Karvonsaroy
Salomatlik

Xitoy oʻzining COVID-19 qurboni boʻlganiga ishontirishga urinmoqda

Karvonsaroy va AFP

Uxan shahrida COVID-19 virusini yuqtirgan bemorlarni davolashga moʻljallangan eng yirik muvaqqat shifoxona jihozlari buzilayotgan vaqt yotoqlar oldidan oʻtib ketayotgan ishchi, oʻtgan yilning 29-iyuli. [STR/AFP]

Uxan shahrida COVID-19 virusini yuqtirgan bemorlarni davolashga moʻljallangan eng yirik muvaqqat shifoxona jihozlari buzilayotgan vaqt yotoqlar oldidan oʻtib ketayotgan ishchi, oʻtgan yilning 29-iyuli. [STR/AFP]

UXAN – Koronavirus kelib chiqishini inkor etish, yolgʻonga chiqarish, adashtirish va chalkashtirishlardan soʻng bir necha oy oʻtib, Pekin endi oʻzining dezinformatsiya xatti-harakatlarini yangi bosqichga olib chiqmoqda: XXR oʻzining COVID-19 pandemiyasi qurboni boʻlganiga butun dunyoni ishontirishga urinmoqda.

Tarixni qayta yozish va keyinroq Pekinning halokat kasallik tarqalishidagi yolgʻonlarini oqlashga urinish harakatlari, eng avvalo, pandemiya markazi boʻlgan Uxan shahrida sodir boʻlmoqda.

Xitoy davlat ommaviy axborot vositalari zoʻr berib ishlashga oʻtar ekan, voqelikka qarshi turish maqsadida rejimning COVID-19 ustidan qozonilgan ketma-ket gʻalabalar haqida soʻzlay boshlagan.

Hukumatning maqsadi “aholi orasida koronavirus pandemiyasining davlat tomonidan tasdiqlangan jamoatchilik fikrini shakllantirish”, degan edi Toronto universitetining fuqarolik laboratoriyasi tadqiqotchisi Lotus Ruan shu oy boshida The New York Times nashriga.

Oʻtgan yilning 19-mart kuni Xitoyning Uxan shahridagi kasalxonada COVID-19 bemorlarini davolash jarayonidan soʻng kiyim almashtirish xonasining derazasidan tashqariga qarab turgan tibbiy xodim. [STR/AFP]

Oʻtgan yilning 19-mart kuni Xitoyning Uxan shahridagi kasalxonada COVID-19 bemorlarini davolash jarayonidan soʻng kiyim almashtirish xonasining derazasidan tashqariga qarab turgan tibbiy xodim. [STR/AFP]

Xitoyning Uxan shahridagi Xuanan dengiz mahsulotlari ulgurji bozori yonidan oʻtib ketayotgan piyodalar, 23-yanvar. Bir yil avval COVID-19 tarqalishini toʻxtatish maqsadida shaharga kirish-chiqish yoʻllari yopilgan edi. [Hector Retamal/AFP]

Xitoyning Uxan shahridagi Xuanan dengiz mahsulotlari ulgurji bozori yonidan oʻtib ketayotgan piyodalar, 23-yanvar. Bir yil avval COVID-19 tarqalishini toʻxtatish maqsadida shaharga kirish-chiqish yoʻllari yopilgan edi. [Hector Retamal/AFP]

Uxandagi bozorda joylashgan tovuq goʻshti taomlari doʻkoni oldida turgan ayol Pekinning bu urinishlari samara berganidan darakdir.

“Bu kasallik bizga boshqa yurtlardan kirib keldi, Xitoy – jabrdiyda”, deydi u BBC Newshour bilan suhbatda.

Baliq sotiladigan doʻkondagi qoʻshni ayol ham uning soʻzlarini tasdiqlaydi.

“Virus Uxandan chiqmagan. Amerikadan kelgan”, dedi u mujmalgina qilib.

Dunyo pandemiyaga qarshi kurashishda davom etar ekan, Pekin COVID-19 pandemiyasini “bir vaqtlar virus markazi boʻlgan Uxan shahrida hayot oʻz iziga qaytmoqda va iqtisodiyot tiklanmoqda” deya Xitoyning ulkan gʻalabasi oʻlaroq koʻrsatishga urindi.

Bugun tungi klublari va savdo markazlari gavjum boʻlgan, jamoat transporti va xiyobonlari odamlar bilan toʻlgan Uxan bir yil avval yopiq boʻlgan arvoh shaharga oʻxshamaydi.

“Hayot avvalgidek koʻrinishga qaytdi”, deydi 20 yoshli, niqob taqmagan yuguruvchi Vang AFPga.

76 yashar Xuang Genben oʻtgan yili kasalxonada 67 kun davomida qon tupurib, COVID-19 bilan kurashgan va oʻlimini kutib yotgan.

“Tunda koʻzlarimni yumar ekanman, ularni qayta ochamanmi-yoʻqmi bilmasdim”, deydi u AFP bilan suhbatda.

U koʻplab vatandoshlar singari, Uxan misolida pandemiyaning oldini olish uchun Xitoy hukumati va fuqarolari tomonidan amalga oshirilgan “ulkan saʼy-harakatlardan” faxrlanishini aytadi.

“Natijalardan aytish mumkinki, hukumatning siyosati toʻgʻri boʻlgan; Uxanda yashovchilarning oʻzaro hamjihatligi toʻgʻri ish boʻldi”, deydi Xuang. “Butun dunyodagi epidemiyani koʻrish men uchun ogʻir.”

Senzurachilar armiyasi

COVID-19 virusi tez surʼatda Xitoyning boshqa hududlariga tarqalib, butun dunyoni qamrab olishda davom etayotgan bir vaqtda, Uxandagi karantinni “muvaffaqiyat” deb atash haqiqatdan yiroq.

Ammo, Xitoy yetakchilari oʻz xatolarini tan olish va ular ustida fikr yuritishga qiziqib koʻrmaydilar.

Aksincha, hukumat Uxan ishtirokidagi tashviqotini – Xitoyning “mardonavor” choralari va tiklanishi haqidagi rasmiy talqinni ilgari surdi.

“Xitoyning kasallikka qarshi kurash choralari Kommunistik partiyaning ulkan yutugʻi qilib koʻrsatildi”, deydi Gonkong universiteti bilan hamkorlikda yaratilgan “China Media Project” tadqiqot dasturi hamraisi Devid Bandurski.

“Xitoy yetakchilari uchun tarix yozilib boʻlgan”, dedi u New York Times nashriga.

Nashrga koʻra, savollar berilmasligini taʼminlash uchun hukumat soʻnggi haftalarda internetda Uxan epidemiyasiga oid tanqidiy xabarlarni toʻxtatish uchun bir talay kuzatuvchilar yollagan. Ayrim hollarda “bir yillik”, “fosh etuvchi” kabi atamalar Xitoy veb-saytlaridan oʻchirib tashlangan.

“Davlat ommaviy axborot vositalariga berilgan yoʻriqnomaga koʻra, soʻnggi tashviqot buyrugʻida epidemiya tarqaganining bir yilligini yoritish ochiqdan-ochiq taqiqlangan”, deb xabar beradi New York Times nashri.

23-yanvar kuni Uxandagi 76 kunlik karantinning bir yilligi Xitoyda deyarli tilga olinmadi, hukumat rasmiy bayonot eʼlon qilmadi va bu mavzu davlat ommaviy axborot vositalarida ham nomigagina zikr qilindi.

Beijing News nashri qatʼiy karantin choralari butun dunyoga namuna boʻlishi kerakligini aytar ekan, Uxandagi qurbonlar va virusning doimiy xavfini taʼkidlash bilan “aralash hissiyotlarni” izhor etgan.

“Beparvolik sababli qiyinchilik bilan erishgan pandemiya natijalarini qoʻldan boy bermasligimiz va epidemiya qayta boshlanishiga yoʻl qoʻymasligimiz kerak”, deyiladi bayonotda.

“Uxanga qoyil qolish kerak”, deyiladi unda. “Qoʻrqmas va kuchli Xitoy xalqiga hurmat bajo keltirish kerak!”

Xitoy rasmiylari “juda asabiy”

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) mutaxassislari koronavirus kelib chiqishini oʻrganish uchun shaharga tashrif buyurganlaridan keyin Pekinning soʻnggi haftalardagi faoliyati yanada shoshilinch tus oldi.

Xitoy hukumati joriy oy boshidagi tashrifiga toʻsqinlik qilganidan keyin 13 nafar olimdan iborat xalqaro jamoa 14-yanvar kuni Uxanga yetib kelgan va payshanba (28-yanvar) kuni 14 kunlik karantindan chiqishi kutilmoqda.

JSST Uxanda oʻz ishini olib borar ekan, shaharda koronavirusdan vafot etganlarning yaqinlari Xitoy hukumati ularning ijtimoiy tarmoqdagi guruhlarini oʻchirib yuborgani va sukut saqlashlari uchun bosim oʻtkazayotganini aytganlar.

Oʻtgan yili WeChat ijtimoiy tarmogʻi platformasida 80 dan 100 ga qadar oilalar vakillari tomonidan foydalanib kelingan guruh 10 kun avval toʻsatdan oʻchirib yuborilgan. Bu haqda chorshanba kuni guruh aʼzosi va pandemiya nazoratining qatʼiy tanqidchisi Chjan Xay maʼlum qilgan.

“Bu Xitoy rasmiylarining juda asabiy ekani, mazkur oilalarning JSST mutaxassislari bilan aloqaga chiqishidan qoʻrqishini koʻrsatadi”, deb aytgan 51 yashar Chjan. Uning COVID-19ga chalinishda gumon qilingan otasi pandemiyaning boshida vafot etgan.

“JSST Uxanga yetib kelganda hukumat uchta guruhni majburan oʻchirib tashlagan. Natijada koʻp aʼzolar bilan aloqani yoʻqotdik”, deb qoʻshimcha qilgan u.

Qolgan qarindoshlar ham guruhning oʻchirilganini tasdiqlaganlar.

Yana bir oila aʼzosi, nafaqaxoʻr oʻtgan yil yanvar oyida qizi virusdan oʻlgani haqida, oʻtgan hafta hukumatdan chaqirib “OAVlar bilan gaplashmaslik va maʼlumotlardan boshqalar foydalanmasligi” haqida ogohlantirilganini AFP nashriga soʻzlab bergan.

Seshanba kuni uning uyiga kelgan rasmiylar “oʻsha eski ashulani aytib, menga “hamdardlik toʻlovi” sifatida 5000 yuan (775 dollar) berib ketishdi”, deb qoʻshimcha qildi u oʻz ismini oshkor etmaslikni soʻrab.

Rasmiy toʻsqinlik

Qurbonlarning qarindoshlari Uxan va Xubey mahalliy hokimiyatlarini 2019-yil dekabrida COVID-19 virusi ilk bor tarqaganida kasallikni yashirish bilan uni nazoratdan chiqarib yuborganlikda, jamoatchilikni ogohlantirmaganlik va javob choralari koʻrmaganlikda ayblamoqdalar.

Xitoy rasmiylariga koʻra, COVID-19 virusi Uxanda 3900 kishi hayotiga zomin boʻlgan, bu mazkur hududda vafot etgan 4636 nafar bemorning aksariyat qismini tashkil qiladi.

Qurbonlarning aksar qarindoshlari bu raqamlarga ishonmaydi, ularga koʻra, virus tarqagan ilk kunlarda testlar yetishmagani sabab koʻpchilik kasalligi tasdiqlanmay vafot etgan boʻlishi mumkin.

Hozirga kelib, kasallikdan dunyo boʻylab ikki milliondan ortiq odam halok boʻlgan.

Xitoy hukumati butun dunyoda gumanitar va iqtisodiy halokatga sabab boʻlgan virusni hech qanday isbotsiz boshqa joyda paydo boʻlganini daʼvo qilish bilan dahshatli aybni oʻz zimmasiga olmaslik yoʻlini izlamoqda.

Xitoy Kompartiyasi uning hokimiyatini yomon qilib koʻrsatuvchi har qanday axborotni bostiradi. Epidemiya tarqalishining ilk kunlari hali ham Xitoy uchun nozik mavzu boʻlib qolmoqda.

Virus koʻrshapalaklardan kelib chiqqan va Uxandagi yovvoyi hayvonlar goʻshti sotiladigan dengiz mahsulotlari bozoridan tarqagan, deb ishoniladi.

Pekinning maxfiylik, dezinformatsiya va kechiktirish tarixini hisobga olgan holda JSST jamoasi qancha narsani ochiqlashi nomaʼlum va noaniqligicha qolmoqda.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500