Karvonsaroy
Jinoyat va adolat

Rossiyada norezidentlarga naqd pulda haq toʻlashning taqiqlangani tanqidga uchradi

Kseniya Bondal

Moskvadagi valyuta ayirboshlash punkti yonidan oʻtib ketayotgan ayol, 2020-yilning 10-marti. Rossiya qonunchiligiga koʻra, Rossiyada soliq rezidenti boʻlmagan chet ellik ishchilarga naqd pul toʻlash – valyuta operatsiyasi va Rossiya xavfsizligiga tahdid hisoblanadi. [Yuriy Kadobnov/AFP]

Moskvadagi valyuta ayirboshlash punkti yonidan oʻtib ketayotgan ayol, 2020-yilning 10-marti. Rossiya qonunchiligiga koʻra, Rossiyada soliq rezidenti boʻlmagan chet ellik ishchilarga naqd pul toʻlash – valyuta operatsiyasi va Rossiya xavfsizligiga tahdid hisoblanadi. [Yuriy Kadobnov/AFP]

OLMAOTA – Kurgan shahridagi qozogʻistonlik farrosh ayol bilan yuz bergan voqeadan soʻng, Rossiyada ish beruvchilarga norezidentlar ish haqini naqd pulda berishni taqiqlovchi qonun jamoatchilik eʼtiboriga tushgan.

Rossiyaning Novosibirsk shahridagi “Yuskonsalt” kompaniyasi yuristi Valentina Grechishnikovaning maʼlum qilishicha, shu oy boshida apellatsiya sudi Kurgan shahar sudi tomonidan ish beruvchi – “Akademiya” MCHJga Rossiyaning soliq rezidenti boʻlmagan Qozogʻiston fuqarosi A. Xolodovaga ish haqini naqd pulda bergani uchun belgilangan jarimani oʻz kuchida qoldirgan.

Inbusiness.kz saytining shu oy boshidagi xabariga koʻra, “Akademiya” sudga apellatsiya bergan, ammo ishni yutqizgan.

Yil davomida kamida 183 kalendar kuni davomida Rossiya rezidenti sifatida tan olingan jismoniy shaxs soliq rezidenti hisoblanadi.

Qozogʻistonlik rejissyor Sergey Dvortsevoyning Moskvada noqonuniy ishlayotgan migrant ayol haqida hikoya qiluvchi “Ayka” filmidan olingan kadr. [Fayl]

Qozogʻistonlik rejissyor Sergey Dvortsevoyning Moskvada noqonuniy ishlayotgan migrant ayol haqida hikoya qiluvchi “Ayka” filmidan olingan kadr. [Fayl]

Rossiya qonunchiligiga koʻra, Rossiyada soliq rezidenti boʻlmagan xorijliklarga ish haqini naqd pulda berish valyuta operatsiyasi hisoblanadi, dedi Grechishnikova.

Bundan anglashiladiki, kompaniya valyutaga oid qonunchilikni buzgan va natijada sud qariyb 85000 rubl (504 ming tenge yoki taxminan 1866 dollar) miqdorida jarima belgilagan.

Bundan tashqari, sud “tashkilot tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlik Rossiya Federatsiyasining milliy xavfsizligiga tahdid soladi” deb bayonot bergan.

Qonun Rossiyada yuridik shaxsining norezidentlarga naqd pul toʻlashi mumkin boʻlgan holatlarni ham koʻzda tutadi, dedi Grechishnikova.

Bunday holatlarning yopiq roʻyxatida “ish beruvchining norezident ishchiga ish haqini naqd pulda toʻlash imkoniyati zikr qilinmagan, shu bois ham Rossiya norezidentiga naqd pulda maosh toʻlash noqonuniy valyuta operatsiyasiga aylanadi, dedi u.

Jarima boʻyicha apellatsiya berib yutqizgan “Akademiya” MCHJ Xolodovaga bank kartasi muddati tugab qolgani sababli maoshni naqd pulda toʻlaganini maʼlum qilgan.

COVID-19 pandemiyasi tufayli Xolodova Qozogʻistonga borish va bank bilan muammoni hal qilishning uddasidan chiqolmagan, deyiladi xabarda.

“Javobgarlikdan qutulib qolish mumkin, lekin u (“Akademiya” MCHJ) qonunbuzarlikning ahamiyatsiz ekanligini isbotlashi va bu ish qasddan sodir etilganini rad qiluvchi, shuningdek qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarga putur yetkazmaganiga oid dalillarni taqdim etishi zarur, dedi Grechishnikova.

YOII nimaga kerak?

Sudning oʻz balandparvoz hukmini qoʻllab-quvvatlab, oqsoch ayolning ishi milliy xavfsizlik va Qozogʻiston aʼzo boʻlgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YOII) tahdid solishini daʼvo qilgani kuzatuvchilar eʼtiroziga sabab boʻlgan.

Rossiya yetakchiligidagi YOII mahsulotlar, xizmatlar, sarmoya va ishchi kuchining erkin harakatlanishini koʻzda tutishi kerak edi.

Chimkentlik faol Kuanish Satayev yuz bergan voqeani bemaʼnilik deb atagan.

“Qanday qilib qoʻshnimizga xavf solishimiz mumkin? Biz nafaqat qoʻshni, balki MDH (Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi), YOII, KXSHT (Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti) va boshqa koʻplab tashkilotlar aʼzosimiz”, deb aytgan Satayev sobiq Sovet respublikalarini oʻz taʼsiri ostida saqlab qolish maqsadida Rossiya tomonidan tuzilgan bir qator tashkilotlarni tilga olib.

“Bizga doim Rossiya va Qozogʻiston oʻrtasidagi mustahkam doʻstlik haqida gapirib kelishadi, dunyodagi eng uzun umumiy chegaraga egamiz, davlatlarimiz birgalikda juda koʻp shartnomalarni imzolagan, ammo shunda ham qozogʻistonlik fuqarolar u yerga borib ishlashi va oʻzi ishlab topgan pulni qoʻliga ololmasa.”

“Bu nimasi?” deydi u.

YOII ittifoq ichida mahsulotlar, xizmatlar, sarmoya va ishchi kuchining erkin harakatini kafolatlasa-da, imzolangan barcha shartnomalar amalda ishlamasligini koʻrib turibmiz , deb qoʻshimcha qildi u.

“Yagona ittifoqqa birlashib, bir-birimizga nisbatan doʻstlik va qoʻshnichilikning qadriga yetadigan boʻlsak, fuqarolarimiz ham bandlik va erkin harakatlanishda muammolarga duch kelmasligi kerak”, deydi Satayev.

Qanday qilib oqsoch boʻlib ishlayotgan bechora ayol dunyoning yadroviy salohiyatiga ega butun boshli mamlakatga xavf solishi mumkin? Endi Rossiyada ishlayotgan hamma qozogʻistonliklarni shu toifaga kiritish mumkin”, dedi u.

“Bu – bemaʼnilik.”

Rossiya manfaatlari

YOII uni oʻz rejalarini amalga oshirish uchun qoʻllayotgan Rossiyaning manfaatlarigagina xizmat qiladi.

Moskva undan nafaqat iqtisodiy manfaati yoʻlida, balki siyosiy maqsadlarini ham ilgari surish uchun foydalanadi.

YOII doirasidagi integratsiya jarayonlari faqatgina iqtisod va bojxona sohasiga qaratilmay, balki ittifoqqa aʼzo davlatlar oʻrtasida ishchi kuchining erkin harakatini ham nazarda tutishi kerak edi, deydi olmaotalik siyosiy tahlilchi Rasul Jumali.

Ammo, koʻp hollarda Rossiya YOIIning katta shartnomalarida yozilgan narsalardan tashqari, qoʻshimcha shartlarni ham talab qiladi, deydi Jumali.

Masalan, 2020-yilning mart-aprel oylarida Qozogʻistonning ayrim yuk mashinalari maʼmuriy okrug standartlariga javob bermagani sababli Rossiya hukumatining ularni mamlakat kiritmagani xalqaro mojaroga sabab boʻlgan, deydi Jumali.

“Koʻpgina qozogʻistonlik tadbirkorlar Rossiyani YOIIning turli qoidalarini muntazam ravishda oʻz foydasiga talqin qilishda ayblaganlar. Kerak boʻlganda, Qozogʻistondan bir narsani, keyinroq boshqa narsani talab qilishadi.”

“Mana shunday huquqiy ustamonlik amalga oshirilmoqda”, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500