Karvonsaroy
Jamiyat

Qozogʻistondagi etnik ruslar Moskvaning “himoyasiga” muhtoj emas

Kanat Altinbayev

Olmaotalik shoumen va sobiq teleboshlovchi Fima Ivanov 10-mart kuni qozoq milliy libosida doʻstlari bilan dasturxon atrofida oʻtirib, beshbarmoq va boʻgʻirsoq kabi qozoq taomlaridan bahra olayotgani aks etgan suratini eʼlon qilgan. [Facebook]

Olmaotalik shoumen va sobiq teleboshlovchi Fima Ivanov 10-mart kuni qozoq milliy libosida doʻstlari bilan dasturxon atrofida oʻtirib, beshbarmoq va boʻgʻirsoq kabi qozoq taomlaridan bahra olayotgani aks etgan suratini eʼlon qilgan. [Facebook]

OLMAOTA – Qozogʻistondagi etnik ruslar qozoqlarning ularga nisbatan tazyiqlari haqidagi Rossiyaning “soxta xabarlariga” ijtimoiy tarmoqlar orqali norozilik bildirmoqda.

“Karavan” gazetasining jurnalisti, olmaotalik Aleksandra Miskina 9-mart kuni Facebook sahifasidagi postida Qozogʻistondagi rusiyzabonlarga tazyiqlar yoʻqligi va ular himoyaga muhtoj emasligini koʻrsatish uchun onlayn “fleshmob” oʻtkazishga chaqirdi.

U Qozogʻistondagi etnik ruslarni Rossiya tomonidan olib borilayotgan tashviqot urushiga qarshi turish va uning “koʻp millatli Qozogʻiston tinchligini buzishiga” yoʻl qoʻymaslik uchun birlashishga chaqirdi.

Qozoq milliy libosida tushgan surati bilan yozgan postida Miskina fleshmobni “Qozogʻiston mening jannatim” deb nomlagan.

“Karavan” gazetasining olmaotalik jurnalisti Aleksandra Miskina 9-mart kuni “Qozogʻiston mening jannatim” deb nomlangan onlayn fleshmobni boshladi. U qozoq milliy libosini kiyib tushgan suratini chop etgan. [Facebook]

“Karavan” gazetasining olmaotalik jurnalisti Aleksandra Miskina 9-mart kuni “Qozogʻiston mening jannatim” deb nomlangan onlayn fleshmobni boshladi. U qozoq milliy libosini kiyib tushgan suratini chop etgan. [Facebook]

“Qozogʻistondagi ruslarni nimadan qutqarishmoqchi? Toʻkin dasturxondan, goʻdaklikdan oʻstirib katta qilgan “opashka”ning [onaxon] bagʻridan, buyuk qozoq xalqining cheksiz mehribonligi va donoligidanmi...”, deb yozadi Miskina.

Etnik ruslar qozoq tilini oʻrganishga tayyor va oʻrganmoqda, chunki “biz qozoqlarimizni butun qalbimiz bilan yaxshi koʻramiz, yangi maktablar ochilayotganidan xursandmiz va ularning qozoq ekanligi biz uchun muammo emas” deb yozgan u.

Rossiyaning “soxta xabarlari”

Miskinaning posti Rossiyaning Ukrainadagi tajovuzi va qozoqlarning rusiyzabon aholiga nisbatan zulmi haqidagi Moskvaning iddaolariga munosabat oʻlaroq yangragan.

Rossiya kuchlari Ukrainaga 24-fevral kuni bostirib kirdi.

Karvonsaroy bilan suhbatda boʻlgan Miskina bu fleshmobni Rossiyadan kelayotgan “soxta xabarlarga” javoban boshlaganini aytdi.

U Rossiya kommunistik partiyasi rahbari Gennadiy Zyuganovning yanvar oyida yana qozoq matbuotida paydo boʻlgan intervyusiga ishora qilgan.

11-yanvar kuni “Govorit Moskva” (Moskvadan gapiramiz) radiostansiyasiga bergan intervyusida Zyuganov Qozogʻistonda “alohida eʼtibor” talab qiluvchi rusofobiya siyosatiga ishora qilgan edi.

Bu intervyu Qozogʻistonda ikki oydan keyingina ommaga maʼlum boʻldi.

“Qozogʻistondan 3 milliondan ortiq odam chiqib ketdi: ruslar, deyarli barcha nemislar, ukrainlar, belaruslar, tatarlar. Bu kabi mutlaq rusofobik siyosat juda xatarli”, degan edi oʻshanda Zyuganov dalillar va vaqt oraliqlarini zikr qilmay.

Intervyu davomida Zyuganov koʻplab asossiz daʼvolarni ilgari surgan.

Shimoliy Qozogʻistondagi barcha shaharlar va sanoat obyektlari ruslar tomonidan barpo etilgan, shu sabab muammolarni uygʻunlikda hal qilish kerak”, dedi u.

U Rossiya hukumatini postsovet respublikalardagi vaziyatga eʼtibor qaratishga va chora koʻrishga chaqirdi.

Kiyev hukumati Donbassni “bombardimon qilmoqda”, dedi u oʻqqa tutishni dahshatli qizil bayroqqa qiyoslab. U, shuningdek, Qozogʻistondagi vaziyatni yangi va “juda xavotirli signal” deb atadi.

“Shuning uchun ham mamlakatimiz shoshilinch choralar koʻrishi kerak.”

Zyuganovning soʻzlari Moskvaning rasmiy pozitsiyasi boʻlmagani uchun Kremlga “rasman norozilik bildirilmaydi”, dedi Qozogʻiston tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdi 10-mart kuni jurnalistlarga.

Biroq Rossiya rasmiylarining oʻtmishdagi bayonotlari Qozogʻiston ogoh boʻlishi kerakligidan dalolat beradi.

Oʻtgan yilning noyabr oyida “Rossiyskaya gazeta” davlat nashrida chop etilgan maqolada Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Qozogʻistonni “rusiyzabon fuqarolarga nisbatan ksenofobiyada” ayblab, “ogʻir vaziyatlar” yuzaga kelgan taqdirda “operativ choralar” koʻrilishi bilan tahdid qilgan edi.

“Mening ona vatanim, mening uyim”

Bunday daʼvolar asossiz, deydi Qozogʻistondagi etnik ruslar.

Qozogʻiston rossiyalik siyosiy texnologlarning tashviqot urushi nishoniga aylangan, dedi Miskina.

“Biz jim turmasligimiz kerak – koʻp millatli Qozogʻistonda sukunatli rozilik qaror topmasligi kerak”, dedi u.

9-mart kuni fleshmobga qoʻshilgan Olmaotadagi Chesnok.kz tadbirlarni oʻtkazish agentligi rahbari Slava Nerush Zyuganovga murojaat qilib, oʻzini ham, oilasini ham “qutqarishlariga” muhtoj emasligini aytdi.

“Yodingda tut, Zyuganov, qozoqlar – mening birodarlarim. 47 yilda men ham, oilam ham qozoqlardan hech qanday yomonlik koʻrmadik”.

“Qozogʻiston mening ona vatanim va uyimdir”, deb yozadi Nerush.

Rossiyalik siyosatchilar “bayonot berayotganda ehtiyot boʻlgani” maʼqul, “umuman gapirmasa” undan ham yaxshi, deb qoʻshimcha qildi u.

“Men yurtimni urush dahshatlari chetlab oʻtishini va Ukraina boshdan kechirayotgan dahshat va azob-uqubatlar tugashini Xudodan soʻrayman”, dedi Nerush.

Olmaotalik shoumen va sobiq teleboshlovchi Fima Ivanov 10-mart kuni qozoq milliy libosida doʻstlari bilan dasturxon atrofida oʻtirib, beshbarmoq va boʻgʻirsoq kabi qozoq taomlaridan bahra olayotgani aks etgan suratini eʼlon qilgan.

“Mening Qozogʻistonim!” deb yozgan Ivanov qozoq tilida.

“Aleksandra Miskinani toʻliq qoʻllab-quvvatlayman. Barakalla! Moskvada meni qozoq deb chaqirishardi va men bundan faxrlanaman!”

“Rossiyaning bizga nima keragi bor?”

Qozoq milliy cholgʻu asbobi – doʻmbira chaluvchi va qozoq tilida ravon soʻzlashuvchi professional musiqachi, nur-sultonlik Aleksey Lodochnikov 10-mart kuni Kristina ismli rossiyalik doʻsti bilan olingan videolavhani internetga joylagan.

“Rossiyadagi ayrim deputatlar va boshqa jamoat arboblari bu yerdagi ruslar goʻyoki qozoq tilini oʻrganishga majburlanyapti, deyishmoqda. Lekin bu yerda yashaydigan hammamiz bu gap yolgʻon ekanini bilamiz”, dedi qozoq tilida Lodochnikov va Kristinaga yuzlanib “Rossiyaga koʻchib ketishimiz kerakmi?” deb savol berdi.

Rossiyaning nima keragi bor? Bizga Qozogʻistonda ham yaxshi”, deb javob bergan Kristina qozoq tilida.

Fleshmobning yana bir ishtirokchisi, Olmaota viloyatining Taldiqoʻrgʻon shahridan boʻlgan blogger Yevgeniy Zaytsevning aytishicha, Rossiya siyosatchilari norozilik bildirishdan avval Qozogʻistondagi rusiyzabon aholining haqiqiy ahvoli bilan tanishib chiqishlari kerak.

“Biz qozoqlar va boshqa millatlar bilan tinch-totuvlikda yashaymiz, doʻstmiz, bir-birimiznikiga mehmonga boramiz, uzoq yillardan beri bir qozondan taom yeymiz, oramizda hech qanday muammolar yoʻq va boʻlmagan ham”, dedi Zaysev Karvonsaroyga.

“Ammo Rossiya rasmiylari bizga muammo tugʻdirmoqchi boʻlayotgandek. Ulardan kimdir aralashishni soʻradimi?”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500