Karvonsaroy
Siyosat

MDH aʼzolari hamdoʻstlikdan chekina boshladilar

Kseniya Bondal

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 15-oktabr kuni Moskva yaqinidagi Novo-Ogarevo qarorgohida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo mamlakatlar rahbarlari bilan videomuloqot oʻtkazmoqda. [Evgeniy Polin/Sputnik/AFP]

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 15-oktabr kuni Moskva yaqinidagi Novo-Ogarevo qarorgohida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo mamlakatlar rahbarlari bilan videomuloqot oʻtkazmoqda. [Evgeniy Polin/Sputnik/AFP]

OLMAOTA – Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi (MDH) oʻz aʼzolari orasidagi siyosiy kelishmovchiliklarni hal qila olmaydigan disfunksional tashkilot boʻlib chiqdi, deydi kuzatuvchilar.

MDH 1991-yil dekabr oyida Rossiya, Belarus va Ukraina tarafidan tuzilgan edi.

Ayni paytda uning tarkibiga Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Moldova, Rossiya, Tojikiston va Oʻzbekiston kiradi. Turkmaniston hamdoʻstlikning toʻlaqonli aʼzosi emas.

Gruziya 2009-yilda MDH tarkibidan chiqqan, Ukraina esa undagi ishtirokini 2018-yili yakunlagan.

2008-yilda Gruziya va 2014-yilda Ukrainaga bostirib kirgan Vladimir Putin Rossiyasi boshchiligidagi bloklarni tark etish uchun har ikkala davlatda ham yetarlicha sabablar bor.

“MDH dastavval yangi ittifoq, konfederal uyushma sifatida tuzilgan. Ammo, vaqt oʻtib, unga aʼzo davlatlar tarqoq holatga kelishdi”, deydi Ukrainaning siyosat instituti rahbari, kiyevlik Ruslan Bortnik.

“Aksar mamlakatlar MDH bilan hamkorlikni toʻxtatdi. Bunga Rossiyaning 1990-yillardagi uquvsiz rahbarlari muhim omil boʻlib xizmat qildi”, deb aytgan u 8-dekabr kuni “RIA Novosti”ga bergan intervyusida.

“Hamma MDHning ishlamaydigan tashkilot ekanligiga guvoh boʻldi”, deydi u. “Ayrim sohalarda huquqiy baza bor. Ammo MDH postsovet makonidagi siyosiy muammolarni bartaraf qilishga qodir boʻlolmadi.”

“Bularning bari tashkilotning butunlay tanazzulga uchrashiga, xususan, Ukrainaning uni tark etishiga olib keldi”, deydi u.

Rossiyaga sodiqlikdan voz kechish

MDH zaiflashgan Sovet Ittifoqini tark etib, batamom mustaqil boʻlgan davlatlar uchun oʻtish davri tashkiloti vazifasini bajargan, deydi Nur-Sultonlik siyosatshunos Gaziz Abishev.

Ayni paytda prezidentlar MDH doirasida uchrashib tursa-da, hamdoʻstlik ichidagi ziddiyatlar juda yuqori darajada, deydi u.

“Ukraina NATO va Yevropa Ittifoqiga qoʻshilish niyatida ekanligi sabab hamdoʻstlikni tark etgan. U MDHning asosiy davlati boʻlgan Rossiya bilan hech qanday aloqalarga ega emas”, deydi u.

“Gruziya ham shunday pozitsiyada. Ozarbayjon Turkiyaga yon bosadi. Turkmaniston esa mutlaqo betaraf.”

“Aksar MDH davlatlari YOII (Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi)va KXSHT (Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti) kabi boshqa tashkilotlar orqali birlashgan”, deydi Abishev Rossiya yetakchiligidagi boshqa bloklarni nazarda tutib.

MDH shunchaki ramziy tashkilot boʻlib, yangi nafas paydo boʻlmasa, zaiflashishda davom etaveradi, deydi u.

Masalan, Ukraina, Gruziya yoki Ozarbayjonda Rossiyaga sodiq avlod yoʻq, deydi Abishev.

“Bizning birinchi prezidentimiz Nursulton Nazarboyev MDH doirasida bir qator tashabbuslarni ilgari surgan, ammo oʻsha vaqtdagi Rossiya prezidenti Yelsin ularni qabul qilmagan”, deydi u. “Qozogʻiston hatto Rossiyaning rubl hududidan siqib chiqarilgan.”

“Qoʻshnilarini oʻzining dala hovlisidek va ularning boshqa borar joyi yoʻqdek koʻruvchi Rossiyaning integratsiya borasidagi qarashlari MDHni kuchsizlantirdi”, deydi Abishev.

Sust tiriklik

MDH yaqin kelajakda parchalanmasa-da, hozirgi kuchsiz holatida saqlanib qoladi, deb taxmin qiladi Makroiqtisodiy tadqiqotlar va prognozlar markazi katta tadqiqotchisi, Nur-Sultonlik Madyar Kenjebulat.

Rossiya MDHda eng ogʻir vaznga va katta manfaat hududiga ega, shu sababli Moskva uchun ittifoqni saqlab qolish va aʼzo mamlakatlarga taʼsir etishda davom etish muhim, deydi u.

Uyushmaga aʼzolikdan MDHdagi boshqa davlatlarning ham oʻz manfaatlari borligini tushunish kerak, deydi Kenjebulat har bir mamlakatning integratsiya darajasi farqlanishini taʼkidlab.

Birinchidan, uzoq muddat kuchli qoʻshnisi bilan integratsiya qilmasdan barqaror rivojlana olmaydigan kichik mamlakatlar bor, deydi u.

“Markaziy Osiyo mamlakatlarida doimo yo Rossiya bilan, yoki Xitoy bilan boʻlish tanlovi turadi. Bu davlatlarning rejali ekspansiyasi hech qanday urushsiz ularni bir necha oʻn yil ichida yutib yuborishi mumkin”, deydi u.

Qozogʻistonda bor-yoʻgʻi 19 million fuqaro istiqomat qiladi, ularning xarid qobiliyati past. Demak, mamlakatning turli iqtisodiy uyushmalarga qoʻshilishi – oʻz mahsulotlarini sota oladigan bozorlarni kengaytiradi, deb davom etdi u. Davlat rahbarlari YOIIga qoʻshilayotganda shunga umid qilgan edilar.

“Ammo turli sabablarga koʻra, biz taxminiy afzalliklardan hali foydalanmadik”, deydi Kenjebulat. “YOII bojxona bojlari koʻrinishidagi tarif toʻsiqlarini bartaraf etgan boʻlsa-da, Rossiya tarifga aloqador boʻlmagan cheklovlardan muntazam foydalanib turadi. Rossiya Federatsiyasi bizning bozorda oʻz tovarlari savdosini tobora oshirib bormoqda.”

Ikkinchidan, Rossiya sobiq sovet respublikalarini oʻz taʼsiridan chiqarib yubormaslik uchun qoʻlidan kelgan barcha choralarni koʻrishiga MDH davlatlari guvoh boʻlishgan.

“Ukraina va Gruziyaning misoli ular Rossiya tomonidan siyosiy, iqtisodiy va harbiy choralarga duch kelishi mumkinligini koʻrsatadi”, deydi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 2

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Qozogʻiston Rossiyadan uzoqroq turishi kerak. Hatto Xitoy ham suverenitetni qoʻldan boy berish nuqtai nazaridan Rossiya kabi potentsial xavfli emas.

Javob berish

Ha, u allaqachon oʻlik tashkilot – faqat nomi qolgan.

Javob berish