Karvonsaroy
Saylovlar

Japarov korrupsiyaga qarshi kurashish va hokimiyatda shaffoflikni taʼminlashga vaʼda bermoqda

Karvonsaroy va AFP

Qirgʻiziston prezidenti saylovi va boshqaruv tizimi referendumida ovoz bergani kelgan Qirgʻiziston prezidentligiga nomzod Sadir Japarov qoʻl silkimoqda, Bishkek, 10-yanvar. [Vyacheslav Oseledko/AFP]

Qirgʻiziston prezidenti saylovi va boshqaruv tizimi referendumida ovoz bergani kelgan Qirgʻiziston prezidentligiga nomzod Sadir Japarov qoʻl silkimoqda, Bishkek, 10-yanvar. [Vyacheslav Oseledko/AFP]

BISHKEK – Qariyb 80 foiz ovoz toʻplagan Qirgʻizistonning yangi saylangan prezidenti Sadir Japarov korrupsiyaga qarshi kurashish va hukumat faoliyatida shaffoflikni taʼminlashga vaʼda berdi.

Japarovning gʻalabasi mahbuslikdan keyingi mislsiz parvoz boʻldi. U 2017-yilda odamni garovga olish aybi bilan ozodlikdan mahrum etilgan, ammo parlament saylovidagi soxtalashtirishlardan gʻazablangan namoyishchilar uni oʻtgan yil oktyabrda qamoqdan ozod qilishgan edi.

“Oʻtgan 30 yil mobaynida korrupsiya hayotimizning har bir jabhasida chuqur ildiz otdi”, deb aytgan u yakshanba (10-yanvar) kungi saylovlardan keyin Bishkekda. “Ammo endi biz buning davom etishiga yoʻl qoʻymaymiz. Avvalgi hukumatlarning xatolarini takrorlamaymiz.”

U kelajakda hukumat faoliyatida “ochiqlik” va “shaffoflikni” taʼminlashga soʻz berdi.

Belovodskoye qishlogʻi aholisi 7284-saylov uchastkasida Qirgʻiziston prezidenti saylovi va hukumat tizimi referendumida ovoz bermoqdalar, Chuy viloyati, 10-yanvar. [Maksat Osmonaliyev]

Belovodskoye qishlogʻi aholisi 7284-saylov uchastkasida Qirgʻiziston prezidenti saylovi va hukumat tizimi referendumida ovoz bermoqdalar, Chuy viloyati, 10-yanvar. [Maksat Osmonaliyev]

Shuningdek, u saylovdagi boshqa nomzodlarni ham oʻz “shaxsiy manfaatlarini” chetga surib, “mamlakat kelajagi uchun” bir yoqadan bosh chiqarishga undagan.

“Ayrim vahimachilar aytayotganidek, hech qanday diktatura boʻlmaydi. Huquq va adolat yakkahokimligi oʻrnatiladi”, deb aytgan Jeparov dushanba kuni uning asosiy maqsadi hokimiyatni qoʻlga olish, deb daʼvo qilgan tanqidchilarini nazarda tutib.

Prezident saylovlarida oʻn yetti nomzod ishtirok etgan, ammo Japarovning gʻalabasi avval-boshdan tayin edi.

Japarovning eng asosiy raqibi va safdoshi, millatchi nomzod Adaxon Madumarov 6,7 foiz ovoz toʻplagan, deb xabar berdi Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi.

Xalqaro kuzatuvchilarning dushanba (11-yanvar) kungi xabariga koʻra, saylovda barcha nomzodlar uchun “teng sharoitlar” yaratilmagan, Japarovdagi katta mablagʻ unga raqiblari ustidan yetakchilik qilish imkonini bergan.

“Agar Qirgʻiziston oʻz xalqining amaldagi demokratiyaga intilishlarini qondirmoqchi boʻlsa, adolatli raqobat uchun saylovda teng sharoitlar yaratilishi lozim. Bu yerda bunday boʻlmadi”, deb bayonot bergan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT).

YXHTga koʻra, saylov va hukumat islohotiga oid referendum “umuman olganda yaxshi tashkillashtirilgan”.

Saylovchilar prezident boshqaruvini tanladi

Referendum natijalariga koʻra, saylovchilar Japarovga keng vakolatlar beruvchi prezident boshqaruvini afzal koʻrishgan.

Rasmiy natijalarga qaraganda, saylovchilarning 80 foizi prezident boshqaruviga qaytishni qoʻllab-quvvatlagan, 10,8 foiz esa joriy parlament tizimini yoqlab ovoz bergan. 5 foiz odam uchinchi – “hammasiga” qarshi variantini tanlagan.

Oʻtgan hafta Japarov Bishkekda referendumga qarshi kichik namoyishlarni tanqid qilgan edi.

“Bundan buyogʻiga xalq bilan hisoblashishni oʻrganishimiz kerak”, deb yozgan Japarov oʻzining Facebook sahifasida. “Kimdir buni xohlamasa, oʻrgatib qoʻyamiz.”

Saylovda ishtirok etish darajasi past – 40 foiz boʻlgan, rasmiylar buni sovuq ob-havo va saylovchilarning amaldagi yashash manzillari emas, tugʻilgan joyida roʻyxatdan oʻtganlik boʻyicha ovoz berishi kerakligi bilan izohlaganlar.

Prezident saylovlari uchun qonuniy belgilangan chegara mavjud emas, ammo referendum boʻlib oʻtgan deb hisoblanishi uchun saylovchilar ishtiroki 30 foizni tashkil etishi kerak.

Oktyabrdagi notinchliklar

Bu safargi ovoz berish jarayoni oktyabrdagi parlament saylovlari namoyishlarga aylanib ketganidan soʻng oʻtkazilgan.

Noroziliklar 4-oktyabr kungi saylovdan keyin boshlangan. Muxolifatchi partiyalar tarafdorlari oʻsha vaqtdagi prezident Sooronbay Jeyenbekovga yaqin partiyalarning saylovchilar ovozini ommaviy sotib olganini daʼvo qilib, koʻchalarga chiqqan edi.

Tunga yaqin namoyishchilar politsiya bilan toʻqnashgan, namoyishchilardan biri halok boʻlgan. Bir qator taniqli siyosatchilar, jumladan Japarov qamoqdan ozod qilingan.

Hukumat saylov natijalarini zudlik bilan bekor qilgan boʻlsa-da, keyingi kunlarda siyosatchilar yuzaga kelgan boʻshliqni toʻldirishga urindilar. Japarovni qoʻllab-quvvatlovchilar Jeyenbekovning isteʼfosini talab qilgan eng yirik guruh boʻldi. Jeyenbekov 15-oktyabr kuni isteʼfoga chiqdi.

Inqirozning kutilmagan tabiati eng asosiy ittifoqchi Rossiyani ham shoshirib qoʻyar ekan, yuz bergan hodisalarda uyushgan jinoiy guruhlarning oʻrni haqidagi savollar paydo boʻlgan.

Japarovni COVID-19 pandemiyasidan zarar koʻrgan iqtisodiyotni qayta tiklash va berilgan vaʼdalarini bajarish yoʻlidagi ogʻir jang kutib turibdi.

Rossiya rejimining ishonchini qozonish ham oson boʻlmaydi.

Qirgʻiziston hukumati Kreml koʻrsatmalariga amal qilishdan bosh tortgani sayin, Moskva va Bishkek oʻrtasidagi munosabatlar sovuqlashib bormoqda, deydi kuzatuvchilar.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Japarovni birinchilardan boʻlib gʻalaba bilan tabriklagan. 11-yanvar kungi telerammada ikki mamlakatning kelajakdagi hamkorligi “doʻst xalqlarning tub manfaatlariga mos ekani” taʼkidlanadi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500