Karvonsaroy
Xavfsizlik

Rossiyaning NATOga ultimatumi Markaziy Osiyo suverenitetiga tahdid solmoqda

Kanat Altinbayev va AFP

Ukraina Qurolli kuchlarining harbiy zahirasi – Ukraina hududiy mudofaa kuchlari Kalashnikov avtomatlarining yogʻochdan ishlangan nusxalarini ushlagan holda 25-dekabr kuni Kiyev yaqinidagi harbiy mashgʻulotlarda qatnashmoqda. [Sergey Supinskiy/AFP]

Ukraina Qurolli kuchlarining harbiy zahirasi – Ukraina hududiy mudofaa kuchlari Kalashnikov avtomatlarining yogʻochdan ishlangan nusxalarini ushlagan holda 25-dekabr kuni Kiyev yaqinidagi harbiy mashgʻulotlarda qatnashmoqda. [Sergey Supinskiy/AFP]

OLMAOTA – Kreml Gʻarb va Shimoliy Atlantika shartnomasi tashkiloti (NATO) uni oʻrab olishga urinayotganini borgan sari keskinroq daʼvo qilar ekan, Markaziy Osiyo davlatlari birlashish zarurati bilan toʻqnash kelmoqdalar.

Shu oy boshida Moskva xavfsizlik boʻyicha radikal talablar qoʻyar ekan, NATO yangi aʼzolar qabul qilmasligi kerakligini aytib, Qoʻshma Shtatlarga sobiq Sovet respublikalarida yangi bazalar ochishni taqiqlashga urindi.

17-dekabr kuni Rossiya tashqi ishlar vazirligi Rossiya va NATO harbiy ittifoqi oʻrtasida “oʻzaro” xavfsizlik kafolatlari yuzasidan tayyorlangan kelishuv loyihasini eʼlon qildi.

Shartnomalarda NATO “kelajakda oʻz safini jumladan, Ukraina va boshqa davlatlar hisobiga kengaytirmaslik majburiyatini olishi kerakligi” aytiladi.

24-sentabr kuni Ukraina harbiylari Lvov yaqinida AQSH va NATOga aʼzo boshqa davlatlar bilan hamkorlikda oʻtkazilgan “Rapid Trident” qoʻshma mashqlarida ishtirok etmoqda. Mamlakat sharqida Kreml qoʻllovidagi isyonchilar tufayli Rossiya bilan keskinlik saqlanib qolmoqda. [Yuriy Dyachishin/AFP]

24-sentabr kuni Ukraina harbiylari Lvov yaqinida AQSH va NATOga aʼzo boshqa davlatlar bilan hamkorlikda oʻtkazilgan “Rapid Trident” qoʻshma mashqlarida ishtirok etmoqda. Mamlakat sharqida Kreml qoʻllovidagi isyonchilar tufayli Rossiya bilan keskinlik saqlanib qolmoqda. [Yuriy Dyachishin/AFP]

21-oktabr kuni Bryusselda Shimoliy Atlantika shartnomasi tashkiloti (NATO) mudofaa vazirlari yigʻilishi oldidan olingan fotosuratda ittifoqqa aʼzo mamlakatlar bayroqlari aks etgan. [Kenzo Tribouillard/AFP]

21-oktabr kuni Bryusselda Shimoliy Atlantika shartnomasi tashkiloti (NATO) mudofaa vazirlari yigʻilishi oldidan olingan fotosuratda ittifoqqa aʼzo mamlakatlar bayroqlari aks etgan. [Kenzo Tribouillard/AFP]

Shu bilan birga, NATO aʼzolari “Ukraina, shuningdek, Sharqiy Yevropa, Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlar hududida hech qanday harbiy faoliyat olib bormasligi lozim”, deyiladi hujjatda.

Hozircha hech bir davlat bu loyihani imzolagani yoʻq. NATOga aʼzo davlatlar Rossiya talablariga hech qanday rozilik alomatlarini bildirmagan.

Rossiya bilan muzokaralar 10-yanvar kuni boʻlib oʻtadi, dedi dushanba (27-dekabr) kuni kechqurun AFPga AQSH Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi.

Rossiya tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Sergey Ryabkov seshanba kuni bu sanani tasdiqlab, muzokaralar Jenevada boʻlib oʻtishini aytdi. Bu yerda iyun oyida oʻtgan sammitda AQSH prezidenti Jo Bayden va Rossiya yetakchisi Vladimir Putin ilk bor uchrashgan edilar.

Ammo Rossiyaning mintaqa hukumatlari bilan kelishilmagan holda Gʻarbga qoʻygan, Markaziy Osiyo davlatlariga bevosita daxldor boʻlgan ultimatumi mintaqa suvereniteti uchun ogohlik qoʻngʻirogʻidir, deydi tahlilchilar.

Diqqat markazida – Ukraina

Kremlning asosiy maqsadi – NATOning sharqqa tomon kengayishiga va Ukrainaning ittifoqqa qoʻshilishiga yoʻl qoʻymaslik. Agar Qoʻshma Shtatlar va NATO taklif etilgan xavfsizlik bitimlarini imzolasa, ular bunday kengayish rejalaridan rasman voz kechishi kerak, bu esa Moskvani toʻla qoniqtiradi.

Moskva taʼsir vositasi sifatida Ukraina bilan chegara yaqinida jadallik bilan oʻz harbiy texnikasi va qoʻshinlarini joylashtirmoqda.

Ukrainaning hisob-kitoblariga koʻra, hozirda mamlakat chegaralaridagi Rossiya askarlari soni oktabr oyidagi 93 mingdan 104 mingtaga koʻpaygan.

25-dekabr kuni Rossiya Ukraina yaqinida 10 mingdan ortiq askar ishtirokida bir oy davom etgan mashgʻulotlar yakunlangani haqida eʼlon qilgan edi.

Mudofaa vazirligi bayonotida aytilishicha, Janubiy harbiy okrug qoʻshinlari ishtirokidagi oʻquv mashgʻulotlari koʻplab janubiy viloyatlarda, jumladan, Rostov, Krasnodar va 2014-yil Moskva Ukrainadan tortib olgan Qrimda boʻlib oʻtgan.

Bunday mashgʻulotlar mamlakat tashqarisida, jumladan Stavropol, Astraxan, Shimoliy Kavkaz va hatto Armanistonda ham oʻtkazilgan.

Gʻarb davlatlari Rossiyani qishda Ukrainaga bostirib kirishga tayyorlanayotganlikda ayblagan.

Kreml keng koʻlamli hujumni rejalashtirmayotganini taʼkidlamoqda.

Ayni paytda Ukraina Rossiya bosqiniga duch kelgan taqdirda tinch aholiga oʻz vatanini qanday himoya qilishni oʻrgatmoqda.

Soʻnggi oylarda oʻnlab tinch aholi vakillari Ukraina armiyasi zaxiralariga qoʻshilgan.

19 yashar universitet talabasi Daniil Larinning AFPga aytishicha, soni taxminan 100 mingga yaqinlashib qolgan zahira askarlari “qurol bilan qanday muomala qilishni, jangovar muhitda oʻzini qanday tutishni, shaharlarni qanday himoya qilishni oʻrganmoqdalar”.

AFP zaxira kuchlarining avvalgi soni haqida maʼlumot bermagan.

“Fikrimcha, bu mamlakatdagi har bir inson dushman bostirib kirganida nima qilish kerakligini bilishi zarur”, dedi Larin.

Larin – oxirgi dam olish kunlari tushdan keyin mashgʻulot oʻtkazish uchun Kiyevdan sovet davriga oid tashlandiq asfalt zavodiga kelgan ellikka yaqin ukrainalik fuqarolardan biri.

215 ming askardan iborat Ukraina armiyasi 2014-yildan beri ikki boʻlginchi mintaqada Moskva qoʻllovidagi isyonchilarga qarshi kurashib keladi. Bu vaqt davomida janglarda 13 mingdan ortiq odam halok boʻlgan.

Rossiyaning “ichkari hovli” ishlariga aralashuvi

Ukraina atrofidagi notinchlik fonida Rossiya nafaqat gʻarbiy chegaralari, balki anʼanaviy ravishda oʻzining ichkari hovlisi deb hisoblaydigan Markaziy Osiyoni ham “xavfsizlantirishga” qaror qilgan koʻrinadi.

Kreml tomonidan taklif qilingan kelishuvda NATOga “Sharqiy Yevropa, Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyoda” harbiy mashgʻulotlar oʻtkazishni taqiqlaydigan band bu mamlakatlar suverenitetiga toʻgʻridan-toʻgʻri zarbadir.

Markaziy Osiyo hukumatlari bunga hech qanday rasmiy munosabat bildirmagan boʻlsa-da, ularning ayrimlari AQSH bilan harbiy hamkorlikni davom ettirayotgani uchun oʻz pozitsiyasini belgilashga harakat qilayotgan boʻlishi mumkin.

Masalan, Qozogʻiston va AQSH Mudofaa vazirliklari rasmiylari 7-dekabr kuni Nur-Sultonda 2022-yilga moʻljallangan harbiy hamkorlik rejasini muhokama qilganlar.

Qozogʻiston Mudofaa vazirligi, shuningdek, ikki davlat oʻrtasida 2023-2027-yillarga moʻljallangan navbatdagi besh yillik hamkorlik rejasini imzolashga hozirlanayotganini maʼlum qildi.

Moskvaning ultimatumi Nur-Sulton uchun “syurpriz” boʻldi, deydi tahlilchilar.

Moskva AQSHning Markaziy Osiyodagi hozirligi faqat Rossiyaning roziligi bilan boʻlishiga erishmoqchi, deydi AQSHda yashovchi oʻzbekistonlik siyosatshunos Rafael Sattorov.

Bunday vaziyat Rossiyaga “mintaqadagi davlatlar suvereniteti huquqidan osongina voz kechish” imkonini beradi, dedi u.

Ogohlik qoʻngʻirogʻi

Moskva mustaqillik, xavfsizlik va geosiyosiy erkinlik nuqtayi nazaridan nafaqat Gʻarb davlatlari, balki postsovet respublikalariga ham ultimatum qoʻydi, deb hisoblaydi toshkentlik siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov.

“Moskvaning bu rejasi Markaziy Osiyo davlatlarini jiddiy xavotirga solishi kerak, ammo hukumatlar Moskvaga rasman eʼtiroz bildirmoqchi emas”, deydi u. “Hech kim Moskvani tajovuzkor harakatlarga provokatsiya qilishni istamayapti”.

Markaziy Osiyo mamlakatlarida xavfsirash uchun asos bor, chunki kelishuv loyihasi asosida Rossiya kelajakda “postsovet mintaqasida ehtimoliy agressiv harakatlar uchun huquqiy va tashviqot asoslarini hozirlashi” mumkin, dedi u.

“Shundan keyin Moskva tinchlik va barqarorlik taklif qilganini, lekin ular [Gʻarb davlatlari] bu taklifni rad etib, [Rossiyani] NATO, harbiy bazalar va harbiy hamkorlik orqali oʻrab olmoqchi boʻlgani, shu sababli chora koʻrishga majbur boʻlganini aytishi mumkin”, dedi Rabbimov.

Taklif etilayotgan kelishuv orqali Rossiya siyosiy va diplomatik lobbizmdan tashqari, oʻzining strategik iqtisodiy manfaatlarini ilgari suradi, deydi Olmaotadagi Falsafa, siyosatshunoslik va dinshunoslik instituti katta ilmiy xodimi, siyosiy tahlilchi Talgat Ismagambetov.

“Rossiya Markaziy Osiyoning Rossiya harbiy-sanoat monopoliyasi doirasida boʻlishini va faqat Rossiya qurollarini sotib olishini istaydi, deydi u. “Bu juda katta pul.”

Rossiya Markaziy Osiyo bilan bogʻliq talablarini bu davlatlar hukumatlari bilan oldindan muvofiqlashtirmagan va bu eʼtiborsizlik butun mintaqa uchun ogohlantirishdir, deydi Ismagambetov.

“Markaziy Osiyo davlatlari tarqoq holatda hech narsa qila olmasliklarini tushuna boshladilar. Ular oʻz suverenitetini himoya qilish uchun umumiy tashqi siyosatni ishlab chiqishi va muvofiqlashtirishi kerak”, dedi u.

Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlari oʻz suvereniteti va hududiy yaxlitligini saqlagan holda barqarorlik va xavfsizlik mintaqalari boʻlib qolishi lozim, deydi xalqaro munosabatlar va konfliktologiya boʻyicha bishkeklik olim, siyosatshunos Edil Osmonbetov.

“Markaziy Osiyo global geosiyosiy keskinlikning salbiy oqibatlaridan qochish uchun oʻz tashqi siyosatini diversifikatsiya qilishi zarur”, deb taʼkidladi u.

[Maqolani tayyorlashga Toshkentdan Rustam Temirov koʻmaklashgan]

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 4

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Harakat qilib koʻr, omadingni bersin. Rossiya oddiy bir narsani tushunmaydi: Qozogʻistonga qarshi agressiya qoʻllasa, Rossiyaning oʻzi toʻkilib tushadi. Shisha uyda yashaydiganlar boshqalarga tosh otmasligi kerak. Oʻtgan 30 yil ichida Rossiyadan nafratlanadiganlar yetarli; oʻz mamlakatini himoya qilish uchun hammasini qilishga tayyor, hatto Rossiyani yoʻq qilish evaziga boʻlsa ham.

Javob berish

Bu ultimatumning bosma koʻrinishi bormi? Artishga qogʻoz kerak.

Javob berish

Yodingizda boʻlsa Putin muddatining boshida NATOga qoʻshilishni rejalashtirgan edi, hozirgi daʼvolari ikkiyuzlamachilikdek koʻrinadi.

Javob berish

Kim NATO bilan hamkorlik qilishi Rossiyaning ishi emas

Javob berish