Karvonsaroy
Diplomatiya

AQSH yana 500 million doza COVID vaksinalari xayriya qilib, umumiy yordam hajmini 1 milliarddan oshiradi

Karvonsaroy va AFP

23-avgust kuni Vashingtonda AQSH prezidenti Jo Bayden COVID-19ga qarshi kurash choralari va vaksinatsiya dasturi yuzasidan chiqish qildi. 22-sentabrda Qoʻshma Shtatlar pandemiyaga qarshi kurashayotgan mamlakatlarga qoʻshimcha 500 million doza vaksina hadya qilishga vaʼda bergan. [Jim Uotson/AFP]

23-avgust kuni Vashingtonda AQSH prezidenti Jo Bayden COVID-19ga qarshi kurash choralari va vaksinatsiya dasturi yuzasidan chiqish qildi. 22-sentabrda Qoʻshma Shtatlar pandemiyaga qarshi kurashayotgan mamlakatlarga qoʻshimcha 500 million doza vaksina hadya qilishga vaʼda bergan. [Jim Uotson/AFP]

VASHINGTON – Chorshanba (22-sentabr) kuni AQSH prezidenti Jo Bayden dunyo rahbarlari ishtirokidagi COVID-19 sammitida pandemiyaga qarshi kurashayotgan mamlakatlarga qoʻshimcha 500 million doza vaksina xayriya qilishga vaʼda berdi.

“Bu barcha kuchlarni ishga solishni talab qiluvchi inqirozdir”, dedi Bayden. “Ikkinchi jahon urushida demokratiya arsenali boʻlgani kabi, Amerika vaksina zaxirasiga aylanadi.”

Sammitda Baydenning Oq uydan turib bergan vaʼdasi bilan AQSH tarafidan xayriya qilingan vaksinalar 1,1 milliardga yetadi – bu dunyoning boshqa mamlakatlarini qoʻshib hisoblaganda ham ularnikidan koʻproq.

“Biz allaqachon 100 mamlakatga 160 million doza vaksina joʻnatdik”, deydi Bayden. “Amerikada qilingan har bir vaksinaga dunyo boʻyicha uchta vaksina yetkazib berish majburiyatini olamiz.”

Yarim milliard vaksinadan iborat yangi partiya Pfizer vaksinalari boʻlib, past va oʻrta daromadli mamlakatlarga yetkaziladi.

Shuningdek, Bayden dunyo rahbarlariga yuzlanib, 2022-yil sentabrga qadar har bir mamlakatning 70 foiz aholisini emlashga chaqirmoqda, deyiladi Oq uy bayonotida.

“Biz boshqa yuqori daromadli mamlakatlarning oʻz rejalarini amalga oshirishini istaymiz”, dedi u oʻz nutqi avvalida. “Bu inqirozni yarim-yorti choralar bilan hal qilmoqchi emasmiz.”

Bayden vaksina yordami begʻaraz, hech qanday “siyosiy” shartlarsiz boʻlishi kerakligini (Xitoyga yashirin ishora sifatida) taʼkidlagan.

Oʻtgan yili Xitoy oʻzining “vaksina diplomatiyasi” bilan bogʻliq kampaniyasini boshlagan, oʻshanda prezident Si dunyodagi millionlab odamlar, xususan, nochor mamlakatlarga oson saqlanadigan va tashiladigan vaksinani vaʼda qilgan edi.

U buni “global jamoatchilik manfaati” deb atagan, partiyaning boshqa rahnamolari ham bu iborani takrorlagan edilar.

Ammo Xitoyning maqsadlariga koʻp mamlakatlar shubha bilan qaraydi va Pekin ularning hududi va tabiiy boyliklariga daʼvo qilishga urinmoqda, deb hisoblaydi.

AFP rasmiy manbalaridan olingan maʼlumotlarga koʻra, 2019-yil dekabr oyida Xitoyda epidemiya boshlanganidan beri dunyo boʻylab 4,7 millionga yaqin odam vafot etgan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500