Karvonsaroy
Iqtisodiyot

Qozogʻistonda migrantlarning ish haqi va mehnat sharoitlari yaxshilanmoqda

Kseniya Bondal

Olmaotadagi qurilish maydonlaridan biri, 2019-yil, 11-dekabr. [Kanat Altinbayev/Karvonsaroy]

Olmaotadagi qurilish maydonlaridan biri, 2019-yil, 11-dekabr. [Kanat Altinbayev/Karvonsaroy]

OLMAOTA – Yashash va ishlash sharoitlarini yaxshilayotgan Qozogʻiston qoʻshni mamlakatlardan kelgan migrantlar uchun tobora jozibador boʻlib bormoqda.

Qozogʻistonda qolgan va ishlayotgan aksar migrantlar xizmatiga talab oshgani sabab, ular oʻtgan yildagidan koʻproq ish haqi olmoqdalar.

Joriy yilning birinchi choragida Qozogʻiston hukumati tarafidan ishlash uchun jami 70634 ta ruxsatnoma berilgan va uzaytirilgan, deb xabar qiladi Qozogʻiston ichki ishlar vazirligi.

“Hozirda jiddiy ishchi kuchi tanqisligi sezilmoqda, chunki hamma ishchilar oʻz uylariga, Oʻzbekiston va Tojikistonga ketishgan”, deydi Olmaotada migrantlardan iborat qurilish jamoalarini boshqaradigan kompaniya egasi Aman Seytkaliyev.

Olmaota markaziy bozorida quritilgan mevalar bilan savdo qilayotgan oʻzbekistonlik mehnat migranti, 13-iyun. [Kseniya Bondal/Karvonsaroy]

Olmaota markaziy bozorida quritilgan mevalar bilan savdo qilayotgan oʻzbekistonlik mehnat migranti, 13-iyun. [Kseniya Bondal/Karvonsaroy]

“Bu yil (pandemiya tufayli) chegaralar yopilgani sabab, ularning xizmatlari oʻrtacha 30 foizga qimmatlashdi”, dedi u.

“Oʻtgan yili bahor-yoz va yoz-kuz mavsumlarida men oddiy quruvchilarga oyiga oʻrtacha 100000-110000 (233-257 dollar) tenge toʻlagan boʻlsam, bu yil kamida 150000 tenge (350 AQSH dollari) toʻladim”, dedi Seytkaliyev.

“Agar usta koʻp ishlarni qila olsa – masalan, kafel terish, metall konstruksiyalarni payvandlash va h.k. – uning narxi mutaxassis sifatida oyiga 300000 tengegacha (700 dollar) koʻtarilishi mumkin”, deb qoʻshimcha qildi u.

Tobora koʻproq migrantlar shu kunlarda Rossiyadan koʻra koʻproq Qozogʻistonni afzal koʻrmoqdalar, deydi Seytkaliyev.

“Ular [Markaziy Osiyolik mehnat migrantlari] ilgari Rossiyaga borishga mushtoq edilar, ammo endi bunga nima hojat? Mehnatdan qochmaydiganlar Qozogʻistonning oʻzida talash”, dedi Seytkaliyev.

Asli toshloqlik Oʻzbekiston fuqarosi, 45 yashar Bahodir Usmonov 2016-yildan beri Qozogʻistonda ishlaydi.

U Nur-Sultonda kvartiralarni taʼmirlash bilan shugʻullanadi. Oʻtgan yili rafiqasi va bolalarini Qozogʻistonga olib kelgan.

“Xotinim va men Oʻzbekiston fuqarosimiz, lekin Qozogʻistonda yashaymiz. Chunki ishim doim shu yerda, oilamni koʻrishga faqat qishda borar edim. Ammo bu holat uzoq davom eta olmasdi va men ularni bu yerga olib kelishga majbur boʻldim”, dedi u.

“Mehnat migrantlari uchun eng muhimi, qonun bilan bogʻliq muammolarga duch kelmaslik va favqulodda vaziyatlarda davolana olish uchun migratsiya politsiyasida roʻyxatdan oʻtish”, dedi Usmonov.

Usmonov va uning ikki ukasi ilk marta Qozogʻistonga 2010-yilda kelgan, ular Olmaota yaqinida dala hovli qurayotgan oʻzbekistonlik ishchilar jamoasiga qoʻshilgan edilar.

“Keyin boshqa yigitlar bilan Rossiyaga borishga qaror qildik. Avvaliga Omskda, qurilishda ishladik va bir vaqtning oʻzida pardozlar ishlarini oʻrgandik, keyin Krasnoyarskka yoʻl oldik”, dedi u.

Oʻsha paytda Rossiyada ishlash manfaatli edi, ammo politsiyaning noinsoniy munosabati, baʼzida vaʼda qilinganidan kamroq haq toʻlaydigan xonadon egalari va sifatsiz turmush sharoitlari kabi koʻplab qiyinchiliklarga chidash kerak edi.

Endi esa Rossiyadan koʻra Qozogʻistonning yirik shaharlarida ishlash yaxshiroq, deydi u.

“Birinchidan, odamlarga Rossiyadan koʻra, bu yerga kelib ishlash arzonroqqa tushadi. Ikkinchidan, bu yil Qozogʻistonda ish haqlari oshgan. Ilgari ish haqi va shartlarini ish beruvchilar belgilab bergan boʻlsa, endi quruvchilarning oʻzi belgilamoqda”, dedi Usmonov.

“Ikkala taraf ham mamnun”

Olmaotalik Yekaterina Savchenkoning dala hovlisida toʻrt nafar oʻzbekistonlik quruvchi ishlaydi.

“Ularni bu yerga olib kelish uchun biz oʻz yonimizdan samolyot chiptalarini olib berdik, yoʻlkira xarajatlari umumiy hisobda 600 ming tengeni (1400 dollar) tashkil etdi. Biz ular uchun xorijiy ishchi kuchi sifatida soliq toʻlaymiz, sugʻurtasi pulini beramiz, ularga yangi pasportlar qilib berdik”, dedi u.

Ishchilardan biri – qoʻqonlik 52 yashar Shuhrat Oripov.

“Men xususiy buyurmalar boʻyicha uy qurish bilan shugʻullanaman. Jamoamiz toʻrt kishidan iborat”, dedi u. “Biz bilan ishlaydigan odamlar bizga juda maʼqul. Ular doim bizga yordam berishga harakat qilishadi, bizga oʻz vaqtida materiallarni yetkazib turishadi, kasal boʻlib qolsak, haq olmasdan parvarishlaydilar va oʻz hisoblaridan kuniga uch mahal ovqatlantiradilar”.

“Hech qachon Rossiyaga bormaganmiz, borish niyatimiz ham yoʻq. Bu yerda qoʻlimizga kelib tushadigan maosh 200 ming tengeni tashkil etadi (oyiga 467 dollar), halol ishlab topadiganimiz shu. Hamma rozi: biz ham, ular ham”, dedi Shuhrat.

Hozirda Oʻzbekiston yoki Tojikistondan kelgan mavsumiy ishchi Olmaota viloyatida yoʻlkira va tushlik pulidan tashqari, kuniga 6500 tenge (15 dollar) ishlab topadi, deydi Olmaotada malina yetishtirish bilan shugʻullanuvchi Sergey Yemelyanov.

“Oʻtgan yili yoʻlkira va oziq-ovqat xarajatlarisiz kuniga 4000 tenge (9 dollar) evaziga ishchi yollash mumkin edi”, dedi u.

“Malina va qulupnay hosili butun naviga qarab mavsum davomida, apreldan oktabrgacha terib olinadi, bu ish kun ora bajarilishi kerak, shuning uchun ishchilarga juda muhtojmiz”, dedi u.

Rossiyadagi taassublar

Migrantlar uchun Rossiyadagi sharoit Qozogʻistondagidan farq qiladi, bu yerda huquqni muhofaza qilish organlari va hukumat Markaziy Osiyolik ishchilarga nafrat va taassub bilan munosabatda boʻladi.

Prezident Vladimir Putin oʻtgan yil dekabrda Rossiyada migrantlar uchun vaqtinchalik yashash ruxsatnomalarni 15-iyunga qadar uzaytirgan boʻlsa-da, Rossiya hukumati yangi toʻsiqlar joriy etayotgani sababli migrantlarning qonuniy hujjatlarni olishi qiyinlashgan.

Dekabr oyida Federatsiya Kengashi patent, vaqtincha yoki doimiy yashash uchun ruxsatnoma olishni xohlovchilardan rus tili, tarixi va bazaviy yuridik bilimlar boʻyicha imtihon topshirishni talab qiluvchi qonunni tasdiqladi.

Aprel oyida esa Rossiya hukumati imtihondan muvaffaqiyatli oʻtgan nomzodlarga berilgan hujjatlarning amal qilish muddatini besh yildan uch yilgacha qisqartirdi.

Bu ham yetmagandek, Rossiya hukumati ishchi-migrantlarni mahbuslar mehnati bilan almashtirishga qaror qilgan. Markaziy Osiyoliklarning jiddiy eʼtiroziga uchragan bu chora mehnat sharoitlarining yanada ogʻirlashuviga sabab boʻlishi mumkin, degan xavotirlarni keltirib chiqargan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 3

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Ha, Rossiyada qiladigan ish qolmadi hisob

Javob berish

Qozogʻistonlik quruvchilar va ishchilar qani? Ularga munosib ish haqi bering va ular mehnat qiladilar. Nega boshqa mamlakatlardan migrantlar jalb qilish kerak? Rossiya yashash va ishga yollanish qoidalarini kuchaytirib toʻgʻri qildi, chunki bu “mehmonlar” faqat muammolar tugʻdirishadi.

Javob berish

Mehnat migrantlari koʻpayib ketganini men ham sezdim. Rossiyada ularga munosabat juda yomon. U yerga borib, hamma narsalarini xavf ostiga qoʻymoqdalar.

Javob berish