Karvonsaroy
Terrorizm

Avtobusga hujum Pokistonda Xitoyga nisbatan norozilik kuchayib borayotganidan darak bermoqda

Karvonsaroy va AFP

Bomba portlashi tufayli daryoga qulagan avtobus atrofida toʻplangan pokistonlik qutqaruvchilar va oddiy fuqarolar. Hodisada 12 kishi, jumladan 9 xitoylik halok boʻlgan, Yuqori Koʻhiston, Haybar-Paxtunxva shahri. [Stringer/AFP]

Bomba portlashi tufayli daryoga qulagan avtobus atrofida toʻplangan pokistonlik qutqaruvchilar va oddiy fuqarolar. Hodisada 12 kishi, jumladan 9 xitoylik halok boʻlgan, Yuqori Koʻhiston, Haybar-Paxtunxva shahri. [Stringer/AFP]

Chorshanba (14-iyul) kuni Haybar-Paxtunxva shahrida xitoylik muhandislarga qarshi uyushtirilgan hujum pokistonliklar Xitoyning mamlakatda kuchayib borayotgan hozirligi va Pekin olib borayotgan siyosatdan nafratda ekanini koʻrsatgan.

Chorshanba kuni Yuqori Koʻhistondagi Dasu gidroelektrostansiyasi yaqinida yuz bergan hodisada kamida 12 kishi, jumladan 9 xitoylik muhandis va ikki nafar chegara korpusi xodimi halok boʻlgan, bir nechta odam jarohat olgan.

Portlash tufayli jarlikka qulagan avtobus ichida 40 tacha xitoylik muhandis, nozirlar va xodimlar Haybar-Paxtunxvadagi gidroelektrostansiya qurilish maydoni tomon ketayotgan edilar.

Dawn nashrining payshanba kungi xabariga koʻra, dastlabki tergov davomida portlovchi modda qoldiqlari topilgan.

Ushbu elektrostansiya Pekinning keng qamrovli “Bir kamar – bir yoʻl” loyihasining bir qismi hisoblanadi.

Xitoyning rad etilishi

Pokistonda Xitoyga nisbatan norozilik tobora ortmoqda.

Oʻtgan bir necha yil davomida Xitoy rejimi Pokiston bilan koʻp milliard dollarlik bir qator loyihalar imzolagan boʻlib, bu Xitoyning mamlakatga taʼsiri yuzasidan xavotirlar uygʻotgan.

“Bir kamar – bir yoʻl” tashabbusining Sindx viloyatidagi loyihalari Tar sahrosi hududida yashovchi mahalliy aholi noroziligiga sabab boʻlgan. Tadqiqotlarga koʻra, dastur doirasidagi koʻmir qazib olish loyihalari Janubiy Osiyodagi havoni ifloslantiruvchi eng asosiy manba boʻlib, mahalliy aholining salomatligiga jiddiy xavf soladi.

Qonun chiqaruvchilar va kuzatuvchilarga koʻra, Xitoyning Gvadardagi bayroqdor loyihalaridan biri – Balujistondagi suv portini rivojlantirish ishlari viloyatda jiddiy norozilik keltirib chiqargan, sababi Pekin mahalliy resurslardan ularning aholiga nisbatan taʼsirini inobatga olmay foydalanmoqda.

Shuningdek, Xitoy harbiylarining Gvadar portidagi rejalari ham soʻroq ostiga olingan. Bu hududda maxfiylik pardasi ortida bir qator shubhali binolar qad rostlamoqda.

Oʻtgan oyda Gvadarda balujistonlik baliqchilar xitoyliklarning noqonuniy baliq oviga va kemalariga berilgan ruxsatlar tufayli namoyishga chiqqanlar.

Aprel oyida Pokistonning “Tahriki Tolibon” guruhi Kvetta shahrida joylashgan mehmonxonadagi portlash bilan bogʻliq javobgarlikni oʻz zimmasiga olgan edi. Guruhning aytishicha, ular Pokiston xavfsizlik xodimlarini nishonga olishgan, ammo kuzatuvchilarga koʻra, oʻsha vaqtda Xitoy elchisi mehmonxonada istiqomat qilayotgan boʻlgan. Unga shikast yetmagan.

2020-yilning iyunida balujistonlik isyonchilar Sindh viloyatidagi Karachi shahrida qisman Xitoy kompaniyalariga tegishli Pokiston birjasiga hujum uyushtirganlar.

2019-yil may oyida Balujiston ozodlik armiyasi (BLA) ayirmachilari Gvadardagi muhtasham mehmonxonaga hujum qilib, uni qamalga olgan. Xavfsizlik xodimlari ularni yoʻq qilishidan avval uch nafar hujumchi kamida besh kishini oʻldirgan. BBCga koʻra, BLA xitoylik va boshqa investorlarni nishonga olganini aytgan.

Pokistonda Xitoyga nisbatan norozilik Pekinning uygʻurlar va boshqa etnik musulmonlarga munosabati hamda Xitoy kompaniyalarining islomni mensimasligi sababli tobora kuchayib borayotgani aytiladi.

Pekin Shinjon viloyatidagi musulmon ozchilikka nisbatan olib borayotgan “dahshatli va tizimli zoʻravonligi” sabab bosim ostida qolmoqda.

COVID-19 taʼsiri

COVID-19 virusiga qarshi kurash masalasida ham tanglik kuchaygan.

Pandemiyaning kelib chiqishi haqidagi yolgʻonlaridan tashqari, Xitoy dunyo mamlakatlari, jumladan Pokistonga ham sifatsiz vaksinalar va shaxsiy himoya vositalarini yuborgan.

Xitoy hadya qilgan vaksinalarning samaradorligi va xavfsizligi eʼtirozlarga sabab boʻldi. Pokistondagi namoyishchilar Gʻarbda ishlab chiqarilgan vaktsinalarni talab qilganlar.

Pokiston fevral oyidan boshlab hukumat boshchiligidagi immunizatsiya kampaniyasi doirasida asosan Xitoyda ishlab chiqarilgan Sinopharm, Sinovac va CanSinoBio vaksinalari bilan fuqarolarini emlagan.

Ammo Xitoyning kasalliklarni nazorat qilish boʻyicha mutasaddisi koronavirusga qarshi mahalliy vaksinalar samaradorligini oshirish boʻyicha ehtimoliy reja fonida Xitoyda ishlab chiqarilgan vaksinalarning samaradorligi yuzasidan xavotir bildirgan edi.

Mahalliy OAVga koʻra, 10-aprel kuni Xitoy kasalliklarni nazorat qilish va ularning oldini olish markazi direktori Gao Fu “muassasa mavjud vaksinalar samaradorligining past ekani bilan bogʻliq muammoni hal qilishga urinayotgani” haqida xabar bergan edi.

Pekinning yaroqsiz COVID-19 test toʻplamlari, sifatsiz sunʼiy nafas oldirish moslamalari, soxta niqoblar va boshqa shaxsiy himoya vositalarini eksport qilgani yana bir ogohlantirish boʻlib xizmat qiladi.

Oʻtgan yili pandemiya avjiga chiqqan paytda COVID-19 bemorlarini davolash bilan shugʻullangan tibbiyot xodimlari orasida kasallanish va oʻlim holatlari kuzatilishi ortidan Pokiston kasalxonalari Xitoyda ishlab chiqarilgan shaxsiy himoya vositalarini qoʻllashdan voz kechgan.

“COVID-19 bemorlarini davolash bilan mashgʻul boʻlgan 1000 dan ortiq shifokorlar, paramedik va hamshiralarda Xitoydan olib kelingan sifatsiz shaxsiy himoya vositalari tufayli virus aniqlangan”, degan edi Pokiston tibbiyot birlashmasi kotibi, doktor Umar Javod oʻtgan yil aprel oyida.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500