Karvonsaroy
Din

Xitoy hukumati roʻza tutadigan musulmonlar soniga cheklov qoʻydi

Karvonsaroy va AFP

6-aprel kuni Indoneziyadagi masjidda oʻz telefonida Qurʼonning raqamli nusxasini oʻqiyotgan kishi. [Chaydir Maxyuddin/AFP]

6-aprel kuni Indoneziyadagi masjidda oʻz telefonida Qurʼonning raqamli nusxasini oʻqiyotgan kishi. [Chaydir Maxyuddin/AFP]

Huquqbon tashkilotlar Xitoy hukumatining Shinjonda roʻza tutish ruxsat berilgan musulmonlar sonini cheklash chorasini tanqid ostiga olgan, deb xabar berdi Ozod Osiyo radiosi (RFA) 1-aprel kuni.

Shinjon mintaqasi rasmiylari uzoq yillardan beri uygʻurlar va boshqa turkiyzabon musulmonlarning roʻza tutishini cheklab, jumladan, talabalar, oʻqituvchilar va davlat xizmatchilariga roʻza tutishni butunlay taqiqlab kelgan.

Ayrim mahallalar qoʻmitalari aksariyat uchun 1-apreldan boshlangan Ramazon oyida atigi 10-50 ta musulmonga roʻza tutishga ruxsat berilishi toʻgʻrisida bildirishnoma olganlar, deb xabar berdi RFAga mahalliy maʼmurlar va politsiya.

Roʻza tutadiganlar ham rasmiy idoralarda roʻyxatdan oʻtishi kerak.

Britaniya parlamentidan Xitoyning uygʻur musulmon ozchiligiga nisbatan taʼqibini qatliom va insoniyatga qarshi jinoyat sifatida tan olish uchun ovoz berish talab qilingan namoyishga qoʻshilib, plakat koʻtarib turgan uygʻur jamoasi vakili. London, oʻtgan yilning 22-apreli. [Jastin Tallis/AFP]

Britaniya parlamentidan Xitoyning uygʻur musulmon ozchiligiga nisbatan taʼqibini qatliom va insoniyatga qarshi jinoyat sifatida tan olish uchun ovoz berish talab qilingan namoyishga qoʻshilib, plakat koʻtarib turgan uygʻur jamoasi vakili. London, oʻtgan yilning 22-apreli. [Jastin Tallis/AFP]

Ili qozoq muxtor prefekturasining Gʻulja tumanidagi qishloq maʼmurlaridan birining aytishicha, uning mahallasida allaqachon roʻyxatga olish jarayoni boshlangan.

10 ta oilani nazorat qiluvchi maʼmurning aytishicha, faqat maktab yoshidagi farzandi boʻlmagan keksalar va kattalarga roʻza tutishga ruxsat beriladi.

“Bu tizim dinning bolalar ongiga salbiy taʼsiridan qochish maqsadida ishlab chiqilgan”, dedi maʼmur. Hozir bu borada koʻplab targʻibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda, qishloqdan chiqqan guruh roʻzadorlik talablariga mos keladiganlarni roʻyxatga olyapti.

Qizilsuv qirgʻiz muxtor prefekturasining Arusha shahrida 10 ta oilani nazorat qiluvchi boshqa bir maʼmur mahalliy hokimiyatdan cheklovlar haqida bildirishnoma olganini aytdi.

“Men masʼul boʻlgan 10 ta oiladan ikkitasigina... roʻza tutishi mumkin boʻlgan oila deb topildi. Ularning har ikkovi ham keksa boʻlib, uyda farzandlari yoʻq.

“Uygʻurlar uchun Ramazon yoʻq”

Ushbu xabarlar inson huquqlari tashkilotlarining jiddiy tanqidiga uchragan.

“Xitoyning faqat muayyan odamlarga roʻza tutishga ruxsat berishi juda achinarli va fojiali holat”, deydi Germaniyadagi butunjahon uygʻur qurultoyining Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi direktori Turgʻunjon Alouddin.

Xitoyning bu qilmishi musulmon dunyosi uchun kulgili boʻlib, roʻza tutishi mumkin boʻlganlar sonining cheklanishi hayratlanarlidir”.

“Xitoydagi genotsid kampaniyasiga barham berilmas ekan, vatandagi uygʻurlar uchun bu yil ham, boshqa yillarda ham Ramazon oyi boʻlmaydi”, deyiladi Vashingtonda joylashgan Uygʻur inson huquqlari loyihasi 31-mart kungi bayonotida.

Shuningdek, Vashingtonda joylashgan Uygʻurlar kampaniyasining taʼkidlashicha, Xitoy kommunistik partiyasi (XKP) Shinjondagi uygʻurlarga ibodat amallarni bajarish va diniy bayramlarni nishonlashni yana taqiqlamoqda.

“Bu adolatsizlikni yanada kuchaytirish uchun XKP soxta manzarani hosil qilish maqsadida atayin islomdan foydalanmoqda”, deyiladi tashkilotning 31-mart kuni eʼlon qilgan bayonotida.

Soʻnggi yillarda hukumat uygʻur aholisini roʻza tutgani uchun jazolanishi, jumladan, Shinjondagi lagerlaridan biriga joʻnatilishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

U shuningdek, nafaqa yoshidagi fuqarolardan Ramazon oyi oldidan roʻza tutmaslik yoki namoz oʻqimaslikka vaʼda berishni, keng jamoatchilikka oʻrnak boʻlish va boshqalarning ham tiyilishlarini taʼminlash uchun masʼuliyatni oʻz zimmalariga olishni talab qilgan, deya xabar beradi RFA.

“Insoniyatga qarshi jinoyatlar”

Huquqbon tashkilotlar hisob-kitoblariga koʻra, Shinjon boʻylab bir milliondan ortiq uygʻur va boshqa turk musulmon ozchiliklari “terrorizmga qarshi” kurash choralari doirasida “qayta tarbiyalash lagerlari” tarmogʻida hibsda saqlanmoqda.

Mustaqil tergovlar, sobiq mahbuslar hamda qoʻriqchilar bilan oʻtkazilgan suhbatlarda jismoniy va ruhiy qiynoqlar, ongni zaharlash, muntazam zoʻrlashlar, jinsiy tahqirlash va boshqa dahshatli amaliyotlar tilga olingan.

Bundan tashqari, Xitoy hukumati turli bahonalar bilan mintaqadagi masjidlar va boshqa muqaddas islomiy obidalarning uchdan ikki qismiga zarar yetkazgan yoki vayron qilgan, deyiladi Human Rights Watch (HRW) tashkilotining aprel oyidagi batafsil hisobotida.

Inson huquqlari tashkilotlari va koʻp sonli Gʻarb hukumatlari, jumladan AQSH, Kanada, Niderlandiya, Britaniya, Belgiya va Fransiya Pekinning Shinjondagi siyosatini “insoniyatga qarshi jinoyatlar” va “genotsidga” tenglashtirgan.

21-mart kuni AQSH davlat kotibi Entoni Blinken mamlakat ichi va tashqarisida etnik va diniy ozchiliklarga nisbatan repressiya amaliyotlari oʻtkazgani uchun Xitoy mansabdorlariga viza cheklovlari joriy qilinganini aytdi.

Qaysi mansabdor shaxslar nishonga olingani aniq aytilmagan bayonotda Blinken Xitoyga qarata Shinjonda “davom etayotgan genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlarni toʻxtatish” chaqirigʻini takrorlagan.

Uning soʻzlariga koʻra, AQSH sanksiyalari asosan ozchiliklarni, dissidentlarni, huquq faollari va jurnalistlarni taʼqib qilish siyosatiga aloqador Xitoy rasmiylariga qaratilgan.

Blinken Xitoyning “etnik va diniy ozchiliklari vakillarini, jumladan xorijdan boshpana izlayotganlarni taʼqib qilish, qoʻrqitish, kuzatish va oʻgʻirlash” harakatlarini tanqid qildi.

“Biz Xitoy hukumatini transmilliy repressiya choralarini, jumladan, amerikalik uygʻur faollari va uygʻur millatiga mansub boshqa shaxslarning ovozini oʻchirish urinishlarini toʻxtatishga chaqiramiz”, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Rossiya qulaganidan soʻng, dunyo Xitoy kommunistik fashizmini toʻxtatishi kerak.

Javob berish