PEKIN – Honkongning demokratik xatti-harakatlaridan tobora koʻproq xavfsirayotgan Pekin yarim muxtor shahardagi oʻzgacha fikrlashni boʻgʻib, oʻzining siyosiy, iqtisodiy va madaniy taʼsirini kuchaytirishga urinayotgan Osiyodagi boshqa mamlakatlarga ogohlantirish yoʻllamoqda.
11-noyabr kuni Pekin Honkong ijro hokimiyati rahbari Kerri Lamga yetarli darajada vatanparvar emas deb topilgan har qanday deputatni ishdan boʻshatish vakolatini berdi – bu erkin fikr va demokratik intilishlarga qarata navbatdagi zarba boʻldi.
U zudlik bilan bu vakolatdan foydalanib, uni demokratparast deputatlardan toʻrt nafariga nisbatan qoʻlladi, ulardan yana 15 nafari norozilik sifatida isteʼfo berdi va Honkongning bir paytlar shiddatli boʻlgan qonun chiqaruvchi organi Xitoyga sodiq kishilar yigʻiniga aylandi.
Hongkongdagi Xitoy tashqi ishlar vazirligi 12-noyabr kuni deputatlarning chetlatilishini shahar uchun “toʻgʻri chora” deb atagan.
Pekin keyingi isteʼfolarni Xitoy hukumatiga qarshi “ochiqdan-ochiq chaqiriq” deb baholashini aytgan.
Lavozimidan ozod etilgan toʻrtovlon dastlab AQSHni Honkongning mansabdor shaxslariga qarshi sanksiyalar joriy qilishga chaqirganidan soʻng, 6-sentabrga moʻljallangan Honkong qonunchilik organlariga saylanish huquqidan mahrum qilingan edilar.
Saylovlar keyinga qoldirilgan, rasmiylar bunga koronavirus sabab boʻlganini aytganlar.
“Agar tegishli huquqiy tartibga rioya qilish, tizim va funksiyalarni himoya qilish, demokratiya va inson huquqlari uchun kurashish parlamentdan chetlatishga olib keladigan boʻlsa, bu men uchun sharaf”, dedi lavozimidan chetlatilgan deputatlardan biri Dennis Kvok 11-noyabr kuni jurnalistlarga.
“Honkongliklar, jamiyatda bittagina ovoz boʻladigan uzundan-uzoq davrga tayyorlanavering”, dedi demokratparast deputat Lam Chuk-Ting 12-noyabr kuni jurnalistlarga.
“Oʻzgacha fikrlovchilardan boʻlsangiz, bundan-da kuchliroq bosimga tayyor turing.”
Demokratiyaga nisbatan adovat
Xalqaro hamjamiyat Lamning qaroriga zudlik bilan munosabat bildirdi.
“[Xitoy rahbari] Si Szinpinning rejimi demokratik hisobdorlik va uning himoyachilariga mutlaqo dushman ekanligini yana bir bor namoyish etdi”, dedi Honkongning soʻnggi britaniyalik gubernatori Kris Patten.
Yevropa Ittifoqi (YI) deputatlar “zudlik bilan lavozimiga tiklanishi” kerakligini aytdi, Kanada esa ularning chetlatilishi “Honkongdagi inson huquqlariga putur yetkazgani” haqida bayonot berdi.
“Bu choralar Honkongdagi siyosiy pluralizm va erkin fikrga qarshi navbatdagi jiddiy zarba boʻldi”, deyiladi Yevropa Ittifoqining 12-noyabr kungi bayonotida.
Iyun oyida qabul qilingan “Milliy xavfsizlik toʻgʻrisidagi qonun”dan maʼlum boʻlganidek, Pekin “bir mamlakat, ikki tizim” modeliga binoan hududning huquq va erkinliklarini saqlab qolish vaʼdasiga xilof ish tutmoqda, deyiladi bayonotda.
22-may kuni Xitoyning oliy qonunchilik organi – Butunxitoy xalq vakillari yigʻinining doimiy qoʻmitasi Honkongda “ijro mexanizmlarini” kuchaytirishga oid rejalarini eʼlon qilgan.
Ushbu qonunning muhokama uchun taklif etilgan loyihasida “har qanday ayirmachilik, milliy rejimga daxl qilish, terrorchi guruhlar faoliyati va milliy xavfsizlikka jiddiy putur yetkazadigan xatti-harakatlarning oldi olinishi, toʻxtatilishi va jazolanishi” aytiladi.
Ammo qonun 30-iyun kuni kuchga kirguniga qadar, uning aniq matni Honkongning 7,5 millionlik aholisidan sir saqlangan.
Pekin bir qadam ortga chekinish oʻrniga, Honkongga nisbatan bosimni ikki karra kuchaytirib, oʻz mustaqilligi himoyalashga yoki Xitoy kompartiyasini (XPK) soʻroqqa tutishga jurʼat etgan mamlakatlarga keskin mujda yoʻllayotgan koʻrinadi.
Pekin Honkongning amaldagi konstitutsiyasi – Bosh qonunini “takomillashtirishga” qaratilgan islohotlar ustida ishlamoqda, deb eʼlon qildi Xitoyning Honkong va Makao ishlari boʻyicha rahbari oʻrinbosari Chjan Syaoming seshanba (17-noyabr) kuni.
“Hozir haqiqatni yolgʻondan ajratishning ayni vaqti”, dedi Chjan “vatanni” tan olmaydiganlar yoki mamlakat milliy xavfsizligiga tahdid soluvchilar Bosh qonunga xilof ekanini qoʻshimcha qilib.
U demokratparast deputatlarning oʻz oʻrnidan chetlatilganini olqishlar ekan, shunday dedi: “Faqat vatanparvarlargina oʻz joyida qolishi kerak; aks holda ular tizimdan chiqarilishi lozim”.
Pekinning hududiy daʼvolari
Pekinning oʻz harbiy qudratini koʻz-koʻz qilib, qoʻshnilarining suveren hududiga daxl qilish istagi tobora kuchayib borar ekan, bu uning yaqinidagi mamlakatlar rasmiylari va aholisini xavotirga solmoqda.
Masalan, soʻnggi oylarda Xitoy harbiy samolyotlari Tayvanning havo hujumiga qarshi mudofaa hududiga bir necha marta bostirib kirgan.
Oʻz-oʻzini boshqaruvchi orolni Xitoyga qarashli deb hisoblaydigan Pekin uni oʻz hududiga qoʻshib olmoqchi – kerak boʻlsa, kuch bilan.
Xitoyning tajovuzi qoʻshni Hindistonga ham yetib borgan.
Iyun oyi oʻrtalarida Ladax viloyatida Xitoy va Hindiston harbiylari oʻrtasida shiddatli toʻqnashuvlar yuz bergan, natijada 20 nafar hind askari halok boʻldi. Xitoy rejimi qurbonlar berilganini tan olgan boʻlsa-da, raqamlarni ochiqlamagan.
Chegara hududida sentabr oyi boshida yuz bergan boshqa bir hodisada 45 yildan beri ilk marta oʻq tovushlari eshitildi. Tomonlar bir-birlarini oʻt ochishda aybladilar.
Bu orada Pekin “oʻz” hududlarini qaytarish gʻoyasini ilgari surmoqda va shu yoʻl bilan Markaziy Osiyo mamlakatlarining reaksiyasini bilmoqchi – kuzatuvchilarga koʻra, bu mintaqa suverenitetiga toʻgʻridan-toʻgʻri tahdiddir.
Aprel oyida Toutiao.com saytida “Nima uchun Qirgʻiziston mustaqillikka erishganidan keyin oʻz vataniga qaytmadi?” sarlavhali maqola chop etilgan.
Maqolada Qirgʻiziston ming yilliklar davomida Xitoy hududining bir qismi boʻlgani, 1846-yilda Chor Rossiyasi Xitoydan 510 ming kv. km hududni, jumladan hozirgi Qirgʻiziston yerlarini tortib olgani haqida yozilgan.
1991-yilda mustaqillikka erishgan Qirgʻiziston asosan Rossiyaning davomli taʼsiri tufayli Xitoyga “qaytmadi”, deb yozadi muallif.
Qirgʻizistonliklarning gʻazabini qoʻzgʻagan maqola igʻvoli deb topilgan.
“Pekin nafaqat Qirgʻizistonning hududiy yaxlitligi, balki uning suvereniteti uchun ham tahdidga aylanmoqda. Bu xavotirli belgi”, deydi Orbita.kg yangiliklar saytining bishkeklik muxbiri Mars Abayev.
Pekinning Qirgʻizistondagi sinovi mamlakat Rossiya tarafidan ham boʻlayotgan tashqi taʼsir ostida siyosiy inqiroz ichida qolayotgan bir paytda yuz bermoqda.
Xitoyning “feyk xabarlari”
Shuningdek, aprel oyida Xitoyning Sohu.com xususiy onlayn nashrida “Nima uchun Qozogʻiston Xitoyga intilmoqda” sarlavhali maqolaning chop etilishi ortidan Xitoy elchisi Qozogʻiston tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilgan edi.
Uchrashuv haqida oʻzining Facebook sahifasida xabar qoldirgan Xitoy elchisi muhokamaning asosiy mavzuini eʼtiborsiz qoldirgan. U “ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlarni chuqurlashtirish uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida axborot maydonini soxta xabarlardan tozalash muhimligiga eʼtibor qaratildi”, deyish bilan cheklangan.
Biroq, Xitoyning axborot siyosati bilan yaxshi tanish boʻlgan kuzatuvchilarning taʼkidlashicha, bu veb-saytlar Pekin rahbariyatining maʼqullovisiz yolgʻon maʼlumot tarqatmaydi.
Sohu.com Xitoy kompartiyasi tomonidan boshqariladi va ulkan moliyaviy imkoniyatlarga ega, deydi “Atajurt” (Ota yurt) inson huquqlari tashkilotining rahbari, 2000-yillarda Xitoydan koʻchib kelgan etnik qozoqlardan biri, olmaotalik Serikjan Bilash.
Toutiao.com ham kommunistik partiyaning qoʻllab-quvvatloviga ega.
“Bu har xil soxta yangiliklar chop etadigan oddiy veb-saytlar emas”, dedi u.
“Bu maqolalar Xitoy hukumatining Markaziy Osiyo mamlakatlari erkinligi va mustaqilligini tan olmasligini va ularni oʻz hududi deb bilishini koʻrsatadi”, deydi Bilash.
Iyul oyida Xitoy ommaviy axborot vositalari “Tojikiston Xitoyga yerini topshirish tashabbusi bilan chiqdi va Pomirning qoʻldan chiqarilgan togʻlari oʻzining qonuniy egasiga qaytarildi” degan igʻvoli sarlavha ostida maqola chop etgan.
2011-yilda Tojikistonning 1158 kv. km hududi Xitoy ixtiyoriga oʻtkazilganini yoritgan maqola koʻplab tojikistonliklarni junbushga keltirgan edi. Tojikiston bu yerlarni oʻz qarzlarining bir qismidan qutulish uchun Xitoy ixtiyoriga topshirgan.
Tojikistonning Xitoy oldidagi qarzi oʻsib borar ekan, vaziyat jiddiylashmoqda – Asia-Plus nashrining avgust oyidagi xabariga koʻra, bu raqam 2020-yilda 1,2 milliard dollarga yetgan.
Xitoy rejimining inson huquqlari sohasidagi repressiyasi uning Shinjon viloyatida ham oʻz aksini topmoqda. Pekin bu hududdagi uygʻurlarga majburan kommunistik mafkurani singdirish orqali ularni oʻz jamiyatiga moslashga hamda Islom anʼanalari va tarixini tag-tugi bilan yoʻqotishga urinmoqda.