Karvonsaroy
Inson huquqlari

Si Xitoyning musulmonlarga qarshi sodir etgan mudhish jinoyatlari uchun shaxsan javobgar deb topildi

Karvonsaroy va AFP

11-noyabr kuni Pekindagi Xitoy Kommunistik partiyasi muzeyida Xitoy raisi Si Szinpin aks etgan ekran oldidan oʻtayotgan tashrifchilar. [Noyel Celis/AFP]

11-noyabr kuni Pekindagi Xitoy Kommunistik partiyasi muzeyida Xitoy raisi Si Szinpin aks etgan ekran oldidan oʻtayotgan tashrifchilar. [Noyel Celis/AFP]

LONDON – Xitoy Kommunistik partiyasi (XKP) Shinjondagi uygʻurlar va boshqa turkiyzabon musulmonlarga qarshi genotsid siyosati olib borayotgani shubhasiz va buning uchun Xitoy rahbari Si Szinpin “bevosita masʼuldir”, deb bayonot bergan shu oy boshida Uygʻur tribunali.

Toʻqqiz nafar yurist va inson huquqlari boʻyicha mutaxassis 9-dekabr kuni Londonda bu yilgi ikki eshituv davomida insoniyatga qarshi jinoyatlar, qiynoqlar, zoʻrlash va gʻayriinsoniy muomala haqidagi daʼvolarni tinglab, oʻz xulosalarini eʼlon qilgan.

Tribunal quvgʻindagi uygʻurlar manfaatlarini himoya qiluvchi eng yirik guruh – Butunjahon uygʻur kongressi talabiga binoan tashkil etilgan boʻlib, u xalqaro hamjamiyatni sodir etgan qonunbuzarliklari yuzasidan Xitoyga qarshi chora koʻrishga undaydi.

63 sahifalik hisobotda aytilishicha, XKP mamlakat shimoli-gʻarbidagi musulmon uygʻur ozchiligining “katta qismini yoʻq qilishni rejalashtirish” bilan “genotsid sodir etgan”.

Yaqinda Pekin tarafidan musulmonlarni hibsda saqlash maqsadida barpo etilgan 100 dan ortiq yangi obyektlarning koʻrinishi. [Buzzfeed]

Yaqinda Pekin tarafidan musulmonlarni hibsda saqlash maqsadida barpo etilgan 100 dan ortiq yangi obyektlarning koʻrinishi. [Buzzfeed]

2019-yil 11-sentabr kuni mashinada Shinjon viloyati markazi Urumchi shahridagi masjid yonidan oʻtib ketayotgan erkak. Pekin masjidlar minoralari va uygʻur oilalarining ajdodlari dafn etilgan maqbaralarni vayron qilib, oʻz ortidan inson suyaklari va vayron qilingan qabrlarni qoldirib ketmoqda. Faollar buni Shinjondagi etnik guruhning milliy oʻzligini yoʻq qilishga qaratilgan harakat deb atagan. [Gektor Retamal/AFP]

2019-yil 11-sentabr kuni mashinada Shinjon viloyati markazi Urumchi shahridagi masjid yonidan oʻtib ketayotgan erkak. Pekin masjidlar minoralari va uygʻur oilalarining ajdodlari dafn etilgan maqbaralarni vayron qilib, oʻz ortidan inson suyaklari va vayron qilingan qabrlarni qoldirib ketmoqda. Faollar buni Shinjondagi etnik guruhning milliy oʻzligini yoʻq qilishga qaratilgan harakat deb atagan. [Gektor Retamal/AFP]

XKP uygʻurlar orasida tugʻilish darajasini pasaytirish, jumladan majburiy sterilizatsiya, tugʻilishni nazorat qilish va abortlar yordamida Shinjon aholisi sonini “optimallashtirish” boʻyicha kompleks choralarni joriy qilgan.

“Bu choralar tufayli kelajakda uygʻur aholisining soni odatdagidan kamroq boʻladi. Bu uygʻurlarning qisman yoʻq qilinishiga olib keladi”, deyiladi xabarda.

“Genotsid toʻgʻrisidagi konvensiyaga koʻra, “yoʻq qilish” soʻzi genotsidni isbotlash uchun zarur boʻlgan taqiqlangan harakatga mos keladi”, deb xulosa qilgan tribunal.

Si “bevosita masʼul”

Uygʻur tribunaliga britaniyalik advokat, Birlashgan Millatlar Tashkilotining urush jinoyatlari boʻyicha sobiq prokurori Jefri Nays raislik qilgan.

U boshqa aʼzolar bilan birga mustaqil tadqiqotchilar va huquqbon tashkilotlarning minglab sahifadan iborat hujjatlashtirilgan dalillari va akademik hisobotlarini, OAV xabarlarini va Xitoy Xalq Respublikasining (XXR) rasmiy hujjatlarini oʻrganib chiqqan.

Hayʼat xulosasiga koʻra, yuz minglab, ehtimol bir milliondan ortiq uygʻurlar sudsiz hibsga olinib, shafqatsiz va gʻayriinsoniy munosabatga uchraganlar.

Qiynoqlar shak-shubhasiz “davlat mansabdor shaxslari yoki XXR va/yoki XKP rasmiy vazifalarini bajaruvchi boshqa shaxslar tomonidan, ularning tashabbusi yoki roziligi bilan” amalga oshirilgan, deb topildi.

Komissiya hibsga olish, majburiy koʻchirish, gʻoyib boʻlish, zoʻrlash va jinsiy zoʻravonlik, taʼqiblar va gʻayriinsoniy amaliyotlarni tasdiqladi.

“Tribunal XXR tomonidan uygʻurlarga qarshi qaratilgan koʻp taraflama, ammo oʻzaro bogʻliq siyosatlarni qoʻllash boʻyicha keng qamrovli reja ishlab chiqilganini tasdiqlaydi”, deyiladi xulosada.

Si va boshqa yuqori mansabdor shaxslar Shinjondagi uygʻurlar va boshqa turkiyzabon musulmonlar, jumladan etnik qozoqlarga qarshi olib borilgan vahshiyliklar uchun “bevosita javobgar” hisoblanadi, deb taʼkidlagan tribunal.

Koʻplab suiisteʼmol holatlari ham aniqlangan

Tribunal izolyatorlar qurish, mahbuslarga nisbatan munosabat, Shinjon boʻylab masjidlarning yoʻq qilinishi, aholini nazorat qilishda texnologiyalardan foydalanish va davlat kuzatuvini olib borishda XKPning tezkorligini qayd etgan.

“Qamoqxonalardagi sinflarda mahbuslarni sudrab olib chiqib ketish, sinfdagilar eshitadigan darajada baqirtirib qiynash xavfi ostida XKP va XXRni madh qiluvchi qoʻshiqlarni yodlash va kuylashga majburlangan”, deb aytgan Nays tribunal hisobotini oʻqib.

Ayol mahbuslar va ehtimol erkaklar ham ularning reproduktiv va asab faoliyatiga taʼsir qiladigan dorilarni ichishga majburlanganlar, deydi u.

“Hibsxonalardagi va erkinlikdagi homilador ayollarni hatto eng oxirgi muddatda ham abort qilishga majburlashgan”, deyiladi tribunal hujjatlarida. “Abort chogʻida ayrim chaqaloqlar tirik tugʻilgan, ammo ularni keyinchalik oʻldirishgan.”

Shiddatli nazorat va kuzatuv tufayli Shinjonning ayrim hududlari “ochiq qamoqxonaga” aylangan, deyiladi unda.

Qoʻshnilar bir-biri ortidan aygʻoqchilik qilishga ragʻbatlantirilgan yoki majburlangan, jamiyatning taniqli aʼzolari, jumladan diniy, madaniy, siyosiy va yetakchi tadbirkorlari hibsga olingan yoki “gʻoyib boʻlgan”, ayrim hollarda oʻldirilgan, deyiladi hujjatda.

Bir necha oylik yosh bolalar oilasidan ajratib olingan va bolalar uyiga yoki XKP boshqaradigan internat-maktablarga topshirilgan, ayrim holatlarda ularning ota-onalari farzandlari tirik yoki oʻlik ekanini bilmagan.

Uygʻur ayollari agar rad etsalar hibs yoki boshqa jazo qoʻllanishi xavfi ostida xan millatiga mansub erkaklarga turmushga chiqishga majburlangan.

Boshqa hollarda “oilaning fikrlashi va hatti-harakatlarini kuzatish va hisobot berish uchun” odatda xan millatiga mansub “oila doʻstlari” bir necha hafta davomida uygʻur oilalari bilan yashashga yuborilgan.

“Bolalar soʻroqqa tutilgan, ayrim hollarda uygʻur oila boshligʻi qamoqxonada boʻlganida xan millatiga mansub erkaklar oiladagilar bilan bitta yotoqda yotishgan, natijada jinsiy zoʻravonlik holatlari sodir boʻlgan”.

Joriy qilinayotgan sanksiyalar

Pekin hech qanday hukumatga aloqador boʻlmagan Uygʻur tribunalini soxta “aksilxitoy” fitnasi deb atab, uning raisiga qarshi sanksiyalar joriy qildi.

Qoʻshma Shtatlar, boshqa Gʻarb mamlakatlari va inson huquqlari tashkilotlari Xitoyning uygʻurlarga nisbatan munosabatini “qatliom” deb ataganlar.

Qoʻshma Shtatlar, Avstraliya, Kanada va Buyuk Britaniya kabi davlatlar Pekinda boʻlib oʻtadigan Qishki olimpiadaga nisbatan diplomatik boykot eʼlon qilmoqda.

Oʻtgan haftada AQSH hukumati Xitoyning uygʻurlarga nisbatan munosabatini qoralash boʻyicha bir qator choralarni qabul qildi.

16-dekabr kuni AQSH senati bir ovozdan majburiy mehnatga doir xavotirlar sabab Shinjondan mahsulot importini cheklovchi qarorni qabul qildi.

“Ayni vaqtda biz koʻrib turgan va sodir boʻlayotgan qatliom juda xavotirli, dahshatli darajada yuz bermoqda”, deb aytgan Jo Bayden imzolashi kutilayotgan qarorni ishlab chiqqan senator Marko Rubio.

Senat diplomat Nikolas Byornsni Xitoyga elchi qilib tasdiqladi, u Xitoyni “zoʻravon” deb taʼriflab, uygʻur “qatliomini” qoralagan.

Bayden maʼmuriyati huquqbonlar Xitoyning uygʻurlarni kuzatishda yangi texnologiyalardan foydalanayotganini aytgan Shinjondagi kuzatuvlar sababli bir qator sanksiyalarni joriy qildi.

Nishonga olingan kompaniyalar qatorida dunyodagi eng yirik maishiy dronlar ishlab chiqaruvchi SZ DJI Technology kompaniyasi bor.

“Bu sakkiz kompaniya XXRdagi etnik va diniy ozchiliklar, asosan Shinjondagi musulmon uygʻurlarni kuzatish va nazorat qilishni faol qoʻllab-quvvatlaydi”, deb aytgan AQSH davlat kotibi Entoni Blinken.

Qoʻshma Shtatlar kompaniyaning savdo eksportini allaqachon cheklagan, ammo yangi sanksiyalar unga kiritiladigan har qanday AQSh investitsiyalarini jinoiy javobgarlikka tortadi.

Shuningdek, telefonlardagi fayllarni kuzatuvchi mobil ilovani ishlab chiqqan Xiamen Meiya Pico Information, uygʻurlar va tibetliklar yuzlarini aniqlash tizimini ishlab chiqqan Cloudwalk Technology kompaniyalari ham sanksiyalar ostiga tushgan.

Bundan alohida ravishda AQSH savdo vazirligi Harbiy tibbiy fanlar akademiyasi (AMMS) va uning 11 ta tadqiqot institutining biotexnologik ishlari, jumladan “inson miyasini nazorat qilish boʻyicha ehtimoliy quroli” sababli maxfiy eksportlarini chekladi, deyiladi bildirishnomada.

“Afsuski, XXR bu texnologiyalarni oʻz aholisini nazorat qilish, etnik va diniy ozchilikka bosim oʻtkazish uchun qoʻllashni maʼqul koʻrmoqda”, deb aytgan savdo vaziri Jina Raymondo bayonotda.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Dunyo 80 yil avval Gitlerga qarshi birlashgani kabi xitoy fashizmiga qarshi birlashishi kerak

Javob berish