorijiy aralashuv” siyosatiga qarshi boʻlgan soʻl progessiv kuchlarni nishonga olgan tarmoqni oʻchirib tashlagan.

Facebook Kremlning “trollar fabrikasi” boʻlgan Internet tadqiqotlari agentligi (IRA) tomonidan amalga oshirilgani gumon qilingan maxfiy operatsiya boʻyicha tergov AQSH Federal qidiruv byurosidan kelib tushgan maʼlumotdan soʻng boshlangan, deb xabar bergan Facebook kompaniyasining xavfsizlik boʻyicha rahbari Nataniel Gleyxer.

“Ular soxta akkauntlarni iloji boricha haqiqiy qilib koʻrsatish uchun katta kuch sarflaganlar”, dedi Gleyxer muxbirlar bilan boʻlib oʻtgan brifingda.

Facebook kompaniyasiga koʻra, guruh “AQSH va Buyuk Britaniyadagi ijtimoiy va irqiy adolat, NATO va YI (Evropa Ittifoqi) siyosati, Gʻarbdagi “ehtimoliy” harbiy jinoyatlar va korruptsiya, ekologik muammolar, Wikileaks asoschisi, Isroil va Falastin oʻrtasidagi tanglik, koronavirus pandemiyasi, gidravlik yorish usuli tanqidi, Frantsiyaning Afrikaga taʼsiri, Jo Bayden va Kamala Xarris kampaniyasi, QAnon, prezident Tramp va uning siyosati, AQSH armiyasining Afrikadagi siyosatlari kabi” mavzularni yoritgan.

Guruh administratorlari suratlar haqiqiy boʻlib koʻrinishi uchun maxsus kompyuter dasturidan foydalanib, onlayn nashr uchun maqolalar yozishga tasodifiy frilanserni yollashgan, deb xabar bergan Facebook.

Xabar qilinishicha, guruh boshqaruvchilari ijtimoiy tarmoqlardan veb-saytga tashriflar sonini oshirish uchun Facebook sahifalarini yaratib, maqsadli reklama joylash uchun ruxsat olishga uringanlar.

“Rossiyalik ijrochilar oʻzlarini yashira oladigan aniq sxemaga rioya qilsalar-da, bu usullarning samarasi tobora kamayib, ularni ertaroq fosh etyapmiz”, deb aytgan Gleyxer.

“Bu ijrochilar ikki oʻt orasida qoladilar: katta tarmoqni ishga tushirsa, tezda fosh boʻladi, kichik tarmoqning esa taʼsir doirasi esa cheklangan boʻladi.”

Rossiya taktikasidagi yangi yoriq

IRA Peace Data deb nomlangan veb-sayt uchun maqola yozishga haqiqiy amerikaliklar yollangan.

Guruh onlayn ish berish platformasida yozuvchilarni yollash boʻyicha eʼlon bergan. Bu haqida Peace Data tashkilotiga maqola yozib bergan amerikalik frilanser yozuvchi New York Times nashriga xabar bergan.

Yozuvchi eʼlonga oʻzining soʻnggi ishlariga havolalarni koʻrsatib javob qaytargan va oʻsha zahoti oʻzi istagan mavzuda yangi maqola yozib topshirish haqida xat olgan.

Oʻzining ilk ishlarida u AQSH prezidentligiga demokratlar tomonidan qoʻyilgan nomzod Bayden soʻlchi amerikaliklarning ovoziga munosib ekanligini savol ostiga olgan.

Veb-sayt oʻzini “xalqaro yangiliklar tashkiloti” deb nomlagan.

1-sentyabr kuni Twitter “rossiyalik ijrochilarga aloqador shaxslar platformadan foydalangani” uchun Peace Data tashkilotiga bogʻliq beshta akkaunt faoliyatini toʻxtatgan.

Joriy haftadagi holatlar Rossiyaning Facebook tarmogʻidagi uzoq tarixga ega dezinformatsiya faoliyatining davomidir.

May oyida koronavirus pandemiyasidan foydalanib, taʼsir kampaniyasini olib borgan Rossiyadagi bir qator ijtimoiy tarmoq akkauntlari Facebook tomonidan oʻchirib tashlangan.

Fevralda ham Facebook Rossiya harbiy razvedkasiga aloqador oʻnlab akkauntlar faoliyatini toʻxtatgan.

Oʻtgan yil oktabr oyida kompaniya Rossiyaga aloqador bir nechta akkauntni oʻchirib tashlaganini maʼlum qilgan edi. Bu akkauntlar egalari AQSHda 2020-yilda boʻladigan saylovlarga aralashishga uringanlar.

2019-yil may oyida ijtimoiy tarmoqlarda qator mintaqalar, jumladan Markaziy Osiyoga qaratilgan, Rossiyadan turib olib borilayotgan zararli taʼsir choralari davom etar ekan, Facebook kompaniyasi Rossiya tarafidan ochilgan sahifalar, guruhlar va akkauntlardan yana bir qanchasini oʻchirib tashlagan edi.

2019-yil mart oyida kompaniya Instagram va Facebook tarmoqlarida zararli taʼsir bilan shugʻullangan Rossiyadagi 2600 dan ortiq sahifa, guruh va akkauntlar faoliyatiga chek qoʻygan.

2018-yil aprel oyida esa Facebook ijtimoiy tarmogʻi dunyo boʻylab jamoatchilik fikriga taʼsir oʻtkazishga urinishda ayblangan Rossiyaning “trollar fabrikasi”ga aloqador yuzlab Facebook va Instagram akkauntlari yopilganini eʼlon qilgandi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 2

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Rossiya dezinformatsiyani kuchaytirib, Markaziy Osiyo mamlakatlarining tobeligini kuchaytirmoqchi. Bu bizning mustaqilligimizga jiddiy tahdiddir.

Javob berish

Nihoyat, ular Rossiya tashviqotiga eʼtibor qaratib, unga qarshi kurashishni boshladilar. Ammo eng yaxshi himoya – bu hujum. Rossiyada norozilik toʻlqini yuzaga keldi. Hammasi Xabarovskda boshlandi. Amerika maxsus xizmatlari bu imkoniyatdan foydalanib qolishi kerak, chunki Putinning reytingi borgan sayin pasaymoqda.

Javob berish