Karvonsaroy
Salomatlik

Xitoyning COVID-19 ustidan gʻalabasiga yangi kasallanishlar va karantin cheklovlari putur yetkazdi

Karvonsaroy va AFP

Xitoyning virusga qarshi kurashdagi yutuqlarini koʻz-koʻz qilishga bagʻishlangan koʻrgazmada COVID-19 koronavirus pandemiyasi vaqtida Uxanda barpo etilgan shifoxona suratini tomosha qilayotgan erkak, 15-yanvar. [Nikolya Asfuri/AFP]

Xitoyning virusga qarshi kurashdagi yutuqlarini koʻz-koʻz qilishga bagʻishlangan koʻrgazmada COVID-19 koronavirus pandemiyasi vaqtida Uxanda barpo etilgan shifoxona suratini tomosha qilayotgan erkak, 15-yanvar. [Nikolya Asfuri/AFP]

UXAN, Xitoy – COVID-19 koronavirusi ortidan 76 kunlik karantin joriy etilganiga bir yil toʻlar ekan, Pekin mamlakatning virusni nazorat ostiga olgani haqidagi talqinni shakllantirishga urinmoqda.

Uxanning mashhur dengiz mahsulotlari bozori hamon toʻsiqlar bilan yopilgan. Bu – shaharning qachonlardir ikki million odam hayotiga zomin boʻlgan va jahon iqtisodiyotini vayron qilgan koronavirus pandemiyasining markazi boʻlgani haqidagi sanoqli eslatmalardan biri.

2019-yilda COVID-19 virusi ilk bor aniqlangan shaharda kasallik tarqalishini toʻxtatish uchun karantin joriy qilinganiga shanba (23-yanvar) kuni bir yil toʻldi.

Xitoyda virusdan oʻlganlar soni 5000 dan kamligi inobatga olinsa, qanday qilib COVID-19 virusini jilovlagani, vaksinalar ishlab chiqqani va iqtisodiyotini tiklagani haqidagi talqinni olgʻa surish bilan ovora boʻlgan Pekin gʻalaba nashidasini surayotgandek koʻrinadi.

Xubey provinsiyasining Uxan bozori yaqinidagi koʻchadan oʻtayotgan xaridorlar, 19-yanvar. [Gektor Retamal/AFP]

Xubey provinsiyasining Uxan bozori yaqinidagi koʻchadan oʻtayotgan xaridorlar, 19-yanvar. [Gektor Retamal/AFP]

Uxandagi bemorlar uchun vaqtincha shifoxonaga aylantirilgan anjumanlar markazida Xitoyning COVID-19 koronavirusga qarshi kurashiga bagʻishlangan koʻrgazma tashrifchilari. [Nikolya Asfuri/AFP]

Uxandagi bemorlar uchun vaqtincha shifoxonaga aylantirilgan anjumanlar markazida Xitoyning COVID-19 koronavirusga qarshi kurashiga bagʻishlangan koʻrgazma tashrifchilari. [Nikolya Asfuri/AFP]

Uxan bozori yonidagi koʻchadan oʻtib ketayotgan piyodalar, 19-yanvar. [Gektor Retamal/AFP]

Uxan bozori yonidagi koʻchadan oʻtib ketayotgan piyodalar, 19-yanvar. [Gektor Retamal/AFP]

Bu hafta Xitoy bir necha oʻn yil ichida eng past surʼatda boʻlsa-da, oʻz yalpi ichki mahsuloti 2020-yilda 2,3 foizga oʻsganini va bu bilan u pandemiya vaqtida ijobiy koʻrstkichni qayd etgan yagona yirik iqtisodiyot boʻlganini eʼlon qildi.

Rasmiy maʼlumotlar eʼlon qilinar ekan, davlat ommaviy axborot vositalari Xitoy iqtisodiyotining “chidamliligi va yashovchanligi” haqida jar solsa-da, tafsilotlarni oshkor qilmagan.

Pandemiyadan foyda koʻrishni maqsad qilgan Xitoy kasallik avj olishi ortidan yuzaga kelgan taqchillik oʻrnini toʻldirish uchun niqob kabi shaxsiy himoya vositalarini ishlab chiqarishga zoʻr berdi. Yilning birinchi yarmida narxlar va talabning ortishi tufayli 73 mingdan ortiq, jumladan, aprel oyining oʻzida 36 mingta kompaniya niqob ishlab chiqaruvchi sifatida roʻyxatdan oʻtgan.

Bu kabi choralar doirasida Xitoy rasmiylari Shinjon hududidagi musulmon ozchilikni himoya vositalari ishlab chiqaruvchi zavodlarda ishlashga majburlaganlar, deb xabar bergan New York Times nashri oʻtgan yil iyulda. Pandemiyadan avval Shinjonda shaxsiy himoya vositalari ishlab chiqaruvchi 4 ta korxona boʻlgan, 30-iyun holatiga ularning soni 51 taga yetgan.

Yangi cheklovlar

Ammo Xitoyning virus ustidan “gʻalabasi” yangi kasallanishlarning avj olishi va karantin choralarining qoʻllanilishiga toʻgʻri kelmoqda.

COVID-19 bilan bogʻliq yangi holatlar, jumladan ulardan ikkitasi Birlashgan Qirollikda aniqlangan virusning yangi koʻrinishi bilan kasallangani qayd etilishi ortidan, chorshanba (20-yanvar) kunidan 1,6 millionga yaqin odamga Pekinni tark etish taqiqlangan.

Payshanba (21-yanvar) kuni Xitoy rasmiylari yangi koronavirus bilan bogʻliq uchta holatni aniqlagach, Shanxaydagi turar-joy punktidan odamlar evakuatsiya qilingan.

Rasmiylar hududdan necha kishi koʻchirilganini ochiqlamagan, voqea joyidagi AFP muxbiri avtobuslar shay turgani va odamlar mehmonxonaga borishdan avval dezinfeksiya qilinayotgani haqida xabar bergan.

Shu bilan bir vaqtda, Shitszyachjuan shahrida yangi karantin inshooti qurilishi kunu tun davom etmoqda, bu yerda oʻtgan haftalar davomida 11 million kishi bir necha yuzlab yangi kasallanish holatlaridan keyin qatʼiy karantinga joylangan.

Oʻtgan hafta davlat ommaviy axborot vositalari bergan xabarga koʻra, Xubey provinsiyasi atrofidagi qishloqlarda yashovchi 20 mingdan ortiq fuqaro markazlashgan inshootlarga karantinga qoʻyilgan.

Bu orada rasmiylar sayohatdan qaytgan sotuvchi sababli 100 kishining kasallangani munosabati bilan Szilin provintsiyasining uch millionga yaqin fuqarosini dushanba (18-yanvar) kuni karantinga joylagan.

Kasallik tarqalishi holatlari oy taqvimi boʻyicha yangi yil bayrami oldidan Xitoyda yangi ehtimoliy toʻlqin xavfini yuzaga keltirmoqda.

Rasmiylarning aytishicha, milliy bayram vaqtida 40 millionga yaqin xitoylik sayohat qilishi kutilmoqda.

“Uxanning aybsiz ekanligini isbotlashga” harakat

Uxanda joriy haftadagi dam olish va sayohat tasvirlari boshqa mamlakatlardagi karantin choralari, ortib borayotgan oʻlim koʻrsatkichlari va sogʻliqni saqlash tizimidagi zoʻriqishlardan keskin farq qiladi. Bu mamlakatlar 2020-yil yanvarda Xitoy hukumati eng muhim olti kun davomida sukut saqlagani sabab pandemiyaga tayyorlana olmagandi.

Uxandagi dengiz mahsulotlari bozori xaridorlarga toʻla, qariyalar istirohat bogʻida raqsga tushmoqda, barlarda esa “Wuhan Stay Strong” pivosi sotilyapti.

Uxandagi koʻrgazmada “Xalq ustunligi, hayot ustunligi” shiorini oʻqish mumkin, bu yerda Xitoyning virus ustidan gʻalabasi ajib mazmunga ega.

Koʻrgazmaga tashrif buyurganlar Xitoyning pandemiya ustidan qozongan gʻalabasini va kommunistik rahbariyatning inqiroz vaqtidagi uddaburonligini koʻklarga koʻtarmoqda.

Xonalar kommunistik bayroqlar bilan bezatilgan, videotasvir koʻrinishidagi partiya xabarlari shifokorlarni va qisqa vaqt ichida barpo etilgan shifoxonalarni olqishlamoqda.

Virusga qarshi kurashning shubhasiz yoʻlboshchisi prezident Si Szinpin esa tabiiy oʻlchamdagi surat koʻrinishida xona toʻrida qad rostlagan.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) mutaxassislari virusning kelib chiqishini oʻrganish uchun joylarda ish boshlashga tayyor turgan bir paytda Uxanda koʻpchilik rasmiy talqinga ishonib qolmoqda.

Xalqaro hamjamiyatning kasallik kelib chiqishini yashirish va dastlabki haftalardagi tanqidlaridan ranjigan Xitoy bir necha oylar davomida JSST jamoasining tashrifiga toʻsqinlik qildi .

Pekin jamoaning uzoq vaqtga kechiktirilgan safaridan oʻz hikoyasini bezash uchun foydalangan.

“Uxanning aybsizligini isbotlash vaqti keldi”, deydi 20 yoshli shaharlik Van Chen virus uchun boshqa mamlakatlarni ayblovchi rasmiy gap-soʻzlarni takrorlab.

Shaffoflikka oid savollar

Xitoydan tashqarida esa Pekinning virusga qarshi kurash choralariga u qadar yuqori baho berilgani yoʻq.

Oʻtgan yilning oktabr oyida Pyu tadqiqot markazi tomonidan olib borilgan tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, COVID-19 pandemiyasi vaqtida Gʻarbning Xitoy borasidagi qarashlari yomonlashgan va Xitoyda shaffoflikning yoʻqligi haqidagi savollar javobsiz qolmoqda.

Xitoy rejimi COVID-19 epidemiyasiga nisbatan masʼuliyatsiz munosabati, buning ortidan aybni oʻzidan soqit qilish va yolgʻon maʼlumotlar tarqatishga qaratilgan dezinformatsiya kampaniyalari tufayli tanqid ostiga olingan.

U oʻtgan yili paydo boʻlgan respiratorli kasallik haqidagi xabarlarni bostirishga urindi va uning dastlabki maslahatlari yuqish xavfini kamaytirdi.

Seshanba (19-yanvar) kuni mustaqil tahlilchilar guruhi Xitoy rejimi ham, JSST ham yuzaga kelgan falokatning oldini olish uchun yetarli chora koʻrmaganini aytdi.

“Dastlabki belgilarga qarshi tezlik bilan chora koʻrish uchun yetarli imkoniyat bor edi”, dedi pandemiyaga tayyorgarlik va unga qarshi chora koʻrishni taʼminlash boʻyicha mustaqil guruh.

Gʻarb dunyosida oʻz tanqidchilarini ishontira olmagan Xitoy Janubi-sharqiy Osiyodan tortib, Afrikadagi nochor ittifoqchilariga murojaat qilib, oʻz vaksinalarini maqbul narxlarda taqdim etishga vaʼda bergan.

Ammo Xitoyning “vaksina diplomatiyasi” Pekinga qarzdor boʻlgan davlatlar uchun siyosiy va iqtisodiy bahoga ega.

Bundan tashqari, koronavirusga qarshi Sinopharm vaksinasining klinik sinovlari uning 79 foizgagina samarali ekanligini aniqladi. Bu haqda Xitoy farmatsevtik giganti 30-dekabr kuni xabar bergan. Bu koʻrsatkich Pfizer-BioNTech va Moderna tomonidan ishlab chiqilgan, 95 foiz samaradorlikka ega raqobatchi vaksinalarnikidan ancha past.

“Oqlashlar” tarixi

Kommunistik rahbariyat Uxandagi COVID-19 koʻrgazmasi tashrifchilari uchun tanish boʻlgan mavzularga tayanib, boʻlib oʻtgan voqealarning Xitoy boʻylab ichki isteʼmol uchun moʻljallangan talqiniga pardoz berish bilan band boʻldi.

Sentabr oyida Si pandemiya sharoitida ishlagan tibbiyot xodimlarini medallar bilan taqdirlab, dunyoning aksar qismida kasallanishlar yuqori darajada qolayotgan bir paytda, Xitoyning “favqulodda va tarixiy sinovdan” oʻtganini olqishladi.

Uxanda kasallik avj olgan vaqtda rasmiylarning taʼqibiga duch kelgan ogohlantiruvchilar vatanparvarlar sifatida tan olinar ekan, kommunistik rahbariyat virusga qarshi jon jahdi bilan kurashgan.

Juma kuni davlat tomonidan moliyalashtirilgan “Uxandagi kun va tunlar” hujjatli filmi butun mamlakat kinoteatrlarida bepul namoyish etilishi rejalashtirilmoqda.

Filmga Say Szinling rejissyorlik qilgan. Ayolning internetdagi tarjimai holida aytilishicha, u qariyb oʻn yil Pekin jamoat xavfsizligi byurosida ishlagan.

Filmning Xitoydagi Weibo ijtimoiy tarmogʻida joylashgan rasmiy sahifasida chop etilgan taqrizi tomoshabinlarni inqirozning ilk betartib haftalaridagi oʻlim va vahimani chetlab oʻtganiga ishontirishga urinadi.

“Aksincha, u qiyinchiliklarning mehr-muhabbat kuchi bilan yengib oʻtilgani haqida taassurot qoldiradi”, deyiladi taqrizda.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500