Karvonsaroy
Terrorizm

Pandemiya sharoitida Qozogʻistonda internetdagi radikal daʼvatchilar faollashmoqda

Kseniya Bondal

Olmaota masjidi qoshidagi doʻkon sotuvchisi oʻz telefonida diniy saytlardan birini koʻrmoqda, 23-may. [Kseniya Bondal/Karvonsaroy]

Olmaota masjidi qoshidagi doʻkon sotuvchisi oʻz telefonida diniy saytlardan birini koʻrmoqda, 23-may. [Kseniya Bondal/Karvonsaroy]

OLMAOTA – Qozogʻiston koronavirus pandemiyasi davrida aholining internetga qaramligi ortayotganidan foydalanib qolishni koʻzlagan ekstremizm daʼvatchilariga qarshi kurashmoqda.

Koʻpchilik qozogʻistonliklar onlayn tartibda oʻqish va ishlashga majbur boʻlar ekan, ekstremistlar bu maydondan oʻz tashviqoti va yollash saʼy-harakatlari uchun foydalanishga oʻtgan, deydi tahlilchilar.

“Haqiqatan ham, yollovchilar faoliyatida oʻsish kuzatilmoqda”, deydi onlayn ekstremizmning oldini olish boʻyicha hukumat idorasi rahbari Japal Doliyev.

Uning idorasi Axborot va ijtimoiy taraqqiyot vazirligining din ishlari boʻyicha qoʻmitasi (KDR) huzurida faoliyat yuritadi.

Diniy mazmundagi video tomosha qilayotgan qirgʻizistonlik musulmonlar, Bishkek markaziy masjidi, 21-aprel. [Maksat Osmonaliyev/Karvonsaroy]

Diniy mazmundagi video tomosha qilayotgan qirgʻizistonlik musulmonlar, Bishkek markaziy masjidi, 21-aprel. [Maksat Osmonaliyev/Karvonsaroy]

“Biz bundan xabardormiz va yoshlarni buzgʻunchi diniy tashviqotdan himoya qilish uchun unga qarshi kurash ishlarini olib bormoqdamiz”, deydi Doliyev.

Bu ishlarda Qozogʻiston musulmonlari diniy idorasi (QMDI) ham faol ishtirok etmoqda va Muftyat.kz, Azan.kz, Kazislam.kz, Muslim.kz, Sunna.kz kabi saytlar orqali maʼrifiy tashabbuslarini yoʻlga qoʻymoqda, deb qoʻshimcha qildi u.

“Bizda muntazam ravishda OAVda chiqish qilib turadigan bir guruh diniy mutaxassislar, odamlarga turli, jumladan diniy bagʻrikenglik mavzularida taʼlim beradigan mintaqaviy va milliy axborot guruhlari bor”, deydi u.

Doliyevga koʻra, mazkur axborot guruhlariga dinshunoslar, diniy ulamolar, imomlar, psixologlar, tarixchilar va jamoatchilik fikri yetakchilari kiradi.

“Ular karantin tufayli bir yildan beri oʻz faoliyatini onlayn tarzda olib bormoqda”, deydi Doliyev.

Mediasavodxonlik va tanqidiy fikrlash ekstremizm tashviqotiga qarshi kuchli himoya vositasi boʻlib xizmat qiladi, ular yoshlarga shubhali veb-saytlar va ijtimoiy tarmoq sahifalarini aniqlashga yordam beradi, deydi u.

Taktikani oʻzgartirish

“Buzgʻunchi diniy firqalar internet uchun katta resurslar ajratmoqda”, deydi Qozogʻistonning Al-Farobiy milliy universiteti dinshunoslik va madaniyat kafedrasi katta oʻqituvchisi Janna Kantarbayeva.

“Ular yuqori sifatli video va boshqa kontentni suratga olish uchun xodimlar yollab, studiyalarni ijaraga olmoqda”, degan edi u aprel oyida Informburo.kz sayti bilan suhbatda.

“Shuningdek, ular postlari va videolariga qanday javoblar va munosabat bildirilayotganini doim tahlil qilib borishadi.”

Uning soʻzlariga koʻra, “ekstremistik tashkilotlar aʼzolari ijtimoiy tarmoqlardagi mavjud vositalardan keng foydalanadi”.

Qirgʻizistonlik tahlilchilar taqiqlangan tashkilotlarning pandemiya va karantin sharoitida oʻz taktikasini oʻzgartirayotganidan xavotir bildirgan edilar.

Xalqaro sayohatlarning taqiqlanishi ortidan yoshlarni Yaqin Sharqdagi urush oʻchoqlariga borishga undovchi chaqiriqlar sezilarli kamaydi, degan edi bishkeklik dinshunos Ikbaljan Mirsaitov aprel oyida.

Ammo, ijtimoiy tarmoqlarda radikal mafkurani targʻib qiluvchi postlar soni koʻpaygan, deydi u.

“Faqatgina yollash faoliyati olib borilmayapti, balki hukumatga boʻysunmaslik va rasmiy diniy ulamolarga qarshi chiqish kabi boshqa qarashlar singdirilmoqda”, dedi u. “Ular [terrorchilar] musulmon boʻlmaganlarga qarshi radikal harakatlarga chaqirmoqdalar”, dedi u.

Yollovchilar ijtimoiy tarmoqlar orqali foydalanuvchilarni “oʻzi yashab turgan mamlakatda” qoʻporuvchilik faoliyati olib borishga daʼvat qilmoqda, dedi Mirsaitov.

Ekstremistlarning birgina ustunligi bor, deydi 2013-yilda farzandi bilan turmush oʻrtogʻining ortidan Suriyaga joʻnab ketgan Asel Igubayeva.

U 2019-yil may oyida Qozogʻistonga “Jusan” (Achchiq shuvoq) operatsiyasi doirasida qaytib kelgan va hozirda Pavlodarda istiqomat qiladi. U oʻzining Instagram sahifasi orqali baxtsiz tajribasi bilan oʻrtoqlashadi.

Turmush oʻrtogʻi Suriyada halok boʻlgan bu ayolning ikki farzandi bor.

Igubayeva eri bilan Islomni oʻrganar ekan, ularga din haqida toʻgʻri maʼlumot bera oladigan rusiyzabon mutaxassisni topa olishmaganini aytadi.

“Biz shayxlar va ularning daʼvatlariga ishonganmiz, ular jozibador va ravon soʻzlar edilar”, deydi u. “Ular Paygʻambarimiz Muhammadning (s.a.v) sahobalari haqidagi chiroyli hikoyalar bilan eʼtiborimizni jalb qilishgan.”

“Ana shu ularning ustunligi, tinglovchilar hadis va oyatlarga asoslanib soʻzlovchi imomlardan koʻra, ularga koʻproq ishonishadi”, deydi Igubayeva.

Yollovchilar samarali taktikadan foydalanishadi, deya qoʻshimcha qildi u. Ular oddiy, begʻubor mavzulardan – harom va halol haqida, nimaga bayramlardan voz kechish kerakligi haqida gapirishni boshlaydilar, keyin esa shayxlarining maʼruzalarini targʻib qiladilar.

“Ana shundan keyin jihod haqidagi suhbatlarga oʻtiladi”, deydi u.

“Kofirlarni oʻldirish haqida gap boshlaganlarida, bu botqoqqa shu darajada botib ketgan boʻlasizki, daʼvatning zaharli ekanini sezmaysiz”, deydi Igubayeva.

Rossiyaning taʼsiri

Qozogʻistonning terrorizm va unga yoqilgʻi boʻlib xizmat qilayotgan ekstremistik mafkuraga qarshi kurash yoʻlidagi saʼy-harakatlari Moskvaning aksilsamarali faoliyati fonida yuz bermoqda.

Yirik mamlakatlar davlat homiyligidagi terrorizmni oʻz ichiga oluvchi siyosat yuritib turgan vaqtda terrorizmga qarshi mahalliy miqyosda kurashish samarasiz, deydi Milliy xavfsizlik qoʻmitasining (KNB) isteʼfodagi zobiti, olmaotalik Arat Narmanbetov.

Terrorizmga oid 1987-yilgi Jeneva deklaratsiyasida davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan terrorizmga taʼrif berilgan boʻlib, “Rossiyaning 99% xatti-harakatlari” uning bandlariga mos keladi, dedi u.

Narmanbetov 2014-yildagi Qrim anneksiyasi va aprel oyida Rossiyaning Ukraina chegarasi va Qrimda qoʻshin toʻplaganiga ishora qilgan.

U shuningdek, 2018-yilda Angliyada Sergey va Yuliya Skripallarning zaharlanishi, 2020-yil Sibirda Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniyning zaharlanishi va 2021-yilda soxta ayblovlar bilan sudlanib, qamalgani hamda Suriyaning qurol-yarogʻ bilan taʼminlanayotgani bilan bogʻliq hodisalarni tilga oldi.

Ekstremizm daʼvatchilari Jeneva deklaratsiyasini yaxshi bilishadi, dedi u. Ular bu hodisalar haqida soʻzlab, oʻz “oʻljalarini” davlat homiyligidagi terrorizmga qarshi kurashayotganlariga osongina ishontira oladilar.

Qozogʻiston Rossiya bilan YOII orqali bogʻliqligi bois, Rossiyaning xatti-harakatlari Qozogʻistonga ham soya soladi va uni tashviqotchilarning nishoniga aylantiradi, deb qoʻshimcha qildi u.

“Terrorizm shunchalik keng tarqalgan va koʻp qirrali hodisaki, u “soqol qoʻygan” odamlarga qarshi kurash bilan yoʻq qilinmaydi”, dedi Narmanbetov.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500