Karvonsaroy
Siyosat

Xitoy, Rossiya va Eron matbuot erkinligiga daxl qilish uchun pandemiyadan foydalanmoqda

Karvonsaroy va AFP

13-aprel kuni prezident Vladimir Putin Moskva yaqinidagi qarorgohida Rossiyadagi COVID-19 koronavirus pandemiyasi boʻyicha telekoʻprik orqali tashkil etilgan majlisda ishtirok etmoqda. [Aleksey Drujinin/SPUTNIK/AFP]

13-aprel kuni prezident Vladimir Putin Moskva yaqinidagi qarorgohida Rossiyadagi COVID-19 koronavirus pandemiyasi boʻyicha telekoʻprik orqali tashkil etilgan majlisda ishtirok etmoqda. [Aleksey Drujinin/SPUTNIK/AFP]

Koronavirus pandemiyasi taʼsirida butun dunyoda matbuot erkinligiga nisbatan tahdidlar kuchaymoqda. Xitoy, Rossiya va Eron kabi avtoritar rejimlar pandemiyaga oid tafsilotlarni yashirishga urinmoqda, deydi faollar.

Parijda joylashgan “Chegara bilmas muxbirlar” (RSF) tashkilotining 19-aprel, yakshanba kuni eʼlon qilingan yillik matbuot erkinligi reytingida aytilishicha, pandemiya taʼsirida “koʻplab inqirozlar yuzaga chiqib, kuchaygan” va matbuot erkinligiga soya sola boshlagan.

Kasallikning avj olishi ayrim rejimlarni “odamlarning sarosimada qolgani va oddiy vaqtlarda qoʻllash imkonsiz boʻlgan choralarga nisbatan qarshiligi kamayganidan” foydalanib qolishga undamoqda, dedi RSF bosh kotibi Kristof Deluar 21-aprel, seshanba kuni AFP nashriga.

RSF 180 mamlakat ichida 177 va 173-oʻrinlarni egallagan Xitoy va Eron rejimlarini koronavirusga oid maʼlumotlarni senzuralashda aybladi.

RSF Pekin pandemiyaning dastlabki koʻlamini yashirgan degan ayblovlarni inobatga olib, “Xitoyning axborot sohasidagi giper-nazorat tizimi koronavirus tufayli kelib chiqqan sogʻliqni saqlash tizimi inqirozi vaqtida butun dunyo uchun salbiy oqibatlarni namoyon qilganini” aytgan.

Uning qoʻshimcha qilishicha, koronavirus pandemiyasiga javob chorasi sifatida matbuot erkinligini boʻgʻish va mamlakatning reytingdagi oʻrni oʻrtasida “yaqqol bogʻliqlik” mavjud.

Norvegiya erkin matbuot reytingida toʻrtinchi yil ketma-ket yetakchilik qilayotgan boʻlsa, Finlandiya bu yil ham ikkinchi oʻrinni egalladi.

“Kuchlilar oʻz mavqeini mustahkamlamoqda”

Kreml ham prezident Vladimir Putin boshchiligida “yanada murakkabroq usullardan foydalangan holda internet ustidan nazoratni kuchaytirishga” urinmoqda, deyiladi hisobotda. Gap mamlakat rahbariyatiga Rossiyadagi internetni dunyodan uzib qoʻyishga imkon beradigan qonun haqida ketmoqda.

Rossiya rejimi RSF reytingida 149-oʻrinni egallagan.

“(Rossiyada) Xitoy uslubidagi ssenariyning istiqboli xavotirli”, deydi RSF.

21-aprel kuni Xitoy tashqi ishlar vazirligi rasmiysi “RSF Xitoyga nisbatan doim noxolis boʻlganini” iddao qilar ekan, Pekin xorijlik jurnalistlarning Xitoyda “qonun-qoidalarga rioya qilgan holda” ishlashini maʼqullaydi, deb aytgan.

“Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoning deyarli hamma joyida qudratli shaxslar axborot ustidan nazoratni mustahkamlamoqda”, deydi RSF.

RSFning bu ogohlantirishi 1-aprel kuni chop etilgan Yevropa Ittifoqi (YI) tadqiqotiga asoslangan holda yangragan. Tadqiqotga koʻra, Rossiya va Xitoy rejimlari koronavirus pandemiyasi haqida zararli maʼlumotlarni tarqatishda davom etar ekan, butun dunyodagi odamlar hayotini xavf ostiga qoʻyib, demokratik jamiyatlarga putur yetkazmoqda.

Shu bilan bir vaqtda, bu ikki hukumat tomonidan olib borilayotgan dezinformatsiya kampaniyalarida, davlat pandemiyaga qarshi kurashda sezilarli muvaffaqiyatga erishmagan boʻlsa-da, uning choralariga yuqori baho beriladi.

Masalan, Rossiya hukumati mamlakatni oʻzi kechikib tan olgan pandemiyadan himoyalashga zoʻr berib urinayotganiga qaramay, rus tashviqot mashinasi Moskvaning COVID-19ga qarshi kurash choralarini maqtash bilan band.

Shu bilan birga, xitoylik tashviqotchilar COVID-19 ilk bor Uxandagi hayvonlar bozorida paydo boʻlganidan eʼtiborni chalgʻitishga urinib, virus Uxanga AQSH harbiylari tomonidan olib kelingani yoki Italiyada paydo boʻlgani haqidagi taxminlarni yoyinlamoqda, deyiladi YI tadqiqotida.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Uch zararkunanda mamlakat

Javob berish