Karvonsaroy
Siyosat

Tolibonning Afgʻonistonni egallayotgani fonida Markaziy Osiyo liderlari uchrashuv oʻtkazdilar

Karvonsaroy va AFP

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari 6-avgust kuni Turkmanistonning Avaza shaharchasida boʻlib oʻtgan mintaqaviy sammitda suratga tushmoqdalar. [Qozogʻiston prezidenti matbuot xizmati]

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari 6-avgust kuni Turkmanistonning Avaza shaharchasida boʻlib oʻtgan mintaqaviy sammitda suratga tushmoqdalar. [Qozogʻiston prezidenti matbuot xizmati]

AVAZA, Turkmaniston – Markaziy Osiyoning besh mamlakati rahbarlari juma (6-avgust) kuni oʻtgan mintaqaviy sammitda qoʻshni Afgʻonistondagi mojarolardan xavotirda ekanliklarini bayon qildilar.

Bir necha hafta davomida qishloq hududlarini egallagan toliblar Afgʻonistonning qator yirik shaharlari, jumladan, uning uch postsovet respublika – Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston bilan chegaradosh viloyatlarida hukumat kuchlariga tahdid solib turgan bir paytda, Kaspiy dengizi boʻyidagi Avaza shahachasida muzokaralar qizgʻin davom etgan.

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon sammitdagi chiqishida tojik-afgʻon chegara hududiga ishora qilib, “bu hududlarda bir qator terrorchi tashkilotlar oʻz mavqeini faol mustahkamlamoqda”, deb aytdi.

Uning oʻzbekistonlik hamkasbi Shavkat Mirziyoyev esa tomonlarni oʻt ochishni butkul toʻxtatish va “muzokaralar orqali oʻzaro murosaga kelishga” chaqirdi.

Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev (chapda) 6-avgust kuni Avaza kurort shaharchasida turkmanistonlik hamkasbi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan qoʻl siqishmoqda. [Qozogʻiston prezidenti matbuot xizmati]

Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev (chapda) 6-avgust kuni Avaza kurort shaharchasida turkmanistonlik hamkasbi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan qoʻl siqishmoqda. [Qozogʻiston prezidenti matbuot xizmati]

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov chorshanba kuni Afgʻonistonni “barchani tashvishga solayotgan muammo” deb atagan.

Bu orada Moskva Tojikiston va Oʻzbekistonda, Afgʻoniston chegaralariga yaqin hududda qoʻshma harbiy mashqlar tashkillashtirgan, biroq aksar kuzatuvchilar fikricha, Rossiya Tolibon tahdidi bahonasida bu mamlakatlarda oʻz harbiy hozirligini yanada mustahkamlash niyatida.

Tolibonning faollashuvi bilan bogʻliq xavotirlar

AQSH va boshqa Gʻarb kuchlari shu oy oxirigacha yakunlanishi rejalangan qoʻshinlarni olib chiqish jarayonini boshlagach, may oyida Afgʻonistonda anchadan beri davom etayotgan mojaro doirasida toʻqnashuvlar yana kuchaya boshlagan.

Iyun oyida Tolibon Afgʻonistonning Tojikiston bilan asosiy oʻtish punkti – Sherxon Bandarni egalladi, hukumat qoʻshinlari esa soʻnggi haftalarda guruh bilan kechgan shiddatli toʻqnashuvlar ortidan Tojikiston va Oʻzbekiston hududiga chekinishga ham majbur boʻldi.

Tolibon Markaziy Osiyo mamlakatlariga hujum qilmasligini taʼkidlab, boʻlajak hukumat vakillari sifatida Oʻzbekiston va Turkmaniston bilan rasmiy munosabatlar oʻrnatgan.

Ammo tahlilchilar fikricha, Afgʻonistondagi xavfsizlik vakuumining kattalashuvi va mintaqaning Kobul bilan oʻsib borayotgan iqtisodiy hamkorligining yoʻqolishi Markaziy Osiyo uchun xavfli boʻlishi mumkin.

Tolibonning Markaziy Osiyo davlatlariga bergan vaʼdalari guruhning tinch aholiga qarshi hujumi va hukumat amaldorlarini qatl qilishi bilan tobora puch koʻrinish hosil qilgan.

Juma kuni Kobuldagi masjidda Afgʻoniston hukumati vakili Dava Xon Menapal Tolibon tarafidan oʻldirilgan. Bu qotillik isyonchilar mudofaa vaziri Bismilloh Muhammadiyni oʻz uyida oʻldirishga uringanidan uch kun oʻtib yuz bergan.

Dushanba kuni AQSH elchixonasi yaqinda Qandahor viloyatining Spin Boldak shahrida Tolibonning oʻnlab tinch aholi vakillaridan qasos olganini qoraladi. “Bu qotilliklar harbiy jinoyat deb malakalanishi mumkin; ular tergov qilinishi, bu ishga masʼul Tolibon jangarilari yoki qoʻmondonlari javobgarlikka tortilishi kerak”, deyiladi elchixona Tvitterida.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500