Karvonsaroy
Inson huquqlari

Moskvadagi huquq faollari ruslarni Suriyadagi huquqbuzarliklarni tan olishga chaqirmoqda

Karvonsaroy va AFP

Suriyaning Turkiya bilan chegaradosh Deruna Arxa tumanida harakatlanayotgan rossiyalik askarlarni kuzatib turgan suriyalik bolakaylar. [Delil Sulaymon/AFP]

Suriyaning Turkiya bilan chegaradosh Deruna Arxa tumanida harakatlanayotgan rossiyalik askarlarni kuzatib turgan suriyalik bolakaylar. [Delil Sulaymon/AFP]

MOSKVA – Moskvadagi huquqbon guruhlar Rossiyani Suriyadagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni tan olishga chaqirar ekan, juma (2-aprel) kuni mamlakatning oʻn yillik mojaroda tutgan oʻrni toʻgʻrisidagi qoralovchi hisobot eʼlon qilingan.

Suriya urushi boshlanganiga 10 yil toʻlishi munosabati bilan eʼlon qilingan ushbu hisobot Rossiya aralashgan mojaro tarixidagi birinchisi boʻlib, mamlakatning Suriyadagi harbiy harakatlari qurbonlariga oydinlik kiritish maqsadini koʻzlaydi.

“Aksariyat rossiyaliklar uchun davlat OAV Suriya haqidagi yangiliklarning asosiy manbai hisoblanadi. Ularda asosan tinch aholining terrorchilar va hukumatga qarshi qurolli muxolifat guruhlaridan aziyat chekayotgani haqida gapiriladi, Suriya hukumatining harbiy jinoyatlari, inson huquqlarini qoʻpol va muntazam ravishda buzayotgani borasida esa sukut saqlanadi”, deyiladi hisobotda.

“Rossiya davlat ommaviy axborot vositalari hammaga maʼlum sabablarga koʻra, bomba hujumlarining qurbonlari haqida yoki Rossiyaning Suriyadagi harbiy harakatlari tufayli tinch aholining koʻchishga majbur boʻlayotganini yoritmaydi”, deb qoʻshimcha qilinadi unda.

Suriyaning Idlib viloyati, Al-Fua shahridagi Rossiya havo zarbalaridan soʻng qurbonlar va tirik qolganlarni izlayotgan “Oq dubulgʻalilar”, 2-mart, 2020-yil. [Umar Haj Kadur/AFP]

Suriyaning Idlib viloyati, Al-Fua shahridagi Rossiya havo zarbalaridan soʻng qurbonlar va tirik qolganlarni izlayotgan “Oq dubulgʻalilar”, 2-mart, 2020-yil. [Umar Haj Kadur/AFP]

“Natijada, Rossiya jamoatchiligi Suriyada kimni va nimani qoʻllab-quvvatlayotganimizni, bu urush bizga qanchaga tushayotgani va urush umrida qoʻliga qurol olmagan tinch fuqarolarga qancha azob-uqubatlar olib kelganini toʻgʻri baholash uchun yetarli maʼlumotga ega emas.”

Hisobot xulosalari Moskvaning rasmiy bayonotidan hamda “terrorchilarni” yoʻq qilish va Bashar Asad hukumatini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2015-yildagi aralashuv uchun prezident Vladimir Putin tarafidan Rossiya harbiylariga bildirilgan maqtovlardan keskin farq qiladi.

Rossiyaning eng taniqli huquqbon tashkiloti – “Memorial” va boshqa bir qator tashkilotlar tomonidan tayyorlangan 200 sahifalik hisobot Suriyadagi voqealarning 150 dan ortiq guvohlari bilan suhbatlarni oʻz ichiga olgan.

“Suhbatdoshlarimizning aksariyati Rossiyani najotkor deb emas, balki oʻz harbiy va siyosiy aralashuvi bilan mamlakatni boshqarayotgan harbiy jinoyatchini kuchaytirishga koʻmaklashgan buzgʻunchi xorijiy kuch deb biladi”, deydi huquqbon tashkilotlar.

“Soʻralganlardan ayrimlari oʻzi yoki yaqinlarining Rossiya bombardimonlaridan jabr koʻrganini aytgan.”

Hisobotda Rossiya Suriyadagi qator jinoyatlarda, jumladan tinch aholini ommatan bombardimon qilishda va oddiy fuqarolarga hujum qilgan, kimyoviy qurol qoʻllagan va shaharlarni qamal qilib, odamlarni ochlik bilan qiynash kabi keng miqyosli vahshiyliklar sodir etgan Suriya rejimini qoʻllab-quvvatlashda ayblangan.

Xavfli rejimni dastaklash

Hisobotda Moskva Rossiya armiyasining Suriyadagi bombardimonlari boʻyicha mustaqil tergov oʻtkazishga va qurbonlarga kompensatsiya toʻlashga chaqirilgan.

Ikki yil davomida ushbu hisobotni tayyorlash bilan shugʻullangan mualliflar Suriyaga kira olmaganlar va urushdan qochib, Livan, Turkiya, Germaniya, Rossiya va boshqa mamlakatlarga borgan suriyaliklar bilan suhbatlashganlar.

Rossiyaning aralashuvi Suriya rejimini yanada tetiklantirdi, deydi 2013-yildan 2016-yilgacha qamalda boʻlgan Xoms shahrining Al-Vayr tumanida yashagan ayol.

“Olti oy ichida Rossiya bomba hujumlari tufayli ikki yildan ortiq davom etgan Suriyadagi bombardimonlarga qaraganda koʻproq qurbonlar berildi”, deydi bir vaqtlar atigi 33 kg tosh bosgan ayol.

Kampaniya tashabbuskorlari bu tadqiqotni imkon qadar koʻproq rossiyaliklar oʻqishi va “ularning nomidan Suriyada sodir etilayotgan ishlar uchun javobgarlikni anglashi” kerakligini aytganlar.

“Suriyalik suhbatdoshlarimizning ruslarga nisbatan qanday munosabatda ekanligini bilish biz uchun ogʻriqli va uyatli boʻldi”, deydi ular.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Rossiya Suriya xalqi uchun muhim rol oʻynashi kerak, rejim uchun emas.

Javob berish