Karvonsaroy
Inson huquqlari

Xitoy Shinjondagi qonunbuzarliklarni oqlashda foydalangan guruh terrorchi tashkilotlar roʻyxatidan chiqarildi

Karvonsaroy va AFP

Xitoyning Shinjon viloyatidagi asosan musulmon etnik ozchiliklar, jumladan qozoqlar va qirgʻizlar hibsda saqlanuvchi qayta tarbiyalash lageri deb gumon qilingan muassasa, 2019-yil 4-iyun kuni olingan surat. [Greg Baker/AFP]

Xitoyning Shinjon viloyatidagi asosan musulmon etnik ozchiliklar, jumladan qozoqlar va qirgʻizlar hibsda saqlanuvchi qayta tarbiyalash lageri deb gumon qilingan muassasa, 2019-yil 4-iyun kuni olingan surat. [Greg Baker/AFP]

Juma (6-noyabr) kuni AQSH Xitoy rejimi tomonidan Shinjon mintaqasidagi musulmon ozchiliklarga qarshi tazyiqlarni oqlash uchun muntazam ravishda ayblab kelinadigan guruhni terrorchi tashkilotlar roʻyxatidan chiqarganini eʼlon qildi.

AQSH davlat kotibi Mayk Pompeo AQSHning yangi qonunlari va qoidalari eʼlon qilinadigan Federal reyestrga izohida Sharqiy Turkiston islomiy harakati (SHTIH) terrorchi tashkilotlar safidan chiqarilganini aytgan.

Oʻn yildan ortiqroq vaqt mobaynida SHTIHning hali ham mavjudligini tasdiqlovchi ishonchli dalillar boʻlmagani sababli u roʻyxatdan chiqarildi”, dedi Davlat departamentining soʻzchisi.

AQSHning sobiq prezidenti Jorj U. Bush maʼmuriyati baʼzan “Turkiston islom partiyasi” deb ataluvchi SHTIHni 2004-yilda AQSH boshchiligidagi “terrorizmga qarshi urush”da Xitoy bilan mushtaraklik sabab qora roʻyxatga kiritgan edi.

1-oktabr kuni Istanbulda Xitoyning uygʻurlarga nisbatan shafqatsiz munosabatiga qarshi norozilik namoyishi chogʻida “Shinjon emas, Sharqiy Turkiston” deb yozilgan plakat koʻtarib turgan erkak. [Ozan Kose/AFP]

1-oktabr kuni Istanbulda Xitoyning uygʻurlarga nisbatan shafqatsiz munosabatiga qarshi norozilik namoyishi chogʻida “Shinjon emas, Sharqiy Turkiston” deb yozilgan plakat koʻtarib turgan erkak. [Ozan Kose/AFP]

Pekin Shinjondagi choralarini oqlash maqsadida muntazam ravishda SHTIHni hujumlarda ayblab keladi. Huquqbon tashkilotlarga koʻra, bu hududdagi lagerlarda asosan musulmonlardan iborat 1 million va undan ortiq uygʻur yoki boshqa turkiyzabon millatlar vakillari hibsda saqlanmoqda.

Ammo olimlarning taʼkidlashicha, Xitoy rejimi SHTIHning uyushgan guruh ekanligi yoki ayirmachilar Sharqiy Turkiston deb ataydigan Shinjonda sodir etilgan hujumlarda aybdor ekanligini isbotlovchi aytarli hech qanday dalil keltirmagan.

Qarorgohi Vashingtonda joylashgan uygʻurlar inson huquqlari tashkiloti AQSH Davlat departamentining qarorini “allaqachon vaqti kelgan” va “Xitoy daʼvolarining qatʼiy inkori” deb atadi.

“SHTIHning faraziy tahdididan bahona oʻlaroq foydalangan Xitoyning zararli taʼsiriga koʻz yumish imkonsiz – bu davlatning 20 yil davomida uygʻurlarga qarshi terrorizmidir”, dedi tashkilot ijrochi direktori Omer Kanat.

Juma kuni Xitoy Tashqi ishlar vazirligi soʻzchisi Xitoyning “AQSH qaroridan norozi va unga qatʼiyan qarshi ekanligini” bildirdi.

Xitoy Shinjonda lagerlar mavjudligini tan olgan boʻlsa-da, ularni radikalizm taʼsirini kamaytirishga qaratilgan kasb-hunar markazlari deb taʼriflaydi.

Faollarga koʻra, Xitoy uygʻurlarga kommunistik mafkurani singdirish va islomiy anʼanalardan voz kechishga majburlash orqali ularni kuch bilan jamiyatga integratsiya qilishga urinmoqda.

Sentabr oyidagi tergov hisobotida soʻnggi yillar davomida ushbu choralar doirasida Xitoy hukumatining Shinjonda 16 mingga yaqin masjidni yoʻq qilgani batafsil yoritilgan.

Avvalroq Pompeo ommaviy hibslarni “asr isnodi” deb atagan edi. AQSH senatorlari Xitoyning uygʻurlarga nisbatan siyosatini genotsid deb eʼlon qilish harakatida.

“Xitoyning Shinjon-Uygʻur muxtor viloyatidagi uygʻurlar, etnik qozoqlar, qirgʻizlar va boshqa musulmon ozchiliklar vakillariga qarshi kampaniyasi genotsid hisoblanadi”, deyiladi oktabr oyida amerikalik senatorlar taqdim etgan rezolutsiya matnida.

SHTIH odamlarning mamlakatga kirishiga taʼsir qiluvchi Terrorchi guruhlarning AQSHga kirishini cheklash roʻyxatiga kiritilgan, ammo hech qachon “xorijiy terrorchilik tashkiloti” kabi qatʼiy nom bilan atalmagan.

Markaziy Osiyo uchun ogʻriqli muammo

Xitoyning uygʻurlar va boshqa etnik musulmon ozchiliklarga nisbatan munosabati Markaziy Osiyo uchun ogʻriqli masala.

Sentabr oyida Olmaotada 200 ga yaqin namoyishchi toʻplanib, Pekindan Qozogʻistonning ichki ishlariga aralashishni toʻxtatishni talab qilgan va rejimning Shinjondagi qozoqlar doxil etnik ozchiliklarga nisbatan zoʻravonliklariga norozilik bildirgan edi.

Hukumatlar oʻrtasidagi yaqin aloqalarga qaramay, Qozogʻiston – minglab qozoqlarni oilaviy rishtalar bilan bogʻlab turadigan Shinjonda Pekin tarafidan yuritilayotgan siyosatga qarshi faollik markaziga aylangan.

Bunga koʻp jihatdan “Atajurt” huquqbon tashkiloti sabab boʻldi. U gʻarbiy mintaqada qarindoshlarini yoʻqotgan yuzlab qozogʻistonliklarning videomurojaatlarini eʼlon qilgan.

2019-yilda Ostona Pekinning Qozogʻistonda yashash huquqiga ega boʻlgan yuzlab etnik qozoqlarga Xitoydan chiqib ketishga va chegara ortidagi oilalari bilan birlashishga ruxsat berganini aytgach, Xitoy rejimi aksariyat fuqarolarning markazlarni “tamomlagani” bilan maqtana boshladi.

Koʻplab qozogʻistonliklarning aytishicha, Pekinga bosim oʻtkazishda videomurojaatlar va OAV eʼtibori muhim rol oʻynagan.

Shunday boʻlsa-da, ushbu ozod qilishlar toʻlqinidan koʻp oʻtmay, boshqa qozogʻistonliklar qarindoshlari qamoq jazosiga hukm qilingani haqida xabarlar ola boshlaganlar, deydi guruh bilan koʻngilli boʻlib ishlagan AQSHning Arizona shtati universiteti doktoranti Mehmet Qoshiqchi AFP nashriga.

“Ha, yuz minglab odam lagerlardan ozod qilingan boʻlishi mumkin, ammo haqiqatda ozodlikka chiqqanlar juda oz, buning ustiga, yuz minglab odam haqiqiy qamoqxonalarga joylashtirilgan”, deb aytgan u AFPga.

May oyida Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev migratsiya qonunidagi “oʻralman” (qaytgan) atamasini “qandas” (qondosh) atamasiga oʻzgartiruvchi hujjatni imzoladi. Bu Xitoy taʼqibiga uchragan etnik qozoqlarga taalluqli chora sifatida baholangan.

Oʻralmanlar – qoʻshni davlatlardan Qozogʻistonga koʻchib oʻtgan etnik qozoqlardir.

Bundan buyon qozoq fuqaroligiga ega boʻlmagan etnik qozoqlar Qozogʻistonda doimiy yashash huquqi va mamlakat fuqaroligini soddalashtirilgan tartibda olishi mumkin.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500