Karvonsaroy
Xavfsizlik

Qirgʻizistonda mamlakatni Rossiyaga qoʻshilishga chaqirayotgan siyosatchilarga qarshi norozilik namoyishi oʻtkazildi

Kanat Altinbayev

30-sentabr kuni Bishkekdan 20 km uzoqlikdagi Qoʻytosh qishlogʻida “Bir bol” (“Bir boʻl”) partiyasining reklama banneri oldida meva-cheva sotayotgan ayol. [Vyacheslav Oseledko/AFP]

30-sentabr kuni Bishkekdan 20 km uzoqlikdagi Qoʻytosh qishlogʻida “Bir bol” (“Bir boʻl”) partiyasining reklama banneri oldida meva-cheva sotayotgan ayol. [Vyacheslav Oseledko/AFP]

BIShKEK – Oʻtgan hafta oxirida yuzlab qirgʻizlar oʻz mamlakati suverenitetini himoyalash va Qirgʻizistonni Rossiyaga qoʻshilishga chaqirgan ayrim siyosatchilarning bayonotlarini qoralash uchun Bishkekka yigʻildilar.

Bu bayonotlar oʻz mamlakatining Sovet Ittifoqidan mustaqilligini qadrlaydigan va 2014-yilda Rossiya qoʻshinlarining Qrimni noqonuniy ravishda egallab olganidan hayratga tushgan qirgʻizlarning taʼbirini xira qildi.

Bunday gʻoya tabiiy resurslarga boy Qozogʻiston uchun ham durust emas, sababi u amalga oshgan taqdirda Qozogʻiston Rossiyaning turli hududlari orasida qolib ketgan boʻlar edi. Qirgʻiziston Rossiya bilan chegaradosh emas.

27-sentabr kuni ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari yakshanba (4-oktabr) kuni boʻlib oʻtadigan parlament saylovlari oldidan tinch namoyish oʻtkazdilar, deb xabar beradi 24.kg nashri.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin (oʻngda) 28-sentabr kuni Rossiyaning Sochi shahrida qirgʻizistonlik hamkasbi Sooronbay Jeyenbekovning qoʻlini siqmoqda. [Mixail Klimentyev/SPUTNIK/AFP]

Rossiya prezidenti Vladimir Putin (oʻngda) 28-sentabr kuni Rossiyaning Sochi shahrida qirgʻizistonlik hamkasbi Sooronbay Jeyenbekovning qoʻlini siqmoqda. [Mixail Klimentyev/SPUTNIK/AFP]

Norozilik namoyishi yaqinda Qirgʻiziston parlamenti deputati Marat Amanqulovning 2019-yili Moskvada soʻzlagan nutqining videotasviri Facebook ijtimoiy tarmogʻida chop etilishi ortidan oʻtkazilgan. Videolavhada u qariyb 30 yil davom etgan mustaqillikdan soʻng Qirgʻiziston Rossiya bilan integratsiyalashishi kerakligi haqida soʻzlagan.

Prezident Sooronbay Jeyenbekovga sodiq deb koʻriladigan “Birimdik” (Birlik) partiyasi rahbari Amanqulov prezidentning ukasi va parlament sobiq spikeri Asilbek Jeyenbekovni parlamentga nomzodlar safiga qoʻshgan, deb xabar beradi AFP.

Uning partiyasi mamlakatni “Yevroosiyolashuv”ga qaytarishni maqsad qilgan, deydi Amanqulov videolavhada Rossiya prezidenti Vladimir Putin va uning atrofidagilar tomonidan ommalashtirilgan atamani qoʻllab.

“Oʻttiz yillik mustaqillik bizga aqlimizni yigʻib, qaytish vaqti kelganini koʻrsatdi”, dedi Amanqulov. “Bizning ildizlarimiz bir. Yevrosiyoda uning butun hududi boʻylab birlashgan davlatgina suveren boʻlishi mumkin”.

“Biz birlashib, integratsiyalashishimiz zarur. Erkin yashash yaxshi, lekin uyga qaytish vaqti keldi.”

“Qirgʻizistondan qoʻlingni tort”

26-sentabr kuni Amanqulov oʻziga qoʻyilgan ayblovlarni rad etar ekan, Moskvada nosiyosiy tadbirda soʻzlaganini aytdi.

Aytish kerakki, joriy yil boshida Putin Kremlning postsovet respublikalarni Moskva nazoratiga qaytarish haqidagi tasavvurini bayon qilgan edi.

19-aprel kuni Putin Sovet Ittifoqini tiklashning “afzalliklari” haqida soʻzlagan.

Oʻtmishning fobiyalari, Sovet ittifoqi va imperiyasining tiklanishiga oid qoʻrquvlarni yengib, birlashish hamma uchun manfaatli ekanligi haqidagi tushuncha oʻzi uchun muqarrar yoʻl ochib bormoqda”, degan edi u “Rossiya-1” davlat telekanali efirida.

Putin va Amanqulovning bunday bayonotlari Qirgʻiziston fuqarolarini gʻazabini qoʻzgʻagan, ularning aksari Amanqulovni Kremlning qoʻgʻirchogʻi deb atab, uni xoinlikda ayblamoqdalar.

Bishkekdagi norozilik namoyishiga chiqqanlar “Mustaqil Qirgʻiziston tarafdorimiz”, “Yoʻqolsin xoinlar”, “Qirgʻiziston mustaqil boʻlib qoladi” va “Qirgʻizistondan qoʻlingni tort” degan shiorlarni ushlab turishgan.

Qirgʻizistondagi mustaqillik va soʻz erkinligi bebaho neʼmat, fuqarolar ular uchun kurashishi kerak, dedi Bishkek markaziy maydonidagi namoyishchilar rahbari.

“Mamlakatimiz Sovet Ittifoqidan mustaqil boʻlganidan soʻng oʻtgan 30 yil ichida yangi, ozod qirgʻizistonlik dunyoga keldi. Biz endi aslo tiz choʻkmaymiz”, dedi u.

“Mustaqil Qirgʻiziston” nomi bilan tanilgan Facebook guruhi aʼzosi, bishkeklik Qunduz Akmatova Omonqulovga ishora qilib, Qirgʻizistonning Rossiyaga qoʻshilishini qoʻllab-quvvatlovchi siyosatchilarni laganbardorlar deb atadi.

“Ular Putinning nogʻorasiga oʻynamoqda. Biz 70 yildan koʻproq vaqt Sovet Ittifoqi deb atalgan bu botqoqqa botib yashadik [1917-1991]. Yana qancha chidash mumkin? Mamlakatimizga laganbardorlar emas, balki haqiqiy islohotchilar kerak”, deb yozgan Akmatova.

Tahlilchilarga koʻra, Qirgʻiziston suverenitetining himoyasiga bagʻishlangan namoyish mamlakat siyosiy hayotida yuz berayotgan zamonaviy tendensiyalarni aks ettiradi.

“Namoyish milliy suverenitet gʻoyasi, uning davlatchilik va siyosiy taqdirni mustaqil belgilash asosi sifatidagi inkor etilmas qimmati va ahamiyati, ayniqsa qirgʻiz siyosatchilarining yangi avlodi orasida tobora ommalashib, mustahkamlanib borayotgani bilan ramziy maʼno kasb etdi”, deydi bishkeklik siyosiy tahlilchi Askat Dukenbayev.

Dukenbayev yaqinda oʻtgan namoyish “Qirgʻiziston siyosiy hayotida burilish nuqtasi” boʻlishiga umid bildirdi.

“Mamlakatdagi taniqli siyosiy arboblarning bu kabi bayonotlari, avvalambor, siyosatchilarning oʻzlari uchun achinarli, zero bunday bayonotlardan keyin ular Putinning Qirgʻizistondagi taʼsiri xizmatkorlariga oʻxshab qolmoqdalar”, deb qoʻshimcha qildi u.

Rossiyaning aralashuvi

Amanqulovning Qirgʻizistonning Rossiya bilan qoʻshilishi haqidagi provokatsion bayonotlariga boshqa qirgʻiz siyosatchilari ham munosabat bildirishgan.

Qirgʻiziston va Rossiyaning birlashuvi masalasi Qirgʻizistonda va Rossiyadagi qirgʻiz diasporasi orasida muhokama qilinmoqda, degan edi Qirgʻizistonning Rossiyadagi sobiq elchisi Raimqul Attokurov 12-sentabr kuni Pravda.ru internet-nashriga intervyusida.

“Birga boʻlish – tarixan taqdirimizda bor. Belorus doʻstlarimiz bilan sodir boʻlayotgan voqealardan aytish mumkinki, xalqaro strategik obyektivlik shuni taqozo etmoqda”, dedi Attokurov.

Moskvadagi qirgʻiz diasporasi tashkiloti – “Qirgʻiz birimdigi” (Qirgʻiz birdamligi) raisi Abdugʻani Shakirov darhol Attokurovning bayonotini rad etgan.

“Qirgʻiz Birimdigi”da vatanimizning boshqa mamlakat tarkibiga kirishi haqida hech qanday munozaralar boʻlmagan va boʻlishi ham mumkin emas. Biz Raimqul Attokurov Rossiyada yashayotgan qirgʻizlar nomidan bu mavzuda gapirishga haqli emas, deb hisoblaymiz, dedi Shakirov 14-sentabr kuni 24.kg nashriga.

“U Qirgʻiziston suverenitetini qadrlashi kerak”, dedi Shakirov.

Attokurov bir necha kundan keyin Ozod Yevropa/Ozodlik radiosining qirgʻiz xizmatiga bergan intervyusida Rossiya nashri uning soʻzlarini buzib talqin qilganini aytgan.

“Ehtimol, ularning (rossiyalik jurnalistlarning) oʻz maqsadlari va manfaatlari bordir”, dedi Attokurov.

Ayrim siyosatchilarga koʻra, Qirgʻiziston va Rossiyaning ehtimoliy birlashuviga oid bu ikki bayonot oʻrtasida bogʻliqlik boʻlishi mumkin.

“Bir Bol” (Bir boʻl) partiyasi aʼzosi, Qirgʻiziston Respublikasining investitsiyalarni himoyalash va ragʻbatlantirish agentligining sobiq direktori Esen Moʻminkulov qirgʻiz siyosatchilarining soʻnggi provokatsion bayonotlari Rossiya razvedkasining saʼy-harakatlari mahsuli ekaniga ishonishini aytgan.

“Mamlakatimiz mustaqilligi siyosatchilarga emas, xalqqa tegishli”, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 12

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Bizning podshoh mamlakatingizni moliyalashtirishni toʻxtatib qoʻydi. Bizning bayrogʻimizni yoqing, rahbarimiz suratini tahqirlang... Keyin Armanistonning kuni boshingizga tushadi. Biz sizga yordamga kelamizmi-yoʻqmi, masala shunda. Imperiyani tark etdingiz; endi yashang. Bizni nega ayblayapsiz? Bizga sizning yeringiz kerak emas; oʻzimizniki yetarli.

Javob berish

Rossiya Qirgʻizistonga yordam berishni butunlay toʻxtatishi kerak, yordam beradigan boʻlsa ham, faqat diasporaga yordam berishi kerak, shunday qilish adolatdan boʻladi. Aks holda, kreditlar yeb yuborilyapti, natija esa yoʻq, keyin qashshoq va jarlikka qulayotgan Rossiya boy va obod Qirgʻizistonning qarzlaridan voz kechadi. Rossiya bundan keyin hech kimni oʻziga qoʻshib olmaydi, agar ularning oʻzlari soʻramasa; oxir-oqibat, ularning oʻzlari soʻraydilar buni. Yana ozgina vaqtdan keyin avvaldan Xitoy tegishli boʻlgan yerlar (Qirgʻiziston) qarzlar oqibatida Xitoyga qaytadi.

Javob berish

Namoyishchilarni toʻliq qoʻllab-quvvatlayman.

Javob berish

Qarshilik iqtisodga zarba bermasligi kerak, lekin mustaqillik uchun kurash oʻzini oqlaydi.

Javob berish

Hozir Rossiya sanksiyalar ostida qolgan. Choʻkayotgan kemaga chiqib nima qilamiz?

Javob berish

Qirgʻiziston mustaqilligi hamma narsadan ustun. Biz Rossiya bilan birlashishni xohlamaymiz.

Javob berish

Oʻzlaringga juda katta baho berib yubormanglar. Bunaqangi ortiqcha yukni Rossiyaga nima keragi bor, sizlarni qoʻshib olaman deb oʻlib turgani yoʻq, xomxayolga berilmanglar 60190

Javob berish

Namoyishchilarni toʻliq qoʻllab-quvvatlayman. Qashshoq Rossiyaning hech kimga qizigʻi yoʻq.

Javob berish

Nima deyishim mumkin? Bular oʻz tarixlarini unutgan esipast, tentak liberastlar. Bir paytlar qirgʻizlar qoʻqonlik va xitoyliklardan panoh soʻrab Rossiyaga yuzlangan edilar. Endi nega tipirchilaysanlar? Qanaqa suverenitet, jin ursin? Sizlarni allaqachon ichak-chavoqlaringiz bilan birga sotib olishgan. Qumtordan olingan 300 tonnadan ziyod oltin qani? 30 yil davomida barpo etilgan, koʻplab korxonalarga ega sanoat qani, bitta tashlandiq neftni qayta ishlash zavodi bor va uyam Xitoyniki. Nega nochor tilanchilar kabi butun dunyodan sadaqa soʻraysanlar, keyin biror kor-hol yuz bersa, darrov Rossiyaga chopasanlar? Senlarga X kamerasi va demokratiyadan boshqa hech narsa

Javob berish

Rossiya bilan hech qanday ittifoqning keragi yoʻq bizga.

Javob berish

Aynan Rossiya bilan birlashuv Markaziy Osiyoni feodal jamiyatdan madaniylashgan davlatga aylantirdi. Aynan ruslarning yordami bilan maktablar, universitetlar, zavod va fabrikalar qurilgan, davlatga asos solingan.

Javob berish

Aldashni bas qiling, avval hamma narsani yoʻq qildinglar, endi esa tarixni qayta yozmoqchisizlar. Bu yerda kim aborigen ekanligini hayot koʻrsatib boʻldi. Shuncha imkoniyatlarga ega Rossiyani benzokolonkaga aylantirdinglar; haliyam podshohingiz oldida tiz choʻkib, hech qachon sizga tegishli boʻlmagan yerlardagi ekologiyani oʻldiryapsizlar. Oʻtmishda yashashda davom eting, chunki hozirgi zamonga keragingiz yoʻq.

Javob berish