Karvonsaroy
Inson huquqlari

Rossiya otashkesim rejimini buzib, Ukrainadagi gumanitar yoʻlaklarda vahshiyliklar sodir etmoqda

Xanna Chertova va AFP

3-mart kuni uylarining yertoʻlasidan panoh topgan Irpen aholisi. Rossiyaning Ukrainaga bosqini davom etar ekan, koʻpchilik u yerda bir haftadan beri yashamoqda. [Karvonsaroy uchun Alla Kucheruk]

KIYEV – Rossiya kuchlari oʻt ochishni toʻxtatish urinishlariga yoʻl qoʻymay, Ukrainaning qamaldagi shaharlariga gumanitar yoʻlaklar yaratishga toʻsqinlik qilishda davom etmoqda, deydi rasmiylar va koʻmak guruhlari.

Dushanba kuni kechqurun Rossiya janubiy port shahri Mariupolni evakuatsiya yoʻlaklari ochiladigan toʻrtta shahardan biri deb atadi.

Ammo seshanba (8-mart) kuni Ukraina Rossiyani tinch aholiga qamal ostida qolgan shaharni tark etish imkonini beruvchi gumanitar yoʻlakni buzganlikda ayblagan.

“Dushman aynan gumanitar yoʻlakka qarata hujum uyushtirdi”, deb yozdi mudofaa vazirligi Facebook sahifasida Rossiya armiyasi “bolalar, ayollar va qariyalarga shaharni tark etishga ruxsat bermaganini” taʼkidlab.

Ukrainaning ikkinchi eng yirik shahri Xarkov oʻqqa tutilganidan keyin vayronalar orasida yurgan piyoda, 7-mart. [Sergey Bobok/AFP]

Ukrainaning ikkinchi eng yirik shahri Xarkov oʻqqa tutilganidan keyin vayronalar orasida yurgan piyoda, 7-mart. [Sergey Bobok/AFP]

3-mart kuni irpenliklar koʻp qavatli uyning yertoʻlasida jon saqlamoqdalar. [Alla Kucheruk/Karvonsaroy]

3-mart kuni irpenliklar koʻp qavatli uyning yertoʻlasida jon saqlamoqdalar. [Alla Kucheruk/Karvonsaroy]

Oziq-ovqat zahiralari kamayib borar ekan, 3-mart kuni Kiyevdagi oziq-ovqat doʻkonida peshtaxtalar boʻshab qolgan. [Xanna Chertova/Karvonsaroy]

Oziq-ovqat zahiralari kamayib borar ekan, 3-mart kuni Kiyevdagi oziq-ovqat doʻkonida peshtaxtalar boʻshab qolgan. [Xanna Chertova/Karvonsaroy]

“Bunday harakatlar genotsiddan boshqa narsa emas”, deyiladi bayonotda.

“Otashkesim rejimiga putur yetdi!” deb yozgan Ukraina tashqi ishlar vazirligi Tvitterda.

“Hozirda Rossiya kuchlari Zaporojyedan Mariupolga ochilgan gumanitar yoʻlakni oʻqqa tutmoqda. 8 ta yuk mashinasi va 30 ta avtobus Mariupolga gumanitar yordam yetkazish va Zaporojyega tinch aholini evakuatsiya qilishga tayyor turibdi”, deb qoʻshimcha qildi u.

Rasmiy Kiyev Mariupolda yashovchi 450 mingga yaqin aholini evakuatsiya qilish uchun shimoli-gʻarbdagi Zaporojyega boruvchi 250 km uzunlikdagi yoʻlda minalardan tozalash ishlari olib borilganini aytdi.

Shahar bir necha kundan beri Rossiya armiyasi qamalida qolmoqda.

Rossiya bu taklifni bildirgan kuni Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Rossiya prezidenti Vladimir Putinni ikkiyuzlamachilik va orsizlikda ayblagan.

Soʻnggi kunlarda Mariupoldan 300 mingga yaqin tinch aholini evakuatsiya qilish urinishlari bir necha bor muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Mariupoldagi tinch aholini evakuatsiya qilish “kafolati” boʻlgani, ammo u “amalga oshmaganini” aytgan.

Shaharlardan chiqish yoʻllari qochqinlarni Rossiya yoki Belarusga yetkazishi maʼlum boʻlgach, dushanba kuni Kiyev Moskvaning bir necha bombardimon qilingan shaharlardan gumanitar yoʻlak yaratish taklifini rad etgan.

Rossiya bu taklifni bildirgan kuni Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Rossiya prezidenti Vladimir Putinni ikkiyuzlamachilik va orsizlikda ayblagan.

“Bularning hech biri jiddiy emas, bu chidab boʻlmaydigan maʼnaviy va siyosiy surbetlikdir”, deb taʼkidlagan u LCI telekanaliga bergan intervyusida. U fuqarolar Rossiyaga chiqib ketishi bilan ularni himoya qilishga oid vaʼdalar “ikkiyuzlamachilik” ekanini aytgan.

“Terror yoʻli”

Avvalgi muvaffaqiyatsiz otashkesim urinishlari vaqtida ukrainaliklar oʻqqa tutilganidan keyin Rossiya Xarkov, Kiyev, Mariupol va Sumidan fuqarolarning xavfsiz oʻtishi taklifini bildirgan.

“Dushman tinch aholiga nisbatan terror yoʻlini tanladi”, deb aytgan 1-mart kuni brifing chogʻida Ukrainaning vaqtincha bosib olingan hududlarini reintegratsiya qilish boʻyicha vazir Irina Vereshchuk.

“Tinch aholi yashayotgan tumanlar oʻqqa tutilmoqda, suv va elektr quvvati yoʻq. Odamlar yertoʻlalarda oziq-ovqatsiz, suvsiz qolishga majbur boʻlmoqda.”

“Ular orasida ayollar, yosh bolalar, qariyalar, bemorlar va nogironlar bor”, deb aytgan Vereshuk.

Seshanba kuni Moskva bilan kelishuvga asosan, Sumidan Ukraina nazoratidagi hududdan 150 km janubi-gʻarbdagi Loxvitsa shahriga fuqarolarni evakuatsiya qilish boshlangan.

Ammo, boshqa shaharlar boʻyicha kelishuvlar hali amalga oshmagan.

Dushanba kuni AFP muxbirlari minglab fuqarolarning Kiyev gʻarbidagi Irpen shahridan norasmiy yoʻnalish orqali poytaxt tomon qochayotganiga guvoh boʻlishgan.

Ukrainalik desantchilardan biri Irpendagi “yuzma-yuz” jang haqida soʻzlar ekan, “biz (rossiyalik askarlarni) siqib chiqarishga harakat qilyapmiz, ammo buni uddalay olamizmi-yoʻqmi, bilmayman”, deb aytgan.

“Er bilan yakson boʻlgan” shaharlar

“Shahar askarlarimizni qoʻllab-quvvatlayapti, ammo otishmalar toʻxtamayapti, jang tunu kun davom etyapti”, deb aytgan irpenlik Alla Kucheruk Karvonsaroy nashriga.

“Shahar vayron qilingan, koʻp odam oʻlgan. Qocha olmaganlar shu yerda qolishgan”, deb aytgan u bolali oilalarning aksari hali ham shaharni tark eta olmaganini qoʻshimcha qilib.

Kucherukka koʻra, u yashaydigan binoning yertoʻlasida har kuni 20 ga yaqin kishi tunamoqda. Urush boshlanganidan beri nogironlar aravasidagi 80 yashar erkak yertoʻladan chiqmagan.

Shahardagi eng katta muammo oziq-ovqat va dori-darmonning yetishmasligi, deb aytgan u.

“Doʻkonlar huvillab qolgan. Shaharga hech nima olib kelishmayapti”, deb aytgan u. “Ammo odamlar bir-biriga yordam beryapti. Menga oʻxshab urushdan avval oziq-ovqatni gʻamlab qoʻyganlar endi boshqalar bilan ulashmoqda.”

Kucheruk rastalarida “bir nechta shokolad” boʻlgan va bir mijozga faqat bir kilodan un bergan oziq-ovqat doʻkonni esga oldi.

Irpen – oziq-ovqat taʼminoti bilan bogʻliq qiyinchiliklarga duch kelgan yagona shahar emas.

“Ushbu mudhish hafta davomida yertoʻlada uxladik. Chunki uylarimiz xavfsiz emas”, deydi xarkovlik Natalya Drantusova Rossiya bosqinidan bir hafta oʻtib. “Rossiya samolyotlari turar joy mavzelarini oʻqqa tutmoqda”.

“Dastlabki besh kun davomida tumanda hech qayer ishlamadi. Hatto suv sotib olish imkonsiz edi”, deydi u.

“Shahar vayron boʻlgan, u bamisoli yer bilan yakson qilingan.”

Hayotiy muhim yordamga muhtojlik

Birlashgan Millatlar Tashkilotiga Ukrainadagi mojaro hududlariga gumanitar yordam yetkazish uchun xavfsiz yoʻlak zarur, dedi BMT Bosh kotibining gumanitar masalalar boʻyicha oʻrinbosari Martin Griffits dushanba kuni Xavfsizlik kengashida.

“Mariupol, Xarkov, Melitopol va boshqa joylardagi tinch aholi yordamga, ayniqsa hayotiy muhim tibbiy vositalariga juda muhtoj”, dedi u.

Ukraina rasmiylari harbiy holat sharoitida oziq-ovqat va dori-darmon bilan taʼminlashga harakat qilayotgan boʻlsa-da, qamaldagi shaharlar bilan uzuq-yuluq aloqa yordam yetkazishni qiyinlashtirmoqda.

“Oxirgi 24 soat ichida biz butun Ukrainadan turli yordamga muhtoj odamlardan 20 mingta soʻrov oldik”, deydi Ukraina koʻngillilar xizmati direktori Anna Bondarenko Karvonsaroyga.

“Oziq-ovqat va dori-darmonga boʻlgan ehtiyojdan tashqari, tibbiy yordam koʻrsatish boʻyicha ham koʻplab iltimoslar kelib tushmoqda”, dedi u.

“Ammo eng asosiy muammo shundaki, Rossiya qoʻshinlari koʻpchilik shahar va aholi punktlarida ataylab gumanitar yordam yoʻlaklariga ruxsat bermayapti”, dedi u. Bizning ukrainalik koʻngillilarimiz ham, Qizil Xoch vakillari ham aholiga gumanitar yordam koʻrsatish uchun shaharga kira olmayaptilar”.

Bondarenkoning soʻzlariga koʻra, Rossiya qoʻshinlari insonparvarlik yordamini olib kirishga ruxsat berish masalasida mahalliy hukumat bilan muzokaralar olib borishdan bosh tortmoqda.

“Favqulodda xizmatlarning oʻqqa tutilishi bilan bogʻliq holatlar ham sodir boʻldi”, dedi u. “Boshqacha aytganda, biror masalada kelishuvga erishishga urinish mutlaqo foydasiz boʻlib qolmoqda.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500