Karvonsaroy
Diplomatiya

Rossiya va Xitoy harbiy jinoyatlar bilan bogʻliq ayblovlar fonida Suriyaga gumanitar yordam choralariga veto qoʻydi

Karvonsaroy va AFP

Turkiya Gumanitar yordam fondining tibbiy xodimlari Turkiya bilan chegaradosh Idlib viloyati, Kafr Lusin qishlogʻidagi suriyalik qochoqlar maskanida yangi koronavirus epidemiyasiga oid xabardorlikni oshirish maqsadida maʼruza oʻqimoqdalar, 23-mart, Suriya. (Orif Vatad/AFP)

Turkiya Gumanitar yordam fondining tibbiy xodimlari Turkiya bilan chegaradosh Idlib viloyati, Kafr Lusin qishlogʻidagi suriyalik qochoqlar maskanida yangi koronavirus epidemiyasiga oid xabardorlikni oshirish maqsadida maʼruza oʻqimoqdalar, 23-mart, Suriya. (Orif Vatad/AFP)

BIRLASHGAN MILLATLAR TASHKILOTI – Seshanba (7-iyul) kuni Rossiya va Xitoy Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Xavfsizlik kengashining Suriyaga transchegaraviy insonparvarlik yordamini yana bir yilga uzaytirishni koʻzda tutuvchi rezolyutsiyaga veto qoʻydi.

Shu kunning oʻzida, BMT tergovi oʻtgan yili Idlib viloyatini qoʻlga olishga qaratilgan hujum chogʻida Suriya va Rossiya harbiy va ehtimol, insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etganini aniqlagan.

Rossiya va Xitoydan farqli oʻlaroq, Xavfsizlik kengashining qolgan 13 aʼzosi Damashqning aralashuvisiz Turkiya chegarasidagi ikkita punktdan yordam oʻtkazilishini nazarda tutuvchi rezolyutsiyani yoqlab ovoz bergan.

10-yanvar kuni BMT Rossiyaning bosimi bilan Turkiyaning toʻrt chegara punkti oʻrniga ikkita punktdan oʻtadigan insonparvarlik yordamini yarim yilga uzaytira olgan edi.

Rossiyaning Idlibdagi havo hujumlari tufayli jarohatlangan suriyalik bolalarga koʻchma shifoxonada tibbiy yordam koʻrsatilmoqda, 11-fevral, Suriya. (Abdulaziz Ketaz/AFP)

Rossiyaning Idlibdagi havo hujumlari tufayli jarohatlangan suriyalik bolalarga koʻchma shifoxonada tibbiy yordam koʻrsatilmoqda, 11-fevral, Suriya. (Abdulaziz Ketaz/AFP)

Transchegaraviy insonparvarlik yordamini oʻtkazish uchun ruxsat 2014-yildan beri mavjud boʻlib, u vaqti-vaqti bilan uzaytirib kelingan. Uning soʻnggi muddati juma (10-iyul) kuni oʻz nihoyasiga yetadi.

Yordamning toʻxtatilishi “nomaqbul”

Rossiya va Xitoyga koʻra, BMT ruxsati Suriya suverenitetini buzadi, yordamni esa Suriya rasmiylari orqali oʻtkazish mumkin.

Gʻarb davlatlari va BMT kotibiyati esa transchegaraviy yordam yagona ishonchli variant ekanligini va agar yordam Damashq nazorati ostida amalga oshirilsa, turli toʻsiqlarga uchrashi mumkinligini taʼkidlamoqda.

Veto “oʻta negativ hodisa”, deydi shaxsini ochiqlashni istamagan yevropalik diplomat AFP nashriga.

“Ular yana xalqni azoblamoqchi”, dedi diplomat. Unga koʻra, yordam bitta chegara punkti orqali “xalqqa yetib bormaydi”.

“Yordamni faqat bitta chegara punktidan oʻtkazish talabi surbetlik va bu xalqning ehtiyojini qondirmaydi”, dedi manba.

Muxolifat nazoratidagi Idlib viloyatida yashovchi toʻrt million aholiga moʻljallangan insonparvarlik yordami Bab al-Hava chegara punkti orqali yetkazib beriladi.

Xalqaro qutqaruv qoʻmitasi (IRC) vetoni qoraladi.

“Oziq-ovqat, tibbiy yordam vositalari, vaksina va sunʼiy nafas oldirish moslamalarining kirishini taqiqlashni hech qachon oqlab boʻlmaydi, ammo COVID-19 tarqagan yilda bu undan-da nomaqbul ishdir”, dedi IRC prezidenti Devid Milibend oʻz bayonotida.

Harbiy jinoyatlar va mislsiz azob-uqubatlar

Suriyaning muxolifat nazoratida boʻlgan Idlib viloyatini qoʻlga kiritish chogʻidagi janglarda harbiy va insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etilgan, deydi BMT tergovchilari.

2019-yilda hukumat kuchlarining qurolli guruhlar nazoratida qolayotgan hududlarni qaytarib olish maqsadida amalga oshirgan hujumlari chogʻida odamlar “mislsiz aziyat” chekkanlar, deb xabar beradi Suriya boʻyicha mustaqil xalqaro tergov komissiya 7-iyul kuni.

“Maktabdagi bolalar, ularning bozorlardagi ota-onalari, shifoxonadagi bemorlar oʻqqa tutilgan, butun boshli oilalar qochayotgan vaqtlarda bomba ostida qolib ketgan”, dedi komissiya raisi Paulo Pineyru.

Rossiya qoʻllovidagi Suriya prezidenti Bashar al-Asad hukumati dekabrda “Tahrir ash-Shom” isyonchilar guruhi nazoratidagi shimoli-gʻarbiy hududga qayta hujum boshlagan.

BMTga koʻra, hujum natijasida bir million kishi oʻz uyini tark etdi, 500 dan ortiq tinch fuqaro halok boʻldi.

Komissiya hisoboti 1-noyabrdan 1-iyungacha boʻlgan davrni qamrab olgan.

Unda tinch aholining qurbon boʻlishi yoki fuqarolik obyektlarining shikastlanishiga olib kelgan 52 ta hujum qayd etilgan. Jumladan, 17 ta kasalxona va tibbiy muassasalar, 14 ta maktab, 9 ta bozor va 12 ta uy hujumga uchragan.

Bu hujumlar “harbiy jinoyatlar sifatida” malakalangan, deyiladi hisobotda. “Ular, kutilganidek, aholining ommaviy koʻchishiga sabab boʻldi, chunki tinch aholining qochib qutulishdan boshqa chorasi yoʻq edi va bu insoniyatga qarshi jinoyatlar bilan tenglashtirilishi mumkin.”

“Mamlakat toʻqqiz yildan beri mojaro ichida. Odamlar aziyat chekmoqda”, deydi hisobotni tayyorlagan komissiya aʼzolaridan biri Xanni Megalli.

Harbiy jinoyatlar ham Suriya, ham Rossiya havo kuchlari tomonidan sodir etilgani ehtimolga yaqin, dedi u.

“Biz aynan Rossiya samolyotlari tomonidan amalga oshirilgan deb hisoblanayotgan ikkita hujumni hujjatlashtirdik”, dedi u virtual matbuot anjumani chogʻida.

Pineyroning aytishicha, nima uchun hanuzgacha bunday zoʻravonliklarga yoʻl qoʻyilayotgani tushunarsiz.

“Oradan toʻqqiz yildan koʻproq vaqt oʻtib ham, tinch fuqarolar kundalik hayotda pala-partish hujumlar qurboni boʻlayotgani va hatto nishonga aylanayotgani juda yomon”, dedi u.

“Hukumat askarlari va BMT tomonidan terrorchi deb topilgan kuchlar urush qonunlari va Suriya fuqarolarining huquqlarini qoʻpol ravishda buzishdi”.

Suriyadagi urush 380 mingdan ortiq odamning umriga zomin boʻldi va mamlakatning urushgacha boʻlgan aholisining qariyb yarmini koʻchishga majbur qildi.

Suriyadagi jinoyatlarni yashirish uchun veto qoʻllash

2011-yilda Suriya mojarosi boshlanganidan beri, Rossiya BMT Xavfsizlik Kengashida Damashqni Gʻarb bosimidan himoya qilish maqsadida 15 marta veto qoʻlladi. Xitoy esa toʻqqiz marta oʻz veto huquqidan foydalangan.

2011-yil 4-oktyabr: Mojaro boshlanganidan olti oy oʻtib, Rossiya va Xitoy BMTning Suriyadagi inson huquqlari buzilishini qoralovchi va Asad hukumatiga qarshi tahdidli choralarni koʻzda tutuvchi rezolyutsiyasiga veto qoʻyishdi.

2012-yil 4-fevral: Rossiya va Xitoy Suriya hukumatining muxolifatga nisbatan tazyiqini qoralovchi rezolyutsiya loyihasiga yana veto qoʻydi, Xavfsizlik Kengashining boshqa aʼzolari esa uni yoqladilar.

2012-yil 19-iyul: Ogʻir qurollar ishlatishni toʻxtatmagan taqdirda Damashqqa nisbatan sanktsiyalar qoʻllashni koʻzda tutuvchi Gʻarb mamlakatlari taklif qilgan rezolyutsiya yana Pekin va Moskvaning vetosiga uchradi.

2014-yil 22-may: Pekin va Moskva Suriyadagi jinoyatlarni Xalqaro jinoiy sudga yuborish haqida Fransiya tomonidan Xavfsizlik Kengashiga kiritilgan taklifni blokladi.

2016-yil 8-oktabr: Rossiya Halabdagi bombalash amaliyotlarini toʻxtatishni taklif qilgan Fransiya rezolyutsiyasi matniga veto qoʻydi. Betaraf qolgan Xitoy esa ilk marta Rossiyaga qoʻshilmadi va Suriyaga oid rezolyutsiyaga veto qoʻymadi.

2016-yil 5-dekabr: Xitoy va Rossiya Halabda sulhga chaqiruvchi rezolyutsiyaga veto qoʻydi.

2017-yil 28-fevral: Rossiya va Xitoy kimyoviy qurol ishlatishda ayblangan Suriyaga qarshi sanktsiyalar joriy qilishni koʻzda tutuvchi Britaniya, Frantsiya va AQSH tomonidan ishlab chiqilgan rezolyutsiyaga yana veto qoʻlladi.

2017-yil 12-aprel: Rossiya isyonchilar nazoratidagi Xon-Shayxun shahrida 4-aprel kuni sodir etilgan halokatli kimyoviy hujumni tergov qilishda Asad hukumatidan hamkorlikni talab qiluvchi qaror loyihasiga veto qoʻydi. Xitoy betaraf qoldi.

2017-yilning 24-oktyabri va 16-17-noyabri: BMT boshchiligida Suriyada kimyoviy qurol qoʻllanilgan hujumlar tergovini qaytadan boshlash toʻgʻrisidagi rezolyutsiya loyihalarini bloklash uchun, Rossiya bir oy ichida uch marta oʻz veto huquqidan foydalangan.

2018-yil 10-aprel: Rossiya Suriyada kimyoviy qurol ishga solinganini tergov qilish va aybdorlarni aniqlashga qaratilgan AQSH rezolyutsiyasiga veto qoʻydi.

2019-yil 19-sentyabr: Rossiya va Xitoy Belgiya, Germaniya va Kuvayt tomonidan tayyorlangan Suriyaning Idlib viloyatida oʻt ochishni toʻxtatishga chaqiruvchi rezolyutsiyaga veto qoʻydi.

2019-yil 20-dekabr: Rossiya va Xitoy oʻz veto huquqidan foydalanib, Belgiya, Germaniya va Quvayt tomonidan ishlab chiqilgan, chegara orqali toʻrt million suriyalikni yana bir yil davomida insonparvarlik yordami bilan taʼminlashni koʻzda tutuvchi navbatdagi rezolyutsiyani blokladilar.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Suriyalik bolalarning toʻkilgan qoni uchun Rossiya javobgar

Javob berish