Karvonsaroy
Xavfsizlik

Tahlilchilar Putinni Qozogʻistondagi inqirozning asosiy benefitsiari deb hisoblamoqda

Kanat Altinbayev va AFP

Olmaotada KXSHT missiyasining yakuniga bagʻishlangan marosimda ishtirok etayotgan rossiyalik askarlar, 13-yanvar. [Aleksandr Bogdanov/AFP]

Olmaotada KXSHT missiyasining yakuniga bagʻishlangan marosimda ishtirok etayotgan rossiyalik askarlar, 13-yanvar. [Aleksandr Bogdanov/AFP]

OLMAOTA – Rossiyalik askarlar Qozogʻistonni toʻliq tark etdi, deb xabar bergan Rossiya mudofaa vazirligi chorshanba (19-yanvar) kuni, ammo tahlilchilar ularning mintaqaga kiritilishi oqibatlari Markaziy Osiyo mamlakatida ancha vaqtgacha sezilib turishi haqida ogohlantirmoqda.

Qozogʻistonda yangi yil bayramidan keyin yoqilgʻi narxlarining koʻtarilishi ortidan kelib chiqqan tinch namoyishlar misli koʻrilmagan gʻalayonga olib kelgani tufayli joriy etilgan favqulodda holat bekor qilingan.

Prezident Qosim-Joʻmart Toʻqayevni yordam soʻrab Moskvaga murojaat qilishga majbur etgan tartibsizliklar vaqtida kamida 225 kishi, jumladan 19 ta harbiy xizmatchi qurbon boʻlgan.

Toʻqayevning shoshilinch iltimosi bilan 6-yanvar kuni Qozogʻistonga yetib kelgan Rossiya yetakchiligidagi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT), jumladan Armaniston, Belarus, Tojikiston, Qirgʻiziston va Rossiya askarlari oʻtgan haftadan mamlakatni tark eta boshlagan.

13-yanvar kuni Rossiya yetakchiligidagi kuchlar Qozogʻistonni tark etar ekan, Rossiya prezidenti Vladimir Putin Moskvada mudofaa vaziri Sergey Shoygu bilan uchrashgan. [Aleksey Nikolskiy/Sputnik/AFP]

13-yanvar kuni Rossiya yetakchiligidagi kuchlar Qozogʻistonni tark etar ekan, Rossiya prezidenti Vladimir Putin Moskvada mudofaa vaziri Sergey Shoygu bilan uchrashgan. [Aleksey Nikolskiy/Sputnik/AFP]

Tinchlikparvar kuchlarni yuborish KXSHT uchun ilk qaror boʻlib, Qozogʻistonga 2000 dan ortiq harbiylar va 250 ta harbiy texnika joʻnatildi.

Ularning kiritilgani Qozogʻistonda turli munozaralarni keltirib chiqardi.

“Mamlakatimizda tartibsizliklarni hal qilish uchun resurslar yetarli. Qozogʻistonga xorijiy askarlarni olib kelishga nima hojat bor edi?” deydi Olmaotadagi sabzavotlar rastasi egasi Aziz Qosimov Karvonsaroy nashriga.

“Bu davlatimizning omon qolishi Rossiyaga bogʻliq ekanligini koʻrsatadi. Aslida bunday emas deb oʻylayman”, deydi u.

Ekonomist.kz onlayn platformasi asoschisi, olmaotalik Qosimxon Kapparov ham shunday fikrda.

“Xorijiy kuchlarining Qozogʻistonga olib kelinishi ichki nizolarni hal qilishga qurbi yetmaydigan muvaffaqiyatsiz davlat ekanligimizni koʻrsatadi”, deb aytgan u.

Putin – manfaatdor

Amalda KXSHT koordinatori boʻlgan Kreml Qozogʻistondagi noroziliklardan eng koʻp foyda koʻrdi, deydi tahlilchilar.

10-yanvar kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin blokdagi hamkasblariga tinchlikparvar kuchlar “xavfsizligi, yaxlitligi va suverenitetiga nisbatan misli koʻrilmagan tahdidni” yengishda Qozogʻistonga yordam berdi, deb aytgan.

“Hech kimga mamlakatlarimizdagi vaziyatni beqarorlashtirish va rangli inqiloblarni amalga oshirishga yoʻl qoʻymaymiz”, dedi Putin.

Ammo, inqirozdan asosiy foyda koʻrgan Putinning oʻzi boʻldi, deydi olmaotalik siyosiy tahlilchi va Xavflarni baholash guruhi rahbari Dosim Satpayev.

“Endi Toʻqayev Putindan qarzdor”, deb aytgan oʻtgan hafta juma kuni BBC bilan suhbatda. “Bu sovgʻa Putin qoʻliga kutilmaganda kelib tushdi.”

Yuz bergan hodisalarni baholaydigan rossiyalik shovinistlar endi Qozogʻiston zaif davlat ekanini isbotlagani va Rossiyaning yordamisiz omon qolmasligini iddao qila boshlaydilar, deb aytgan u.

“Bu Putin uchun ideal stsenariy”, deydi Satpayev. Putin Toʻqayevning Gʻarb mamlakatlari qoʻllovidan mahrum boʻlishiga umid qiladi, deb qoʻshimcha qilgan u.

Agar postsovet mamlakatlar prezidentlari xalqaro hamjamiyatdan ajralib qolsa, ularda faqat bir yoʻl – Rossiya qoladi, deydi u.

“Menimcha, ayni damda bu Qozogʻiston uchun katta muammo. Suverenitetimizga tahdid yanada kuchaydi”, deydi Satpayev.

Shuningdek, oʻz oʻrnida Putin Rossiyaning Qozogʻistondagi iqtisodiy manfaatlari himoyasini ham koʻzlagan, deydi Ozod Yevropa/Ozodlik radiosidagi (RFE/RL) “Dengi na svobode” dasturining boshlovchisi, iqtisodiy sharhlovchi Maksim Blant Moskvadan turib.

“Oʻtgan yil oxiriga kelib, rossiyalik kompaniyalar qoʻshni davlat iqtisodiyotiga 11 milliard AQSH dollari kiritgan. Bu pullarning deyarli uchdan biri konchilik sohasiga, 20 foizi neft va gaz sohasiga yoʻnaltirilgan”, deb aytgan Blant 11-yanvar kuni RFE/RL radiosiga bergan intervyusida.

Yana bir yaqqol misol Rossiyaning “Lukoyl” kompaniyasiboʻlib, u Qozogʻistonning neft va gaz sohasidagi eng yirik “Tengiz” loyihasida 5 foizlik ulushga ega.

Mamlakatda uglevodorod qazib olishning 40 foizi “Tengiz” hissasiga toʻgʻri keladi.

Shuningdek, “Lukoyl” Qorachagʻanak neft-gaz konida 13,5 foiz va Qozogʻistondan Rossiyaga, keyin esa Yevropaga neft tashuvchi yirik xalqaro neft transporti loyihasi boʻlgan Kaspiy quvuri konsortsiumida (CPC) 12,5 foizlik ulushga ega.

Xavotirli belgilar

Putinning soʻnggi yutuqlari Qozogʻiston suvereniteti va mustaqilligi evaziga qoʻlga kiritildi, endi esa Kreml oʻzining yangi taʼsirini oʻtkazmoqda, deydi xalqaro va mahalliy kuzatuvchilar.

KXSHTning aralashuvidan keyin dadillashgan rossiyalik rasmiylar ommaviy ravishda Qozogʻistonning ichki ishlariga aralashishni boshladilar.

Ulardan bir nechtasi 11-yanvar kuni Toʻqayevning Asqar Umarovni axborot va ijtimoiy taraqqiyot vaziri etib tayinlaganiga eʼtiroz bildirib, uni oʻtmishdagi rusofob fikrlarda ayblagan.

“Rossotrudnichestvo” nomi bilan tanilgan Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi ishlari boʻyicha federal agentlik rahbari Yevgeniy Primakov bu tayinlov haqidagi mulohazalarini tap tortmay bayon qildi.

“Rossotrudnichestvo rusofob yaramaslar bilan aloqa qilmaydi, ishlamaydi va hamkorlik qilmaydi, shu sababli bu vazir va uning boshqaruvidagi vazirlik bilan hamkorlikni istisno qiladi”, deb yozgan Primakov 12-yanvar kuni oʻzining Telegram kanalida Umarovni nazarda tutib.

Shu kunning oʻzida “Roskosmos” (Rossiyaning fazo agentligi) rahbari Dmitriy Rogozin oʻzining Tvitter sahifasida Umarovga Boyqoʻngʻir kosmodromiga tashrif buyurishni rejalamaslikni maslahat bergan. Rossiya oʻz raketalarini fazoga uchurish uchun kosmodromni Qozogʻistondan ijaraga oladi.

12-yanvar kuni Rogozin Tvitterda “Uni bu yerda hech kim kutayotgani yoʻq”, deb yozgan.

Nur-Sultonlik siyosatshunos Gaziz Abishevning fikricha, Moskva Umarov bilan bogʻliq vaziyatdan Qozogʻiston rahbariyatiga bosim oʻtkazish va turli siyosiy imtiyozlarga erishish uchun foydalanmoqda.

“Kelajakda Rossiya Qozogʻistonga bosim oʻtkazib, uning kirill alifbosidan lotin alifbosiga oʻtish rejalarini ham izdan chiqarishi mumkin”, deb qoʻshimcha qildi u.

“Hozir mamlakatimiz tashqi bosimga dosh berish uchun har qachongidan ham kuchliroq boʻlishi kerak”, dedi Abishev.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 7

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

[Qozoqlar] bu bosqinchilarni Qozogʻistondan chiroyli haydab chiqarishdi.

Javob berish

Menimcha Putin, Rossiya va KXSHT xor boʻldi.

Javob berish

Putin va Rossiya faqat yutqazadi. Har doim.

Javob berish

Putin siyosiy murdaga aylanib boʻlgan.

Javob berish

Putin va ODKB Qozogʻistonda qaqshatqich magʻlubiyat va xorlikka uchradi, ularga “Choy ham ichmasdan ketasizlarmi?” deb, tantanali orkestr sadolari ostida ketlariga tepishdi))))

Javob berish

Pu oʻzining keksalikdagi kunlarini tinch yashab oʻtishnigina oʻylaydi. Chunki Rossiyadek qoloq mamlakatda hukmdorlar tabiiy ravishda oʻlmaydilar.

Javob berish

Aksincha, Putin yutqazdi deb oʻylayman, chunki unga qarashli KXSHT Qozog‘istondan sharmandalik bilan haydab chiqarildi.

Javob berish