KIYEV – Ukrainaga bosqin chogʻida tashlab ketilgan Rossiya qoʻshinlarining tanklari va harbiy mashinalari ularning oʻzlariga qarshi ishlatilishi mumkin, deydi tahlilchilar va rasmiylar.
Rossiya qoʻshinlari 24-fevral kuni bosqin boshlanganidan beri ulkan moddiy talafotlarga uchragani va qurbonlar bergani aytilmoqda. Payshanba (17-mart) kuni Ukraina harbiylari Rossiya kuchlari safida 14 mingga yaqin odam qurbon boʻlganini aytganlar.
Shuningdek, Rossiya 444 ta tank, 201 ta artilleriya tizimi, 108 ta vertolyot va 86 ta samolyotni boy bergan, deyiladi Ukraina bosh shtabining Facebook sahifasida.
Rossiyaning 498 askar halok boʻlgani haqidagi 2-mart kungi xabari yangilanmagan.
Rossiya boy bergan jangovar mashinalarning bir qismi Ukraina fuqarolari tomonidan oʻgʻirlangan yoki Ukraina kuchlari tomonidan qoʻlga olingan.
Ijtimoiy tarmoqlarga joylangan videolavha va fotosuratlarda tashlab ketilgan yoki loyga botib qolgan, biroq ishchi holatdagi Rossiya tanklarini koʻrish mumkin.
Ular orasida Rossiya zirhli mashinalarini tortib ketayotgan traktorlar ham koʻzga tashlanadi.
Ukraina prezidenti maʼmuriyati rahbarining maslahatchisi Aleksey Arestovich 3-mart kuni videomurojaat bilan chiqib, dushman texnikasini qoʻlga olgan har bir kishidan uni ehtiyot qilish va Ukraina kuchlariga topshirishni soʻradi.
“Yodda tutingki, dushmanga tegishli texnika tuzatilib, Ukraina qurolli kuchlarining ezgu maqsadlari uchun xizmat qilishi va tajovuzkorning oʻziga qarshi ishlatilishi mumkin”, dedi u.
“Ammo ishchi holatga keltirish uchun ularni moddiy-texnik taʼminot xizmatlariga qaytarish, jangovar qobiliyatini tiklash, qayta boʻyash, radiostantsiya dasturiy taʼminotini yangilash va boshqa koʻplab ishlarni amalga oshirish talab etiladi”, dedi Arestovich.
Sovet davriga oid meros
“Defense Express” axborot-konsalting kompaniyasi tahlilchisi Valeriy Ryabixning soʻzlariga koʻra, Rossiya texnikasi bilan tanish ekani Ukraina armiyasiga qoʻl kelmoqda, chunki ikkala mamlakat armiyasi ham sovet ildizlariga ega.
“Bizda bu texnikaning oʻziga xos xususiyatlaridan xabardor boʻlgan harbiy xizmatchilar bor. Biz diagnostika va taʼmirlash ishlarini tezlik bilan amalga oshira olamiz”, dedi u.
“Ukrain askarlari dushmanning T-72 tanklarini bir necha bor qoʻlga olgan. Ukraina armiyasi ham xuddi shunday tanklardan foydalanadi”, dedi Ryabix Karvonsaroyga.
Jumladan, qamaldagi Mariupol shahrini himoya qilayotgan Ukraina kuchlari 7-mart kuni dushman texnikasini yoʻq qilgani, T-72 tankini qoʻlga olib, uni oʻzi ishlata boshlaganini aytgan.
“Ukraina askarlari katta sondagi Rossiya texnikasini, jumladan, dushmanning moddiy-texnik taʼminot karvonlarini oʻq-dorilari, yoqilgʻi va [boshqa] ashyolari bilan qoʻlga kiritmoqda”, dedi u.
“Ukraina armiyasi bularning baridan oʻz maqsadlari uchun foydalanishi mumkin. Rossiya armiyasi ishlatadigan qurollar Ukraina armiyasiniki bilan bir-biriga mos keladi”.
“Hozirda bizning sevimli viloyatimiz boʻylab butalar orasiga yashirilgan, ishlamay turgan texnikalar uni ishlatishni biladigan odamlardan koʻra koʻproq”, dedi 3-mart kuni Nikolayev viloyati gubernatori Vitaliy Kim kinoya bilan.
Uning aytishicha, viloyat mudofaasida turgan qoʻshinlar bir kunda uchta oʻziyurar “Shilka” zenit majmuasi, bitta “Tigr” yengil zirhli avtomobili, ikkita jangovar piyoda mashinasi, uchta tank va bir nechta ZIL yuk mashinasini topib olgan.
Nisbatan yangi boʻlgan “Tigr” zirhli mashinasini aytmasa, qolgan barcha tizimlar sovet davriga oid ishlanmalardir, deydi harbiy tahlilchi Igor Romanenko.
“Yangi ishlanmalar yoki eski texnikaning modifikatsiyalari bilan masala biroz murakkabroq. Bunday texnikadan jangda darhol foydalanib boʻlmaydi”, dedi u.
“Avval ukrainalik muhandislar ularni oʻrganib, jangovar harakatlarda samarali foydalanish boʻyicha yoʻriqnomalar ishlab chiqadi, shundan keyingina ular qurolli kuchlar ixtiyoriga topshirilishi mumkin”, dedi Romanenko Karvonsaroyga.
“Ukroboronprom” davlat kontserniga qarashli mudofaa korxonalarining birida musodara qilingan uskunalarni oʻrganish jarayoni allaqachon boshlangan”, deb xabar berdi Ukraina mudofaa vazirligi 3-mart kuni Tvitterda.
Qoʻlga olingan “Tigr” rusumli Rossiya harbiy mashinalarining surati joylangan postda ular deyarli yangi, kam yurgan va dvigatellari yangi ekani aytilgan.
Ajoyib
Javob berishFikrlar 5
Tan olish kerak ruslarning Rossiyada ishlab chiqarilgan zirhli mashinalari oʻsha T-72 larni yer yuzidan yoʻq qilishga kerak boʻlgan Amerikaning zoʻr tanklaridan keyin ikkinchi-uchinchi oʻrinda keladi. Ammo ularni qoʻlga olish imkoni boʻlsa yaxshi boʻlar edi, ulardan gʻalaba qoʻzonishda samarali foydalanishadi degan umiddaman.
Javob berishFikrlar 5
Xoʻjalikda asqotadi
Javob berishFikrlar 5
Rossiyaliklar umuman jang qilishni bilmasligi maʼlum boʻldi :))
Javob berishAlbatta. AQSH mudofaa vazirligi saytidan yana nimani kutish mumkin. Masxarabozlar.
Javob berishFikrlar 5