Karvonsaroy
Terrorizm

Qirgʻizistonlik yoshlarning internetdagi faolligi ekstremizmga yollash bilan bogʻliq xavotirlarni kuchaytirmoqda

Munara Borombayeva

Bishkeklik 14 yashar Sagin Kanibek oʻgʻli mobil telefonidan foydalanmoqda, 4-oktabr kungi surat. [Munara Borombayeva/Karvonsaroy]

Bishkeklik 14 yashar Sagin Kanibek oʻgʻli mobil telefonidan foydalanmoqda, 4-oktabr kungi surat. [Munara Borombayeva/Karvonsaroy]

BISHKEK – Qirgʻizistonlik ota-onalar va vasiylarga koʻra, farzandlarning Internetdagi faolligini kuzatish tobora qiyin boʻlib bormoqda. Koʻpchilik bolalarning internetdagi radikal yollovchilar taʼsiriga tushib qolishidan xavotirda.

Bishkekda buvisi Aynagul Sidiqbekova bilan yashaydigan oʻn toʻrt yoshli Sagin Kanibek oʻgʻli Yevropada mehnat muhojirligida boʻlgan ota-onasi bilan gaplashib turish uchun 11 yoshidan beri mobil telefon tutadi.

Oʻshandan beri Sagin TikTok, Instagram va Vatsapp kabi turli ijtimoiy tarmoqlarda akkauntlar ochgan. U shuningdek, tez-tez onlayn oʻyinlar oʻynab turishini va ularda yutishini aytadi.

Sidiqbekova nabirasining Internetdagi faolligini imkon qadar nazorat qilishini aytsa-da, hamma narsani kuzatib borish imkonsiz ekanligini yaxshi tushunadi.

Qirgʻizistonda Markaziy Osiyo yoshlarini ijtimoiy tarmoqlar orqali nishonga oladigan terrorchi-ekstremistlarning yollash xavfini bartaraf etish uchun bolalar orasida internet savodxonligini oshirish choralari koʻrilmoqda. [Munara Borombayeva/Karvonsaroy]

Qirgʻizistonda Markaziy Osiyo yoshlarini ijtimoiy tarmoqlar orqali nishonga oladigan terrorchi-ekstremistlarning yollash xavfini bartaraf etish uchun bolalar orasida internet savodxonligini oshirish choralari koʻrilmoqda. [Munara Borombayeva/Karvonsaroy]

Ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanish

Qirgʻizistonlik bolalarning askari ijtimoiy tarmoqlar va internetga bogʻlanib qolgani sababli, Qirgʻizistondagi boshqa koʻplab ota-onalar va vasiylar ham xuddi shunday muammoga duch kelishmoqda.

2020-yil boshida odamlarni bir necha oyga uyda qolishga majburlagan COVID-19 pandemiyasi avj olar ekan, bolalar ham, kattalar ham koʻngil ochish va muloqot qilish uchun Internetga bogʻlanib qolishdi.

“Kasperskiy laboratoriyasi”ning Qozogʻiston, Markaziy Osiyo va Moʻgʻuliston boʻyicha mintaqaviy vakolatxonasi tijorat direktori, olmaotalik Valeriy Zubanovning soʻzlariga koʻra, qirgʻizistonlik boshlangʻich sinf oʻquvchilarining 43 foizi ijtimoiy tarmoqlarda oʻz hisobiga ega.

“Statistikaga koʻra, oʻrta maktab oʻquvchilarining 95 foizi ijtimoiy tarmoqlarda bor”, dedi u sentabr oxirida Bishkekda boʻlib oʻtgan Internetni boshqarish boʻyicha Markaziy Osiyo forumida.

“Voyaga yetmaganlarning yarmidan koʻpi begonalardan muloqot taklifini oladi”, deb qoʻshimcha qildi u. “Ijtimoiy tarmoqlardagi doʻstlarining 34 foizi real hayotda notanish boʻlgan kattalardir.”

Yanada xavotirlisi shuki, “bolalarning uchdan biri Internetda tanishgan odamlari bilan real hayotda ham uchrashadi”.

Shuningdek, internetda bolalarni istalmagan axborotdan himoya qiladigan hech qanday dastur yoki ilova yoʻq, dedi Zubanov.

Ekstremizmga yollash

Bunday omillar ekstremizm yollovchilariga qoʻl keladi. Koronavirus pandemiyasi esa ular uchun yanada qulay sharoit yaratdi, deydi xavfsizlik boʻyicha bishkeklik mutaxassis Azamat Tilekeyev.

Shunga muvofiq yollanuvchilar soni ham koʻpayadi, deb ogohlantirdi u.

“Lekin, ularni xalqaro terrorchi guruhlar safida jang qilish uchun urush hududlariga yuborish yoʻllari (pandemiya sababli) hozir yopiq”, dedi u. Bu oʻz navbatida “Islom davlati” (ID) va “Al-Qoida”ga bayʼat bergan yashirin yacheykalar sonining koʻpayishiga olib kelgan”.

Uning soʻzlariga koʻra, ekstremist-terrorchi guruhlarning veb-saytlarida ularning faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotlar, yetakchilarning tarjimai hollari, siyosiy maqsadlar haqidagi maʼlumotlar va dolzarb yangiliklar eʼlon qilib boriladi.

“Facebook, VK va Odnoklassniki ijtimoiy tarmoqlari Markaziy Osiyoda bu maʼlumotlarni yoyinlashning asosiy vositasiga aylandi”, dedi Tilekeyev.

“Ular oʻquv mashgʻulotlari va shu kabi tadbirlarni oʻtkazish uchun Skype, Telegram va Zello internet ilovasidan foydalanadilar.”

Raqamli gigiyena

Bolalarni oʻz safiga yollashda ekstremistlarga oilaviy va sotsial omillar qoʻl keladi, deydi taʼlim vazirligining maktab, maktabgacha va maktabdan keyingi taʼlim boshqarmasining bosh mutaxassisi Gulshan Abdivaliyeva.

Uning qayd etishicha, Taʼlim va fan vazirligi tomonidan oʻtkazilgan tadqiqotga koʻra, shahar maktablaridagi bolalar qishloqdagilarga qaraganda internet taʼsiriga beriluvchanroq, chunki shaharda yashovchi ota-onalar koʻp vaqtlarini ishda oʻtkazadilar.

Tadqiqot natijalariga koʻra, qishloq muhitidagi bolalar uy yumushlari bilan band va aksar vaqtini ota-onalari nazoratida oʻtkazadi.

Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash boʻyicha qirgʻizistonlik mutaxassis Yuliya Denisenkoga koʻra, butun dunyoda terrorchi guruhlar foydalanadigan kamida 5 mingta sayt bor.

“Shu sababli raqamli gigiyena juda muhim”, dedi u. Viruslar “kibermakonda” ham bor va ota-onalar, maktablar va ommaviy axborot vositalari ularga qarshi emlashlari kerak.”

Elementar psixologik savodxonlik gʻayritabiiy xulq bilan bogʻliq muammolarning yarmini hal qilishi mumkin, deydi Denisenko.

“Bu ortga qaytmas jarayonga aylanishini kuta olmaymiz”, deydi u.

Denisenko bu muammoni hal qilishda ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taklif qildi.

“Aslida ijtimoiy tarmoqlar reklama markazlari boʻlib, ular foydalanuvchi haqida maʼlumot toʻplaydi va qidiruvlarini tahlil qilib, ularning xohish-istaklarini oʻrganadi”, deydi u.

“Yakunda veb-sahifada “siz uchun maxsus” kontekstli reklamani koʻrasiz. Kompaniyalar mana shunday premium marketing uchun juda katta mablagʻ ajratadilar.”

Bu imkoniyat terrorchi-ekstremist guruhlarga qarshi kurash vazifasini oʻtashi mumkin, deydi u. Maʼlum veb-saytga “oldindan ogohlantirish” funksiyasini tatbiq qilish kerak xolos, deb qoʻshimcha qildi u.

“Misol uchun, oʻsmir internetda terrorchi guruhlar bilan qiziqishni boshlaydi deylik. Bu haqda hech kim, uning ota-onasi ham, doʻstlari ham bilmaydi. Ammo, bundan ancha oldin “mijozning” qiziqishlarini tahlil qilib chiqqan ijtimoiy tarmoq serveri buni biladi va shunga yarasha chora koʻradi”, deydi Denisenko.

“Oʻsmirga kontekstli reklama oʻrniga terrorchilarni qoralovchi materiallar koʻrsatiladi”, deydi u.

Internet savodxonligini yaxshilash

Bu orada Qirgʻiziston rasmiylari yoshlar orasida internet-savodxonlikni oshirish choralarini koʻra boshlagan.

Taʼlim, Ichki ishlar vazirliklari hamda Davlat milliy xavfsizlik qoʻmitasining (GKNB) idoralararo rejasiga koʻra, xavfsizlik idorasi xodimlari maktablarga tashrif buyurib, oʻquvchilar bilan terrorizm va ekstremizm faoliyatiga oid suhbatlar oʻtkazadi, deydi Abdivaliyeva.

“Gap internet haqida ketmoqda. Maktab barcha bolalarni, ular qaysi saytlarga kirayotganini yoki kim bilan muloqot qilayotganini va hokazolarni kuzata olmaydi”, deydi u.

“Biz faqat profilaktika ishlarini olib borishimiz, ota-onalar bilan ishlab, ularni ijtimoiy tarmoq tahdididan ogohlantirishimiz mumkin.”

Yoshlarga ekstremizm yollovchilarini tanib olishni va internetda ishonchli manbalarni topishni oʻrgatish zarur, deydi bishkeklik media-tahlilchi Gulnura Toʻraliyeva. Yoshlar toqatsizlikning oldini olish uchun uni farqlay olishi kerak, deb qoʻshimcha qildi u.

Shuningdek, yoshlarda bagʻrikenglikni kuchaytirish zarur. Ekstremizm va terrorizm toqatsizlik va bir guruhni boshqasidan ustun qoʻyish tufayli kelib chiqadi, deydi u.

“Bagʻrikenglik, umumiy dunyoqarashni kengaytirish va xilma-xillikni qabul qilish boʻyicha koʻproq lagerlar va maktablar boʻlishi kerak”, deydi Toʻraliyeva.

“Bu dasturlar birinchi sinfdan boshlab oʻtilishi mumkin va yosh bolalarni konstruktiv faoliyatga jalb qilishi hamda ularda ijodkorlikni rivojlantirishi mumkin.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500