Karvonsaroy
Tahlil

Putin Rossiyadagi tartibsizliklarni kuzatayotgan Markaziy Osiyoliklar koʻz oʻngida “siyosiy murdaga” aylanib bormoqda

Kanat Altinbayev

2-fevral kuni Moskvada muxolifat lideri Aleksey Navalniyni deyarli uch yilga ozodlikdan mahrum etishga oid sud hukmiga norozilik bildirayotgan namoyishchilar. [Kirill Kudryavtsev / AFP]

2-fevral kuni Moskvada muxolifat lideri Aleksey Navalniyni deyarli uch yilga ozodlikdan mahrum etishga oid sud hukmiga norozilik bildirayotgan namoyishchilar. [Kirill Kudryavtsev / AFP]

OLMAOTA – Muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniyning amaldorlar orasidagi korrupsiya boʻyicha tergovi ortidan boshlanib ketgan Rossiyadagi namoyishlar Markaziy Osiyoliklar koʻz oʻngida Rossiya prezidenti Vladimir Putinning taʼsiri va obroʻsiga sezilarli darajada putur yetkazdi, deydi siyosiy tahlilchilar.

Oʻtgan haftadan eʼtiboran qariyb uch yillik qamoq jazosini oʻtay boshlagan Navalniy bir necha yildan beri Putinga qarshi tengsiz kurash olib bormoqda.

Oʻtgan yil avgust oyida Sibirda asabni falajlovchi “Novichok” moddasi bilan zaharlanib halok boʻlayozgan Navalniy Germaniyada davolanib, Rossiyaga qaytishi bilan yana “uxlab yotgan ayiqni uygʻotgan”.

19-yanvar kuni tergov natijalarini oshkor qilgan Navalniy jamoasi Putin uchun “tarixdagi eng yirik pora” evaziga bunyod etilgan Qora Dengiz boʻyidagi 1,3 milliard dollarlik qasr haqidagi ikki soatlik hujjatli filmni YouTube tarmogʻiga joylagan.

Rossiyaning qamoqdagi muxolifat lideri Aleksey Navalniyni qoʻllab-quvvatlab oʻtkazilgan namoyish chogʻida politsiya tomonidan hibsga olingan erkak, 31-yanvar, Moskva. [Aleksandr Nemenov /AFP]

Rossiyaning qamoqdagi muxolifat lideri Aleksey Navalniyni qoʻllab-quvvatlab oʻtkazilgan namoyish chogʻida politsiya tomonidan hibsga olingan erkak, 31-yanvar, Moskva. [Aleksandr Nemenov /AFP]

Qamoqdagi muxolifat lideri Aleksey Navalniyni qoʻllab-quvvatlab oʻtkazilgan miting chogʻida namoyishchilar politsiya bilan toʻqnashdilar, 23-yanvar, Moskva. [Kirill Kudryavtsev / AFP]

Qamoqdagi muxolifat lideri Aleksey Navalniyni qoʻllab-quvvatlab oʻtkazilgan miting chogʻida namoyishchilar politsiya bilan toʻqnashdilar, 23-yanvar, Moskva. [Kirill Kudryavtsev / AFP]

Putinning ittifoqchisi va dzudo mashgʻulotlari boʻyicha sobiq sherigi Arkadiy Rotenberg 30-yanvar kuni Rossiya OAVga intervyu berar ekan, ushbu mulkning egasi ekanligini aytib, shunday dedi: “Kreditorlar koʻp edi. Men bu obyektning benefitsiariga aylandim”.

Ammo iqtisodiy tushkunlikdan sillasi qurigan va Kremlning Navalniyga nisbatan munosabatidan gʻazabga kelgan koʻplab rossiyaliklar bu gapga ishongani yoʻq.

Bu voqea Markaziy Osiyoliklarning ham eʼtiboriga tushgan.

Rossiyadagi siyosiy voqelikning oʻzgarishi

“Uzoq yillar oldin Putin koʻzimizga kuchli lider boʻlib koʻrinar edi”, deydi Orbita.kg saytining siyosiy sharhlovchisi, bishkeklik Mars Abayev. “U oʻz xalqi orasida hurmat-obroʻga ega edi. Bunday keng miqyosli norozilik harakati avval Rossiyada kuzatilmagan.”

Biroq, Rossiyadagi yuz bergan soʻnggi voqealar buning aksini koʻrsatmoqda, dedi u.

“Qirgʻiziston va unga qoʻshni davlatlar rahbarlari yaqin kelajakda Putinga umid qilsa boʻlarmikin deb jiddiy oʻylanib qoladilar, zero u siyosiy murdaga oʻxshab boryapti”, dedi Abayev.

Butun mamlakat boʻylab ikki hafta davom etgan va oʻn minglab odam qatnashgan namoyishlarning Kreml tarafidan shafqatsiz bostirilishini diqqat bilan kuzatib borgan dunyo mamlakatlari rahbarlari ham Navalniyning qamoqqa olinishini qoraladilar.

2-fevral kuni uning ustidan chiqarilgan sud hukmini koʻplab kuzatuvchilar “qonunning ustidan kulish” deb baholagan.

Navalniyning oʻzi bu holatni “bir kishining nafrati va qoʻrquvi” deya taʼrifladi.

“Men tirik qolib, [Putinni] juda qattiq ranjitdim”, dedi u davlat televideniyesida efirga uzatilmagan, ammo YouTube orqali millionlab odam tomosha qilgan sud jarayonidagi nutqida. “Keyinroq men yanada kattaroq jinoyat sodir etdim – yashirinmadim.”

Demokratiya – Rossiya uchun “ekzistensial tahdid”

“Rossiya hukumati Navalniyga qarshi stalinizm qatagʻonlarini eslatib yuboradigan sud mahkamasini oʻtkazdi”, deydi Fransiyaning Le Man shahrida yashovchi “Markaziy Osiyoda inson huquqlari” uyushmasi rahbari Nadejda Atayeva.

Putin Rossiyaga rahbarlik qilar ekan, Markaziy Osiyoda chinakam demokratik islohotlarni kutmasa ham boʻladi, dedi u.

Yevropa Ittifoqi (YI) Navalniyning taʼqib qilinishi uchun masʼul boʻlgan shaxslar va tashkilotlarga qarshi yangi sanksiyalar joriy qilishi lozim, deb qoʻshimcha qildi Atayeva.

Sanksiyalar Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vaziri Xosep Borrell Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashib, oʻzaro aloqalarni muhokama qilganidan bir necha soat oʻtgach, Moskva Polsha, Germaniya va Shvetsiya elchilarini mamlakatdan chiqarib yuborganidan soʻng joriy qilinishi mumkin.

“Moskvadagi ayrim diplomatik vakolatxonalarning noqonuniy tartibsizlik fonidagi xatti-harakatlari tufayli” uch nafar xorijiy diplomat “istalmagan shaxs” deb eʼlon qilindi, deb aytgan Kremlning soʻzchisi Dmitriy Peskov dushanba (8-fevral) kuni jurnalistlarga.

Borrell bu qarorni “qatʼiy qoralar ekan”, avvaliga Yevropaning Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy qilish niyati yoʻqligini aytgan.

Biroq, Brusselga qaytib kelganidan soʻng, u Rossiya Yevropa Ittifoqi bilan konstruktiv muloqotni rad etayotgani va Yevropa bundan xulosalar chiqarishi, jumladan, yangi sanksiyalar joriy qilishi kerakligi haqida gapirgan.

“Aftidan, Rossiya Yevropadan tobora uzoqlashib, demokratik qadriyatlarga ekzistensial tahdid sifatida qarayapti”, dedi u.

Navalniyning jinoiy javobgarlikka tortilishi va Rossiya Federatsiyasiga qarshi ehtimoliy yangi sanksiyalar Markaziy Osiyo davlatlari uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin, deydi Xavflarni baholash guruhi rahbari, olmaotalik siyosatshunos Dosim Satpayev.

Jumladan, Qozogʻiston ham xavf ostida, chunki uni Markaziy Osiyo respublikasi uchun foydadan koʻra koʻproq zarar keltiradigan savdo bloki – Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi Rossiya bilan bogʻlab turadi, dedi Satpayev.

Putin rejimidan hafsalasi pir boʻlganlar

Rossiyada davom etayotgan namoyishlar shuni koʻrsatmoqdaki, norozilik harakatining oʻzagini tashkil etuvchi rossiyaliklarning yangi avlodi ota-onalari koʻz yumgan korrupsiya va avtoritar rejimga toqat qilmaydi.

Bu oʻzgarishlar Markaziy Osiyolik yoshlar siyosiy ongining yuksalishiga xizmat qiladi, dedi Satpayev.

Rossiyada ham, boshqa davlatlarda boʻlgani kabi, ilgari hech qachon siyosatga qiziqmagan yoshlarni jalb qilgan holda TikTok harakati tobora kuchayib bormoqda, dedi u.

“Putinning qasri va uning korrupsiyaviy kirdikorlari haqidagi videolavha yoshlar va ijtimoiy tarmoqlarning yosh foydalanuvchilari orasida juda ommalashib ketdi, ular oʻz vatanlaridagi siyosiy tizim va uning nuqsonlari haqida koʻp narsalarni bilib oldilar”, dedi Satpayev.

Uning soʻzlariga koʻra, Navalniyning tergovi sabab koʻplab rossiyaliklarning koʻzi ochilib, Putinning rejimidan hafsalasi pir boʻlgan.

“Ehtimol, kelajakda rossiyalik yoshlar orasida muxolifatning yangi liderlari va Putin hukumatining tanqidchilari paydo boʻlar”, dedi u.

Soʻnggi yillarda qozogʻistonlik yoshlar ham siyosatga tobora koʻproq qiziqish bildirib, u bilan faol shugʻullanmoqdalar, hukumat choralariga tanqidiy qarab, dolzarb islohotlar yuzasidan oʻz gʻoyalarini ilgari surmoqdalar, dedi Satpayev.

Muxolifatning yangi avlodi

Navalniy muxolifatning xalqqa yaqinroq va oddiy fuqarolar fikrini ochiq aytadigan yangi, zamonaviy avlodini ifoda etadi, deydi inson huquqlari va qonun ustuvorligi boʻyicha Qozogʻiston xalqaro byurosi tahlilchisi, olmaotalik jurnalist Sergey Duvanov.

“Navalniy jamoatchilikka tushunarsiz boʻlgan murakkab siyosiy atamalarni ishlatmaydi”, dedi u. “Oddiy va tushunarli tilda, odamlar oʻzaro gaplashadigan narsalarni soʻzlaydi. Shu bois ham mamlakat aholisi uni qoʻllab-quvvatlamoqda.”

Markaziy Osiyoda nisbatan eng kuchli soʻz erkinligiga ega Qirgʻiziston yoshlari Rossiyadagi norozilik harakatining jadallashuviga nekbinlik bilan qaramoqda.

Yoshlar siyosat ularning hayotiga taʼsir qilishini va ular ham oʻz navbatida siyosatga taʼsir qila olishini anglab yetgani sayin Rossiyada norozilik namoyishlari kuchayishi mumkin, deydi Bishkekdagi Jusup Balasagin nomidagi Qirgʻiziston milliy universiteti talabasi, Chuy viloyatining Qorabolta shahrida yashovchi Nurmat Janibayev.

“Biz sukut saqlaydigan boʻlsak, avtoritar hukumat huquqlarimizni poymol qilishda, xalq mulkini oʻgʻirlashda va bu haqda ochiq gapiradiganlarni taʼqib qilishda davom etadi”, dedi u.

“Yosh avlodning islohotlarga intilishi keksa avlod vakillarinikidan kuchliroq”, dedi u. “Kelajakda mamlakatda yuz beradigan oʻzgarishlarga aynan biz taʼsir qilamiz.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 13

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Rossiyada siyosiy inqirozning boshlanishi. Popkorni olib kelib olish kerak!

Javob berish

Rossiya oʻzgarmaydi; Putin ketsa, oʻrniga Tupin keladi, shohni xalq taxtga koʻtaradi; qullarcha fikrlashdan xalos boʻlish mushkul.

Javob berish

Rossiyaning ortiqcha maqtalgan barqarorligi toʻfon ostida qolyapti.

Javob berish

Rossiya allaqachon murdaga aylanmaganmidi??

Javob berish

Putin oʻz xalqi tomonidan uloqtirilmoqda.

Javob berish

Faqat Putin emas, Rossiyaning oʻzi oʻlik, oʻlimtik kabi sasiyapti.

Javob berish

Qirgʻiziston fikr yuritmoqda... Markaziy Osiyo mamlakatlari... Putin ogʻir vaziyatda qoldimi? Senlar nima chakasanlar? Qanday namoyishlar? Oʻgʻrini himoya qilishga yetti mingta xaromi koʻchaga chiqibdi. Agar eslaringda boʻlsa, Rossiyada 150 million aholi yashaydi, yana yuzmingdan ortiq ruslar Buyuk Rossidan tashqarida yashaydi. Agar kerak boʻlsa kuch idoralariga yordam beramiz va ketlariga Molotov kokteylini tiqamiz... Bizning Vladimir Vladimirovichimizga til tekkiza koʻrma. “Oʻynashmagin arbob bilan, arbob urar har bop bilan.” Oʻz davlatlaring ichida muammoni hal qilib oling; senlarga aql oʻrgatmaymiz, vatanimizda senlarning ham firklaringga tupurib qoʻyganmiz.

Javob berish

Qanaqa 7000? Moskvaning oʻzidayoq kamida 20-30 ming namoyishchi boʻlgan. Chiqishlarga hukumat ruxsat ham bermagan edi. Agar qoʻyib berishganlarida kun isiganda millionlab odam koʻchalarga chiqqan boʻlardi. Putin siyosiy murda.

Javob berish

Rossiyada namoyishlar soni keskin oshdi va ular borgan sari ayovsiz tus olib bormoqda. OMON va politsiyaga qarshilik koʻrsatish holatlari ham qayd etilgan. Keyingi bosqich – ularga molotov kokteyllarining irgʻitilishi boʻladi. Shundan soʻng kuch ishlatar tuzilmalar oʻt ochishga majbur boʻladi. Bu Putin va uning toʻdasiga qarshi ijtimoiy portlash uchun turtki boʻladi.

Javob berish

Bu muttaham, oʻgʻri va uzurpatorning nimasini hurmat qilamiz?

Javob berish

Rossiya Putin bilan! Behuda urinishlar va bemaʼni gap-soʻzlar. Yaxshisi oʻz muammolaringiz bilan shugʻullaning.

Javob berish

Rossiyaning qaysi qismi? Bir oyogʻi goʻrga kirgan qismimi?

Javob berish

2008-yil. “2020-yilga kelib Rossiyaliklar 2700 AQSH dollari oylik olishni boshlaydilar va uch kishilik oilalar kamida 100 kvadrat metrli xonadonga ega boʻlishadi, aholining yarmidan ortigʻi oʻrta sinfga tegishli boʻladi...” Putin Vazirlar mahkamasiga oziq-ovqat talonlari haqida oʻylab koʻrishni taklif qildi.

Javob berish