Karvonsaroy
Inson huquqlari

Suriyadagi urushda rejim qiynoqlaridan qurbon boʻlganlar soni 42 ming kishiga yetdi

Karvonsaroy va AFP

2017-yilda olingan surat: suriyalik rassom Azza Abu Robiya tomonidan 2014-2016-yillarda Suriya rejimi qoʻlga olgan yoki oʻgʻirlab ketgan doʻstlarining suratlari aks ettirilgan. Urush davrida 40 mingdan ortiq kishi Suriya qamoqlaridagi qiynoqlardan oʻlgani taxmin qilinadi. [Anvar Amro/AFP]

2017-yilda olingan surat: suriyalik rassom Azza Abu Robiya tomonidan 2014-2016-yillarda Suriya rejimi qoʻlga olgan yoki oʻgʻirlab ketgan doʻstlarining suratlari aks ettirilgan. Urush davrida 40 mingdan ortiq kishi Suriya qamoqlaridagi qiynoqlardan oʻlgani taxmin qilinadi. [Anvar Amro/AFP]

Suriyada 10 yil davom etgan urushda deyarli yarim million kishi qurbon boʻlgan, deya xabar bergan Suriya inson huquqlari observatoriyasi seshanba (1-iyun) kuni yaqinda tasdiqlangan 100 ming qurbonni oʻz ichiga olgan raqamlarni ochiqlar ekan.

Observatoriyaga koʻra, 2011-yilda Rossiya qoʻllovidagi rejimning hukumatga qarshi namoyishlarni bostirishi ortidan boshlangan nizo 494438 odam hayotiga zomin boʻlgan.

Joriy yilning mart oyida eʼlon qilingan raqamlarda 388 ming qurbon qayd etilgan edi.

“Barcha qiyinchiliklar, toʻsiqlar va haddan ziyod bosimlarga qaramay” observatoriya hujjatlashtirish jamoasining olti oylik saʼy-harakatlari natijasida yana 105015 ta oʻlim holatini qayd etishga muvaffaq boʻlgan.

Rejim qamoqxonasidan ozod etilgan suriyalik mahbus Aleppo janubidagi al-Ays chegara punktida muxolifatchi askar bilan quchoqlashib koʻrishmoqda, 2018-yil, 19-iyul. [Umar Haj Qodir/AFP]

Rejim qamoqxonasidan ozod etilgan suriyalik mahbus Aleppo janubidagi al-Ays chegara punktida muxolifatchi askar bilan quchoqlashib koʻrishmoqda, 2018-yil, 19-iyul. [Umar Haj Qodir/AFP]

Observatoriya rahbari Rami Abdul Rahmon soʻnggi raqamlarni tilga olar ekan, “qurbonlarning aksari 2012-yil oxiri va 2015-yil noyabrda halok boʻlganini” aytdi.

Yaqinda tasdiqlangan oʻlim holatlarining 42 mingdan ortigʻi oddiy fuqarolar, ularning aksari Suriya rejimi qamoqxonalaridagi qiynoqlardan koʻz yumgan, deb xabar beradi observatoriya.

Urushdagi tanaffus jamoaga hujjatlar yetishmagani sabab umumiy qurbonlar roʻyxatiga qoʻshilmay qolganlarning oʻlimini tergov qilishga imkon berdi, deydi Abdul Rahmon.

“Bizda dalillar yetishmagan bir necha oʻn minglab oʻlim holatlarini hujjatlashtirish imkoni paydo boʻldi”, deydi u.

Avvalgi taxminlarga koʻra, observatoriya kamida 100 ming kishi qiynoqlar yoki rejim qamoqlaridagi dahshatli sharoitlar tufayli qurbon boʻlgan deb hisoblagan. 2011-yildan beri Suriya qamoqlariga yarim million kishi joylashtirilgan.

Aprel oyida Moskvadagi huquqbon tashkilotlar oʻn yillik nizoda davlatning tutgan mavqeini qoralovchi hisobotni eʼlon qilib, rossiyaliklarni Suriyadagi qiynoqlar uchun javobgarlikni tan olishga chaqirgan edi.

Suriya urushi boshlanganining 10 yilligi munosabati bilan eʼlon qilingan ushbu hisobot rossiyalik huquqbonlarning mojaroga oid ilk tadqiqoti boʻlib, mamlakatning Suriyadagi jangovar harakatlari qurbonlariga oydinlik kiritishga qaratilgan.

Hisobot xulosalari Moskvaning rasmiy versiyasi va prezident Vladimir Putinning 2015-yilda “terrorchilarni” yoʻq qilish hamda Bashar Asad hukumatini qoʻllab-quvvatlashdagi Rossiya armiyasi ishtirokini olqishlashidan keskin farq qiladi.

2020-yilgi taxminlarga koʻra, Rossiya harbiy samolyotlarining fuqarolik obyektlari, jumladan, shifoxonalarni qasddan bombalashi natijasida 6500 kishi halok boʻlgan va milliondan ortiq odam boshpanasiz qolgan.

Rossiya rejimi suriyaliklarni bombalashdan tashqari, Suriyaning kimyoviy qurol qoʻllashiga oid tergovlarga muttasil toʻsqinlik qilib Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) Suriyadagi faoliyatiga “gʻov boʻlib kelgan”.

“Shafqatsiz munosabat va qiynoqlar”

Asad rejimi mahbuslarga nisbatan shiddatli munosabati bilan tanilgan boʻlib, uning qiynoqlar qoʻllashi yaxshi hujjatlashtirilgan.

Suriyalik muallif Gʻada Bakirning 2018-yilda chop etilgan “Qamoqxonalar soʻzlaganda” kitobida Idlib viloyatining oʻzida rejim hibsga olgan va qiynoqlar natijasida qamoqxonada halok boʻlgan 600 kishi tilga olinadi.

Bakirning aytishicha, kitob ustida ishlar ekan, ayrim oilalarning farzandlari oʻlganini tan olmagani – eng ogʻriqli muammo boʻlgan.

Ularning aksariyati hali ham farzandlarining tirik ekani va qachondir qaytib kelishiga umid qilib yashaydi, dedi u.

Suriya boʻyicha BMT tergov qoʻmitasining 1-mart kungi hisobotida aytilishicha, rejim yoki rejimparast kuchlar tomonidan qoʻlga olingan erkaklar, ayollar, oʻgʻil bolalar va qizlarga nisbatan noinsoniy munosabatda boʻlish, jumladan zoʻrlash holatlari kuzatilgan.

“Suriya hukumati tomonidan qoʻllanilgan kamida 20 xil qiynoq turlari hujjatlashtirilgan”, deyiladi hisobotda.

“Jumladan elektroshokerlardan foydalanish, tana aʼzolarini kuydirish, tirnoqlar va tishlarni sugʻurib olish, qatl bilan qoʻrqitish, mahbuslarni mashina gʻildiraklariga bogʻlash, uzoq muddatga tananing bir yoki bir necha qismidan bogʻlab osib qoʻyish, chormixga tortish kabilar amalga oshirilgan, bularning hammasi shafqatsiz kaltaklash bilan birga olib borilgan.”

Asadni javobgarlikka tortishga urinishlar

AQSh hukumati 2019-yilda Asad rejimini sodir etilgan jinoyatlar uchun javobgarlikka tortish maqsadida Fuqarolarni himoya qilish boʻyicha Tsezar qonunini qabul qilgan.

Asad oʻtgan hafta “soxta” prezident saylovlari bilan hokimiyat tepasida qoldi. Xalqaro kuzatuvchilar erkin va na adolatli oʻtmaganini taʼkidlamoqda.

Qonun 2013-yilda Suriya qamoqxonalaridagi vahshiyliklar, ayrimlarida dahshatli holatdagi peshonasiga raqam qoʻyilgan jasadlar aks etgan 55 mingta fotosurat bilan chet elga qochgan “Tsezar” taxallusli suriyalik sobiq harbiy fotosuratchining sharafiga shunday nomlangan.

Qonun dunyo boʻylab rejim bilan aloqada boʻlgan kompaniyalarni jazolaydi va Suriyadagi jinoyatchilar javobgarlikka tortilmagunicha, AQSHning tiklash ishlari boʻyicha yordamini toʻxtatib turadi.

Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari 31-mart kuni Suriya rejimidan, shuningdek ekstremistik va boshqa qurolli guruhlardan mojaro boshlangandan beri sodir etilgan harbiy jinoyatlar uchun “javobgarlik” talab qilishlarini aytganlar.

“Mamlakatlarimiz harbiy jinoyatchilar va zolimlarning jazosiz qolmasligiga erishish yoʻlida qatʼiy”, deyiladi 18 nafar vazirning Frantsiya tashqi ishlar vazirligi veb-saytida eʼlon qilingan qoʻshma bayonotida.

“Biz Suriyada sodir etilgan vahshiyliklarga jim qarab turmaymiz, buning uchun birinchi navbatda rejim va uning tashqi tarafdorlari javobgar”, deyiladi bayonotda.

“Jazosizlikka qarshi kurashishi va Suriyada sodir etilgan jinoyatlar uchun javobgarlik talab qilish har kimning vazifasidir.”

Rejim va uning ittifoqchilari eng katta ziyon keltirmoqda

Observatoriya tomonidan eʼlon qilingan yangi raqamlarga koʻra, Suriyada davom etayotgan urushda halok boʻlgan oddiy fuqarolarning umumiy soni 159 774 tani tashkil etmoqda, ularning aksari Suriya rejimi kuchlari va ittifoqchi qurolli guruhlar hujumi tufayli halok boʻlgan.

Eron Islomiy inqilob qoʻriqchilari korpusining “Quds” kuchlari tomonidan tashkil qilingan va boshqariladigan safarbar kuchlari, jumladan Fotimiyun boʻlinmasi ham Suriya rejimini iqtidorda ushlab turish va uning raqiblarini bostirish ishlariga ham yashirin, ham ochiq tarzda aralashgan.

Shuningdek, Suriya rejimi Rossiya qanoti ostidagi safarbarlik kuchlari va “xususiy qoʻriqlash kompaniyalarini” qoʻllab-quvvatlaydi.

Observatoriya 2011-yildan beri hukumat qamoqxonalari va hibsxonalarda yuz bergan kamida 57,567 ta oʻlim holatini hujjatlashtirgan. Mart oyida 16000 ta oʻlim tasdiqlangan edi.

Shuningdek, Suriyalik askarlar va ittifoqchi jangari guruhlar orasida 168 326 oʻlim qayd etilgan, bu qoʻshinlar sonining yarmidan koʻpini tashkil qiladi.

Mojaro tufayli 68393 nafar ekstremist – ularning aksariyati “Islom davlati” (ID) aʼzolari yoki “Al-Qoida”ga aloqador guruhlar – jumladan “Tahrir ash-Shom”, shuningdek boshqa muxolif guruhlarning 79844 nafar aʼzosi oʻldirilgan.

Observatoriyaga koʻra, koronavirus pandemiyasi davrida asosiy eʼtibor COVID-19 virusiga qarshi kurashga qaratildi va 2020-yilda urush boshlanganidan beri nizo bilan bogʻliq oʻlimlar holatlari soni eng kam darajaga tushib, 10 ming qurbonni tashkil etgan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Rossiya, Eron va Asad buning uchun javobgarlikka tortilishi kerak.

Javob berish