Karvonsaroy
Jinoyat va adolat

AQSH va YI Kreml tanqidchisi Aleksey Navalniyning zaharlanishi va hibsga olinishi sababli Rossiyaga sanksiya qoʻlladi

Karvonsaroy va AFP

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Kremlda, 1 fevral. [Kreml]

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Kremlda, 1 fevral. [Kreml]

VASHINGTON – Seshanba (2-mart) kuni AQSH Yevropa Ittifoqi (YI) bilan kelishgan holda rossiyalik muxolifat lideri Aleksey Navalniyni zaharlagan va hibsga olgan Kremlga nisbatan jazo chorasi sifatida yetti rossiyalik amaldorga sanksiya eʼlon qildi.

Rasmiylarga koʻra, Qoʻshma Shtatlar Rossiyaga ayrim eksport turlarini ham taqiqlaydi.

Moskva oʻtgan yil avgust oyida Navalniyga qilingan suiqasd ortida turibdi va uni ozodlikka chiqarishi kerak, deydi AQSH rasmiylari.

“Razvedka hamjamiyati Rossiya federal xavfsizlik xizmati (FSB) xodimlari 2020-yilning 20-avgust kuni Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniyni zaharlash uchun asabni falajlovchi “Novichok” moddasini qoʻllaganini yuqori ishonch bilan taʼkidlaydi”, deb aytgan yuqori lavozimdagi AQSH rasmiysi.

Rossiyaning Pokrov shahridagi 2-sonli axloq tuzatish koloniyasi qoshidagi pravoslav cherkovi, 1-mart. Kreml tanqidchisi Aleksey Navalniy “shartli jazo muddatini” buzgani uchun ikki yarim yilga 2-sonli koloniyaga yoʻl olgan. [Dimitar Dilkoff/AFP]

Rossiyaning Pokrov shahridagi 2-sonli axloq tuzatish koloniyasi qoshidagi pravoslav cherkovi, 1-mart. Kreml tanqidchisi Aleksey Navalniy “shartli jazo muddatini” buzgani uchun ikki yarim yilga 2-sonli koloniyaga yoʻl olgan. [Dimitar Dilkoff/AFP]

“Biz Rossiyaga kimyoviy quroldan foydalanish oqibatlari borasida aniq signal yuboryapmiz”, dedi boshqa bir Amerika rasmiysi.

Bu bayonot YIga aʼzo mamlakatlarning Navalniyni hibsga olishga aloqador toʻrt nafar rossiyalik yuqori lavozimli mansabdorga nisbatan sanksiyalar qoʻllashi ortidan eʼlon qilingan.

Sanksiyaga tushgan rossiyalik rasmiylarga YI yoki AQSH hududiga kirish taqiqlanadi, ularning Gʻarb mamlakatlaridagi har qanday aktivlari muzlatiladi.

“Bu kabi xatti-harakatlar biz uchun nomaqbul ekanligini aniq bildirish uchun ittifoqchilar va hamkorlarimiz bilan birgalikda zarur choralarni koʻramiz”, deb aytgan AQSH davlat kotibi Entoni Blinken seshanba kungi intervyuda.

44 yashar Navalniy Sibirdan Moskvaga uchgan reys chogʻida hushini yoʻqotgach, Rossiyaning Omsk shahridagi shifoxonaga yetkazilgan, keyinroq tibbiy samolyotda Berlinga olib kelingan edi. U Germaniyada davolanib, salomatligini tiklagan.

Asabni falajlovchi moddani qoʻllash

Germaniya poytaxtidagi mutaxassislar muxolifatchining Sovet davrida ishlab chiqarilgan “Novichok” asabni falajlovchi moddasi bilan zaharlangani haqida xulosa chiqarishgan.

Rossiya federal xavfsizlik xizmatining bir guruh kimyoviy qurollar mutaxassislari Navalniyni bir necha yildan beri, jumladan u zaharlangan kuni ham kuzatib kelgan– bu dekabrda ommaviy axborot vositalari oʻtkazgan tekshiruv davomida maʼlum boʻlgan.

2018-yil Angliyada rossiyalik ikki tomonlama josus Sergey Skripal va uning qizi Yuliyaning hayotiga qilingan suiqasdda ham “Novichok” ishga solingani aytib oʻtilgan. Bu ikkovlon omon qolgan boʻlsa-da, ularga aloqador boʻlmagan angliyalik ayol hayotdan koʻz yumgan.

Rossiya rasmiylari bu xabarni bir necha bor rad etishgan.

17-yanvar kuni Moskvaga qaytib kelgan Navalniy qoʻlga olingan edi.

Rossiyaning jazoni ijro etish federal xizmati Navalniy siyosiy sabablarga koʻra firibgarlikda ayblanib, 2014-yilda unga belgilangan shartli jazo muddatini buzgani uchun qoʻlga olingani haqida xabar bergan.

Navalniyning qamoqqa olinishi va uning hukumatdagi korrupsiyaga oid tergovlari, jumladan Rossiya prezidenti Vladimir Putin egalik qilgan va “eng ulkan pora evaziga” barpo etilgan Qora dengiz boʻyidagi 1,35 mlrd. dollarlik qasr Rossiya boʻylab qator noroziliklarga sabab boʻldi.

Namoyishchilarga hujum

Mamlakat koʻchalariga chiqqan yuz minglab namoyishchilarning talablarini inobatga olish oʻrniga, Kreml oʻz fuqarolariga hujum qildi.

23-yanvar kuni mamlakatning 120 dan ziyod shahrida 3700 dan ortiq namoyishchi qoʻlga olingan, deb xabar beradi mitinglarni kuzatib borayotgan “OVD Info” nashri. Namoyishchilar Navalniyning hibsga olinganini qoralagan.

Maʼmuriyatning yuqori lavozimli rasmiylaridan birining jurnalistlarga maʼlum qilishicha, Qoʻshma Shtatlar Navalniy, uning safdoshlari va Rossiyada noqonuniy ravishda hibsga olingan boshqa shaxslarning ozod etilishini talab qilmoqda, deb xabar beradi Bloomberg News.

Rasmiylarga koʻra, yaqin haftalarda Qoʻshma Shtatlar Rossiya bilan bogʻliq boshqa xavotirli masalalar boʻyicha razvedka maʼlumotlarini ochiqlaydi.

Mojaroli masalalar orasida Rossiyaning Afgʻonistondagi AQSH harbiylarini oʻldirish uchun Tolibonga aloqador jangarilarga yirik pul mukofotlari bergani va Moskvaning 2019-yilda AQSH idoralari va kompaniyalarini vayron qilgan SolarWinds ommaviy xakerlik hujumi ortida turganiga oid dastlabki maʼlumotlar bor.

Seshanba kuni Kreml sanksiyalar joriy etilishini qoralab chiqqan edi.

“Bu choralarga qaramlikni davom ettirayotganlar... ehtimol, biroz oʻylab koʻrishlari kerak: ular bunday siyosatni davom ettirish bilan qanday maqsadga erishyaptilar?” dedi Kreml matbuot voizi Dmitriy Peskov.

“Buning javobi aniq: bu siyosat koʻzlagan natijani bermayapti”, deb qoʻshimcha qildi u.

Ayni paytda tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Moskva Gʻarbning choralariga “javob qaytarishi aniq” deb tahdid qildi.

Diplomatiyaning qoidalaridan biri – javob choralarini hali hech kim bekor qilgani yoʻq”, dedi u Oʻzbekistonda oʻtgan brifing chogʻida.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 4

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Rossiya mutlaqo qonunsiz va politsiya davlatidir. Navalniy buni isbotladi.

Javob berish

Men Navalniy tarafman!

Javob berish

Navalniyga ozodlik!

Javob berish

Gʻarb toʻgʻri ish qildi, Navalniyga zulm qilayotgan Rossiyani jazolab

Javob berish