Karvonsaroy
Xavfsizlik

Moskvaning gazdan “geosiyosiy qurol” sifatida foydalanayotgani Markaziy Osiyoni xavotirga solmoqda

Kanat Altinbayev

Sankt-Peterburgda boʻlib oʻtgan Xalqaro gaz forumidagi “Gazprom” logotipi, 7-oktabr. Yevropa yetakchilari Rossiyani gazdan “geosiyosiy qurol” sifatida foydalanishda ayblaganlar. [Olga Maltseva/AFP]

Sankt-Peterburgda boʻlib oʻtgan Xalqaro gaz forumidagi “Gazprom” logotipi, 7-oktabr. Yevropa yetakchilari Rossiyani gazdan “geosiyosiy qurol” sifatida foydalanishda ayblaganlar. [Olga Maltseva/AFP]

OLMAOTA – Rossiyaning Yevropaga tabiiy gaz yetkazib berishdan oʻz geosiyosiy maqsadlarini amalga oshirish vositasi sifatida foydalanishi Markaziy Osiyodagi kuzatuvchilar eʼtiboriga tushgan.

Moldova va Rossiyaning energetika giganti “Gazprom” 29-oktabr kuni Moskva narxlarni oshirganidan soʻng jiddiy tanqislikka duch kelgan sobiq sovet mamlakatiga gaz yetkazib berishga oid kelishuvni uzaytirganini maʼlum qildi.

Yangi besh yillik kelishuvga koʻra, oktabr oyida “Gazprom”ga qisqa muddat davomida toʻlangan 1000 kub metr uchun 800 dollarlik narxdan ancha pastroq stavka belgilangan.

Bu bayonot Rossiyaning Gʻarbga moyillik siyosatidan voz kechishi uchun Moldovaga bosim oʻtkazishda ayblangani ortidan eʼlon qilingan.

2009-yilning 1-yanvar kuni olingan surat: Kiyev yaqinida joylashgan Boyarka shahridagi gaz kompressor stansiyasi gaz quvurining manometrlaridan biri. Oʻsha kuni Rossiya mojaro tufayli Ukrainaga tabiiy gaz yetkazib berishni toʻxtatgan edi. Gaz taʼminoti 2009-yil 20-yanvarda qayta tiklangan. [Sergey Supinskiy/AFP]

2009-yilning 1-yanvar kuni olingan surat: Kiyev yaqinida joylashgan Boyarka shahridagi gaz kompressor stansiyasi gaz quvurining manometrlaridan biri. Oʻsha kuni Rossiya mojaro tufayli Ukrainaga tabiiy gaz yetkazib berishni toʻxtatgan edi. Gaz taʼminoti 2009-yil 20-yanvarda qayta tiklangan. [Sergey Supinskiy/AFP]

2006-yilning 27-yanvar kuni Tbilisida kerosin uchun navbatda turgan gruziyaliklar. Gruziyaning oʻsha vaqtdagi prezidenti Mixail Saakashvili Rossiyani yirik gaz quvuri va elektr uzatish liniyalarini vayron qilgan, Gruziyada energiya taʼminotini izdan chiqarib, energetik inqiroz keltirib chiqargan portlashlarga aloqadorlikda ayblagan edi. [Vano Shlamov/AFP]

2006-yilning 27-yanvar kuni Tbilisida kerosin uchun navbatda turgan gruziyaliklar. Gruziyaning oʻsha vaqtdagi prezidenti Mixail Saakashvili Rossiyani yirik gaz quvuri va elektr uzatish liniyalarini vayron qilgan, Gruziyada energiya taʼminotini izdan chiqarib, energetik inqiroz keltirib chiqargan portlashlarga aloqadorlikda ayblagan edi. [Vano Shlamov/AFP]

Bishkekdagi “Gazprom” yoqilgʻi quyish shoxobchasi, 5-noyabr. [Kanat Altinbayev]

Bishkekdagi “Gazprom” yoqilgʻi quyish shoxobchasi, 5-noyabr. [Kanat Altinbayev]

Kreml nazoratidagi energetika giganti “Gazprom” va Moldovaning yagona gaz taʼminoti kompaniyasi qishki mavsum oldidan nochor mamlakat uchun narxlarni oshirgach, Kishinyov jiddiy gaz tanqisligi sababli favqulodda holat eʼlon qilgan edi.

28-oktabr kuni Yevropa Ittifoqi (YI) bosh diplomati Xosep Borrel Rossiyani gazdan Moldovaga qarshi “geosiyosiy qurol” sifatida foydalanishda ayblar ekan, inqirozni hal qilishda Moldovaning gʻarbga moyil hukumatini qoʻllab-quvvatlashga vaʼda berdi, deb yozadi AFP.

“Biz “Gazprom”ning gaz narxini pasaytirish oʻrniga siyosiy bosim oʻtkazishga urinayotganini koʻryapmiz”, deb aytgan Moldova bosh vaziri Natalya Gavrilitsa bilan Bryusselda uchrashgan Borrel Yevropa Ittifoqi bayonotiga koʻra.

“Gaz sotib olinadigan va sotiladigan mahsulot, uni geosiyosiy qurol sifatida qoʻllash mumkin emas”, dedi u.

Kreml bu masalaning “mutlaqo tijoriy” ekanligini daʼvo qilar ekan, iyul oyida boʻlib oʻtgan saylovlardan soʻng Gavrilitsa YI bilan yaqinroq aloqalar oʻrnatishga vaʼda berishi ortidan postsovet Moldovani oʻz hukmronligi ostiga qaytarish uchun energetik qudratidan foydalanayotganini inkor etgan.

Ammo “Gazprom” rasmiylari Moldova Yevropa Ittifoqi bilan erkin savdo shartnomasidan voz kechishga, Bryussel bilan kelishilgan energetika bozori islohotlarini toʻxtatishga va Rossiya yetakchiligidagi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YOII) qoʻshilishga rozi boʻlsa, gazni arzonroq qilib berishlarini aytganlar, deb yozadi Financial Times. Nashr bu haqda 26-oktabr kuni muzokaralardan xabardor anonim manbalarga tayanib xabar berdi.

“Gaz tajovuzi”

Yevropa Moskvani qitʼadagi energetik inqirozni kuchaytirganlikda ham ayblamoqda – soʻnggi haftalarda pandemiya cheklovlari yumshatilganidan keyin mamlakatlar iqtisodi oʻsib borayotgani sababli gaz narxi yangi rekordni qayd etgan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 22-oktabr kuni Moskvani Yevropada energetik inqiroz keltirib chiqarishda aybladi va Rossiyaning “gaz tajovuziga” qarshi kurashda Yevropa Ittifoqini Kiyev bilan hamkorlik qilishga chaqirdi.

“Bu Yevropa Ittifoqiga qarshi haqiqiy gaz tajovuzidir”, deb aytgan Zelenskiy AFPga bergan yozma izohida. U Yevropaning “qoʻshma saʼy-harakatlar uchun mislsiz ehtiyoji” borligini taʼkidlab, muammolarga yechim topishda Bryusselni Kiyev bilan ishlashga undagan.

Kreml bunday taktikani ilk marta qoʻllayotgani yoʻq.

2006-yil 22-yanvarda Gruziyaning oʻsha vaqtdagi prezidenti Mixail Saakashvili Shimoliy Osetiyadagi Mozdok-Tbilisi tabiiy gaz quvurida yuz bergan va mamlakatga gaz taʼminotini uzib qoʻygan ikki portlashda Kremlni ayblab chiqqan edi.

Rossiya Gruziyani oʻzining ichki gaz quvurlari tarmogʻiga egalik huquqini Moskvaga topshirishga majburlash uchun atayin gaz taʼminotini uzdi va bu ishni Gruziyada yilning eng sovuq vaqtiga toʻgʻriladi, degan edi u.

Quvur taʼmirlangan, ammo bu voqeadan keyin Gruziya Ozarbayjonni jalb qilgan holda, oʻzining gaz manbalarini diversifikatsiya qilgan.

Markaziy Osiyoliklar xavotiri

Markaziy Osiyo, xususan, YOII davlatlari – Qozogʻiston va Qirgʻizistondagi kuzatuvchilar Rossiya oʻzining murosasiz gaz siyosatini ularning mamlakatiga nisbatan ham qoʻllashi mumkinligidan tashvishda.

YOII aʼzolari Rossiya bilan yaqin energetik aloqalarga ega va Kreml hukmronligidagi savdo blokiga aʼzolik tufayli noqulayliklarga duch kelishmoqda.

Gaz sanoati butunlay Rossiya nazoratida boʻlgan Qirgʻiziston allaqachon Kremlga qaramlikni boshdan oʻtkazib ulgurgan.

Pandemiya avj olgan 2020-yilning bahorida Qirgʻizistonda tabiiy gaz narxlari oshdi, bu vaqtda butun dunyo boʻylab neft va gaz narxlari keskin tushib ketdi, natijada ayrim deputatlar mamlakatning “Gazprom” bilan kelishuvini qayta koʻrib chiqishga majbur boʻldilar.

Kelishuvga asosan gaz narxlari AQSH dollarida belgilangan, bu Qirgʻizistonni dollar kursining oshishidan himoyasiz qilib qoʻyadi, degan edi 2020-yil aprel oyida oʻsha vaqtdagi bosh vazir oʻrinbosari Erkin Asrandiyev.

“Biz bu masalani YOII doirasida muhokama qilyapmiz. Neft va gazga milliy valyutada pul toʻlash masalasi koʻrib chiqilmoqda”, deb aytgan u oʻsha vaqtdagi parlament majlisida.

Ammo, Gazprom hali ham “Qirgʻizistonga gazni eng qimmat narxda sotyapti”, deb aytgan tahlilchi Shayirbek Mamatoktorov Ozod Yevropa/Ozodlik radiosining (RFE/RL) qirgʻiz xizmatiga.

“Rossiyaning “Gazpromi” Oʻzbekistondan 1000 kub metr gazni 120 AQSH dollariga sotib oladi va 250 AQSH dollariga sotadi. Taqqoslash uchun, YOII aʼzosi boʻlmagan Tojikiston Oʻzbekiston bilan shartnoma tuzgan va gazni 120 AQSH dollaridan olmoqda”, deb aytgan Mamatoktorov 2020-yil aprelda.

Bu orada global bozorda tabiiy gazning narxi 75 AQSH dollariga tushib ketgan, deb taʼkidlagan u.

« Ittifoqchilik va hamkorlik haqida qanday gap boʻlishi mumkin?” deb savol bergan u.

2013-yil iyul oyi boshida Bishkek davlat tasarrufidagi “Qirgʻizgaz” gaz taqsimlash kompaniyasini bankrotdan saqlab qolish va tabiiy gazga boʻlgan ichki talabni qondirish maqsadida uni ramziy 1 AQSH dollari evaziga “Gazprom”ga sotgan edi.

Koʻpchilik bu chorani Moskvaning Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrniga Rossiya gaziga qaram boʻlishni boshlagan Qirgʻizistonda oʻz taʼsirini kuchaytirishga urinishi oʻlaroq baholadi.

Gazpromning 2020-yil uchun Qirgʻizistondagi narx siyosati va Moldovaning ayni damdagi vaziyati energetika sohasidagi qaramlikning dahshatli oqibatlarini aks ettiradi, deydi bishkeklik iqtisodchi Elmira Suranchiyeva.

“Bu nimani bildiradi? Agar “itoatsiz va qaysar boʻlsangiz”, Rossiya qahraton qish vaqtida sizni issiqlik quvvatisiz qoldirishi mumkin”, deydi Suranchiyeva Karvonsaroy nashriga.

“Navbatdagi Moldova”

Shuningdek, Rossiya Qozogʻistonga elektr quvvatini qimmatlashtirilgan narxda eksport qilish orqali foyda koʻrishga urinmoqda.

Rossiyaning elektr quvvatini eksport va import qilish bilan shugʻullanuvchi davlat boshqaruvidagi “Inter RAO” kompaniyasi rahbari Aleksandra Panina 28-oktabr kuni noyabr oyida Qozogʻistonga elektr quvvatini odatdagi narxdan qimmatroqqa sotish rejalashtirilganini aytdi.

Qozogʻiston qonunchiligi agar elektr quvvati yetkazib berishda tanqislik mavjud boʻlmasa, uni import qilishni taqiqlaydi.

Ammo, taqiqlanishdan xavotirga tushib, Xitoydan Qozogʻistonga koʻchib oʻtgan bitkoin mayning fermalari koʻpaygani sababli elektr quvvati isteʼmoli ham oshgan. Paninaga koʻra, narxning oshgani shu bilan izohlanadi.

Qozogʻiston bilan muzokaralar allaqachon olib borilmoqda, deb aytgan Panina. Nur-Sulton bu borada hech qanday bayonot bermagan.

Yaqin kelajakda Qozogʻiston Rossiyaga energetik qaramlikka tushib qolish xavfi ostida boʻlmasa ham, hukumat oʻz status-kvosini saqlab qolishga harakat qilishi kerak va davlatning energetik mustaqilligini kafotlashlashi zarur, deb aytgan Qozogʻistondagi neft-gaz sanoatiga bagʻishlangan “Oqimdagi energiya” kitobi muallifi, olmaotalik jurnalist Tanat Kojmanov.

“Moskva barcha vositalardan, jumladan gazdan ham oʻz geosiyosiy manfaati doirasidagi davlatlar ustidan taʼsirini kuchaytirish va qayta tiklash uchun foydanayotgani hech kimga sir emas”, deydi Kojmanov.

“Biz navbatdagi Moldovaga aylanib qolmasligimiz kerak.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500