Karvonsaroy
Diplomatiya

AQSH Rossiya tajovuziga qarshi sanksiyalar va diplomatlarni chiqarib yuborish bilan javob berdi

Karvonsaroy va AFP

15-aprel kuni Moskvada Rossiya Tashqi ishlar vazirligi binosi yonidan skuter haydab oʻtayotgan ayol. [Aleksandr Nemenov/AFP]

15-aprel kuni Moskvada Rossiya Tashqi ishlar vazirligi binosi yonidan skuter haydab oʻtayotgan ayol. [Aleksandr Nemenov/AFP]

VASHINGTON – Qoʻshma Shtatlar Kremlning AQSHdagi saylovlarga aralashuvi, keng qamrovli kiberhujumlar va boshqa tajovuzkor faoliyatiga qarshi javob chorasi sifatida payshanba (15-aprel) kuni sanksiyalar joriy qilish va 10 nafar rossiyalik diplomatni chiqarib yuborishini eʼlon qildi.

Prezident Jo Baydenning farmoniga muvofiq, Rossiya davlat qarzlari bilan ishlaydigan AQSH banklari uchun savdo cheklovlari kengaytirilib, 10 nafar diplomat (ular orasida josuslikda gumon qilinganlari ham bor) mamlakatdan chiqarib yuborildi va 2020-yilgi prezident saylovlariga aralashishda ayblanayotgan 32 tashkilot va shaxsga nisbatan sanksiyalar joriy qilindi.

Bundan tashqari, AQSH moliya vazirligi Yevropa Ittifoqi, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Kanada bilan birgalikda Rossiyaning Qrimni bosib olishiga aloqador boʻlgan sakkiz nafar jismoniy va yuridik shaxsga nisbatan sanksiya qoʻllagan.

Vashington Moskvaning kiber-razvedka faoliyatini qoʻllab-quvvatlashda ayblangan Rossiyaning oltita texnologik kompaniyasiga, xususan dekabr oyida AQSH hukumati va xususiy sektorning minglab kompyuter tarmoqlariga zarar yetkazgan SolarWinds xakerlik hujumi yuzasidan sanksiyalar eʼlon qilgan.

Shu bilan birga, Moliya vazirligi AQSH moliya muassasalariga Rossiyaning qarzdorlik majburiyatlarini 14-iyundan keyin toʻgʻridan-toʻgʻri sotib olishni taqiqladi.

AQSH choralari xalqaro miqyosida dastaklandi

Baydenning farmoni “Rossiya oʻzining xalqaro miqyosdagi beqarorlashtiruvchi harakatlarini davom ettirsa yoki kuchaytirsa, AQSH unga nisbatan strategik va iqtisodiy zarba berishiga ishoradir”, deyiladi Oq uy bayonotida.

Ismi sir qolishini istagan AQSHning yuqori lavozimli mulozimi jurnalistlarga Vashington zarurat boʻlsa, koʻproq choralar koʻrishga tayyorligini va qoʻshimcha harakatlar amalga oshirilayotganini, ammo hozircha “ochiqlanmasligini” aytgan.

Bryusseldagi NATO harbiy ittifoqi 15-aprel kungi choralardan soʻng AQSH ittifoqchilari “Qoʻshma Shtatlarni qoʻllab-quvvatlashi va u bilan birdam ekanligi” haqida bayonot bergan.

NATO aʼzolari Rossiya tajovuzining “barqaror modeliga” ishora qilganlar.

Yevropa Ittifoqi “zararli kiberfaoliyat, xususan SolarWinds kiber-operatsiyasi oqibatlari borasida Qoʻshma Shtatlar bilan birdamligini” izhor etuvchi bayonot bilan chiqqan.

Zararli taʼsir

Soʻnggi qarama-qarshilik Rossiyaning saylovlarga aralashuvi bilan bogʻliq koʻp yillik eʼtiroz va uning yaqinda Ukraina bilan chegarada harbiy hozirligini kuchaytirishi AQSHda ham, Yevropada ham xavotirga sabab boʻlayotgani bilan bogʻliq.

Oq uy bayonotida Rossiyaning 2016 va 2020-yilgi prezident saylovlari vaqtida olib borilgan doimiy dezinformatsion kampaniyalariga ishora qilingan boʻlib, birinchi navbatda Moskvaning “AQSH, uning ittifoqchilari va sheriklaridagi erkin va adolatli demokratik saylovlar va demokratik institutlarga putur yetkazishga qaratilgan harakatlari” zikr qilingan.

Oq Uy bayonotiga koʻra, sanksiyalar shuningdek, “AQSH, uning ittifoqchilari va sheriklariga nisbatan gʻarazli kiberhujumlarga” qarshi javob choralari hisoblanadi.

Bayonotda, shuningdek, Rossiyaning xorijdagi jurnalistlar va dissidentlarni “nishonga olayotgani” va AQSH milliy xavfsizligi uchun muhim boʻlgan mamlakatlar xavfsizligiga putur yetkazayotgani taʼkidlangan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 2

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

AQSHga shon-sharaflar!

Javob berish

Xayl!

Javob berish