Karvonsaroy
Qochqinlar

Oʻzbekistondan insonparvarlik yordami: “Ukraina, biz sen bilan!”

Rustam Temirov va AFP

26-aprel kuni Ukrainaning Xarkov tumanidagi pochta boʻlimiga tarqatilgan gumanitar yordamni olish uchun navbatda turgan odamlar. [Dimitar Dilkoff/AFP]

26-aprel kuni Ukrainaning Xarkov tumanidagi pochta boʻlimiga tarqatilgan gumanitar yordamni olish uchun navbatda turgan odamlar. [Dimitar Dilkoff/AFP]

TOSHKENT – Ukraina chegaralarida yurakni ezuvchi manzara paydo boʻlmoqda – mamlakatdan qochib ketganlar vatan sogʻinchi tufayli qaytayotgan bir paytda, ketib, qaytib kelganlar ikkinchi marta oʻz hayotini saqlab qolish uchun qochmoqda.

Ayollar va bolalar hamon Rossiya bombalari yogʻilayotgan mamlakatdan oqib chiqmoqdalar.

Chegaradagilar, mamlakat ichida qolganlar yoki uyga qaytganlar uchun doʻstona donorlarning insonparvarlik yordami hayotiy muhim koʻmakka aylandi.

“Doʻzaxdan chiqqan maxluqlar”

AFPning chorshanba (27-aprel) kungi xabariga koʻra, hozirda yuk mashinalari va chodirlar bilan toʻlgan Vishne-Nemetskeda – Slovakiya chegarasidagi odatiy chorrahada Tatyana Dzimik uni tinglashga tayyor boʻlgan har bir kishi bilan suhbatlashdi.

8-aprel kuni Ukrainaga Oʻzbekistonning yordami yetkazildi. [Zakarpate viloyati hokimligining matbuot xizmati]

8-aprel kuni Ukrainaga Oʻzbekistonning yordami yetkazildi. [Zakarpate viloyati hokimligining matbuot xizmati]

38 yoshli tasviriy sanʼat oʻqituvchisi Kiyevga yaqin sokin shaharcha – Bucha yaqinidagi qishlogʻidan qochib ketgan. Rossiya qoʻshinlari bu shaharchadagi tinch aholini qirgʻin qilishda ayblangan edi.

“Bunday ishlarni kim qilishi mumkin? Odamlar emas, faqat doʻzaxdan chiqqan maxluqlar”, deydi u koʻzlari toʻla yosh bilan.

Musibatdan esankirab qolgan ayol rus askarlarining qishloqdagi uylarni talon-taroj qilgani, deraza va eshiklarni sindirgani, yotoqxona va mehmonxonalarda hojat chiqargani haqida soʻzladi.

Vengriyaning janubida, Zaxoni temir yoʻl kesishmasidan nariroqda, 41 yoshli Olesya Demechenko nihoyat xavfsiz joyga yetib olib, ispan-amerikalik mashhur oshpaz Xose Andres asos solgan World Central Kitchen xayriya tashkilotida tamaddi qilayotgan edi.

U Ukraina janubidagi Molochanskdan kelgan. AFPga soʻzlab berishicha, u yerda ruslar 200 km sharqda – Mariupolda joylashgan rossiyaparast chechen jangarilariga joy boʻshatish uchun mahalliy aholini quvib chiqarib, uylarini talon-taroj qilishgan.

Polshaning Medika shahridagi gumanitar yordam chodirlarining uzun navbati bir qarashda yoyma bozorga oʻxshaydi. Ammo bu yerda hamma narsa bepul.

Chegara boʻylab har yerda hozir Iyegova shohidlari sikxlarning oziq-ovqat mashinasi roʻparasiga joylashgan, Isroil tashkilotlari esa Misr qizil yarim oy jamiyati ishchilari bilan yelkama-elka ishlamoqda.

Gʻarb tomon oʻnlab kilometr narida, Polshaning Peremishl shahridagi gavjum temir yoʻl vokzalida, Kalkuttadan kelgan quvnoq fransuz katolik missioneri Fransua ogʻa horgʻin va gangib qolgan qochqinlarga ovqat va koʻrpa-toʻshaklar tarqatib, maslahatlar bermoqda.

“Ular ildizi bilan sugʻurib olinganga oʻxshaydi; kelajakda ularni nimalar kutayotganini bilishmaydi, ammo or-nomusini saqlab qolgan va bu ajablanarli”, deydi u AFPga.

Oʻzbekiston Ukrainani qoʻllab-quvvatlamoqda

8-aprel kuni Oʻzbekiston Ukrainaga oʻzbek, rus va ukrain tillarida “Ukraina xalqiga Oʻzbekiston xalqidan” va “Ukraina, biz sen bilan!” degan yozuvlar bitilgan insonparvarlik yordamining ikkinchi partiyasini joʻnatdi.

Ogʻirligi 34 tonnadan oshadigan yuk dori-darmonlar, ilk tibbiy yordam individual toʻplamlari va oziq-ovqat mahsulotlarini oʻz ichiga oladi. U Polshaning Katovitse shahridan Ukrainaning Zakarpate viloyatida joylashgan Yevropa gumanitar markaziga olib kelingan.

Toshkentdan kelgan yuk zudlik bilan qaynoq nuqtalarga joʻnatiladi, dedi viloyat gubernatori Viktor Mikita.

Gumanitar yordamni yigʻishda turli millatga mansub oʻzbekistonlik fuqarolar – oʻzbeklar, ruslar, koreyslar, tatarlar va, albatta, ukrainaliklar, shuningdek, davlat idoralari ishtirok etishdi, deb yozdi oʻzbekistonlik faollardan biri Aziza Umarova Facebook sahifasida.

Ular quritilgan mevalar, chaqaloqlar uchun moʻljallangan ozuqa, kiyim-kechak, choyshablar, dori-darmonlar, tagliklar va ayollar gigiyena vositalarini yetkazib berishdi.

“Kimdir indamaygina oʻzining arzimagan nafaqasiga sotib olingan bir quti dori va boshqa mayda-chuyda narsalarni olib keldi”, deb yozadi u. “Bularning barchasi chin yurakdan qilingan. Shuning uchun ular ikki karra qadrli.”

Doʻst boshga kulfat tushganda bilinadi

Ukraina uchun insonparvarlik yordami yigʻishni yanada jadallashtirish zarur, deydi toshkentlik koʻngillilardan biri, jamoatchilik faoli Aqida Mohirova.

“Bugun bu davlat har qachongidan ham koʻproq jahon hamjamiyatining yordamiga muhtoj”, dedi u Karvonsaroyga. “Ayovsiz urush ketmoqda, odamlar hamma narsaga muhtoj. Ukrainaga yordam esa uzluksiz boʻlishi kerak”.

Oʻzbekistondan Ukrainaga yuborilgan yordam ikki mamlakat xalqi oʻrtasidagi birodarlik timsolidir, deydi jurnalist Sabohat Rahimova.

“Bunday ogʻir damda koʻrsatilgan ozgina yordam, loaqal bildirilgan hamdardlik ham hozir ukrainaliklarga juda zarur”, dedi u Karvonsaroyga.

Oʻzbekistonda 90 mingga yaqin ukrainlar istiqomat qiladi.

“Oʻzbeklarda bir maqol bor: “Doʻst boshga kulfat tushganda bilinadi”, deydi Rahimova.

“Oʻzbekiston hukumati tomonidan ukrainaliklarga taqdim etilgan kichik gumanitar yordam xalqimiz qalbida faxr-iftixor tuygʻusini uygʻotishiga shubha yoʻq. Umid qilamizki, ikki qardosh mamlakat tez orada gʻalabani nishonlaydi. Tinchlik gʻalabasini”, deydi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 3

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Chunki Oʻzbekiston – mehr-oqibat mamlakati.

Javob berish

Koʻpgina davlatlar ulardan hech kim kutmagan insoniylikni namoyish etdilar. Normal taraqqiyot eʼtirofida boʻlgan barcha davlatlar tinchlik tarafdori boʻlib, barcha mojarolar, ular qanday boʻlishidan qatʼi nazar, tinch yoʻl bilan hal etilishni qoʻllab-quvvatlaydilar.

Javob berish

Barcha oqil davlatlar Ukrainaga yordam bermoqda va aslida nima boʻlayotganini tushunib turibdi. Tarix buni hech qachon unutmaydi!

Javob berish